O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlari yaxshilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini davlat tomonidan tartibga solishda ortiqcha byurokratik jarayonlarni tubdan qisqartirish, raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish hamda milliy iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan mobil aloqa operatorlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning qamrab olish darajasi hamda xizmat ko‘rsatish sifatining pastligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tashkil etishda ruxsat berish jarayonida ortiqcha cheklovlarning mavjudligi dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan mobil aloqa operatorlari tomonidan sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratish, hududlarda ularning qamrov darajasini oshirish hamda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini tashkil etishda ortiqcha hujjatlarning talab etilishini qisqartirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 27-yanvardagi PQ-104-son qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqini beruvchi o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-avgust,
476-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-avgustdagi 476-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-oktabrdagi 429-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida radiochastota spektridan foydalanganlik uchun haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqi beriladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 801-son qarori bilan tasdiqlangan Radioelektron vositalarni sotib olish va (yoki) o‘rnatish, xorijdan olib kirish, ekspluatatsiya qilishga ruxsat etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 16-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota organlarining tegishli ruxsatnomalariga asosan REVni ekspluatatsiya qilish uchun radiochastotalardan birgalikda foydalanish huquqi beriladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.08.2022-y., 09/22/476/0780-son)