Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 209-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/209/0426-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-iyul)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son qarori bilan tasdiqlangan 2022-yilda Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish hamda moliyaviy nazorat faoliyatini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 5-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibini ishlab chiqish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 209-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/209/0426-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-iyul)
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 13-fevral,
62-son
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-fevraldagi 62-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Inspeksiya) xodimlarining malakasini sertifikatlash va moliyaviy nazorat boʻyicha malaka sertifikatiga (keyingi oʻrinlarda — sertifikat) ega boʻlgan shaxslar malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom qoidalari Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklanmagan lavozimdagi xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
malaka imtihoni — talabgorning bilim darajasi sertifikatni olish talablariga mos kelishini tekshirishga yoʻnaltirilgan, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda test sinovi shaklida oʻtkaziladigan imtihon;
malaka oshirish kursi — sertifikatga ega boʻlgan shaxs sertifikat olgan sanadan boshlab har ikki yilda oʻqishi majburiy boʻlgan malaka oshirish kursi;
sertifikat — Inspeksiya xodimining moliyaviy nazorat boʻyicha malakasini tasdiqlaydigan hamda unga Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklangan lavozimlarda faoliyat yuritish imkonini beruvchi hujjat;
talabgor — sertifikatni olishga nomzod boʻlgan jismoniy shaxs yoki lavozimga tayinlanganiga uch oydan oshmagan Inspeksiya xodimi;
xalqaro sertifikat — Xalqaro ichki auditorlar instituti tomonidan beriladigan “Diplomli ichki auditor” (CIA) sertifikati, “Xavf-xatarni boshqarishni baholash boʻyicha diplomli mutaxassis” (CRMA) sertifikati, “Ichki audit boshqaruvi malakasi” (QIAL) sertifikati, “Ichki audit amaliyotchisi” (Internal Audit Practitioner) sertifikati, “Davlat auditi boʻyicha sertifikatlangan mutaxassis” (CGAP) sertifikati, CFC (Chartered Financial Controller) sertifikati.
3. Sertifikat Oʻzbekiston auditorlar palatasi (keyingi oʻrinlarda — Auditorlar palatasi) tomonidan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladi.
Bunda malaka imtihoni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan oʻtkaziladi.
4. Sertifikat shaxsning moliyaviy nazorat boʻyicha malakasi mavjudligini tasdiqlaydi hamda unga Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklangan lavozimlarda faoliyat yuritish imkonini beradi.
Inspeksiya xodimlari lavozimga tayinlangandan soʻng uch oy ichida sertifikat olishi shart, bunda xalqaro sertifikatga ega boʻlgan xodimlarning sertifikat olishi talab etilmaydi.
5. Mazkur Nizom kuchga kirgan kundan boshlab ichki audit milliy malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslarni Inspeksiyaga ishga qabul qilish taqiqlanadi.
Bunda Inspeksiyada faoliyat yuritayotgan ichki audit milliy malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar ushbu sertifikatning amal qilish muddati davomida faoliyat yuritishi mumkin.
6. Talabgor malaka imtihonida ishtirok etishi uchun Oʻzbekiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan chet davlatlar oliy taʼlim tashkilotlarining oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatiga ega boʻlishi lozim.
7. Sertifikat malaka imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlarga muddatsiz davrga beriladi.
8. Sertifikat olish yuzasidan berilgan arizani koʻrib chiqish uchun talabgordan ushbu Nizomda belgilangan miqdorda yigʻim undiriladi.
Yigʻim talabgor tomonidan Auditorlar palatasi hisobvaragʻiga oʻtkaziladi hamda yigʻimning 50 foizi Auditorlar palatasi Agentlikka oʻtkazib beriladi.
Bunda yigʻimni toʻlash uchun bank rekvizitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
9. Sertifikat ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi.
2-bob. Sertifikatlashni tashkil etish
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) sertifikatlashni tashkil etishda:
malaka imtihoni uchun tuziladigan test topshiriqlari yoʻnalishlari va mavzularini belgilaydi hamda Agentlikka taqdim etib boradi;
moliyaviy nazorat boʻyicha malaka sertifikatlari reyestrini (keyingi oʻrinlarda — sertifikatlar reyestri) yuritadi;
sertifikatlash jarayonidagi yuzaga keladigan masalalar hamda oʻzaro nomuvofiq holatlarni koʻrib chiqadi.
11. Auditorlar palatasi:
Agentlik tomonidan yuborilgan maʼlumot asosida malaka imtihonini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi axborotni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirish, qayta rasmiylashtirish uchun berilgan arizani koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi;
talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
test topshiriqlari yoʻnalishlari boʻyicha mavzularni, adabiyotlar, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar roʻyxatini oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
Agentlik tomonidan taqdim etilgan malaka imtihoni natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot asosida malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga belgilangan tartibda sertifikatni rasmiylashtiradi va beradi;
sertifikatni belgilangan tartibda bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Agentlik:
tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda, Departament tomonidan taqdim etilgan test topshiriqlari yoʻnalishlari va mavzulari boʻyicha test topshiriqlarini tuzishni va ekspertizadan oʻtkazishni tashkil qiladi hamda test topshiriqlari bazasini shakllantiradi;
malaka imtihonini tashkil etadi va oʻtkazadi;
malaka imtihoni natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Departament hamda Auditorlar palatasiga taqdim etadi;
namunaviy test topshiriqlarini (javob variantlari bilan) oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;
apellyatsiya komissiyasini shakllantiradi va apellyatsiya jarayonlarini tashkil etadi.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazi (keyingi oʻrinlarda — Oʻquv markazi):
malaka oshirish kurslarining oʻquv dasturini (keyingi oʻrinlarda — oʻquv dasturi) ishlab chiqadi hamda Departament bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga malaka oshirganlik toʻgʻrisida guvohnoma beradi.
3-bob. Sertifikat olish uchun ariza topshirish
14. Talabgor Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida roʻyxatdan oʻtadi hamda oʻz shaxsiy kabineti orqali ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda elektron shaklda taqdim etadi:
biometrik pasport nusxasi yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi maʼlumotlari;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning yoxud chet davlatlarda olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish haqidagi vakolatli davlat organi tomonidan berilgan guvohnomaning nusxasi;
arizani koʻrib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida yigʻim toʻlangani toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning nusxasi.
15. Arizalar har oyning 1-sanasidan 10-sanasiga qadar (shu kuni ham) topshiriladi.
16. Talabgordan mazkur Nizomning 14-bandida nazarda tutilmagan hujjatlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibi
17. Arizalar Auditorlar palatasi tomonidan ular kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
18. Talabgor arizalarni koʻrib chiqish yakunlangandan soʻng bir ish kuni ichida taqdim qilingan arizaning natijasi haqida shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, rad etish sabablari koʻrsatiladi.
19. Quyidagi hollarda talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etiladi:
ushbu Nizomning 14-bandi talablariga javob bermaganda;
sertifikat olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar belgilangan tartibda, shuningdek, toʻliq holda taqdim etilmaganda;
sertifikat bekor qilingan paytdan boshlab uch yil muddat mobaynida sertifikat berilishi cheklangan boʻlib, ushbu davr mobaynida sertifikat olish uchun talabgor tomonidan murojaat qilinganda.
20. Talabgorning hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan yoki toʻliq holda taqdim etilmagani sababli malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish rad etilganda, talabgorga kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir kun muddat beriladi.
Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilgan holda qayta taqdim etilgan arizani koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
21. Rad etish uchun asos boʻlgan kamchiliklar berilgan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, ariza rad etiladi va toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
Malaka imtihonini topshirish uchun ariza mazkur Nizom asosida qaytadan beriladi.
22. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlarning familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) hamda malaka imtihonini topshirish manzili koʻrsatilgan roʻyxati Auditorlar palatasi tomonidan har oyning 20-sanasiga qadar Agentlikka taqdim etiladi, shuningdek, ushbu roʻyxat Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
5-bob. Malaka imtihonini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi
23. Malaka imtihoni har oyda kamida bir marta oyning uchinchi oʻn kunligida talabgorlarning malaka imtihonini topshirish manzillarini inobatga olingan holda, Agentlikda va uning hududiy boʻlinmalarida oʻtkaziladi.
24. Agentlik malaka imtihoni oʻtkaziladigan sanadan kamida besh kun oldin imtihon oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotni Auditorlar palatasiga yuboradi.
Bunda Auditorlar palatasi oʻzining rasmiy veb-saytiga bu haqida xabarnoma joylashtiradi hamda har bir talabgorni shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.
Talabgorga oʻz shaxsiy kabinetidagi maʼlumotlar bilan tanishib borish majburiyati yuklanadi.
25. Talabgor malaka imtihoniga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asosida kiritiladi.
Shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega boʻlmagan yoki malaka imtihoniga belgilangan vaqtda kelmagan, shuningdek, qatnasha olmagan talabgor malaka imtihoniga kelmagan deb hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi.
Agar talabgor malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilganidan soʻng malaka imtihoniga ikki marta kelmasa, malaka imtihonini topshirish uchun unga uchinchi marta imkoniyat berilmaydi.
Bunda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi va malaka imtihonida qatnashish uchun ariza ushbu Nizom asosida qaytadan topshiriladi.
26. Malaka imtihoni davlat tilida, test sinovi shaklida axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda oʻtkaziladi.
Talabgorga malaka imtihonini topshirish uchun uch soat vaqt beriladi hamda malaka imtihonining oʻtkazilishi davomida tanaffus berilmaydi.
27. Malaka imtihonining ochiqligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihoni jarayoni uzluksiz ravishda onlayn translyatsiya qilinadi, shuningdek, videoyozuvga tushiriladi. Ushbu videomateriallar Agentlik tomonidan kamida bir yil muddat mobaynida saqlanadi.
28. Malaka imtihonini topshirish jarayonida talabgorlarga quyidagilar taqiqlanadi:
qonunchilik hujjatlari, yoʻriqnoma materiallari, test topshiriqlari boʻyicha tayyorlangan maʼlumotlar, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;
malaka imtihoni oʻtkaziladigan hududga yoki binoga kirishda kalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, mobil aloqa va boshqa vositalar, “aqlli” soat, quloqchin, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirish yoki ulardan malaka imtihoni davomida foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish (suhbatlashish);
malaka imtihoni oʻtkazilayotgan xonadan ruxsatsiz tashqariga chiqish (test sinovi oʻtayotgan xonadan ruxsatsiz tashqariga chiqqan shaxslar qayta test sinoviga kiritilmaydi).
Ushbu talablarni buzgan talabgorlar malaka imtihonidan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan oʻtmagan deb hisoblanadi. Bunda malaka imtihonini topshirish uchun toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
29. Agentlik malaka imtihonini oʻtkazish maqsadida:
Auditorlar palatasi tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida talabgorlarning hududlar boʻyicha taqsimotini amalga oshiradi hamda mazkur Nizomda belgilangan muddat ichida malaka imtihonlarini tashkil etadi;
malaka imtihonini oʻtkazish uchun tanlangan binoni (xona) zaruriy texnika vositalari (kompyuter, videokamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan jihozlashni taʼminlaydi;
malaka imtihonini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlar va materiallar saqlanishini taʼminlaydi;
malaka imtihonini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
30. Malaka imtihonida foydalaniladigan test topshiriqlari Agentlik tomonidan tegishli malakali va mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda tuziladi hamda ekspertizadan oʻtkaziladi.
Bunda malaka imtihonini tashkil etish va sertifikatni taqdim etish jarayonlarida ishtirok etuvchi tashkilotlar xodimlari test topshiriqlarini tuzishga jalb qilinmaydi.
Agentlik tomonidan test topshiriqlarini tuzish va ekspertiza jarayonining maxfiyligi taʼminlanishi lozim.
31. Test sinovi Agentlik tomonidan tasdiqlangan 100 ta test topshirigʻidan iborat boʻladi.
Test topshiriqlarining har bir toʻgʻri javobi uchun bir balldan beriladi. Notoʻgʻri javob berilgan yoki javob berilmagan test topshirigʻi uchun ball berilmaydi.
32. Test topshiriqlari faqat bir toʻgʻri javobni oʻz ichiga olgan 4 ta javob varianti keltirilgan shaklda tuziladi.
33. Test topshiriqlari bazasi kelgusi yil uchun yil yakuniga qadar kamida 30 foizga yangilanishi lozim.
34. Talabgorning toʻgʻri javoblari malaka imtihonidagi test topshiriqlari umumiy sonining kamida 75 foizini tashkil etgan taqdirda, malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilgan hisoblanadi.
35. Agentlik tomonidan malaka imtihoni natijalari qaydnomasi imtihon oʻtkazilgan kunning oʻzida rasmiylashtiriladi va tasdiqlanadi.
Bunda talabgorlar tomonidan test topshiriqlari mazmuni boʻyicha eʼtiroz bildirilgan taqdirda, eʼtirozlar tegishli mutaxassislar tomonidan koʻrib chiqilganidan soʻng qaydnoma bir ish kuni ichida rasmiylashtiriladi va tasdiqlanadi.
36. Qaydnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
malaka imtihonida ishtirok etgan talabgorlarning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda toʻplagan ballari;
malaka imtihonida qatnashmagan talabgorlar roʻyxati.
37. Malaka imtihoni natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan keyin uch ish kuni ichida Departament va Auditorlar palatasiga yuboriladi hamda Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
38. Malaka imtihonini topshirishga ruxsat berilgan talabgorlar roʻyxatida mavjud boʻlmagan shaxslarning malaka imtihonida qatnashishiga ruxsat berilmaydi.
39. Malaka imtihonida qatnashmagan talabgorlar Auditorlar palatasi tomonidan keyingi malaka imtihonida qatnashuvchilar roʻyxatiga kiritiladi.
Bunda malaka imtihonida ikki marta qatnashmagan talabgor ushbu Nizomda belgilangan tartibda malaka imtihoni topshirish uchun qayta ariza topshiradi.
40. Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirmagan yoki ikki marta kelmagan talabgorga toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
41. Malaka imtihonida ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan berilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar hamda maʼlumotnomalar kamida besh yil mobaynida Auditorlar palatasida saqlanadi.
6-bob. Malaka imtihoni natijalari yuzasidan apellyatsiya berish va uni koʻrib chiqish tartibi
42. Malaka imtihoni natijasidan norozi boʻlgan talabgor malaka imtihoni natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida Auditorlar palatasiga test topshiriqlari mazmuniga oid yozma apellyatsiya berish huquqiga ega.
Bunda malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor tomonidan berilgan apellyatsiya koʻrib chiqilmaydi.
43. Auditorlar palatasi tomonidan talabgorlarning yozma apellyatsiyalarini bir ish kuni ichida Agentlikka taqdim etiladi.
44. Apellyatsiyani koʻrib chiqish uchun Agentlik tomonidan apellyatsiya komissiyasi shakllantiriladi.
Apellyatsiya komissiyasi toq sondan, shu jumladan, apellyatsiya komissiyasi raisi, uning oʻrinbosari va aʼzolari hamda apellyatsiya komissiyasi kotibidan iborat tarkibda tuziladi hamda uning tarkibiga Departamentdan vakillar kiritiladi.
45. Agentlik vakili apellyatsiya komissiyasi raisi, Departamentning vakili apellyatsiya komissiyasi raisi oʻrinbosari hisoblanadi.
46. Apellyatsiya komissiyasi yigʻilishi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki, shu jumladan, apellyatsiya komissiyasi raisi va (yoki) uning oʻrinbosari ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
47. Agentlik apellyatsiya komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
48. Apellyatsiya komissiyasi talabgor tomonidan berilgan apellyatsiyani besh kun muddatda koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
49. Apellyatsiya boʻyicha qabul qilingan qaror Agentlik tomonidan bir ish kuni ichida Auditorlar palatasiga taqdim etiladi.
Bunda Auditorlar palatasi apellyatsiya boʻyicha qaror kelib tushgan kundan boshlab bir ish kuni ichida talabgorni shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.
50. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
malaka imtihoni natijalari boʻyicha qarorni oʻzgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish;
malaka imtihoni natijalari boʻyicha qarorga oʻzgartirish kiritish va apellyatsiyani qanoatlantirish.
51. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
52. Imtihon natijalari boʻyicha apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
apellyatsiyada keltirilgan asoslar tasdiqlanmasa;
apellyatsiya belgilangan muddat mobaynida taqdim etilmagan boʻlsa;
apellyatsiya ushbu Nizom talablariga nomuvofiq tarzda berilgan boʻlsa.
53. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiyani qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Agentlik tomonidan bu haqida maʼlumot Auditorlar palatasiga apellyatsiya yigʻilishi boʻlib oʻtgandan soʻng uch ish kuni ichida yuboriladi.
Bunda Auditorlar palatasi tomonidan apellyatsiyani qanoatlantirish toʻgʻrisida qarorga asoslanib, talabgorga sertifikat berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi.
54. Apellyatsiya berish uchun talabgordan qoʻshimcha yigʻim undirilmaydi.
Takroriy apellyatsiyaga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-bob. Sertifikatni rasmiylashtirish va berish tartibi
55. Sertifikat Auditorlar palatasi tomonidan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladi.
56. Sertifikat Agentlikning malaka imtihoni natijalari boʻyicha maʼlumoti yoki apellyatsiyani qanoatlantirish toʻgʻrisida qarori olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida rasmiylashtiriladi va Auditorlar palatasining QR-kodi bilan tasdiqlanadi hamda talabgorga shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
57. Auditorlar palatasi sertifikat rasmiylashtirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida sertifikatga oid maʼlumotlarni Departamentga taqdim etadi va ushbu maʼlumotlar Departament tomonidan sertifikatlar reyestriga kiritiladi.
58. Sertifikatlar reyestriga kiritilmagan sertifikat haqiqiy hisoblanmaydi.
59. Sertifikat shakli mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladi.
8-bob. Sertifikatni qayta rasmiylashtirish tartibi
60. Sertifikatga ega boʻlgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, u tegishli oʻzgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlar kuchga kirgan kundan boshlab bir oy muddatda sertifikatni qayta rasmiylashtirish yuzasidan Auditorlar palatasiga ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklda ariza berishi shart.
61. Sertifikatga ega boʻlgan shaxsdan sertifikatni qayta rasmiylashtirish uchun yigʻim undirilmaydi.
62. Sertifikat ariza topshirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ilgari berilgan sertifikat raqami bilan sertifikatga ega boʻlgan shaxsga qayta rasmiylashtiriladi, Auditorlar palatasining QR-kodi bilan tasdiqlanadi va talabgorga shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
63. Auditorlar palatasi qayta rasmiylashtirilgan sertifikatning tegishli maʼlumotlarini sertifikatlar reyestriga oʻzgartirish kiritish uchun Departamentga u qayta rasmiylashtirilgan kundan boshlab besh ish kuni ichida yuborishi lozim.
9-bob. Sertifikatni bekor qilish tartibi
64. Sertifikat quyidagi hollarda bekor qilinadi:
sertifikatga ega boʻlgan shaxs tomonidan sertifikatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza taqdim etilganda;
sertifikatga ega boʻlgan shaxs vafot etganda;
sertifikatga ega boʻlgan shaxs sertifikat olgandan keyin belgilangan tartibda malaka oshirmaganda;
sertifikatga ega boʻlgan shaxsni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda;
sertifikat berish toʻgʻrisidagi qaror qonunchilik hujjatlariga xilof ekanligi aniqlanganda;
Inspeksiya xodimi faoliyatini davom ettirish imkoniyatini istisno etuvchi jazoga tortilganligiga doir sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sertifikatning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olingani isbotlanganda;
sertifikatga ega boʻlgan shaxs Inspeksiyadagi faoliyati mobaynida olingan himoyalangan maʼlumotlarni qonunchilik hujjatlariga xilof ravishda uchinchi shaxslarga taqdim etganda;
sertifikatga ega boʻlgan shaxs faoliyatida korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻyganini tasdiqlashni nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda.
65. Sertifikat Auditorlar palatasining qarori bilan bekor qilinadi.
66. Sertifikatni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror haqida sertifikatga ega boʻlgan shaxs bir ish kuni ichida yozma yoki elektron tarzda xabardor qilinadi, mazkur Nizomning 61-bandi uchinchi va beshinchi xatboshilari bundan mustasno.
67. Sertifikat ushbu Nizomning 64-bandi yettinchi — oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilingan taqdirda, talabgorga sertifikat bekor qilingan paytdan boshlab uch yil muddat mobaynida malaka imtihonlarida ishtirok etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
68. Departament ushbu Nizomning 64-bandi yettinchi — oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha sertifikatni bekor qilish yuzasidan Auditorlar palatasiga taqdimnoma kiritish huquqiga ega.
69. Sertifikatni bekor qilish haqidagi qaror ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
70. Auditorlar palatasi sertifikatni bekor qilish boʻyicha qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida Departamentni xabardor qiladi.
71. Sertifikatni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
10-bob. Sertifikatlar reyestrini yuritish tartibi
72. Departament tomonidan sertifikatlar reyestri yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
sertifikatga ega boʻlgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
sertifikat raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
sertifikatga ega boʻlgan shaxsning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
sertifikatga ega boʻlgan shaxsning malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlaganini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari;
sertifikatning qayta rasmiylashtirilgani va bekor qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
73. Sertifikatlar reyestrida mavjud quyidagi maʼlumotlar Departamentning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va jamoatchilikning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi:
sertifikat raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
sertifikatga ega boʻlgan shaxsning malaka oshirish kursini tamomlaganini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari;
sertifikatning qayta rasmiylashtirilgani va bekor qilingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
11-bob. Malaka oshirish kursini tashkil etish tartibi
74. Sertifikatga ega boʻlgan shaxs sertifikatni olgan sanadan boshlab har ikki yilda, tasdiqlangan oʻquv dasturi asosida Oʻquv markazi tomonidan tashkil etiladigan 36 soat hajmdagi malaka oshirish kursida oʻqishi shart.
75. Malaka oshirish kurslari grafik asosida Oʻquv markazi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Bunda malaka oshirish kursi tinglovchilar soni kamida 10 nafardan oshgan taqdirda tashkil etiladi.
76. Inspeksiya malaka oshirish kursida qatnashishi rejalashtirilgan xodimlar roʻyxatini har yili 20-yanvarga qadar Oʻquv markaziga taqdim etadi.
Inspeksiyada faoliyat koʻrsatmaydigan sertifikatga ega boʻlgan shaxs malaka oshirish kursida qatnashish uchun Oʻquv markaziga murojaat qiladi.
Bunda bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdoridagi toʻlov ushbu shaxsning oʻz mablagʻi hisobidan toʻlanadi.
77. Inspeksiya xodimlari har ikki yilda bir marta budjet mablagʻlari hisobidan malaka oshiradi.
Malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga belgilangan tartibda guvohnoma rasmiylashtiriladi.
78. Oʻquv markazi malaka oshirish kurslarida oʻqigan shaxslar toʻgʻrisidagi oylik maʼlumotlarni keyingi oyning 5-sanasiga qadar, yillik maʼlumotlarni keyingi yilning 10-yanvariga qadar Departamentga taqdim etadi.
79. Malaka oshirish kursini tamomlaganini tasdiqlovchi guvohnoma maʼlumotlari Departament tomonidan sertifikatlar reyestriga kiritiladi.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
80. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat Departament tomonidan nazorat qilinadi.
81. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Moliyaviy nazorat boʻyicha malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish
SXEMASI

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA

(ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 209-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2026-y., 09/26/209/0426-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-iyul)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2023-y., 09/23/62/0088-son; 29.12.2023-y., 07/23/422/0994-son; 17.07.2025-y., 09/25/446/0626-son; 29.04.2026-y., 09/26/209/0426-son)