O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2003 — 2007-YILLAR DAVRIDA QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA QIShLOQ XO‘JALIGI IShLAB ChIQARIShI BARQAROR RIVOJLANTIRILIShINI TA’MINLAShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ekin maydonlarining maqbul tuzilmasini ta’minlash va mintaqaning suv ta’minoti cheklangan sharoitlarda qishloq xo‘jaligini oqilona ixtisoslashtirish, qishloqda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining:
2003—2007-yillar davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishni takomillashtirish bo‘yicha taklifi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini rivojlantirish, makkajo‘xori, jo‘xori, ozuqa ekinlari, moyli ekinlar va boshqa ekinlar urug‘i yetishtirish bo‘yicha urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil etishga doir taklifi 2-ilovaga* muvofiq;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish bo‘yicha taklifi 3-ilovaga* muvofiq qabul qilinsin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda “O‘zgidromet” markazi har yili, Tuyamo‘yin suv omboridagi mavjud suv resurslarini hisobga olgan holda, sholi ekin maydonlariga tuzatish kiritish haqida 1-aprelgacha, kuzgi boshoqli don ekinlari maydonlariga tuzatish kiritish haqida 1-sentabrgacha taklif kiritsinlar.
(1-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 14-apreldagi 183-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 15-son, 179-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “Amudaryo” havza-suv xo‘jaligi birlashmasi bilan birgalikda har yili quyi Taxiatosh gidrouzelining sanitariya suv o‘tkazishini hisobga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun belgilangan talab etiladigan suv hajmi ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
2. 2003—2007-yillar davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir birinchi navbatdagi tadbirlar ro‘yxati 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*4-ilova berilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 5 va 5a-ilovalarga* muvofiq past rentabelli va istiqbolsiz qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Respublika komissiyasiga 2004—2007-yillarda fermer xo‘jaliklariga aylantiriladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari ro‘yxatini har yili 1-dekabrgacha kiritsin.
Past rentabelli va istiqbolsiz qishloq xo‘jaligi korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirishda Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-yanvardagi 8-son qarorida bayon qilingan qoidalar va talablarga qat’iy amal qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Markaziy banki, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding”, “O‘zneftmahsulot” kompaniyalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish uchun 6-ilovaga* muvofiq ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasi obyektlari barpo etilishi va tashkil qilinishini ta’minlasinlar.
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 16-avgustdagi 397-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 33-son, 370-modda)
*6-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi yangidan tashkil etilayotgan mini-banklarni aloqaning tegishli turlari va liniyalari bilan ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga, tijorat banklariga, “Mikrokreditbank”ka hamda Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasiga boshlang‘ich sarmoyani shakllantirishga kredit mablag‘lari ajratish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarni ishlab chiqish va tasdiqlashda ko‘rsatib o‘tilgan kreditlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida yangidan tashkil etilayotgan fermer xo‘jaliklariga ustuvor tartibda ajratilishini nazarda tutish tavsiya qilinsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-iyundagi 117-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 24-son, 219-modda)
6. “O‘zqishloqxo‘jalikmash-xolding”, “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” kompaniyalari va “O‘zagromashservis” uyushmasi 2003—2007-yillar davrida 7-ilovaga* muvofiq traktorlar, qishloq xo‘jaligi va ozuqa yig‘ishtirish texnikasi ishlab chiqarilishi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berilishini ta’minlasinlar.
* 7-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
7. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2003—2007-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat ishlab chiqarishini zamonaviylashtirish va rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H.Jo‘rabekov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S.Yusupov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 1-avgust,
276-son