Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorazm viloyati Urganch shahar hokimligi huzuridagi Jaloliddin Manguberdi xiyobonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Xorazm viloyatining Urganch shahrida barpo etilgan Jaloliddin Manguberdi xiyobonida amalga oshirilgan obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va sugʻorish tizimlarini ekspluatatsiya qilish hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorazm viloyati hokimligining Xorazm viloyati Urganch shahar hokimligi huzurida davlat unitar korxonasi shaklidagi Jaloliddin Manguberdi xiyobonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini (keyingi oʻrinlarda — Departament) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Jaloliddin Manguberdi xiyoboni (keyingi oʻrinlarda — xiyobon) hududida amalga oshiriladigan obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, sugʻorish tizimlarini ekspluatatsiya qilish hamda ulardan oqilona foydalanish ishlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;
sunʼiy sugʻorish tizimlari, nasos stansiyalari, quduqlar, qattiq qoplamalar, yoʻl (yoʻlak)lar, koʻchalarni yoritish vositalari va favvoralarning sanitariya va texnik jihatdan zarur holatda boʻlishini taʼminlash;
daraxtlar, butalar va gullarni saqlash hamda parvarish qilish, ularni zararkunandalar va kasalliklardan muhofaza qilish, hududni yanada koʻkalamzorlashtirish ishlarini zamonaviy agrotexnik vositalardan foydalangan holda amalga oshirish;
ignabargli va manzarali oʻsimliklarning qimmatli turlarini hamda yashil maysalarni saqlash boʻyicha zarur choralarni koʻrish;
obodonlashtirish obyektlarini saqlash va rivojlantirish, ularning sanitariya jihatidan tozalanishini taʼminlash.
3. Quyidagilar:
Xorazm viloyati Urganch shahar hokimligi huzuridagi Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi xiyobonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Xorazm viloyati Urganch shahar hokimligi huzuridagi Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi xiyobonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti uchun sotib olinadigan maxsus avtotransport vositalari va asbob-uskunalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi:
2022-yilda Departament boshqaruv va yordamchi xodimlari mehnatga haq toʻlash, shuningdek, maxsus avtotransport vositalari xarid qilish uchun talab etiladigan mablagʻlarni Xorazm viloyati mahalliy budjetiga ajratilgan mablagʻlarning maqbullashtirilgan qismi hisobidan;
2023-yildan boshlab Xorazm viloyati mahalliy budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
5. Departament faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib:
har yili Xorazm viloyati mahalliy budjeti parametrlarida Departamentni saqlash uchun nazarda tutilgan mablagʻlar;
faoliyat yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan tushgan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
6. Belgilansinki, Departament xodimlariga Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-apreldagi 91-son qarori bilan tasdiqlangan “Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi tatbiq etiladi.
7. Xorazm viloyati hokimligi:
a) bir oy muddatda:
Departament faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
xiyobon hududidagi Urganch shahar Obodonlashtirish boshqarmasining ignabargli va manzarali oʻsimliklar qimmatli turlarini, koʻchalarni yoritish obyektlarini, favvoralarni va boshqa obodonlashtirish obyektlarini hamda ushbu hududga biriktirilgan 25 nafar obodonlashtirish xodimlarini belgilangan tartibda Departamentga oʻtkazilishini taʼminlasin;
b) obodonlashtirish ishlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq Urganch shahar markazining tashqi qiyofasiga qoʻyiladigan zamonaviy talablarni hisobga olgan holda tashkil etsin va amalga oshirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 12-iyul,
378-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-iyuldagi 378-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Xorazm viloyati Urganch shahar hokimligi huzuridagi Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi xiyobonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentining
TUZILMASI
|
|
||||||||
|
Direktor 1 |
||||||||
|
Bosh muhandis 1 |
Iqtisodiy tahlil boʻyicha mutaxassis 1 |
|||||||
|
Landshaft boʻyicha dizayner 1 |
Kadrlar boʻyicha inspektor 1 |
|||||||
|
Texnika xavfsizligi muhandisi 1 |
Yordamchi xodim 1 |
|||||||
Izoh. Ishlab chiqarish xodimlari (25 nafar) Urganch shahar Obodonlashtirish boshqarmasida mazkur hudud uchun ajratilgan shtat birliklari hisobidan ajratiladi.
Xodimlarning umumiy cheklangan soni — 7 nafar, shu jumladan, boshqaruv xodimlari — 6 nafar, yordamchi xodim — 1 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-iyuldagi 378-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Xorazm viloyati Urganch shahar hokimligi huzuridagi Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi xiyobonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti uchun sotib olinadigan maxsus avtotransport vositalari va asbob-uskunalar
ROʻYXATI
|
T/r |
Maxsus avtotransport vositalari va asbob-uskunalar nomi |
Soni |
Narxi (ming soʻm) |
|
1. |
Yuk tashishga moʻljallangan avtotransport vositasi (ISUZU NQR 71PL) |
1 |
545 000 |
|
2. |
Suv tashish va sepish uchun moʻljallangan avtotransport vositasi (ISUZU NQR 71PL) |
1 |
540 000 |
|
3. |
Oʻt oʻrish uchun moʻljallangan texnika |
5 |
30 000 |
|
4. |
Mototsikl (uch gʻildirakli) |
1 |
35 000 |
|
5. |
Avtominora (ISUZU) 22 m |
1 |
1 049 000 |
|
Jami |
9 |
2 199 000 | |
Izoh. Xarid qilinadigan avtotransport vositalari, texnika va jihozlarning yakuniy qiymatiga belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan shartnomalar asosida aniqlik kiritiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2022-y., 09/22/378/0623-son)