O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumfuqaro foydalanishda bo‘lgan va bo‘shayotgan avtomototransport vositalarini sotish tartibini yanada soddalashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumfuqaro foydalanishda bo‘lgan va bo‘shayotgan avtomototransport vositalarini sotish tartibini yanada soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining o‘ziga tegishli umumfuqaro foydalanishda bo‘lgan va bo‘shayotgan avtomototransport vositalarini (keyingi o‘rinlarda — avtomototransport vositalari) Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, ishchi va xizmatchilariga yopiq auksionlar (keyingi o‘rinlarda — yopiq auksion) o‘tkazish orqali sotish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
yopiq auksion o‘tkazish bo‘yicha savdolar tashkilotchisi Mudofaa vazirligi tomonidan eng maqbul takliflarni tanlab olish yo‘li bilan aniqlanadi;
yopiq auksion O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq o‘tkaziladi;
Oldingi tahrirga qarang.
uch oy muddat davomida avtomototransport vositalari yopiq auksionda sotilmagan yoki yopiq auksionda qatnashish bo‘yicha arizalar kelib tushmagan taqdirda, mazkur avtomototransport vositalari umumiy tartibda “E-auksion” elektron savdo platformasining ommaviy savdolariga chiqariladi;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2022-y., 09/22/18/0019-son)
yopiq auksionni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda yopiq auksionni o‘tkazish tartibini tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek, ularni sotishdan tushgan pul mablag‘larini taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq qo‘shimcha kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Kurbanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-avgust,
519-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-avgustdagi 519-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 31-dekabrdagi 343-son qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalarining asosiy vositalarini hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarini sotish, shuningdek, ularni sotishdan tushgan pul mablag‘larini taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan
QO‘ShIMChA
5-bandga quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi qo‘shilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining umumfuqaro foydalanishda bo‘lgan va bo‘shayotgan avtomototransport vositalari qiymati baholash tashkilotlari tomonidan baholangandan keyin, istisno tariqasida, ushbu Nizomning 8-bandi talablarini hisobga olgan holda, Mudofaa vazirligi tomonidan tashkillashtiriladigan yopiq auksion savdolari orqali sotiladi. Bunda uch oy muddat davomida avtomototransport vositalari yopiq auksionda sotilmagan yoki yopiq auksionda qatnashish bo‘yicha arizalar kelib tushmagan taqdirda, mazkur avtomototransport vositalari umumiy tartibda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasining ommaviy savdolariga chiqariladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2021-y., 09/21/519/0795-son; 13.01.2022-y., 09/22/18/0019-son)