Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
“Aloqainvest” va “Alta vetta” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining shikoyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonuni 18-moddasining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi ish yuzasidan
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi — M. Abdusalomovning raisligida, sudyalar A. Gʻafurov, F. Kayumov, S. Koshayeva, B. Mirboboyev, G. Pirjanov va Q. Uljayevdan iborat tarkibda, katta ekspert Sh. Majidovning kotibligida, taraflar — “Aloqainvest” va “Alta vetta” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining vakillari J. Artikov va Sh. Botirov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi aʼzosi F. Otaxonov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi O. Xolmirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktorining oʻrinbosari U. Uzakov, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi eksperti T. Xudoyberdiyev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi boʻlim boshligʻi N. Burxonov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi katta inspektori U.Xamidov ishtirokida, “Aloqainvest” va “Alta vetta” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonuni 18-moddasining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga muvofiqligini tekshirish va Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 54-moddasining toʻqqizinchi qismiga sharh berish toʻgʻrisidagi murojaati boʻyicha yuritilgan ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Maʼruzachi sudya G. Pirjanovning maʼruzasini, taraflar, guvohlar va koʻrsatib oʻtilgan idoralar vakillarining fikrlarini eshitib, ish materiallarini oʻrganib, Konstitutsiyaviy sud quyidagilarni aniqladi:
“Aloqainvest” va “Alta vetta” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari 2021-yil 18-iyundagi Konstitutsiyaviy sudga murojaatida Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasi ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas hamda sudda koʻrilishi tugallangan muayyan ishda qoʻllanilgan va sudda himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan foydalanib boʻlingan deb hisoblab, ushbu moddaning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga muvofiqligini aniqlashni soʻragan.
Murojaatda koʻrsatilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi ish yurituvida boʻlgan ijro hujjatining ijrosini taʼminlash maqsadida qarzdor “Alliance capital K/S” kompaniyasiga tegishli Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri hududida turgan “SBM Euromix 3000” beton qorishmasi xatlanib, mazkur uskunani baholash maqsadida “Master Estimation” MChJ baholovchi tashkilot sifatida jalb etilgan. Uning mutaxassisi tomonidan 2019-yil 25-aprelda tuzilgan baholash hisobotiga koʻra “SBM Euromix 3000” beton qorishmasi 10.173.755.720 (oʻn milliard bir yuz yetmish uch million yetti yuz ellik besh ming yetti yuz yigirma) soʻmga baholangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan ushbu uskuna baholash hisobotida belgilangan bahoda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, dastlabki va takroriy savdolarda sotilmaganligi sababli 2019-yil 3-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 56-moddasiga asosan narxlangan bahodan 10 foiz arzonlashtirilgan holda qabul qilish taklif etilgan.
Undiruvchi “Alta vetta” MChJ direktori J. Ortiqov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga ariza bilan murojaat qilib, ushbu uskuna asossiz ravishda qimmat narxda baholanganligi, uskuna yaroqsiz holda boʻlsada baholash hisobotida uskuna ishga yaroqsiz holatdaligi yashiringanligi, baholash xulosasi ishonchsizligini bildirib, uskunani xolis X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi ekspertlari orqali baholanishini soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi katta inspektori U. Hamidov tomonidan 2019-yil 29-avgustda “Ijro ishi yuritishda mutaxassis tayinlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimidan mutaxassis (ekspert) jalb etilgan va “SVM Euromix 3000” beton qorishmasi uskunasining holatiga koʻra hozirgi kunda bozor qiymatini aniqlash maqsadida tegishli savollar qoʻyilgan.
Ammo, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi katta inspektori U. Hamidov ijro ishi yuritishda ilgari baholangan uskunani qayta baholash maqsadida mutaxassis tayinlashga haqli emas edi. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 54-moddasida davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni yoki mulkiy huquqni baholash toʻgʻrisidagi hisobot olingan (chiqarilgan) paytdan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay ijro ishi yuritishdagi taraflarga baholash natijalari haqida bildirishnoma yuborilishi belgilab qoʻyilgan. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatilgan baholash obyektining qiymati xususida ijro ishi yuritishdagi taraflar oʻtkazilgan baholash toʻgʻrisida oʻzlari xabardor qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay sudda nizolashishi mumkin.
Dyemak qayta ekspertiza sud tomonidan tayinlanishi mumkin.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-aprelda qabul qilingan “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-843-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Baholovchi tashkilotlar va baholovchilar toʻgʻrisida”gi Nizomning 39 va 40-bandlariga muvofiq baholash toʻgʻrisidagi hisobotni ekspertizadan oʻtkazishning buyurtmachisi olingan xulosaga rozi boʻlmagan taqdirda ushbu nizo sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Baholash obyektlarini baholash boʻyicha materiallarni ekspertizadan oʻtkazish uchun bahsli vaziyatlarda sud organlarining soʻrovnomalariga koʻra, belgilangan tartibda ekspert komissiyasi tuziladi.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning va baholash toʻgʻrisidagi mazkur hisobot yuzasidan baholovchi tashkilot ekspertizasi xulosasining ishonchliligini aniqlash uchun baholash materiallarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasi xulosasi faqat sud soʻrovnomasiga koʻra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilinadi. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot sud tomonidan haqqoniy emas deb eʼtirof etilgan taqdirda sud baholash materiallarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha ekspert komissiyasidan baholash obyekti qiymati toʻgʻrisidagi xulosani talab qilishga haqlidir.
Majburiy ijro byurosining xodimi tomonidan qonunchilik hujjatlarining ushbu normalariga amal qilinmagan.
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi Qashqadaryo viloyat boʻlimining davlat sud eksperti T. Xudayberdiyev tomonidan sudga oid tovarshunoslik ekspertizasi boʻyicha berilgan ekspert xulosasida “SVM Euromix 3000” beton qorishmasi uskunasining 2019-yil avgust oyi holatidagi qayta tiklanish qiymati 9 113 764 200 (toʻqqiz milliard bir yuz oʻn uch million yetti yuz oltmish toʻrt ming ikki yuz) soʻmni tashkil etishi aniqlangan.
Ammo, sud eksperti sud ekspertizasini oʻtkazish uchun asos — yaʼni sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisida tegishli qaror yoki ajrim boʻlmagan taqdirda sud ekspertizasini oʻtkazishga haqli emas edi. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasining birinchi qismiga muvofiq tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini oʻtkazish uchun asos boʻladi. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran tayinlangan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi katta inspektori U. Hamidov 2020-yil 14-mayda uskunani elektron onlayn-auksionda sotuvga chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Daʼvogarlar “Aloqainvest” MChJ va “Alta vetta” MChJ davlat sud eksperti xulosasi va Majburiy ijro byurosi iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi katta inspektori qaroridan norozi boʻlib, 2020-yil 16-martdagi davlat sud eksperti xulosasini ishonchli emas deb topish va davlat ijrochisining qarorini bekor qilish haqida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Shularga koʻra birinchi instansiya va appelatsiya instansiyasi sudlari X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va baholash faoliyatini amalga oshiradigan baholovchi tashkilot faoliyati bir-biridan mustaqil ekanligi va ularning faoliyati alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi, Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq davlat sud eksperti xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanishi belgilanganligi bois, daʼvogarlarning vajlarini asosiz deb topib, daʼvogarlarning ushbu daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etgan.
“Aloqainvest” MChJ va “Alta vetta” MChJ Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020-yil 28-iyuldagi hal qiluv qarori va Toshkent shahar iqtisodiy sudi appelatsiya instansiyasining 2020-yil 15-oktabrdagi qarori ustidan shikoyat bilan murojaat qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati 2021-yil 20-yanvardagi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasini qoʻllab, ushbu holatda davlat sud ekspertining xulosasini ishonchli emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvoni iqtisodiy sudga taalluqli emas deb hisoblab, birinchi va appelatsiya instansiyasi qarorlarining tegishli qismlarini bekor qilib, ushbu daʼvo talabi boʻyicha ish yuritishni tugatgan.
Daʼvogarlar ishni kassatsiya tartibida takroran koʻrish uchun protest kiritishni soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Mazkur ariza asoslar mavjud emasligi sababli qanoatlantirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonuni 18-moddasi quyidagicha ifodalangan:
“18-modda. Qoʻshimcha va qayta sud ekspertizalari
Qoʻshimcha sud ekspertizasi xulosadagi boʻshliqlarning oʻrnini toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.
Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin.
Qayta sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qoʻshilmaganligi sabablari koʻrsatilishi lozim.
Qayta sud ekspertizasini oʻtkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini oʻtkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirish oʻtkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi”.
Ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq xulosa asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi. Mazkur qoida birinchi (oldingi) sud ekspertizasi natijalarini sud tartibida nizolashish mumkinligini bildiradi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksining 82-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual kodeksining 176-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 96-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 81-moddasida ham qoʻshimcha va takroriy ekspertizalar oʻtkazilishi nazarda tutilgan.
Mazkur moddalarda belgilanganidek, takroriy ekspertizani tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda takroriy ekspertizani tayinlagan sudning birinchi (oldingi) ekspertiza xulosasiga rozi emasligi sabablari koʻrsatilishi lozim.
Dyemak, kodekslarning yuqorida koʻrsatib oʻtilgan normalari ham birinchi (oldingi) ekspertiza natijalarini sud tartibida nizolashish mumkinligini nazarda tutadi.
Qayd etilgan qonun normalari tahlili asosida quyidagi xulosaga kelish mumkin:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining iqtisodiy sudlar hujjatlarini ijro etish boʻlimi katta inspektori ijro ishi yuritishda baholash toʻgʻrisidagi hisobotni ekspertizadan oʻtkazishning buyurtmachisi olingan xulosaga rozi boʻlmagan taqdirda ushbu bahs sud tomonidan koʻrib chiqilishini inobatga olishi lozim edi.
2. Birinchi (oldingi) ekspertiza xulosasini sudda nizolashish mumkin. Bunday holda sudya yoki sud tomonidan takroriy (qayta) ekspertiza oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlsa takroriy (qayta) ekspertiza oʻtkazish toʻgʻrisida tegishlicha qaror yoki ajrim chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga muvofiq “Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”.
Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasi ikkinchi qismida ekspertiza xulosasini sudda nizolashish mumkinligining nazarda tutilishi bu moddaning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb hisoblash uchun asos boʻladi.
3. Takroriy (qayta) ekspertiza xulosasi yuzasidan sud tartibida nizolashish mumkinligi “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasida va Oʻzbekiston Respublikasining protsessual kodekslarida nazarda tutilmaganligi ushbu qoidaning Konstitutsiyaga muvofiq emasligini anglatmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq baholash obyektining baholashdan oʻtkazish natijalari baholash toʻgʻrisidagi hisobot bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu qonunning 181-moddasiga muvofiq zarur boʻlgan holda, baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligini tekshirish uchun mazkur hisobot qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa baholovchi tashkilot tomonidan shartnoma asosida ekspertizadan oʻtkazilishi mumkin.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligini ekspertizadan oʻtkazish natijalari ekspert xulosasi bilan rasmiylashtirilish koʻrsatilgan.
Murojaat qiluvchilarning Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 54-moddasining toʻqqizinchi qismiga sharh berish toʻgʻrisidagi soʻrovi yuzasidan ularga fuqarolar va yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berishni soʻrab Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega emasligini tushuntirish lozim boʻladi.
Chunki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berishni soʻrab Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga faqat “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar ega.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 1-bandiga, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun 4-moddasi birinchi qismining 1-bandi, 69, 72, 82 va 86-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topilsin.
2. Roʻyxatga olingan mol-mulkni baholashni tashkil etish sohasida davlat organlari xodimlari tomonidan qonunchilik hujjatlarining notoʻgʻri qoʻllanilishi holatlari mavjud ekanligi qayd etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga Byuro xodimlari tomonidan ijro hujjatlarini ijrosini taʼminlash jarayonida roʻyxatga olingan mol-mulkni baholashni tashkil etishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlash tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertizasi markaziga sud ekspertizasini oʻtkazishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan sud ekspertizasini oʻtkazish asoslari mavjud boʻlgan hollardagina sud ekspertizasini oʻtkazilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
5. Murojaat qiluvchilarga ular Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berishni soʻrab Konstitutsiyaviy sudga “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 27-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan davlat organlari va mansabdor shaxslar orqali murojaat qilishlari mumkinligi tushuntirilsin.
6. Ushbu qaror “Xalq soʻzi” gazetasi, “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
7. Mazkur Qaror qatʼiy, uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas va u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2021-yil 13-sentabr,
KSQ-11-son