O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JURNALIST KADRLAR TAYYORLASh VA QAYTA TAYYORLASh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika oliy ta’lim muassasalarida jurnalist kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning bugungi holati qoniqarsizligi, ta’lim va tarbiya tizimi, jurnalistika mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv reja va dasturlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalari hamda boshqa turdagi adabiyotlarning jahon andazalariga javob bermay qolganligi, shuningdek soha moddiy-texnik bazasining zaifligi sababli o‘quv jarayonini tashkil etishda, o‘qitish usullarida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Mavjud nuqsonlarni bartaraf etish, jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda dunyo andazalari darajasiga ko‘tarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakulteti zamon talablariga muvofiq tarzda qayta tashkil etilsin, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida xalqaro jurnalistika fakulteti ochilsin va 1999/2000 o‘quv yilidan boshlab oliy ma’lumotli jurnalist kadrlar tayyorlash ana shu o‘quv yurtlarida amalga oshirilishi, boshqa oliy o‘quv yurtlaridagi (Qoraqalpoq davlat universitetidan tashqari) jurnalistika fakultetlari (bo‘limlari) tugatilishi belgilab qo‘yilsin.
Jurnalistlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Toshkent davlat universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jurnalistika fakultetlari negizida maqsadli usulda amalga oshirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
bir oy muddatda oliy ta’lim tarkibidagi jurnalistika fakultetlarining yangi tuzilmasini hamda shu sohadagi bakalavriat va magistratura bo‘yicha Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi 92-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2005-y., 22-son, 158-modda)
1999/2000 o‘quv yiligacha jurnalistika fakultetlarida attestatsiya natijalari asosida zamon talablari darajasida jurnalist kadrlar tayyorlashga qodir yetuk professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirsin.
Bu ishga mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi chuqur bilim va katta tajribaga ega bo‘lgan taniqli amaliyotchilar hamda soha mutaxassislari keng jalb etilsin;
1999/2000 o‘quv yiligacha jurnalistika fakultetlarining moddiy-texnika bazasini inventarizatsiyadan o‘tkazib, ularni o‘quv dasturlari hamda mazkur miqdorda kompyuter texnikasi, o‘quv tele- va radiostudiyalari, chet tillarini mukammal o‘rganish uchun texnik uskunalar bilan ta’minlansin;
O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda 1999/2000 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakulteti qoshida o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar, sohani yaxshilash bo‘yicha tahliliy tavsiyalar tayyorlash, jurnalistika istiqbollarini prognozlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik hisobidagi ilmiy-uslubiy markazni tashkil etsin;
Davlat test markazi bilan birgalikda 1999/2000 o‘quv yilidan boshlab:
jurnalistika fakultetlariga qobiliyatli talabalar qabul qilish maqsadida abituriyentlarni test sinovlari bilan bir qatorda ijodiy imtihonlardan o‘tkazishni tashkil etsin;
har yili yagona mezonlar asosida jurnalistika fakultetlarining reytingini aniqlash va tahlil etish, ulardagi ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash va amaliy ish olib borishni yo‘lga qo‘ysin.
3. Davlat matbuot qo‘mitasi, “O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zA, “Jahon” axborot agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda:
jurnalistika fakultetlarida yuqori bosqich talabalari uchun ixtisosliklar bo‘yicha mashhur va taniqli jurnalistlarning o‘quv studiyalarini hamda o‘z tahririyatlari qoshida jurnalistika fakultetlarining harakatdagi filiallari yoki o‘quv markazlarini tashkil etsinlar;
qobiliyatli, o‘z mahoratlarini namoyon eta boshlagan talabalarning amaliy tajribalarini oshirib borish maqsadida ularni ish o‘rganuvchi sifatida tahririyatlarga ijodiy xodimlikka qabul qilish choralarini ko‘rsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 1999/2000 o‘quv yilidan boshlab mustaqil Vatanga va milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqatli, yuqori jurnalistik iqtidorini namoyon etgan, faol jamoatchi, xorijiy tillarni yaxshi biladigan talabalar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘shimcha Davlat stipendiyasi ta’sis etilsin.
Davlat stipendiyasining sovrindorlarini aniqlash va stipendiyani moliyalashtirish Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 25-martdagi 157-sonli qarorida ko‘rsatilgan tartib bo‘yicha amalga oshirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fan va texnika davlat qo‘mitasi, “Umid”, “Ustoz”, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari va boshqa manfaatdor idoralar jurnalistika fakultetlarining ilg‘or pedagoglari va iqtidorli talablarining xorijiy davlatlarning yetakchi o‘quv va ilmiy markazlari, ommaviy axborot vositalari tahririyatlarida hamda xalqaro tashkilotlarning matbuot xizmatlarida maqsadli o‘quv amaliyoti va stajirovkalar o‘tashi uchun shart-sharoit yaratsin va amalga oshirsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi jurnalistika fakultetlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xususan, ularni zamonaviy kompyuter hamda lingofon xonalari, o‘quv tele- va radiostudiyalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlash Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyurtmasiga muvofiq mablag‘ ajratsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 26-fevral,
88-son