Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatadigan maktabdan tashqari nodavlat sport-taʼlim muassasasi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat sport-taʼlim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 1-iyuldagi PQ-302-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat sport-taʼlim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 1-iyuldagi PQ-302-son qaroriga muvofiq jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatayotgan maktabdan tashqari nodavlat sport-taʼlim muassasasini (keyingi oʻrinlarda — nodavlat sport muassasasi) davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida gʻolib hamda sovrindor boʻlgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport muassasasi faoliyatini olib borish uchun davlat tasarrufida boʻlgan zarur bino va inshootlarni 2024-yil 1-yanvarga qadar ijara toʻlovlarisiz (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) ularga taqdim etish;
2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar nodavlat sport muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini koʻrsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarini 50 foizga kamaytirish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatadigan maktabdan tashqari nodavlat sport-taʼlim muassasasi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatadigan nodavlat sport muassasasining maqomi, maqsad va vazifalari;
nodavlat sport muassasasining faoliyatini uning muassisi (muassislari) qarori bilan tasdiqlanadigan hamda davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtkaziladigan ustav asosida tashkil etish;
nodavlat sport muassasasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini belgilangan tartibda xabardor qilgandan soʻng faoliyat yuritishga haqli ekanligi;
nodavlat sport muassasasida taʼlim jarayonini uning rahbari tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv dasturlari asosida amalga oshirish;
nodavlat sport muassasasida taʼlim jarayonining asosiy shakllari;
nodavlat sport muassasasiga muassis (muassislar) tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qilishi;
nodavlat sport muassasasini moliyalashtirish manbalari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 22-avgust,
466-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 466-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatadigan maktabdan tashqari nodavlat sport-taʼlim muassasasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat koʻrsatadigan nodavlat sport-taʼlim muassasasining (keyingi oʻrinlarda — nodavlat sport muassasasi) maqomi, maqsad va vazifalari, taʼlim jarayonini va uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Nodavlat sport muassasasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilgan notijorat tashkilot boʻlib, oʻzining alohida mulkiga, banklarda hisobvaraqlariga, oʻz nomi yozilgan dumaloq muhrga, shtamplarga va oʻz ramziga ega boʻladi.
Nodavlat sport muassasasi mazkur Nizomda belgilangan maqsadlarga mos ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
3. Nodavlat sport muassasasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, oʻz ustaviga amal qiladi.
4. Nodavlat sport muassasasining faoliyati uning ustavi asosida tashkil etiladi. Nodavlat sport muassasasining ustavi ushbu Nizom asosida ishlab chiqiladi, uning muassisi (muassislari) qarori bilan tasdiqlanadi hamda tegishli davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
5. Nodavlat sport muassasasi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan vaqtdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
6. Nodavlat sport muassasasi taʼlim oluvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (keyingi oʻrinlarda — ota-onalar), fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa taʼlim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
7. Nodavlat sport muassasasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasini belgilangan tartibda xabardor qilgandan soʻng faoliyat yuritishga haqli hisoblanadi.
2-bob. Nodavlat sport muassasasining maqsadi va vazifalari
8. Nodavlat sport muassasasining maqsadi aholining keng qatlami, yoshlar, shu jumladan, xotin-qizlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkibiga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlashni tashkil etish hisoblanadi.
9. Nodavlat sport muassasasining vazifalari quyidagilardan iborat:
maktabdan tashqari sport taʼlimini har bir shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini koʻzlagan holda amalga oshirish, taʼlim oluvchilarning jinsi, millati, dini, irqiy mansubligi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, ularning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
sport turlari boʻyicha jamoalar tashkil etish, ular oʻrtasida turli sport musobaqalari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etish orqali isteʼdodli yosh sportchilarni aniqlash (seleksiya);
jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlari jarayoniga malakali trenerlar va mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, tizimli ravishda ilgʻor tajribani joriy qilish;
taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilish, sport tayyorgarligi bosqichlarida barcha yosh guruhlari boʻyicha sportchilarni oʻqitish usullari va shakllarining uzviyligini taʼminlash, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish uchun anʼanaviy mashgʻulotlar tashkil etish bilan bir qatorda sifatli va ommabop mashgʻulotlar oʻtkazishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pullik xizmatlar koʻrsatish;
tajriba almashish masalalari boʻyicha sport tashkilotlari va federatsiyalar (assotsiatsiyalar) bilan hamkorlikni rivojlantirish, sportchilarning sport mahoratini, shuningdek, trenerlar va boshqa mutaxassislarning kasb malakasini oshirish;
ilgʻor xalqaro tajribalarni inobatga olib, oʻqitishning innovatsion pedagogik shakllari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish;
oʻqish muddati va shartlari, toʻlov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq taʼlim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan ishlarni tashkil etish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida bepul oʻqishga qabul qilish orqali ularning sifatli bilim olishlariga va jamiyatga uygʻunlashuviga koʻmaklashish.
3-bob. Taʼlim jarayonini tashkil etish
10. Nodavlat sport muassasasida taʼlim jarayoni ushbu muassasa rahbari tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
11. Nodavlat sport muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturlari boʻyicha oʻqitish “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga muvofiq taʼlim oluvchi yoxud uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari va nodavlat taʼlim tashkiloti oʻrtasida tuziladigan, oʻqitish muddatlari, shartlari va toʻlovlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
12. Nodavlat sport muassasasiga oʻqishga qabul qilish tartibi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 38-moddasiga muvofiq ushbu taʼlim tashkilotlari tomonidan belgilanadi.
13. Quyidagilar nodavlat sport muassasasida taʼlim jarayonining asosiy shakllari hisoblanadi:
guruhlarda va yakka tartibda oʻquv-mashq mashgʻulotlari hamda nazariy mashgʻulotlar;
oʻquv-mashq yigʻinlari;
tiklash, profilaktika va sogʻlomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish;
shugʻullanuvchilarning turli darajadagi musobaqalar va oʻyinli uchrashuvlarda ishtirokini tashkil etish;
shugʻullanuvchilarning instruktorlik va hakamlik amaliyotini oʻtkazish.
14. Nodavlat sport muassasasi tomonidan sport muassasasi bitiruvchilariga oʻqishni tamomlaganlik toʻgʻrisida sertifikat beriladi.
4-bob. Nodavlat sport muassasasini boshqarish
15. Jismoniy va yuridik shaxslar nodavlat sport muassasasining muassislari boʻlishi mumkin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi nodavlat sport muassasasining oʻquv-tarbiya jarayoniga metodik yordam koʻrsatadi.
17. Nodavlat sport muassasasiga muassis (muassislar) tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor bevosita rahbarlik qiladi.
Direktor muassasaning tashkiliy-huquqiy, oʻquv-tarbiyaviy, maʼnaviy-maʼrifiy va moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining tashkil etilishi uchun bevosita masʼul hisoblanadi.
Direktor lavozimiga qoʻyiladigan malaka talablari muassis tomonidan belgilanadi.
18. Nodavlat sport muassasasining muassisi va rahbarlarining vakolatlari uning ustavida belgilanadi.
5-bob. Nodavlat sport muassasasini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash
19. Nodavlat sport muassasasi faoliyati muassis (muassislar) tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq moliyalashtiriladi.
Nodavlat sport muassasasi oʻziga biriktirilgan mol-mulkni va xarajatlar smetasi boʻyicha ajratilgan mablagʻlarni mustaqil tasarruf etadi.
20. Nodavlat sport muassasasi faoliyati quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
muassis (muassislar) tomonidan ajratilgan mablagʻlar;
shartnoma asosida shugʻullanuvchilar va ularning ota-onalari tomonidan toʻlangan mablagʻlar;
mashgʻulotlardan tashqari paytda boʻsh binolar, inshootlar, asbob-uskunalarni ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Nodavlat sport muassasasi tomonidan har yili bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligiga va Davlat statistika qoʻmitasiga belgilangan tartibda hisobot taqdim etib boriladi.
22. Nodavlat sport muassasasida taʼlim sifati ustidan nazorat belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
23. Nodavlat sport muassasasi jismoniy tarbiya va sport boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi mumkin. Xalqaro hamkorlik shartnoma asosida xorijiy tashkilotlar bilan axborot va tajriba almashish, trenerlarning malaka oshirishi hamda stajirovka oʻtashi shaklida amalga oshirilishi mumkin.
24. Nodavlat sport muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/466/0759-son)