O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirishga yo‘naltirilgan o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida
Mamlakatni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha tub islohotlarni amalga oshirish barobarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tuzilishi ham zamon talablari asosida qayta ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosini tashkil etuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va bir-birini takrorlovchi normalarni bartaraf etish zarurati yuzaga kelmoqda.
Milliy qonunchilik bazasini ortiqcha normativ-huquqiy hujjatlardan xoli etish, uning tizimliligini ta’minlash, huquqni qo‘llash amaliyotida yuridik ta’sir kuchiga ega bo‘lmagan hujjatlarni bekor qilish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6218-son Farmoniga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 1-ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilsin:
amaldagi normativ-huquqiy hujjatlardan eskirgan, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va bir-birini takrorlovchi normalarni chiqarib tashlash;
Mudofaa vazirligida amalga oshirilgan tashkiliy-shtat tadbirlariga muvofiq intizomiy qismga jo‘natish tariqasidagi jazoni ijro etish tartibini qayta ko‘rib chiqish va intizomiy qismning tarkibiy tuzilishini maqbullashtirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va bir-birini takrorlovchi ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-dekabr,
PF-263-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-dekabrdagi PF-263-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 18-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo-desant qo‘shinlari, harbiy-transport aviatsiyasi, razvedka va ta’minot qismlari to‘g‘risida”gi PF-402-son Farmonining rus tilidagi matnida 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Vozlojit rukovodstvo vozdushno-desantnimi voyskami, voyenno-transportnoy aviatsiyey, razvedivatelnimi chastyami i chastyami obespecheniya, vzyatimi pod yurisdiksiyu Respubliki Uzbekistan, na Ministerstvo oboroni Respubliki Uzbekistan”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 12-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo hujumidan mudofaa harbiy qismlari to‘g‘risida”gi PF-495-son Farmonining rus tilidagi matnida 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Vozlojit rukovodstvo voinskimi chastyami protivovozdushnoy oboroni, vzyatimi pod yurisdiksiyu Respubliki Uzbekistan, na Ministerstvo oboroni Respubliki Uzbekistan”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 9-oktabrdagi PF-1572-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida intizomiy qism to‘g‘risidagi nizomda:
1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Ushbu Nizom sodir etgan jinoyatlari uchun sud tomonidan intizomiy qismga jo‘natish jazosiga hukm qilingan muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari tomonidan jazoni o‘tash va intizomiy qism faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi”;
2-bandda “harbiy nizomlarning” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari umumharbiy nizomlarining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
5-bandning birinchi xatboshisidagi “ijtimoiy-siyosiy” so‘zlari “ma’naviy-ma’rifiy” so‘zlari bilan almashtirilsin;
7-bandda “garnizon harbiy sudining” va “Mudofaa vazirligining Bosh shtabiga” so‘zlari tegishlicha “hududiy harbiy sudning” va “Mudofaa vazirligiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
9-bandda “ijtimoiy-siyosiy” so‘zlari “ma’naviy-ma’rifiy” so‘zlari bilan almashtirilsin;
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Intizomiy qismning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi lavozimlari qo‘l ostidagilarni tarbiyalash va o‘qitishda zarur tajribaga ega bo‘lgan, mahkumlar orasida tegishli tartib va mustahkam harbiy intizomni saqlab tura oladigan, eng intizomli, irodali, harbiy jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ofitserlar va serjantlar tarkibidan bo‘lgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bilan belgilangan tartibda butlanadi.
Intizomiy qism komandiri va uning o‘rinbosarlari hamda guruh komandirlari lavozimlariga tayinlanadigan ofitserlar qo‘shinlarda komandirlik lavozimlari yoki shaxsiy tarkib bilan ishlash bo‘yicha komandir o‘rinbosari lavozimida kamida ikki yillik xizmat stajiga ega bo‘lishi kerak”;
14-bandning ikkinchi xatboshisidagi “rota” so‘zi “guruh” so‘zi bilan almashtirilsin;
15-bandda “jo‘natishga” so‘zi “jo‘natish jazosiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“b” kichik banddan “kassatsiya” so‘zi chiqarib tashlansin;
“g” kichik bandda “harbiy bilet” so‘zlari “harbiy guvohnoma” so‘zlari bilan almashtirilsin.
18-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
21-bandning “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) shaxsiy hujjatlar yig‘majildi (ilova hujjati, sud hukmining bir nusxasi va qonuniy kuchga kirgan hukmni ijro etish to‘g‘risidagi farmoyish, hukm o‘zgartirilgan hollarda esa sud ajrimining nusxasi ham, xizmat ro‘yxatiga oid va xizmat varaqlari, tibbiy daftarcha, harbiy guvohnoma, ta’rifnoma va boshqalar)”;
24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Soqchilik, xizmat ko‘rsatish bo‘linmalarini, intizomiy qismning kontrakt bo‘yicha xizmatchilarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan barcha xizmat xonalari, turar joy binolari va yashash xonadonlari, shuningdek o‘qotar qurollar va o‘q-dori omborlari mahkumlarni joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan hududdan (zonadan) tashqarida bo‘ladi”;
30-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“30. Mahkumlarning nomiga keladigan posilka, yo‘qlov va banderollar tekshirib chiqiladi. Ularni tekshirib chiqish va mahkumlarga topshirish tartibi intizomiy qism komandiri tomonidan belgilanadi”;
31-bandning birinchi xatboshisidagi “Posilkada, peredachada” so‘zlari “Mahkumlarning nomiga keladigan posilkada, yo‘qlovda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
33 — 35-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Mahkumlar tomonidan jo‘natiladigan xatlar intizomiy qism saf bo‘limiga yopiq holda topshiriladi. Xatlarni ochib ko‘rish man etiladi.
34. Mahkumlarning qarindoshlari va boshqa shaxslar bilan uchrashuvlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 151-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tashrifchilar olib kelgan oziq-ovqat mahsulotlari hamda mahkumlar tomonidan foydalanish uchun ruxsat berilgan buyumlar va predmetlar mahkumlarga olib borib berish uchun intizomiy qism komandiri tomonidan tayinlangan shaxsga topshiriladi.
35. Mahkumlarga ta’tillar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 154-moddasida belgilangan tartibda beriladi va bu haqida intizomiy qism komandiri tomonidan tegishli prokuror xabardor qilinadi”;
37-banddagi “ijtimoiy-siyosiy” so‘zlari “ma’naviy-ma’rifiy” so‘zlari bilan almashtirilsin;
38-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Mahkumlarning murojaatlari O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va hal etiladi”;
40-bandning ikkinchi xatboshisidagi “ijtimoiy-siyosiy” so‘zlari “ma’naviy-ma’rifiy” so‘zlari bilan almashtirilsin;
41-bandning birinchi xatboshisidagi “rotalarda” so‘zi “guruhlarda” so‘zi bilan almashtirilsin;
42-banddagi “ijtimoiy-siyosiy” so‘zlari “ma’naviy-ma’rifiy” so‘zlari bilan almashtirilsin;
44-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Mahkumlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 157-moddasida ko‘rsatilgan rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi”;
45-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
46-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Yaxshi xulq-atvori, mehnatga va harbiy xizmatga halol munosabati uchun intizomiy qism komandirining buyrug‘i bilan axloqi tuzalayotganlar qatoriga kiritilgan mahkumlar belgilangan jazo muddatining kamida yarmini o‘tab bo‘lganlaridan keyin intizomiy qism komandiri tomonidan qonunda belgilangan tartibda jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishga taqdim etiladi”;
47 — 57-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“47. Intizomiy qism guruh komandirining o‘rinbosari va vzvod komandirining moddiy ta’minot bo‘yicha yordamchisi o‘z vakolati doirasida quyidagi rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqiga ega:
a) tashakkur e’lon qilish;
b) ilgari qo‘llanilgan intizomiy jazo chorasini olib tashlash.
48. Intizomiy qism komandirining o‘rinbosari va guruh komandiri o‘z vakolati doirasida quyidagi rag‘batlantirish choralarini qo‘llash huquqiga ega:
a) tashakkur e’lon qilish;
b) ilgari qo‘llanilgan intizomiy jazo chorasini olib tashlash;
v) qo‘shimcha ravishda bir marta uchrashuvga ruxsat berish.
49. Intizomiy qism komandiri O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 157-moddasida ko‘rsatilgan rag‘batlantirish choralarini to‘la hajmda qo‘llash huquqiga ega.
50. Mahkumlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 158-moddasida ko‘rsatilgan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
51. Intizomiy qism guruh komandirining o‘rinbosari va vzvod komandirining moddiy ta’minot bo‘yicha yordamchisi o‘z vakolati doirasida quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega:
a) hayfsan va qattiq hayfsan e’lon qilish;
b) navbatdan tashqari uchtagacha naryad tayinlash.
52. Guruh komandiri o‘z vakolati doirasida quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega:
a) hayfsan va qattiq hayfsan e’lon qilish;
b) navbatdan tashqari uchtagacha naryad tayinlash;
v) uch sutkagacha gauptvaxtaga joylashtirish.
53. Intizomiy qism komandirining o‘rinbosari o‘z vakolati doirasida quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega:
a) hayfsan va qattiq hayfsan e’lon qilish;
b) navbatdan tashqari uchtagacha naryad tayinlash;
v) besh sutkagacha gauptvaxtaga joylashtirish.
54. Intizomiy qism komandiri O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 158-moddasida ko‘rsatilgan intizomiy jazo choralarini to‘la hajmda qo‘llash huquqiga ega.
55. Gauptvaxtaga joylashtirish intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmatlari nizomi talablariga muvofiq jazoni intizomiy qism gauptvaxtasida bir kishilik kameralarda o‘taydilar.
56. Gauptvaxtaga joylashtirilgan mahkumlarga uchrashishga, shuningdek, posilka, yo‘qlov, banderol va xatlarni olishga ruxsat berilmaydi.
57. Intizomiy qismda jazoni o‘tash davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun aybdorlar jinoyat qonunchiligida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar”;
59-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“59. Mahkumlar uchun maishiy-yashash sharoitlarini yaratish, ularning oziq ovqat, ust-bosh va boshqa narsalar bilan ta’minlanishi hamda tibbiy ta’minoti muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari uchun belgilangan normalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomiga muvofiq amalga oshiriladi”;
60-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
61 va 62-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“61. Mahkumlarga hammom-kirxona xizmatlari muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
62. Barcha mahkumlarning pul ta’minoti muddatli harbiy xizmatdagi oddiy askarlar uchun belgilangan 1,0 tarif razryadi bo‘yicha lavozim maoshi hisobidan har oyda ularning shaxsiy hisobvaraqlariga qo‘shib boriladi va ular intizomiy qismdan ozod etilganlarida to‘liq to‘lab beriladi”;
64-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
67-banddan “Bosh shtabi” so‘zlari chiqarib tashlansin;
birinchi xatboshidagi “Mudofaa vazirligining Bosh shtabiga” so‘zlari “Mudofaa vazirligiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “Mudofaa vazirligining Bosh shtabi” so‘zlari “Mudofaa vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
71-bandning birinchi xatboshisidagi “harbiy bilet” so‘zlari “harbiy guvohnoma” so‘zlari bilan almashtirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-dekabrdagi PF-263-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilayotgan ayrim hujjatlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 19-martdagi “Mehnat rezervlari” o‘quv-sport kompleksini O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa vazirligi ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-581-son Farmoni.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 20-noyabrdagi “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4054-son Farmoni.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari pensionerlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4960-son Farmoni.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari pensionerlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 17-fevraldagi PF-4960-son Farmoniga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi PF-5110-son Farmoni.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-5454-son Farmoniga ilovaning 3-bandi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari uchun uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2858-son qarori.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PQ-4435-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 06/22/263/1092-son)