O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 20-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda ma’qullangan
O‘zbekiston Respublikasida aholining, ayniqsa nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashga, ijtimoiy adolat tamoyillaridan kelib chiqib moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga, turmush darajasini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga “Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning farovonligini yanada oshirish hamda ijtimoiy himoya qilish dasturlarining samaradorligini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning pensiya ta’minoti sohasidagi qonunchilikni amaliyotda qo‘llashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olishga va korrupsiyani yuzaga keltiruvchi holatlarga barham berishga, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning daromadlarini oshirishga, ularning mehnatini munosib baholashga, shuningdek pensiya miqdorini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi 938-XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda, № 11, 792-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 5, 464-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 12-moddaning “l” bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“l) ixtisoslashgan tibbiy muassasalarning shifokorlari va o‘rta tibbiy xodimlari — maxsus ish staji shaharchalar, qishloqlar hamda ovullarda kamida 25 yil va shaharlarda kamida 30 yil bo‘lgan taqdirda (3-sonli ro‘yxat, VIII qism)”;
2) 19-moddaning yettinchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan to‘ldirilsin:
“O‘gay ota va o‘gay onaning vafot etgan o‘gay o‘g‘ilni (qizni) tarbiyalaganligi yoki boqqanligini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
3) 27-modda birinchi qismining “g” bandi “boquvchining” degan so‘zdan keyin “pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
4) 28-moddaning “k” bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“k) O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarga — pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizigacha. O‘zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo‘lgan shaxslarning pensiyasiga ustama to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
5) 30-moddaning:
ikkinchi qismidagi “hisoblanishi mumkin” degan so‘zlar “hisoblanadi” degan so‘z bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “hisoblanishi mumkin” degan so‘zlar “hisoblanadi” degan so‘z bilan almashtirilsin;
6) 37-modda:
quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyingi ishlangan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanadi”;
beshinchi va oltinchi qismlari tegishincha oltinchi va yettinchi qismlar deb hisoblansin;
7) 41-moddaning o‘zbekcha matnidagi “ancha imtiyozli” degan so‘zlar “nisbatan imtiyozliroq” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
8) 49-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida 1 yil ish stajiga ega bo‘lsa, fuqaroning arizasi asosida ish staji va ish haqi inobatga olingan holda pensiya har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqiladi. Bunda pensiyani qayta hisoblash fuqaro pensiya miqdorini qayta hisoblash uchun murojaat qilgan sanadagi ushbu Qonunning 17-moddasida ko‘rsatilgan yoshga nisbatan talab qilingan ish stajidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasining 6 va 8-bandlari 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 26-oktabr,
O‘RQ-795-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 03/22/795/0963-son)