Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatida suv xoʻjaligi obyektlari va suv resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Fargʻona viloyatida suv xoʻjaligi obyektlari va suv resurslaridan hamda ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlaridan samarali foydalanish, shuningdek, suv xoʻjaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligining Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasiga tegishli “Paxta uchun”, “Qaramqul” va “Quva-2 (Mingchinor)” nasos stansiyalarini (keyingi oʻrinlarda — nasos stansiyalari) belgilangan tartibda baholangan qiymatda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ommaviy savdolarga chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
a) nasos stansiyalarining belgilangan tartibda baholangan qiymatini aniqlasin;
b) baholangan nasos stansiyalarini quyidagi shartlar asosida, belgilangan tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ommaviy savdolarga chiqarsin:
nasos stansiyalarini texnik soz holatda saqlash va ulardan sugʻorish maqsadlarida foydalanish;
nasos stansiyalarini modernizatsiyalash, suvni va elektr energiyasini tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish;
nasos stansiyalariga bogʻlangan sugʻoriladigan yer maydonlarida faoliyat yuritayotgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari va tomorqa yer egalarini ajratilgan suv olish limiti doirasida suvni yetkazish hamda boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tuziladigan shartnoma va kelishilgan toʻlov asosida suv bilan ishonchli taʼminlash;
v) nasos stansiyalarini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotish boʻyicha yangi mulkdor bilan tuziladigan oldi-sotdi shartnomasida mazkur qaror 2-bandining “b” kichik bandida belgilangan shartlar ijrosini taʼminlash majburiyatlarini aniq belgilasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-iyul,
365-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2022-y., 09/22/365/0602-son)