O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Mamlakatimizda xususiy investitsiyalarni jalb etish hamda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar natijasida o‘tgan uch yilda qariyb 2 mingta davlat aktivlari sotildi va davlat ishtirokidagi korxonalar soni 45 foizga qisqardi.
Xususiylashtirishni jadallashtirish, davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish hamda iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushini yanada oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
alohida davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘larni mahallalar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga yo‘naltirish;
davlat mulki obyektlarini auksion orqali ijaraga berish muddatini uch yil etib belgilash va o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan ijara oluvchilarga ijara muddatini yana uch yil muddatga uzaytirish;
uch oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini (ijtimoiy obyektlar bundan mustasno) belgilangan tartibda balans saqlovchilarning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun onlayn-auksion savdolariga chiqarish.
2. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 23-yanvar,
PF-13-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi PF-13-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5630-son Farmonining 6-bandida:
a) “b” kichik bandi birinchi xatboshidagi “v” va “g” kichik bandlari” so‘zlari “v”-“g” kichik bandlari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) “v” kichik bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari (bundan ushbu bandning “v1” kichik bandi mustasno), shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining qarorlari asosida sotiladigan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar:”;
v) quyidagi mazmundagi “v1” va “v2” kichik bandlar bilan to‘ldirilsin:
“v1) mahalladagi maydoni 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan sotishdan tushadigan mablag‘lar tegishli mahallalarning Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armalariga;
v2) xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan davlat aktivlarini (bundan ushbu bandning “v” kichik bandi mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hududiy jamg‘armasiga”;
g) “d” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlarida Jamg‘armaning umumiy mablag‘lari hisobidan yoki aniq davlat aktivini sotishdan tushgan mablag‘larni boshqa maqsadlarga to‘liq yoki qisman yo‘naltirish ko‘zda tutilgan taqdirda, mazkur bandning “b” — “v2” kichik bandlari mablag‘larning qolgan qismiga nisbatan tatbiq etiladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5666-son Farmonida:
a) 4-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“davlat mulki obyektlari ijaraga berish uchun auksionga chiqarilganda ijaraga berish muddati uch yil etib belgilanadi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bunda, ijaraga oluvchi tomonidan majburiyatlar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilgan taqdirda ijara muddati uch yil muddatga uzaytiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”;
b) 11-bandning uchinchi xatboshisidan “bir yilgacha bo‘lgan muddatga” so‘zlari chiqarib tashlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi PF-5780-son Farmonining 9-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Bunda, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan, uch oydan ortiq foydalanilmasdan bo‘sh turgan obyektlar, ijtimoiy obyektlar bundan mustasno, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun “E-auksion” elektron savdo platformasiga onlayn-auksion savdolariga chiqariladi”.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6096-son Farmonida:
a) 17-bandning oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 20-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “2022-yil 1-iyulga qadar” so‘zlari “2023-yil 1-dekabrga qadar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 4-ilovadan 130-pozitsiya chiqarib tashlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2200-son qarorining 61-bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “ko‘chirib bo‘ladigan va ko‘chmas mulk” so‘zlari “ko‘char va ko‘chmas mulk” so‘zlari bilan almashtirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi “Xorazm viloyatida tadbirkorlik subyektlariga davlat mulki obyektlarini sotish va kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3513-son qarorining 8-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-168-son qarorining 3-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari (keyingi o‘rinlarda — yer uchastkalari) bo‘lganda — “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuborilgan onlayn-buyurtmanoma tegishli idoralar tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda ijobiy xulosa berilgan taqdirda, to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2023-y., 06/23/13/0051-son)