O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Respublika bo‘yicha ichimlik va oqova suv tizimidagi iste’molchilarning suvni hisobga olish priborlarini o‘rnatish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, iste’molchilar tomonidan iste’mol qilingan suv sarfi xarajatlarini nazorat qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z vaqtida shakllantirish uchun suv hisoblagichlarning masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy texnologiyalarini joriy etish talab etiladi.
Shuningdek, ichimlik va oqova suvni chiqarish xizmatlari yuzasidan debitor qarzdorlikni keskin kamaytirish maqsadida yuridik shaxs bo‘lgan iste’molchining bankdagi hisobvarag‘iga to‘lov talabnomasini qo‘yish yo‘li bilan amalga oshirish zarur.
Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sifatini yaxshilash hamda aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 24-maydagi PQ-257-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari hisobidan aholining qiyoslash muddati tugagan hisobga olish asboblarini yangisiga almashtirish;
yuridik shaxs bo‘lgan va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilar tomonidan masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi;
masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni o‘rnatmagan iste’molchilarga hisobga olish asboblari bilan ta’minlanmagan iste’molchilar sifatida hisob-kitobni amalga oshirish;
ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunasini (hisoblagichni) qiyoslashdan o‘tkazish;
iste’molchining ixtiyoriga ko‘ra hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkiloti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish va suvni hisobga olish asboblarini muhrlash;
yuridik shaxs bo‘lgan iste’molchilarning suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari yuzasidan debitor qarzdorligini undirish chorasini ko‘rish;
davlat ijtimoiy buyurtma asosida tashkil qilingan ichimlik suv ta’minoti korxonalarining elektron reyestrini yuritish hamda ularga metodik va amaliy yordam ko‘rsatish;
yer osti chuchuk suv resurslari kamayib ketayotgan hududlarning ro‘yxatini tasdiqlash.
2. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-sentabr,
496-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-sentabrdagi 496-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalarida:
a) 65-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Aholiga qiyoslash muddati tugagan suvni hisobga olish asboblarini yangisiga almashtirish ISKX tashkilotining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) quyidagi mazmundagi 861-band bilan to‘ldirilsin:
“861. Yuridik shaxs bo‘lgan va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilar tomonidan ISKX tashkilotiga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etiladi.
ISKX tashkiloti tomonidan kamida 30 kalendar kun avval yozma ravishda ogohlantirgandan so‘ng masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni o‘rnatmagan yuridik shaxs bo‘lgan va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilarga suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun suvni hisobga olish asboblari bilan ta’minlanmagan iste’molchilar sifatida hisob-kitob amalga oshiriladi”;
v) kuyidagi mazmundagi 1091-band bilan to‘ldirilsin:
“1091. II va III guruh iste’molchilarning suv ta’minoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari yuzasidan debitor qarzdorligi bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasi imzolangan taqdirda, qarzni undirish iste’molchining bankdagi hisobvarag‘iga to‘lov talabnomasini qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.04.2024-y., 09/24/214/0285-son)
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarni suv ta’minoti va suvni chiqarib tashlash tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentining 8-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Ichimlik suv ta’minoti obyektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan taqdirda (o‘lchash vositalari o‘rnatilib, ichimlik suv uy ho‘jaligigacha yetkazilgan taqdirda), iste’molchining ixtiyoriga ko‘ra SQKX bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish va suvni hisobga olish priborini plombalash amalga oshiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-iyuldagi 433-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.09.2022-y., 09/22/496/0799-son; 18.04.2024-y., 09/24/214/0285-son)