O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 26-fevraldagi PQ-143-son qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari hamda “O‘zcharmsanoat” uyushmasining ilovaga muvofiq tuman (shahar)lar hududlarida transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud yoki uni o‘tkazish oson bo‘lgan faoliyat yuritmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer maydonlarida:
terini qayta ishlashga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini;
tayyor charm-poyabzal, mo‘yna va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarini (keyingi o‘rinlarda — kichik sanoat zonalari) tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorgi Kengesi, xalq deputatlari Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari kengashlarining tegishli qarorlari asosida ilovada ko‘rsatilgan tuman (shahar) hududlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzuridagi Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga doimiy foydalanish huquqi asosida kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun transport va muhandislik-kommunikatsiyalar tarmoqlari mavjud yoki uni o‘tkazish oson bo‘lgan faoliyat yuritmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer maydonlari ajratilishini ta’minlasin.
Bunda, yangidan tashkil qilinadigan kichik sanoat zonalari hududida yer maydonlarini ajratish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 25-oktabrdagi PQ-3356-son qaroriga muvofiq elektron onlayn-auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari, Qurilish vazirligi va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda kichik sanoat zonasining arxitektura-rejalashtirish hujjatlari ishlab chiqilishini, belgilangan tartibda kelishilishini va tasdiqlanishini ta’minlasin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbektelekom” AK hamda “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda:
bir oy muddatda kichik sanoat zonalarining joylashuv manzillari aniqlanganidan so‘ng muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;
qiymati 90,0 mlrd so‘m bo‘lgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini qurish ishlarining 2022-2023-yillar kesimidagi manzilli dasturi amalga oshiriladigan ishlar hajmi, mas’ul ijrochilar, muddatlar va talab etiladigan mablag‘larni ko‘rsatgan holda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanishini hamda mablag‘ ajratish uchun Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga taqdim etilishini;
kichik sanoat zonasida tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 26-fevraldagi PQ-143-son qarori 3-bandi “a” va “b”-kichik bandlarida ko‘rsatilgan moliyalashtiruvchilar mablag‘lari hisobidan kichik sanoat zonasining bo‘linish chegarasiga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini qurish hamda modernizatsiya qilish ishlari bajarilishini ta’minlasin.
Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlariga asosan 2022-2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida zarur mablag‘lar ajratish choralarini ko‘rsin.
4. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining kichik sanoat zonalarida loyihalarni amalga oshirishda loyiha tashabbuskorlari bilan kelishgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan terini qayta ishlash va charm-poyabzal kichik sanoat zonalarida barpo etiladigan bino va inshootlarning namunaviy loyihasini ishlab chiqish, ularni qurishni moliyalashtirish hamda qurilgan bino va inshootni tegishli quvvatlarni yaratish uchun tadbirkorlik subyektlariga sotish, ulush bilan ishtirok etish yoki ijara huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Qurilish vazirligi kichik sanoat zonasi hududidagi obyektlarda bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazorati o‘rnatilishini ta’minlasin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan birgalikda:
kichik sanoat zonasi hududida o‘zlashtirish uchun taklif qilinayotgan import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar (charm va charmdan tayyorlangan mahsulotlar, sun’iy charm va sun’iy charmdan tayyorlangan mahsulotlar, poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna va jundan tayyorlangan mahsulotlar, jelatin, furnituralar, aksessuarlar, butlovchi mahsulotlar) turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini ta’minlasin;
kichik sanoat zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlarni olib borish, shuningdek kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish bo‘yicha investitsiya buyurtmanomalarini sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqsin;
kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish yuzasidan tegishli choralar ko‘rsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-sentabr,
531-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-sentabrdagi 531-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Terini qayta ishlashga ixtisoslashgan hamda tayyor charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilinadigan hududlar
RO‘YXATI
Oldingi tahrirga qarang.
T/r | Hudud | Tuman (shahar) | Tashkil qilinadigan kichik sanoat zonasi maydoni (ga) |
1. | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | Nukus tumani | 3 |
2. | Andijon viloyati | Shahrixon tumani | 8 |
3. | Oltinko‘l tumani | 10 | |
4. | Buxoro viloyati | Buxoro tumani | 5 |
5. | Jizzax viloyati | Sharof Rashidov tumani | 19 |
6. | Qashqadaryo viloyati | Qarshi shahri | 1 |
7. | Namangan viloyati | Namangan shahri | 10 |
8. | Uychi tumani | 15 | |
9. | Samarqand viloyati | Urgut tumani | 2 |
10. | Samarqand tumani | 6 | |
11. | Surxondaryo viloyati | Angor tumani | 15 |
12. | Toshkent viloyati | Ohangaron tumani | 35,7 |
14. | Farg‘ona viloyati | Marg‘ilon shahri | 13 |
15. | Qo‘qon shahri | 12 | |
16. | Xorazm viloyati | Hazorasp tumani | 5 |
Izoh. Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan, o‘sish nuqtalaridan hamda ma’muriy-hududiy bo‘linishi jihatidan kelib chiqib, tashkil qilinadigan kichik sanoat zonalari yer maydonlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hokimliklari tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilishi mumkin.
(ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi PQ-181-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.05.2024-y., 07/24/181/0360-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2022-y., 09/22/531/0854-son; 23.05.2024-y., 07/24/181/0360-son)