O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida Farmatsevtika texnik universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 21-yanvardagi PF-55-son Farmoni va “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida” 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, farmatsevtika sanoati uchun xalqaro standartlar va milliy an’analar uyg‘unligida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlarni tayyorlash hamda farmatsevtika sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida” 2020-yil 28-yanvardagi PQ-4574-son qaroriga muvofiq:
a) Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri (keyingi o‘rinlarda — Klaster) tashkil etilganligi, bunda Klaster o‘z ichiga o‘zining infratuzilmasiga ega bo‘lgan Farmatsevtika texnik universitetini (keyingi o‘rinlarda — Universitet) tashkil etishni qamrab olishi nazarda tutilganligi;
b) quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanganligi:
dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, kosmetologiya, tarmoq va biznesni boshqarish sohalarida xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlash;
farmatsevtika tarmog‘ida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan innovatsion va samarali ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini joriy etish;
ta’lim va fanning uzluksizligi va uzviyligi, shuningdek, ularning jahon ta’limi va ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuvi hisobiga mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshirish;
farmatsevtika ta’limi, fan va ishlab chiqarishning yaqin integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish;
farmatsiya, biotexnologiya, biofarmatsiya, farmatsevtika tarmog‘i uchun dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ishlab chiqarish hamda ularni qo‘llash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va ishbilarmon doiralari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;
v) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) hamda Buyuk Britaniyaning De Montfort (De Montfort University) va Sanderlend (University of Sunderland) universitetlari (keyingi o‘rinlarda — hamkor universitetlar) o‘rtasida 2019-yil 5-noyabrda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ta’lim darajasini xalqaro standartlarga mos ravishda oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-o‘quv qismlarini yaratish” (I-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 4-apreldagi 152-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va EDCF jamg‘armasi o‘rtasida 2021-yil 17-noyabr kuni loyiha yuzasidan imzolangan qarz bitimi doirasida:
umumiy qiymati 98 600,0 ming AQSH dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-o‘quv qismlarini yaratish” (I-bosqich) loyihasi texnik-iqtisodiy hisob-kitobining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari (1-ilova);
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining ilmiy-o‘quv qismlarini yaratish” (I-bosqich) loyihasi bo‘yicha Koreya Eksimbankining Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik jamg‘armasi bo‘yicha asosiy qarz, unga hisoblangan foiz va vositachilik haqini to‘lashning prognoz jadvali (2-ilova) tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilansinki:
Universitet Agentlik muassisligida tashkil etilgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda uning faoliyati Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi;
Universitetda ta’lim jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish shartlari, ta’lim olish shakli va ta’lim tili hamkor universitetlar bilan kelishgan holda aniqlanadi;
Universitetga o‘qishga qabul qilish har yili belgilanadigan O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari doirasida va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi;
Universitetda ta’lim berish Agentlik granti va to‘lov-kontrakt asosida hamkor universitetlarning o‘quv dasturlarini davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiqlashtirgan holda amalga oshiriladi;
Agentlik granti miqdori har yili Agentlik tomonidan belgilanadi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatish, shuningdek, to‘lov-kontrakt qiymati va uni to‘lash muddatlarini belgilash Universitet tomonidan Agentlik va hamkor universitetlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
Universitet faoliyati, o‘quv-uslubiy boshqaruvi, ilmiy-pedagogik xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash zamonaviy axborot texnologiyalari, fan va texnologiyalarning eng yangi yutuqlaridan foydalangan holda, kadrlar tayyorlashning umume’tirof etilgan xalqaro standartlariga muvofiq amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet diplomi va (yoki) hamkor universitetlarning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
(3-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ularning ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash Universitet tomonidan Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
Universitetning biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlari, prognozi va smetasi Agentlik tomonidan tasdiqlanadi;
Universitetning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi hamda shtatlar jadvali va shtat birliklari soni oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qat’i nazar Agentlik bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadi.
4. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi ajratmalari;
“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasi ajratmalari;
talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar;
homiylik xayriyalari va grantlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Agentlikka Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari orqali quyidagi xarajatlarni amalga oshirishga ruxsat berilsin:
Universitetning ma’muriy-o‘quv binolari, o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, boshqa moddiy-texnik bazasi va o‘quv faoliyatini tashkil etish;
farmatsevtika, tabiiy fanlar, biotexnologiya, axborotlashtirish, ma’lumotlar tahlili va menejment sohalarida yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik xodimlarni keyinchalik Universitetda ishlashga jalb qilish sharti bilan tanlov asosida tanlab olish, hamkor va boshqa xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish va stajirovkadan o‘tkazilishini tashkil etish;
Universitetning faoliyati, ilmiy-pedagogik xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, xodimlarga mehnat haqi to‘lash, zarur o‘quv-uslubiy adabiyot va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, xo‘jalik xarajatlar, Universitet bino va inshootlarini qurish ishlari, shu jumladan Universitetni ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;
mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda yuridik va konsalting xizmatlari uchun haq to‘lash;
Universitet o‘z faoliyatini samarali amalga oshirishi uchun ma’muriy-boshqaruv xodimlarini moddiy-texnik baza bilan ta’minlash.
6. Universitet o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lgan bino va inshootlari qurilguniga qadar Klaster hududidagi ekspluatatsiyaga tayyor bo‘lgan binolarda (ma’muriy va “A” blokning laboratoriya binolarida) tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
7. Bosh prokuraturaga Qurilish vazirligi bilan birgalikda Universitet binosini qurish doirasida ajratilgan mablag‘lar maqsadli va samarali ishlatilishi hamda qurilish-pudrat ishlari sifatli bajarilishini nazoratga olish tavsiya etilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-avgustdagi 641-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimcha kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.O‘. Umurzakov hamda sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 17-may,
263-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-maydagi 263-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-avgustdagi 641-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan qo‘shimcha
4-band quyidagi mazmundagi “e2” kichik band bilan to‘ldirilsin:
“e2. Farmatsevtika texnik universiteti faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish;”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 09/22/263/0427-son; 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)