Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga respublika oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli talaba-yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni yanada qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2021-yil 9-sentabrdagi PF-6309-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda respublika oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli talaba-yoshlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-noyabr,
674-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-noyabrdagi 674-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 10-son, 55-modda):
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Quyidagilar:
Tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, professional taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 1-ilovada:
nomi “Tayanch” soʻzidan keyin “doktoranturada tahsil olayotgan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
“1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari davlat oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlarining soʻnggi oʻquv yilida tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlarga (keyingi oʻrinlarda — tayanch doktorantlar deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov asosida tanlab olish natijalariga koʻra tayinlanadi.
2. Tayanch doktorantlarga tayinlash uchun belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari kvotasi (oʻnta) Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatiga muvofiq har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tanlov yoʻnalishlari boʻyicha (har bir tanlov yoʻnalishiga bittadan stipendiya hisobidan) taqsimlanadi”;
v) 2-ilovada:
nomidagi “Talabalar” soʻzi “Magistratura bosqichi talabalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“1. Magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga binoan tayinlanadi.
2. Talabalarga tayinlash uchun belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi kvotasi (yigirma ikkita) Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tanlov yoʻnalishlari boʻyicha (har bir tanlov yoʻnalishiga bittadan stipendiya hisobidan) taqsimlanadi.
Bunda, oliy taʼlim muassasalari tomonidan nomzodlar har bir tanlov yoʻnalishi boʻyicha bittadan tavsiya etilishi mumkin”;
3-banddan “bakalavriatdagi taʼlim yoʻnalishi yoki” soʻzlari chiqarib tashlansin;
8-banddan toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohiblari boʻlgan magistratura bosqichi talabalari oliy taʼlim muassasasini bitirgach, ikki yil davomida tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga qabul qilinadi”;
13-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
g) 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Oliy taʼlim muassasalari bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarida butun oʻqishi davomida faqat aʼlo baholarga oʻqiyotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalari har bir oliy taʼlim muassasasining bakalavriat bosqichidagi bir nafar bitiruvchi kurs talabasiga tayinlanadi va toʻlanadi.
Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari (keyingi oʻrinlarda — nomli davlat stipendiyalari) Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarining oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi va toʻlanadi.
Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarining oxirgi ikki kursida oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi va toʻlanadi. Bunda, ushbu nomli davlat stipendiyalari soni Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi har bir oliy taʼlim muassasasi uchun Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari boʻyicha alohida bittadan belgilanadi.
3. Kelgusi oʻquv yili uchun nomli davlat stipendiyalari soni joriy oʻquv yili oxirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasidagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda ularning filiallari boʻyicha davlat stipendiyalari soni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga muvofiq har yili tasdiqlanadigan tanlov yoʻnalishlari va talabalar sonidan kelib chiqib taqsimlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:
a) nomli davlat stipendiyalari uchun:
aʼlo oʻqish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
yoʻnalishlar boʻyicha konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
Oʻzbekiston tarixini bilish;
tillarni — davlat tilini va bitta xorijiy (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) tilni bilish, bakalavriatdagi taʼlim yoʻnalishi xorijiy til hisoblangan alohida hollarda qoʻshimcha ravishda yana bitta xorijiy tilni bilish. Bunda, talabgorlar ushbu tillar boʻyicha oʻz bilimlari darajasini aniqlash uchun oʻqish joyidagi til kafedralarida maxsus suhbatdan oʻtadilar;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi uchun mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda oʻqiyotgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos mavzuda kamida ikkita eʼlon qilingan ishlar (maqola, tezis yoki asarlar)ning mavjudligi talab etiladi.
2-bob. Tanlovlarni oʻtkazish
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash uchun nomzodlarni koʻrsatish oliy taʼlim muassasalari kengashlari tomonidan, talabgorlarning oʻquv va ilmiy faoliyatini ommaviy muhokama qilish asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlar dastlabki koʻrib chiqish uchun oliy taʼlim muassasasi kengashiga quyidagilarni taqdim qiladilar:
sinov daftarchasidan koʻchirma;
dekanat va kafedraning tavsiyanomasi;
ilmiy (ijodiy) ish rahbarining tavsiyanomasi;
ilmiy ishlar roʻyxati va ularning bosma nusxalari;
tillar kafedrasi, tarix kafedrasining suhbat natijalari haqidagi maʼlumotnomalari.
Barcha hujjatlar jildga (papkaga) joylangan holda taqdim etiladi. Muqovada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki nomli davlat stipendiyasi nomi, talabgorning familiyasi, ismi va otasining ismi, fakulteti, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi, kursi, guruhi koʻrsatiladi.
6. Oliy taʼlim muassasalari kengashlari talabgorlarni tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etish boʻyicha yashirin ovoz berish orqali oddiy koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladilar.
Ovoz berish jarayonida oliy taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilari va talabalari ham ishtirok etishi mumkin.
Ovoz berish natijalariga koʻra oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga eng koʻp ovoz olgan uch nafardan (bunda nomzodlar turli tanlov yoʻnalishlari boʻyicha aniqlanishiga urgʻu beriladi);
nomli davlat stipendiyalariga ajratilgan har bir kvotaga eng koʻp ovoz olgan uch nafargacha nomzod tanlovning navbatdagi bosqichiga tavsiya etiladi.
7. Oliy taʼlim muassasasi kengashi qaroriga asosan tanlovlarning navbatdagi bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va tegishli hujjatlar oliy taʼlim muassasasining masʼul xodimi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining “stipendiya.edu.uz” elektron tizimiga har yili 1 — 15-avgust kunlari kiritiladi.
Bunda, nomzodlarning hujjatlarining asliga toʻgʻri ekanligi hamda “stipendiya.edu.uz” elektron tizimiga oʻz vaqtida va toʻgʻri kiritilishi boʻyicha masʼuliyat oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklatiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta, har yili 10 — 30-sentabr kunlari koʻrib chiqadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga talabgorlar chet tillari, axborot texnologiyalari, Oʻzbekiston tarixi fanlari boʻyicha bilim darajasini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida (hududlar boʻyicha) maxsus test sinovlari topshiradilar. Davlat test markazi test sinovlari natijalari qaydnomalarini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari talabgorlarning ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari hamda oʻtkazilgan test sinovlari natijalariga koʻra Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida tanlov yoʻnalishlari boʻyicha tashkil etilgan tanlov komissiyalari qaroriga asosan aniqlanadi.
11. Tanlov komissiyalarining qabul qilingan qarorlariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari sovrindori boʻlgan talabalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Stipendiyalarni tayinlash va ularga beriladigan imtiyozlar
12. Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining buyrugʻi oliy taʼlim muassasasi rektori (direktori, ijrochi direktori)ning talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash va toʻlash haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirishi uchun asos hisoblanadi.
Stipendiyalar 1-sentabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qatʼiy rioya qilgan holda tayinlanadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida gʻolib boʻlgan talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri tomonidan tasdiqlangan quyidagi guvohnomalardan biri beriladi:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi sohibi”;
“Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ibn Sino nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Navoiy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ulugʻbek nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Islom Karimov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Toʻlepbergen Qaipbergenov nomli davlat stipendiyasining sohibi”;
“Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyasining sohibi”.
Guvohnomalar talabalarning oʻqish joyida tantanali vaziyatda topshiriladi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan talabalar bakalavriatni tugatgandan soʻng ikki yil mobaynida, nomli davlat stipendiyalari sohibi boʻlgan talabalar bakalavriatni tugatganidan soʻng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik boʻyicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadilar.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Talabalarni kundalik darslarni oʻzlashtirmaganlik, oʻquv intizomini va odob-axloqni buzganlik uchun oʻquv yili mobaynida davlat stipendiyalaridan mahrum qilish oliy taʼlim muassasalari taqdimnomalariga binoan tegishli vazirliklar va idoralar buyruqlari bilan amalga oshirilishi mumkin.
16. Talabalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga tayinlash boʻyicha ariza va shikoyatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga toʻlanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2020-y., 1-son, 21-modda):
a) 5-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlashda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan belgilangan tartiblar saqlab qolinsin”;
b) 1-ilovaning 10-bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi hamda Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalarini oluvchi talabalarga stipendiyalar tayinlash Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari hamda ularni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartiblar asosida amalga oshiriladi”;
v) 2-ilovaning “Stipendiya nomi va qoʻshimcha toʻlovlar” ustuni 2-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulugʻbek, Imom al-Buxoriy, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov va Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyalari”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/674/1029-son)