Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining VA Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularning barkamol avlod boʻlib yetishishini taʼminlash, bolalarning maʼnaviy va jismoniy rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etildi, voyaga yetmaganlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, tarbiya muassasalarini tamomlagan uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar turar joylar bilan taʼminlandi.
Shu bilan birga, bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslari ham tubdan takomillashtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6275-sonli Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) institutini taʼsis etish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining takliflari maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyati tashkil etilsin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyati haqidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) tomonidan tasdiqlanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyati yuridik shaxs hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan oʻz muhri boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatining moddiy va boshqa taʼminoti Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) va uning Kotibiyati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) va uning Kotibiyati shtatlar jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) va uning Kotibiyati xodimlari mehnatiga haq toʻlash fondini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni tasdiqlangan shtatlar jadvaliga muvofiq nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) mehnatga haq toʻlash, tibbiy xizmat koʻrsatish va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitasining raisiga tenglashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari devonlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyati xodimlariga tatbiq etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga):
belgilangan mehnatga haq toʻlash fondidan tejab qolingan mablagʻlarni, shuningdek tasdiqlangan shtatlar jadvalida nazarda tutilgan birliklar toʻldirilmaganda boʻshab qolgan mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun ishlatish;
zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyatining tasdiqlangan tuzilmasiga va shtatlar jadvaliga belgilangan xodimlarning cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, uning Kotibiyatining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur boʻlgan boshqa shart-sharoitlarni yaratish masalasini koʻrib chiqsin va unda quyidagilarni nazarda tutsin:
asoslantirilgan hisob-kitoblar boʻyicha 2021-yilda idora mebeli, avtotransport, kompyuter texnikasi, dasturiy va boshqa turdagi moddiy-texnika vositalari olish uchun mablagʻlar ajratish;
2021-yil 1-oktabrdan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) va uning Kotibiyati faoliyati hamda joriy taʼminoti, bosma materiallar chiqarish, axborot nashrlari va adabiyotlarga obuna boʻlish, xalqaro ombudsmanlar institutlariga aʼzolik badallari toʻlash, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) va uning Kotibiyati xodimlarining xalqaro anjumanlar ishida ishtirok etishi uchun mablagʻlar, shuningdek xizmat avtotransporti taʼminotiga limitlar ajratish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oylik muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Kotibiyatini zarur aloqa, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlash va keng polosali Internet jahon axborot tarmogʻiga oʻrnatilgan tartibda ulash choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) va uning Kotibiyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati joylashgan Toshkent shahar, Islom Karimov shoh koʻchasi, 16A-uy manzilidagi binoga vaqtinchalik joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrda qabul qilingan 578-f-sonli farmoyishiga muvofiq oʻziga ajratilgan Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 69-uy manzili boʻyicha joylashgan binodan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) va uning Kotibiyatiga xonalar ajratilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini belgilangan tartibda tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) saylangunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari — Bola huquqlari boʻyicha vakil, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Kotibiyati Bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha avvalgi sektorining 2 nafar xodimi oʻz vazifasini bajarishni davom ettirib turadi.
Mazkur band ijrosi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatining taʼminoti uchun ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
13. Mazkur Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
14. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-oktabr,
1445-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 28-oktabr,
KQ-275-IV-son