Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishki sport turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yil Milan va Kortina-dʼAmpetstso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida” 2022-yil 1-iyuldagi PQ-303-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, qishki sport turlari boʻyicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yil Milan va Kortina-dʼAmpetstso shaharlarida (Italiya) boʻlib oʻtadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida” 2022-yil 1-iyuldagi PQ-303-son qaroriga muvofiq Toshkent shahrida Qishki sport turlari boʻyicha respublika ixtisoslashtirilgan sport maktabi (keyingi oʻrinlarda — Respublika qishki sport maktabi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Respublika qishki sport maktabi maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:
zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda — qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa xalqaro musobaqalarda Oʻzbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir boʻlgan xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash;
qishki sport turlari boʻyicha xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali trenerlar tarkibini mustahkamlash;
sportchilarning oʻquv-mashgʻulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilgʻor tajribani hisobga olgan holda, oʻquv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;
sportchilarning professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, qishki sport turini rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda Oʻzbekiston milliy terma jamoalariga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;
qishki sport turlari boʻyicha yosh istiqbolli sportchilarni tanlash va tarbiyalash masalalari boʻyicha ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, klublar, Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha respublika oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-taʼlim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish;
qishki sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida oʻquv-mashq yigʻinlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda muntazam ravishda oʻtkazib borish, trenerlar hamda sportchilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning qishki sport turlari boʻyicha maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Respublika qishki sport maktabi:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan maktabdan tashqari sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi;
oʻz faoliyatini 2024/2025 oʻquv yilidan boshlaydi;
oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qaroriga muvofiq amalga oshiradi hamda maqomi boʻyicha (faoliyatini moliyalashtirish, tashkil etish, boshqarish va boshqalar) ixtisoslashtirilgan sport maktabiga tenglashtiriladi.
4. Quyidagilar Respublika qishki sport maktabini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
faoliyat ixtisosligi boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va Respublika qishki sport maktabining ustavidagi vazifalarga muvofiq boʻlgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
asosiy mashgʻulotlar oʻtkazilmaydigan vaqtda boʻsh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sport vazirligi:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
a) uch oy muddatda:
Respublika qishki sport maktabining tuzilmasini va ustavini tasdiqlash, shuningdek, ustavni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
Respublika qishki sport maktabini yuqori malakali trener kadrlar bilan taʼminlash va sport zaxirasini tayyorlash ishlarini olib borish choralarini koʻrsin;
b) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, qishki sport turlari boʻyicha federatsiya (assotsiatsiya)lar bilan birgalikda Respublika qishki sport maktabida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirsin.
6. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-martga qadar Respublika qishki sport maktabini tashkil etish uchun foydalanilmayotgan bino va inshootlarni ajratish boʻyicha tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda Respublika qishki sport maktabini tashkil etish va sport inshootlarini qurishda qishki sport turlari (figurali uchish, konkida uchish, short-trek, xokkey) bilan oʻquvchilarning doimiy mashgʻulot oʻtkazishlari uchun zamonaviy yopiq muz saroyi va ochiq sport maydoni hamda maxsus trenajyor zaliga ega boʻlishi nazarda tutilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Sport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda Respublika qishki sport maktabining qurilish ishlarini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar 2024-yil va kelgusi yillar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun ajratiladigan markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari doirasida ajratilishini taʼminlasin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Sport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda Respublika qishki sport maktabi faoliyatini saqlash bilan bogʻliq zarur mablagʻlar 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-maydagi 272-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 6-yanvar,
3-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.01.2023-y., 09/23/3/0007-son; 10.05.2024-y., 09/24/272/0337-son)