O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (iste’foga) bo‘shatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mazmunini “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya tashkil etadi. So‘nggi yillarda harbiy xizmat jozibadorligini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, haqiqiy harbiy xizmat o‘tash uchun munosib va xavfsiz shart-sharoitlarini yaratish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining qonuniy manfaatlarini ta’minlashning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda harbiy xizmatning jozibadorligi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasi kafolatlarini ta’minlash borasida ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari, harbiy xizmatdan rezervga (iste’foga) bo‘shatilgan (chiqarilgan) fuqarolar va ularning oila a’zolari ijtimoiy ta’minoti masalalarini oqilona hal etishga qaratilgan tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, ularni uy-joy bilan ta’minlash tartibini yanada takomillashtirish hamda ayrim normativ-huquqiy hujjatlardagi bir-birini takrorlovchi, o‘xshash normalarni bartaraf etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin:
harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki olingan jarohati tufayli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqsiz deb topilib, rezervga (iste’foga) bo‘shatilgan (chiqarilgan) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini (keyingi o‘rinlarda — harbiy xizmatchilar), shuningdek, halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning, ularning xizmat muddatidan qat’i nazar, oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash;
harbiy xizmatchilar boshqa vazirlik va idoralar tizimiga haqiqiy harbiy xizmatni o‘tash uchun o‘tkazilganda, ularga berilgan xizmat xonadonlarini ham tegishli vazirlik va idoralar tasarrufiga o‘tkazish;
harbiy xizmatchilarga ajratiladigan uy-joy maydonining ijtimoiy normasini aniqlashda ularning oila a’zolari bilan bir qatorda qaramog‘iga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish;
umumiy harbiy xizmat muddati 20 (yigirma) yil bo‘lgan harbiy xizmatni o‘tab rezervga bo‘shatilgan fuqarolarni davlat hisobidan turarjoy bilan ta’minlash, shu bilan birga ularning oliy ta’lim muassasalarida o‘qish davri hamda davlat organlari va tashkilotlaridagi mehnat faoliyati yillarini haqiqiy harbiy xizmat yillari davriga qo‘shib hisoblash.
2. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga har yili ajratiladigan budjet mablag‘lari, budjetdan tashqari mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Mudofaa vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-avgust,
PQ-362-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-avgustdagi PQ-362-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-sentabrdagi PQ-694-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 3-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi — yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Uy-joy maydonining ijtimoiy normasini aniqlashda harbiy xizmatchining oilasi tarkibiga eri (xotini), bolalari hamda uning qaramog‘idagi shaxslar kiritiladi. Bunda, quyidagi toifadagi qaramoqdagi shaxslar hisobga olinadi:
mehnatga yaroqsiz, shu jumladan I va II guruh nogironligi bo‘lgan ota-onalar;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan aka-uka va opa-singillar;
farzandlikka olingan shaxslar;
oilaga tarbiyaga olingan bolalar (patronat);
vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Uy-joyga muhtoj bo‘lgan quyidagi toifadagi harbiy xizmatchilarga hamda ularning oila a’zolariga uy-joy qonunchiligida nazarda tutilgan me’yorlar hamda tartibga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kvartiralar mulk qilib beriladi:
a) harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan harbiy xizmatchilar. Bunda, ularning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish muddatlari hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlardagi oldingi ish joylari bo‘yicha mehnat staji haqiqiy harbiy xizmat muddatiga qo‘shib hisoblanadi.
b) o‘n va undan ortiq kalendar yil xizmat qilgan va quyidagilarga ko‘ra harbiy xizmatdan bo‘shatilishi lozim bo‘lgan (bo‘shatilgan) harbiy xizmatchilar:
harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
shtatlarning qisqartirilishi yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan;
v) xizmat muddatidan qat’i nazar harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki mayiblik (yaralanish, jarohat olish) tufayli sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatdan bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar;
g) xizmat muddatidan qat’i nazar halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oilasi:
Ushbu bandning “a”, “b”, “v” va “g” kichik bandlarida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar, shuningdek, xizmat kvartiralarida yashayotgan haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan (rezervga, iste’foga bo‘shatilgan) kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar harbiy xizmatining umumiy davomiyligi o‘n va undan ortiq kalendar yiliga yetganda o‘zlari egallab turgan xizmat kvartiralarini bepul mulk qilib olish huquqiga egadirlar, yopiq harbiy shaharchalardagi xizmat kvartiralari bundan mustasno. Yopiq harbiy shaharchalar hududida yashovchi harbiy xizmatchilarga yopiq harbiy shaharchalar doirasidan tashqarida kvartiralar mulk qilib beriladi.
Ushbu bandda ko‘rsatilmagan harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan bo‘shatilganda qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat kvartiralarini bo‘shatadilar”;
v) 15-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Quyidagilar tegishli vazirlik va idoralarning kvartiralardan foydalanish organlari tomonidan uy-joy maydoni olish yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlar ro‘yxatiga kiritiladi:
a) haqiqiy harbiy xizmatga kirgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar tegishlicha markaziy turarjoy komissiyasi, harbiy qismlarning yoki muassasalarning turarjoy komissiyalariga bildirgi topshirgan kundan boshlab;
b) o‘n va undan ortiq kalendar yil xizmat qilgan va quyidagilarga ko‘ra harbiy xizmatdan bo‘shatilishi lozim bo‘lgan (bo‘shatilgan) harbiy xizmatchilar:
harbiy xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetganida;
shtatlarning qisqartirilishi yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan;
v) xizmat muddatidan qat’i nazar harbiy xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida orttirilgan kasallik yoki mayiblik (yaralanish, jarohat olish) tufayli sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatdan bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar;
g) xizmat muddatidan qat’i nazar halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning oilasi;
d) harbiy xizmatning umumiy davomiyligi yigirma yil va undan ortiq bo‘lgan harbiy xizmatchilar”;
g) 24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Harbiy xizmatchilar boshqa vazirlik va idoralarga xizmat o‘tash uchun o‘tkazilganda, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ularga ajratilgan xizmat kvartirasi (yopiq harbiy shaharchalardagi xizmat kvartiralari bundan mustasno) harbiy xizmatchi o‘tkazilgan vazirlik va idora uy-joy fondiga o‘tkaziladi.
Xizmat kvartiralarini o‘tkazish va qabul qilib olish tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 190-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“190. Vazirlik tomonidan uy-joy bilan ta’minlanmagan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga ularning arizasiga binoan taqdim qilinayotgan uy-joyning hisoblangan qiymatining 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal pulini Davlat budjeti mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lash yo‘li bilan uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti berish tizimi bo‘yicha turarjoylar berilishi mumkin”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.08.2022-y., 07/22/362/0779-son)