Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutini tashkil etish toʻgʻrisida
Milliy estrada ijrochilik maktablarini yaratish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ilmiy salohiyatdan samarali foydalangan holda milliy estrada sanʼatini jadal rivojlantirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PQ-4908-son qaroriga muvofiq:
1. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy estrada yoʻnalishi boʻyicha malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;
milliy estrada yoʻnalishida oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish, atoqli kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar ijodini chuqur oʻrganish, shuningdek, milliy estrada ijrochiligi namunalarini notaga koʻchirish;
milliy estrada yoʻnalishi boʻyicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning oʻziga xos ijro uslublari va anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirish;
milliy estradaning zamonaviy ijro uslublari namunalarini notaga olish va amaliyotga keng joriy etish, milliy estradaning ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bogʻliq jihatlarini olimlar va ijrochi mutaxassislar ishtirokida chuqur oʻrganish;
milliy estradani yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirish;
milliy estrada yoʻnalishida zamonaviy ijro namunalarining “Oltin fondi”ni yaratish;
xalqimiz, xususan, yosh avlod ongida milliy estrada orqali milliy oʻzlikni anglash tuygʻusi, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;
estrada yoʻnalishlarida xorijiy taʼlim muassasalari va tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro tajriba almashish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi va Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi (keyingi oʻrinlarda — Konservatoriya) tarkibida faoliyat yuritadi;
Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanib, taʼlim davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi;
Institut bitiruvchilariga oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi;
Konservatoriya uchun tasdiqlangan bir oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining cheklangan normativlari Institutga ham tatbiq etiladi;
Institut professor-oʻqituvchilari va konsertmeysterlariga Madaniyat vazirligi tizimida uzoq muddat xizmat qilganligi uchun har oylik taqdirlash puli (ustama) toʻlab borish tartibi tatbiq etiladi;
Konservatoriya kengashining qaroriga asosan Konservatoriyaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Institut moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga va Institut kengashining qaroriga asosan Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Konservatoriya moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga ruxsat beriladi;
Institut Konservatoriyaning moddiy-texnika bazasidan va Konservatoriya Institutning moddiy-texnika bazasidan tekin foydalanish huquqiga ega.
4. Quyidagilar:
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutiga oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab yangi ochiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi bir hafta muddatda 2021/2022 oʻquv yili uchun Institutga qabul parametrlarini tasdiqlasin hamda abituriyentlarning onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtkazilishini tashkil qilsin.
Belgilansinki, mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq roʻyxatda keltirilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olayotgan Konservatoriyaning 2 — 4 kurs talabalari 2021/2022 oʻquv yilidan oʻqishini Institutda davom ettiradi va oʻqish yakuni boʻyicha ularga davlat namunasidagi diplom beriladi.
5. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan, shuningdek, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) va Konservatoriya (K.T. Urinbayev):
a) quyidagilarni:
Institut tuzilmasini oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlash;
Institut ustavini belgilangan tartibda tasdiqlash va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
b) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.X. Toshkulov) bilan birgalikda:
bir hafta muddatda Institut faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, tasdiqlash va ijrosini nazoratga olish, shuningdek, Institut bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini meʼyoriy hujjatlar bilan taʼminlash;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonini sifatli tashkil etish;
v) 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Institutning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda hamda Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan, shu jumladan xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda malakasini oshirib kelgan professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, sohadagi salohiyatli amaliyotchi mutaxassislar orasidan shakllantirish;
g) 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab respublikadagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va sanʼat kollejlariga Institutning yetakchi professor-oʻqituvchilari hamda mamlakatimizda ijod qilib kelayotgan taniqli estrada ijodkorlarini biriktirish orqali “Mahorat darslari”ni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
7. Konservatoriya (K.T. Urinbayev):
salohiyatli kadrlarni jalb etgan holda taʼlim va ilmiy faoliyatni sifatli tashkil etish;
taʼlim, tarbiya, ilmiy, uslubiy va ijodiy jarayonlarni samarali boshqarish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
darslik, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv-uslubiy materiallar va axborot resurslari bilan taʼminlash;
professor-oʻqituvchilarning malakasini oshirish va iqtidorli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish va milliy estrada maktabining yoʻnalishlarini rivojlantirishda Institutga koʻmak berib borsin.
8. Institutda:
Botir Zokirov xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi va muzey;
oʻzbek milliy estradasi namoyandalarining “ustoz-shogird” ijrochilik maktablari;
zamonaviy ijodiy studiyalar va axborot-resurs markazi tashkil etilsin.
9. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) Turizm va sport vazirligi (A.A. Abduxakimov), Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi (R. Abdullayev), Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M. Hojimatov), Botir Zokirov nomidagi jamoat fondi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S.S. Saidov), Badiiy akademiya (A.V. Nuridinov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Saʼdullayev) bilan birgalikda:
muzeyga Botir Zokirov va Zokirovlar ijodiy sulolasi hayoti va faoliyati, milliy estrada sanʼatimiz rivojlanishi va dunyo miqyosida keng targʻib etilishini yorqin aks ettiruvchi eksponatlarni, Botir Zokirov ijodiga mansub tasviriy sanʼat namunalari hamda adabiy asarlarni jamlasin hamda unda muntazam ravishda koʻrgazma-ekspozitsiya tashkil etib borsin;
Institutda “ustoz-shogird” ijrochilik maktablarini tashkil etishda milliy estradamizning yorqin namoyandalarini jalb etsin hamda ularning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin;
ijodiy studiyalarni zarur zamonaviy jihoz va texnikalar, shuningdek, axborot-resurs markazini musiqa darsliklari, notalar toʻplamlari hamda oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlasin.
10. Institut vaqtinchalik Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Beshyogʻoch mavzesi, Darxon koʻchasi, 157-uyda joylashgan 3-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3178-son qaroriga asosan Konservatoriyaga tutash hududda qurilishi yakunlanayotgan Konservatoriya huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazining oʻquv binosi va talabalar turar joyi operativ boshqaruv huquqi bilan Konservatoriyaga topshirilsin hamda mazkur obyektlarga Institut va ushbu markaz tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) mazkur qarorning 10-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan obyektlarning qurilish-montaj va jihozlash ishlarini joriy yilda yakunlash uchun 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida oʻzlashtirilmagan va iqtisod qilingan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan mablagʻ ajratsin.
12. Institutga 3 ta, shu jumladan 1 ta shaxsan biriktirilgan, gastrol-konsert faoliyati uchun zarur boʻlgan 1 ta avtobus va 1 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
13. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2021-yilda respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Madaniyat vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
14. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) ikki oy muddatda:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) bilan birgalikda onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish uchun Institutni telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet hamda “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻiga belgilangan tartibda ulash choralarini koʻrsin;
qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.A. Abduxakimov, B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-oktabr,
PQ-5261-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktabrdagi PQ-5261-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat konservatoriyasidan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutiga oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari
roʻyxati
|
Taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) nomi | |
|
I. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari | |
|
1. |
Professional taʼlim: vokal sanʼati (estrada xonandaligi) |
|
2. |
Professional taʼlim: cholgʻu ijrochiligi (estrada cholgʻulari) |
|
3. |
Dirijorlik: estrada orkestri dirijorligi |
|
4. |
Vokal sanʼati: estrada xonandaligi |
|
5. |
Cholgʻu ijrochiligi: estrada cholgʻulari |
|
6. |
Texnogen sanʼat: musiqiy ovoz rejissorligi |
|
II. Magistratura mutaxassisliklari | |
|
7. |
Vokal sanʼati: estrada xonandaligi |
|
8. |
Cholgʻu ijrochiligi: estrada cholgʻulari |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-oktabrdagi PQ-5261-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati institutida 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab yangi ochiladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari
roʻyxati
|
Taʼlim yoʻnalishi (mutaxassislik) nomi | |
|
I. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari | |
|
1. |
Bastakorlik sanʼati |
|
2. |
Sanʼatshunoslik: musiqashunoslik |
|
II. Magistratura mutaxassisliklari | |
|
3. |
Ovoz rejissorligi: musiqiy ovoz rejissorligi |
|
4. |
Musiqa sanʼati |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.10.2021-y., 07/21/5261/0968-son)