O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZQIShLOQXO‘JALIKMASh-XOLDING” XOLDING KOMPANIYASINING FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-martdagi 41-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” kompaniyasini tugatish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 29-dekabrdagi PQ-766-son qarori)” to‘g‘risidagi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni kengaytirish va xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1999-yil 1-iyundagi holatiga ko‘ra:
“O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi tomonidan 1-ilovaga* muvofiq 2123648,86 ming so‘m miqdoridagi ustav jamg‘armasi shakllantirilganligi;
* 1-ilova berilmaydi.
davlat ulushi 88,6 foiz (1881713,86 ming so‘m) va boshqa aksiyadorlar ulushi 11,4 foiz (241935 ming so‘m) bo‘lgan o‘z aksiyalarini birinchi chiqarish va ularni joylashtirish tugallanganligi;
1-ilovada ko‘rsatilgan korxonalar aksiyalarining davlatga tegishli paketlari hamda mulkiy ulushlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi tomonidan “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasiga mulk qilib berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining ustav jamg‘armasini 2-ilovada* ko‘rsatilgan manbalar hisobiga 7818748,86 ming so‘m miqdorida belgilagan holda ko‘paytirish to‘g‘risidagi qaroriga rozilik berilsin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarga bir oy muddatda ta’sis hujjatlariga tegishli o‘zgarishlar kiritish hamda ularni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish tavsiya qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Moliya vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda “O‘zPGS a.j.” aksiyadorlik jamiyati qo‘shma korxonasi va Italiyaning “Adjind interneyshnl” firmasi bilan, Italiya tomoni oldidagi majburiyatlarni “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasiga yuklamagan holda, mulkiy masalalarni bir oy muddatda tartibga keltirsinlar.
5. Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini modernizatsiya qilishni jadallashtirish, yuqori samarali va raqobatbardoshli qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni kengaytirish zaruriyatini hisobga olgan holda, istisno tariqasida, belgilab qo‘yilsinki, 2001-yil 1-yanvarga qadar, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasining davlatga tegishli aksiyalarini sotishdan olingan mablag‘lar (qonun hujjatlariga muvofiq korxonalar ixtiyorida qoldiriladigan mablag‘lardan tashqari) 3 yil muddatga ulardan “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalarni texnika bilan qayta jihozlash va rivojlantirish uchun foizsiz qaytarish asosida xolding kompaniyasiga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi xolding kompaniyasi tomonidan davlatga tegishli aksiyalar paketini sotishdan olinadigan hamda unga foizsiz qaytarish asosida berilayotgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsinlar.
6. Quyidagilar:
“O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasiga moliyaviy xoldinglarga tegishli qoidalar tatbiq etilmasligi;
“O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi tomonidan amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq zaxira jamg‘armasi tashkil etilishi, jamg‘arma mablag‘laridan belgilangan tartibda, shu jumladan imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash uchun foydalanilishi mumkinligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2000-yil 1-fevralgacha “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalarning ijtimoiy infratuzilmasi obyektlari 2000-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra tuman (shahar) hokimliklari balansiga qabul qilinishini ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 31-yanvardagi 45-son qarori 3-bandining uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-sentabrdagi 410-son qaroriga 1-ilovada:
97-99, 101-105-satrlar chiqarib tashlansin;
“Ustav jamg‘armasi” ustuni 100-satrdagi 2003920000 so‘m raqamlari 7818748860 so‘m raqamlariga, “Aksiyalarning umumiy soni” ustunidagi 2003920 raqamlari 7818749 raqamlariga, “XIFlarga sotish uchun mo‘ljallangan aksiyalar paketi” ustunidagi 300588 raqamlari 1172812 raqamlariga almashtirilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 3-iyul,
326-son