Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida
Senatning 2021-yil 27-avgustdagi SQ-370-IV-sonli Qarori asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi boʻyicha parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyuldagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-5202-sonli qarorida Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2022-yilning 1-oktabriga qadar Senatga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi (B. Alixonov) parlament soʻroviga javob Senatga kelib tushgach, uning nusxalari Senat aʼzolariga yuborilishini taʼminlasin, zarur deb topilgan taqdirda parlament soʻroviga javob maʼlumotnomasi Senat majlisida muhokama qilinishi uchun tegishli tayyorgarlik ishlarini amalga oshirsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 5-avgust,
SQ-594-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 5-avgustdagi SQ-594-IV-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish boʻyicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan)
Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan Orol dengizining qurishi natijasida mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bundan koʻzda tutilgan maqsad aholi farovonligini taʼminlash, ularning daromadlarini koʻpaytirish, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimini rivojlantirish, hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishdan iborat.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72 va 75-sessiyalarida Orol dengizi inqirozi global ekologik muammolarni keltirib chiqarganligini yana bir bor taʼkidlab, dunyo hamjamiyatini ogohlikka chaqirdi. Qisqa muddatda aniq va tezkor ishlar olib borilishi tufayli jahon hamjamiyatining Orol muammosiga eʼtibori hamda munosabati oʻzgartirilishiga erishildi.
Orolboʻyi mintaqasining ekologik barqarorligini taʼminlash va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yangi islohotlar hamda xalqaro tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.
Ayniqsa, mamlakatimiz rahbarining Orol dengizining qurigan tubida yashil oʻrmonzorlar barpo etish gʻoyasini jahon hamjamiyati alohida eʼtibor bilan qoʻllab-quvvatladi. Bugungi kunda Orolning qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo etish boʻyicha dunyoda muqobili boʻlmagan ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Bu borada amalga oshirilgan eng muhim tashabbuslardan biri — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning taklifi asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi 75-sessiyasida “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishidir.
Ushbu maxsus rezolyutsiyada belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, Orolboʻyi mintaqasini ekologik va gumanitar inqiroz yuz berayotgan hududdan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida 2021-yil 29-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida”gi PQ-5202-sonli qarori qabul qilingan.
Qaror bilan 2021 — 2024-yillarda Orolboʻyi mintaqasiga iqtisodiyot tarmoqlarida resurstejovchi va yuqori samaraga ega zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.
Mazkur “Yoʻl xaritasi”ning 1-ilovasida (bundan buyon matnda 1-ilova deb yuritiladi) 7 ta yoʻnalishdagi 71 ta tadbir uchun turli manbalardan 312 mlrd soʻm, 22,2 mln AQSh dollari, 6 mln yevroga teng mablagʻlar sarflanishi, har bir yoʻnalish boʻyicha tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosi tegishli vazirlik hamda idoralar rahbarlari boshchiligida tuzilgan Ishchi guruhlar tomonidan taʼminlanishi belgilangan.
Shu bilan birga, “Yoʻl xaritasi”ning 2-ilovasida (bundan buyon matnda 2-ilova deb yuritiladi) 2021 — 2024-yillarda bajarilishi rejalashtirilgan 65 ta ustuvor innovatsion loyihalar tasdiqlandi. Ushbu loyihalar uchun turli manbalardan 1,9 trln soʻmga teng mablagʻlar sarflanishi va natijada 4 500 ta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.
Mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 27-avgustdagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish haqida”gi SQ-370-IV-sonli Qarori qabul qilingan.
Mazkur Qarorga asosan Orolboʻyi mintaqasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida joriy yilning may — iyul oylarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy Kengashlar deputatlari bilan hamkorlikda oʻrganishlar oʻtkazilgan.
Belgilangan tadbirlarni bajarilishi uchun Joʻqorgʻi Kenges deputatlarini biriktirish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish, sustkashlikka yoʻl qoʻygan masʼullarga senator va deputatlik soʻrovlari (1 ta senator va 10 ta deputatlik soʻrovi) yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi natijasida 1-ilovada belgilangan 71 ta tadbirdan 20 tasi bajarilgan.
Xususan, “Nukus tumanida Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi qoshida oʻsimliklar urugʻlari genbanki bilan taʼminlangan laboratoriya, biznes-akselerator oʻquv markazi va texnopark tashkil qilish” uchun respublika budjetidan 13,1 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishiga erishilgan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar davomida bugungi kunga qadar 1-ilovada belgilangan 9 ta (3, 4, 9, 10, 30, 31, 33, 49, 50-bandlar) tadbir muddatida bajarilmaganligi va 5 ta (14, 16, 22, 24, 32-bandlar) tadbirning muddati kechiktirilganligi aniqlangan.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ijobiy xulosa taqdim etilmaganligi natijasida (vaholanki, Qaror barcha vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlangan) Nukus tumanida “Aqlli qishloq” (Smart village) konsepsiyasi asosida yangi zamonaviy turar joylar kompleksi qurilishi toʻxtab qolgan. Shuningdek, qishki sport turlarini rivojlantirish uchun muz saroyini barpo qilish ishlari boshlanmagan. Boz ustiga, tahlillarga koʻra ushbu tadbirlarning bajarilishi xavf ostida qolishi mumkin.
Shuningdek, 2-ilovada koʻrsatilgan 65 ta loyihadan hozirda 15 tasi amalga oshirilgan. Xususan, “Borsakelmas konidagi texnik tuzni innovatsion flotatsiya usuli bilan tozalash”, “Qoʻngʻirot soda zavodi” MChJda karbonat angidrid gazidan soda ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Moʻynoq tumanida zamonaviy taʼmirlash va servis markazini tashkil etish”, “Tibbiy sistemalar ishlab chiqarish” kabi loyihalarni sanab oʻtish mumkin. Shu bilan bir qatorda, 1 ta (19-band) loyiha muddatida amalga oshirilmaganligi va 6 ta (21, 32, 33, 34, 35 va 39-bandlar) loyihaning muddatini uzaytirish toʻgʻrisida taklif kiritilgan.
“Gazlama mato ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Metalldan qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish va eksport qilish”, “Mikrokalsiy ishlab chiqarish”, “MDF va boshqa barcha turdagi eshiklar ishlab chiqarish”, “Qurilish gipsi ishlab chiqarish”, “Gipsokarton ishlab chiqarish”, “Granit tosh mahsulotlari ishlab chiqarish” kabi bajarilishi xavf ostida qolayotgan loyihalar shular jumlasidandir.
Xulosa qilib aytganda jami 10 ta tadbir va loyihalar amalga oshirilmaganligi hamda 7 ta loyihaning muddatlari uzaytirilganligi zamonaviy innovatsion texnologiyalarni oʻz vaqtida joriy etilmasligiga, ularning samaradorligi pasayishiga, qolaversa, dolzarbligining yoʻqotilishiga olib keladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 27-avgustdagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish haqida”gi SQ-370-IV-sonli Qaroriga asosan belgilangan vazifalar ijrosini samarali taʼminlashga keskin toʻsqinlik qilayotgan omillar hamda qarorda belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar xususida asoslantirilgan tushuntirishlar berish yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini bayon etish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishi va uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishini maʼlum qiladi.