Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TURKIYALIK TALABALARNI OʻZBEKISTONDA OʻQITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasida fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport va turizm sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi oʻrtasida kadrlar tayyorlash sohasidagi ahdlashuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1992-yil 7-apreldagi 178-son qarorini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 103 nafar turkiyalik talabalarni ular tanlagan ixtisos boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi hisobiga oliy oʻquv yurtlarida oʻqitish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Turkiya Respublikasidan kelgan talabalarni 1992-1993 oʻquv yilida Toshkent davlat universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti tayyorlov fakultetlarida oʻqitishni tashkil etsin, shuningdek ularning yashashi va oʻqishi bilan bogʻliq boʻlgan tadbirlarning bajarilishini taʼminlasin;
Turkiya Respublikasidan kelgan talabalarning yashashi (kiyim-kechak, ovqat bilan taʼminlash, stipendiya toʻlash) va oʻqishini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Oʻzbekiston yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarish davlat uyushmasi va Oʻzbekiston “Savdo” davlat-aksionerlik uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddat ichida turkiyalik talabalarni Oʻzbekiston Respublikasining iqlim sharoitlariga mos kiyim-kechaklar bilan taʼminlash masalasini koʻrib chiqsin va hal etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi bilan birgalikda bir oy muddat ichida turkiyalik talabalarni imtiyozli tariflar boʻyicha pochta va telefon xizmatlari bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlari hokimliklari turkiyalik talabalarni oʻzbek xalqining tarixiy va madaniy, milliy urf-odatlari va anʼanalari bilan tanishtirishga doir tadbirlarni amalga oshirsinlar, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga bir martalik sayohatlar uyushtirsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi respublika oliy oʻquv yurtlarida oʻqiyotgan turkiyalik talabalarga va taʼlim tizimida ishlayotgan turkiyalik mutaxassislarga respublika hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish va ularni dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari oʻrtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 16-yanvar,
37-son