04.11.2022 yildagi 645-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni ko‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni va 2022-yil 21-sentabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-376-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 1-martdagi PF-81-son Farmoni bilan Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) sifatida qayta tashkil etilganligi hamda Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) tuzilmasiga o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Jamg‘arma o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Vasiylik kengashining (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi), O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — Qo‘mita) buyruq va qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.