Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Neft va gaz tarmogʻi transformatsiyasini amalga oshirishda tashqi moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda neft va gaz tarmogʻi korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish va tarmoqda raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha muayyan ishlar olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2021-yil 3-fevraldagi PF-6155-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda Davlat kafolati ishtirokisiz xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “Oʻzbekneftgaz” AJni moliyaviy sogʻlomlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentliklari tomonidan “Oʻzbekneftgaz” AJga Oʻzbekiston Respublikasining suveren reytingi “VV-” (barqaror) darajasidagi kredit reytinglari berilganligi;
“DeGolyer & MacNaughton” (AQSh) kompaniyasi tomonidan uglevodorod zaxiralarini baholash boʻyicha xalqaro standartlarga (PRMS) muvofiq “Oʻzbekneftgaz” AJ konlarining 2017 — 2020-yillar uchun uglevodorod zaxiralari auditi oʻtkazilganligi;
“Ernst & Young” (Buyuk Britaniya) xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan “Uzbekneftgaz” AJning 2017 — 2020-yillar uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) muvofiq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti auditi oʻtkazilganligi;
b) “Oʻzbekneftgaz” AJning xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish doirasida korporativ va xalqaro obligatsiyalar reytinglarini olish uchun “S&P Global Ratings”, “Fitch Ratings”, “Moodyʼs Investorʼs Service” reyting agentliklari hamda yuridik xizmatlar koʻrsatish uchun “White & Case LLP” yuridik firmasi bilan tegishli bitimlar imzolanganligi;
v) “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish natijalari asosida:
xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishni tashkillashtirish uchun “Bank GPB Intemational S.A.”, “Citigroup Global Markets Limited”, “J.P. Morgan Securities plc.” va “MUFG Securities EMEA plc.” kompaniyalari (keyingi oʻrinlarda — tashkilotchi kompaniyalar) tanlanganligi;
xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish doirasida ishonchli vakil — “BNY Mellon Corporate Trustee Services Limited”, toʻlov agenti — “The Bank of New York Mellon (London Branch)”, listing va roʻyxatga oluvchi agent — “The Bank of New York Mellon SA/NV (Dublin Branch)” kompaniyalari tanlab olinganligi;
g) xalqaro tajriba hamda respublikada amalga oshirilgan tegishli emissiyalarning natijalaridan kelib chiqqan holda, “Uzbekneftgaz” AJ tomonidan xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida (The London Stock Exchange) joylashtirish rejalashtirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Energetika vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” AJning — 2021-yil noyabr oyida 700 million AQSh dollari miqdorigacha xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishni tashkillashtirish toʻgʻrisidagi;
Moliya vazirligi va “Uzbekneftgaz” AJning — xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishdan tushgan mablagʻlarni Moliya vazirligi Gʻaznachiligida “Uzbekneftgaz” AJning gʻaznachilik hisobraqamiga oʻtkazish hamda jamiyat ehtiyojlariga ishlatish yoʻnalishlarini Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Bunda, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan:
mavjud qarz bitimlarida (shartnomalarida), shuningdek ushbu qarorda koʻzda tutilgan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish uchun emissiya risolasida qabul qilingan moliyaviy shart va talablar (kovenantlar) buzilmasligi va tegishli davr mobaynida bajarilishi;
xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishda zarur hisoblanadigan rasmiy hujjatlarda (shu jumladan, emissiya risolasida) jamiyatning barcha faoliyat yoʻnalishlari hamda berilgan kafolatlari bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarning yoritib berilishi taʼminlansin.
3. “Uzbekneftgaz” AJga, istisno tariqasida, xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish doirasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar asosida hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarni kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKdan ekspertizadan va roʻyxatdan oʻtkazmasdan:
a) quyidagi tashkilotlar bilan shartnomalarni va ularga qoʻshimcha kelishuvlarni imzolashga:
“Ernst & Young” xalqaro auditorlik tashkiloti bilan “Oʻzbekneftgaz” AJning 2021-yil moliyaviy hisobotlarini tashqi auditdan oʻtkazish va auditorlik tashknlotning komfort xatini (comfort letter) berish xizmatlarini bajarish boʻyicha;
tashkilotchi kompaniyalar yoki ularning affillangan shaxslari bilan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha;
xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish doirasida ishonchli vakil — BNY Mellon Corporate Trustee Services Limited, toʻlov agenti — The Bank of New York Mellon (London Branch), listing va roʻyxatga oluvchi agent — The Bank of New York Mellon SA/NV (Dublin Branch) kompaniyalari bilan tegishli protsessual xizmatlar koʻrsatish boʻyicha;
London fond birjasi (The London Stock Exchange) bilan xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish boʻyicha;
b) tashkilotchi kompaniyalar tomonidan jalb qilingan yuridik konsultantlar, virtual maʼlumotlar xonalari provayderlari, tarjimonlar xizmatlari va ushbu jarayonlar uchun zarur boʻlgan boshqa xizmatlar boʻyicha moliyaviy xarajatlarni tashkilotchi kompaniyalar taqdim etgan hujjatlarga muvofiq toʻlab berishga ruxsat berilsin.
4. Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Uzbekneftgaz” AJ qonunchilikda belgilangan tartibda “Oʻzbekneftgaz” AJning xalqaro obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish yuzasidan korporativ boshqaruv organlarida tegishli hujjatlarning rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov, energetika vaziri A.S. Sultanov va “Uzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi M.R. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-noyabr,
668-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2021-y., 09/21/668/1024-son)