O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent viloyatida tomorqachilikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash, tomorqachilik yo‘nalishida malaka oshirish jarayoniga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish, tomorqachilikni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda, ilg‘or xorijiy tajriba va agrotexnologiyalar bo‘yicha yetarli bilim va malakalarga ega bo‘lgan kadrlarni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
a) O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi” (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilganligi;
(1-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
b) Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib:
tomorqachilik yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish orqali aholiga tomorqa yer uchastkalaridan yiliga kamida 3-marta hosil olishga erishishga ko‘maklashish;
tomorqa yer egalari, fermer, dehqon xo‘jaliklari, “Tomorqa xizmati” MChJ ishchilari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari a’zolari, qishloq xo‘jaligi sohasining boshqa mutaxassislari hamda band bo‘lmagan aholi uchun zarur bo‘lganda, yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, tomorqachilik yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish;
mamlakatimiz va jahon ilm-fani hamda amaliyotining ilg‘or yutuqlaridan foydalangan holda ko‘chatchilik, urug‘chilik va naslchilikni rivojlantirish, tomchilatib sug‘orishni keng joriy qilish, muqobil energiyadan foydalanish, tomorqa yer uchastkalarida baliq boqish uchun hovuzlar tashkil etish sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish;
qishloq xo‘jaligida ilg‘or innovatsion texnologiyalarni yaratish tashabbuskorlarini qo‘llab-quvvatlash, jismoniy shaxslarning novatorlik g‘oyalarini aholining tomorqa yer uchastkalarida joriy etishga ko‘maklashish;
tomorqa yer egalarini sifatli urug‘lar va ko‘chatlar bilan ta’minlash hamda ularga tomorqa yo‘nalishi bo‘yicha agroxizmatlar ko‘rsatish;
tomorqa yer egalari uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminarlar tashkil etish hamda tavsiyalar ishlab chiqish;
qishloq xo‘jaligi mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim oladigan talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan ilmiy tadqiqotchilarga ko‘maklashish;
Markaz ustav fondiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, sovitkichli omborxonalar, chorvachilik komplekslari, issiqxona majmualarini qurish, intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini saralash va qadoqlash, omixta yem ishlab chiqarish, sutni qayta ishlash, mineral o‘g‘itlar tayyorlash asbob-uskunalari hamda o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilish uchun kimyoviy vositalar olib kelish hamda sotish faoliyati bilan shug‘ullanish belgilanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston fermerlari kengashi, Toshkent viloyati hokimligining Markazni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani A. Ortiqov qishloq fuqarolar yig‘inidagi “Said ota” mahallasi “Said ota” ko‘chasida joylashgan Yangiyo‘l tumani 1-son kasb-hunar maktabi (keyingi o‘rinlarda — kasb-hunar maktabi) binosining birinchi qavatiga tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, O‘zbekiston fermerlari kengashi va Toshkent viloyati hokimligi:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Markaz kasb-hunar maktabi binosining birinchi qavatiga tekin foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda joylashtirilishini;
tomorqachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bino va inshootlar qurish uchun kasb-hunar maktabining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 1,24 gektar yer uchastkasi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan tartibda Markazga ajratib berilishini;
kasb-hunar maktabida o‘quvchilarning amaldagi o‘quv dasturlari asosida ta’lim olishni davom ettirishini va ta’lim jarayoni sifatli tashkil qilinishini ta’minlasin.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan Markaz ustav fondini shakllantirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning texnik ko‘magi va grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston fermerlari kengashining 2021 — 2025-yillarda Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan Markaz ustav fondini shakllantirish uchun zarur mablag‘larni yo‘naltirish hamda ushbu mablag‘lardan Markazga qarashli yer maydoni hududida tomorqachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun bino hamda inshootlar qurish, aholiga agroxizmatlar ko‘rsatish markazini tashkil etish, yangi texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy tajriba va ko‘chatchilik issiqxonalarini tashkil qilish, tegishli infratuzilmani rekonstruksiya qilish uchun maqsadli foydalanish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
6. Belgilansinki:
kasb-hunar maktabining mavjud o‘quv yo‘nalishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtirish tizimi saqlab qolingan holda, tomorqachilik yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha boshqa malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari Markaz mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi;
kasb-hunar maktabida ta’lim jarayoni va o‘quvchilarning amaliyoti Markaz bilan hamkorlikda tashkil etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston fermerlari kengashi va uning tarkibidagi tashkilotlar Markazning bino va inshootlaridan tekin foydalanadi;
(6-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tomorqachilikni rivojlantirish Milliy markazi tomorqa xizmati” MChJning ustav kapitalidagi Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ulushi nominal (balans) qiymatida Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirish hisobidan olinadigan daromadlarning Kengashga yo‘naltiriladigan 30 foiz qismi hisobidan Kengashga rasmiylashtirib beriladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)
7. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining 2022-yil uchun tasdiqlanadigan xarajatlar smetasida Markazning o‘quv xonalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-dekabr,
798-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-dekabrdagi 798-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2018-yil 7-iyundagi 433-son qarorida:
a) 2-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Jamg‘arma Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda Toshkent shahri hududida yer maydoni sotib olib, ma’muriy bino qurishi yoki tayyor binoni xarid qilishi mumkin”;
b) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda:
5-bandning oltinchi xatboshidagi “qishloq xo‘jaligi texnikasi,” so‘zlaridan keyin “qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashishga mo‘ljallangan transport vositalari” so‘zlari qo‘shilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jamg‘armaning daromadlari bo‘yicha har yilgi prognozlarni tasdiqlaydi”;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jamg‘arma tomonidan tijorat banklariga kredit ajratish, “Tomorqa xizmati” MChJlar ustav fondida ishtirok etish, lizing xizmatlarini ko‘rsatish hamda Jamg‘armaning boshqa asosiy faoliyat yo‘nalishlariga mablag‘lar ajratishning har yilgi parametrlarini belgilaydi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarga tashabbuskorlarning talabidan kelib chiqqan holda, har yilgi parametrlarga qo‘shimcha ravishda mablag‘lar ajratilishi mumkin”;
13-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshlar qo‘shilsin:
“Jamg‘arma xodimlarining lavozim maoshlari Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlanadigan shtatlar jadvali asosida belgilanadi.
Jamg‘arma o‘z xodimlarining lavozim maoshlariga 3 baravargacha o‘sib boruvchi koeffitsiyentni qo‘llashga haqli”;
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga 3 yilgacha muddatga, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan, bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish uchun 7 yilgacha muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan 2019-yilning 31-dekabriga qadar yillik 7 foizlik stavkada, bankning 2 foizlik marjasini hisobga olgan holda kreditlar ajratish uchun resurslarni “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB, “Turonbank” ATB hamda AT “Xalq banki”ga joylashtirish. 2020-yil 1-yanvardan boshlab resurslarni joylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foizlik bandni chegirib tashlagan holda, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yillik 10 foiz stavkada amalga oshiriladi”;
uchinchi xatboshidagi “4 foizlik bandni chegirib tashlagan holda” so‘zlaridan keyin “, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa yillik 10 foiz stavkada” so‘zlari qo‘shilsin;
quyidagi mazmundagi to‘qqizinchi — o‘n ikkinchi xatboshlari qo‘shilsin:
“tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining tavsiyasiga ko‘ra “Tomorqa xizmati” MChJlarga urug‘lik va ko‘chat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablag‘ uchun 300 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratishga;
yetakchi tadbirkorlik subyektlariga aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kreditlar ajratishga;
2026-yil 1-yanvarga qadar tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya berishga;
“Tomorqa xizmati” MChJlar, fermer xo‘jaliklari va dehqon xo‘jaliklari, ishlab chiqarish kooperativlari rahbarlari va xodimlarining, shu jumladan tomorqa yer egalarini bilim va malakasini oshirish uchun o‘quv kurslarini o‘tkazish, shuningdek, o‘quv markazlarining bu boradagi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni subsidiyalashga”;
to‘qqizinchi — yigirmanchi xatboshilar tegishli ravishda o‘n uchinchi — yigirma to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
yigirma birinchi xatboshidagi “o‘n ikkinchi xatboshida” so‘zlari “yigirmanchi xatboshida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
yigirma to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2020-yil 1-yanvardan boshlab kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida, 2022-yil 1-yanvardan boshlab esa, tijorat banklari tomonidan yillik 14 foiz stavkada beriladi”;
21-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan kreditlar hududiy fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan kelishilgan holda beriladi, tomorqa yer egalari — jismoniy shaxslarga 33 million so‘mgacha, fermer, dehqon xo‘jaliklari va boshqa tadbirkorlik subyektlariga 225 million so‘mgacha miqdorda ajratiladigan kreditlar bundan mustasno. Ushbu summadagi kreditlar har bir mahallaga mahallabay ishlash bo‘yicha biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan beriladigan tavsiyalar asosida ajratiladi”;
22-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Bosh kelishuvni tuzgan respublika tijorat banklari yoki ularning viloyat filiallari mablag‘lar olish uchun Jamg‘armaga hududiy fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan kelishilganligini tasdiqlovchi axborot va hududlar bo‘yicha qarz oluvchilar — loyiha tashabbuskorlari ko‘rsatilgan buyurtmanomani taqdim etadilar”;
24-bandga quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar qo‘shilsin:
“Jamg‘arma mablag‘lari fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, qishloq xo‘jaligi kooperativlari hamda boshqa tashabbuskorlarga maxsus elektron axborot dasturlari orqali rasmiylashtirib berilishi mumkin.
Tomorqa yer egalariga onlayn tarzda mikrokreditlar ajratish uchun resurslar hududiy fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining takliflariga asosan Jamg‘arma tomonidan respublika tijorat banklariga tumanlar kesimida joylashtiriladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining2022-yil 19-apreldagi 195-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2022-y., 09/22/195/0319-son)
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 09/21/798/1226-son, 19.04.2022-y., 09/22/195/0319-son; 18.02.2025-y., 06/25/22/0156-son)