O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining
Qarori
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 5-iyundagi 1339-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2021-yil 8-fevraldagi O‘RQ-670-son Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. NIZAMXODJAYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-iyul,
1078-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 2-iyuldagi 1078-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. 7-bandda:
a) to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining rahbari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar mazkur muassasa xodimlari orasidan okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi”.
b) quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Zarurat tug‘ilganida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining rahbari tomonidan Saylov kodeksining 25-moddasiga muvofiq boshqa shaxslar va jamoatchilik vakillari ham uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin.
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkasi saylovga kamida yetti kun qolganda tuzilsa, okrug saylov komissiyasiga saylov uchastkasini tuzish to‘g‘risida taqdimnoma bilan birga uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar ham tasdiqlash uchun tavsiya etiladi”.
v) beshinchi xatboshi tegishincha yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 12-bandning uchinchi xatboshisidagi “uch kun” degan so‘zlar “besh kun” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Kuzatuvchilar, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari va akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari vakillari qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasini xabardor qilishi kerak”.
4. 23-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ovoz berish ushbu muassasalarning ichki tartib-qoidalari, rejimi va ularning boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda Saylov kodeksiga va tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 23-iyuldagi 924-son va 2021-yil 14-apreldagi 1066-son qarorlari bilan tasdiqlangan nizomlarga muvofiq tashkil etiladi”.
5. Mazkur Nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Kelishildi:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV