Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Mahalla budjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻini yigʻish koʻrsatkichlarini oshirish orqali yangi ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish maqsadida:
1. Mahallalar tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va yer soligʻini (keyingi oʻrinlarda — mol-mulk va yer soligʻi) aholining soliq toʻlash savodxonligini oshirish orqali undirishga koʻmaklashish va har bir mahalla oʻzining muammosini mustaqil hal etishi uchun 2023-yil 1-yanvardan boshlab ilovada koʻrsatilgan va soliqlarni undirish koʻrsatkichi past boʻlgan tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etilsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq “Mahalla budjeti” tizimi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda har bir mahallaning oʻziga xos xususiyati va salohiyatidan kelib chiqqan holda qoʻshimcha manbalarni izlash va shu asosda ularning daromadlari bazasini kengaytirish yoʻli bilan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmalarining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) daromadlari parametrlarini soʻzsiz bajarish boʻyicha faoliyat muvofiqlashtirilgan holda yoʻlga qoʻyiladi.
3. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab, ilovaga muvofiq tumanlarda mol-mulk va yer soligʻi (bundan noturar joylar boʻyicha mol-mulk va yer soligʻi mustasno) boʻyicha undirilgan mablagʻlarning 10 foizi hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar tuman budjetlari orqali tegishli Jamgʻarmalarga yoʻnaltiriladi.
4. Davlat soliq qoʻmitasi 2023-yil 1-martga qadar mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan, toʻlangan mablagʻlar va soliq qarzdorliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan fuqarolarning oʻzini oʻz boshqarish organi tomonidan real vaqt rejimida foydalanish imkoniyatini yaratsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablagʻlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan mol mulk va yer soligʻidan ajratmalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-avgustdagi “Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-353-son qarori 2-bandining “a” kichik bandida nazarda tutilgan mablagʻlar;
b) “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablagʻlar “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan fuqarolar yigʻini kengashi tomonidan boshqariladi.
Bunda:
fuqarolar yigʻini kengashi yigʻilishlarida “Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablagʻlardan foydalanish yoʻnalishlari kelishib olinadi;
fuqarolar yigʻini kengashi tarkibiga mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchisi ham kiritiladi.
6. Belgilansinki, fuqarolarning oʻzini oʻz boshqarish organi tomonidan “Ochiq budjet” axborot portaliga quyidagi maʼlumotlar joylashtirib boriladi:
“Mahalla budjeti” tizimi asosida shakllantirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilishi taklif etilayotgan va amalga oshirilgan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soligʻi boʻyicha soliq qarzi haqidagi maʼlumotlar.
7. Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi:
2023-yil 1-iyulga qadar huquqiy eksperiment natijalari toʻgʻrisidagi axborotni va ushbu tizimni respublikaning barcha tuman (shahar)larida joriy etish yuzasidan takliflarni;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri v.b. T.A. Xudaybergenov va moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-dekabr,
PQ-458-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-dekabrdagi PQ-458-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladigan va soliqlarni undirish koʻrsatkichi past boʻlgan tumanlar
ROʻYXATI
|
Hudud nomi |
Tuman nomi | |
|
1. |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
Beruniy |
|
2. |
Andijon viloyati |
Andijon |
|
3. |
Buxoro viloyati |
Olot |
|
4. |
Jizzax viloyati |
Zomin |
|
5. |
Qashqadaryo viloyati |
Qarshi |
|
6. |
Navoiy viloyati |
Karmana |
|
7. |
Namangan viloyati |
Uychi |
|
8. |
Samarqand viloyati |
Urgut |
|
9. |
Surxondaryo viloyati |
Jarqoʻrgʻon |
|
10. |
Sirdaryo viloyati |
Sayxunobod |
|
11. |
Toshkent viloyati |
Boʻka |
|
12. |
Fargʻona viloyati |
Bagʻdod |
|
13. |
Xorazm viloyati |
Bogʻot |
|
14. |
Toshkent shahri |
Uchtepa |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2022-y., 07/22/458/1123-son)