Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 8-oktabrdagi PF-5847-son Farmoni hamda “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 11-iyuldagi PQ-4391-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuvi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida talabalarni oʻqitishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab qoʻshma taʼlim dasturlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ekspertizadan oʻtkazish tartibi joriy etiladi va faqat ijobiy ekspertiza xulosasiga ega boʻlgan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etishga ruxsat beriladi;
b) 2022-yil 1-yanvarga qadar qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini amalga oshirayotgan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan ushbu qoʻshma taʼlim dasturlari mazkur qaror talablariga muvofiqlashtiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida ekspertizadan oʻtkaziladi. Bunda:
mazkur qarorning ilovasi bilan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotiga qoʻyilgan talablar amaldagi qoʻshma taʼlim dasturlariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
ijobiy ekspertiza xulosasiga ega boʻlmagan qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha talabalarni oʻqishga qabul qilish toʻxtatiladi;
2022-yil 1-yanvarga qadar oʻqishga qabul qilingan va qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim olayotgan talabalar oʻqishini ushbu dasturlarda belgilangan tartibda davom ettiradilar;
v) qoʻshma taʼlim dasturlari asosida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oʻqishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda — Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan qabul qilish tartibiga muvofiq kirish imtihonlari oʻtkaziladi;
ikkinchi bosqichda — Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotining buyurtmasi asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi) tomonidan kelishilgan muddatlarda qoʻshma taʼlim dasturida oʻqitish olib boriladigan chet tilidan kirish imtihoni oʻtkaziladi.
Bunda:
birinchi bosqichda kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballning kamida 30 foizini toʻplagan abituriyentlar ikkinchi bosqichda oʻtkaziladigan imtihonda ishtirok etishga haqli;
ikkinchi bosqichda chet tili boʻyicha kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballning kamida 30 foizini toʻplagan abituriyentlar qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovda ishtirok etadi hamda qabul parametrlaridan kelib chiqib, oʻqishga qabul qilinadi;
qoʻshma taʼlim dasturida oʻqitish olib boriladigan chet tili boʻyicha bakalavriatda (spetsialitetda) kamida B1 darajadagi, magistratura va klinik ordinaturada kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlar ikkinchi bosqichda chet tilidan oʻtkaziladigan imtihondan ozod etiladi va ularga mazkur bosqich uchun maksimal ball beriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Pedagogik taʼlim sohasi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlariga Oʻzbekiston Respublikasi pedagogika oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan qabul qilish tartibiga muvofiq kirish imtihonlari oʻtkaziladi.
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-avgustdagi 456-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2026-y., 09/26/456/0870-son)
g) qoʻshma taʼlim dasturlariga oid zarur maʼlumotlar, qabul parametrlari hamda birinchi va ikkinchi bosqichlarda kirish imtihonlarini oʻtkazish tartibi qabul jarayoni boshlanishidan kamida ikki oy oldin Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat test markazining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi;
d) qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻqishga qabul qilish natijalarini tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi;
e) qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oliy taʼlim tashkilotlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti joylashgan davlatda tan olinadigan diplom hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotining davlat namunasidagi diplomi taqdim etiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 6-iyul,
421-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-iyuldagi 421-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining oʻzaro kelishuviga (keyingi oʻrinlarda — shartnoma) muvofiq joriy etilgan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom:
xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etiladi;
qoʻshma taʼlim dasturlari joriy etilmagan oliy taʼlim tashkilotlari, nodavlat va harbiy oliy taʼlim tashkilotlari, Oʻzbekiston Respublikasidagi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Qoʻshma taʼlim dasturlari — Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq kadrlar tayyorlashni va bitiruvchilariga oliy maʼlumot olganligi toʻgʻrisidagi barcha xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari joylashgan davlatlarda tan olinadigan kvalifikatsiya (diplom) berilishini nazarda tutuvchi taʼlim dasturi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq joriy etilgan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
respublika iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalarni hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlash;
mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini taʼlim va ilm-fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon taʼlim hamjamiyatiga integratsiyasini kengaytirish hisobiga rivojlantirish;
kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan yangi taʼlim dasturlari hamda oʻqitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha tahsil olayotgan talabalarning amaliyotini xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarda, ular joylashgan davlatlarda va boshqa mamlakatlardagi tashkilotlarda tashkil etish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va oʻqitish uslublarini faol takomillashtirish;
taʼlim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining salohiyatini oshirish;
hamkorlikda ilmiy konferensiyalar va seminarlar oʻtkazish, stajirovkalar tashkil etish hamda xalqaro ilmiy va taʼlim loyihalarini amalga oshirish.
5. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlarni tayyorlashda xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti sifatida quyidagilar jalb qilinishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi hududida alohida boʻlinmalari (filiallari) mavjud boʻlgan yoki qoʻshma taʼlim dasturlari asosida faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim tashkilotlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qoʻshma qarori bilan roʻyxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) amaldagi reytingida oliy taʼlim tashkilotlari orasida birinchi 1 000 oʻrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari;
Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) toʻlaqonli aʼzolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan oliy taʼlim tashkilotlari;
Amerika Qoʻshma Shtatlari, Avstraliya, Isroil, Kanada, Rossiya, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya davlatlarining vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan mazkur davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlari;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlarni tayyorlash huquqiga ega boʻlgan taʼlim tashkilotlari.
6. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida imzolangan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish boʻyicha tomonlar oʻrtasida imzolanadigan shartnomada quyidagilar aks ettirilishi lozim:
shartnomaning maqsadi va predmeti;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari joylashgan davlatlarning milliy malakalar ramkasi xususiyatlari;
qoʻshma taʼlim dasturi toʻgʻrisida maʼlumot;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
kadrlar tayyorlanadigan bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari (magistratura yoki klinik ordinatura mutaxassisliklari);
talabalarni oʻqitish tili, muddati, shakli va joyi;
talabalarni oʻqishga qabul qilish va oʻqishdan chetlatish tartibi;
qoʻshma taʼlim dasturlarini boshqarish tartibi;
hamkorlikda oʻqitishni tashkil etish tartibi, talabalar va professor-oʻqituvchilar mobilligini taʼminlash shartlari;
talabalar bilimini baholash tartibi;
taʼlim natijalarini (oʻqitish kredit-modul tizimi asosida tashkil etilganda — kreditlarni) oʻzaro tan olish, koʻchirish va validatsiya qilish tizimi;
taʼlim sifatini taʼminlash tizimi;
taʼlim yakunida beriladigan diplom va daraja toʻgʻrisida maʼlumot, diplom va daraja berish tartibi, shuningdek diplomlarning maketlari;
qoʻshma taʼlim dasturini moliyalashtirishga oid masalalar;
taʼlim dasturiga oid intellektual mulk huquqlari;
tomonlarning javobgarligi;
shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi;
tomonlar munosabatlariga nisbatan qoʻllaniladigan huquq va nizolarni hal qilish tartibi;
taraflarning rekvizitlari, shartnoma tuzilgan sana va joyi.
Qoʻshma taʼlim dasturini tashkil etish boʻyicha shartnomada boshqa shartlar ham aks ettirilishi mumkin.
Qoʻshma taʼlim dasturini tashkil etish boʻyicha shartnoma va unga qoʻshimcha kelishuvlarning talabalarga va taʼlim sifatini taʼminlashga taalluqli boʻlgan qismi oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
8. Qoʻshma taʼlim dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining ijobiy ekspertiza xulosasiga ega boʻlgan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etishga ruxsat etiladi.
Qoʻshma taʼlim dasturini ekspertizadan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti qoʻshma taʼlim dasturini ekspertizadan oʻtkazish uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish boʻyicha shartnoma nusxasi;
xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti oʻzi joylashgan davlatda vakolatli organ tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilganligini va tan olinganligini (litsenziya berilganligi va/yoki akkreditatsiyadan oʻtganligini) tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
qoʻshma taʼlim dasturi maqsadi, bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari va magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklari, taʼlim davomiyligi, shakli va joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
taʼlim dasturini ishlab chiqishga asos boʻlgan milliy malakalar ramkasi, professional standartlar, taʼlim standartlari, malaka talablari yoki unga tenglashtirilgan hujjatlar, oʻquv reja va fan dasturlarining tasdiqlangan nusxalari (tanlov fanlari bundan mustasno);
oʻquv jarayonining moddiy-texnik taʼminoti, shu jumladan kompyuterlar, oʻquv laboratoriyalari, oʻquv fanlari xonalari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
professor-oʻqituvchilar shtatlari va dars beradigan fanlari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
oʻquv va ilmiy adabiyotlar fondi toʻgʻrisida maʼlumot;
talabalarni oʻqishga qabul qilish, oʻqishini koʻchirish, kursdan kursga oʻtkazish, kreditlarni tan olish, akademik jarayonni tashkil etish, taʼlim sifatini ichki taʼminlash va taʼlim natijalarini tan olish bilan bogʻliq hujjatlarning (tartib, nizom yoki yoʻriqnomalarning) barcha xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
barcha xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan taʼlim yakunida beriladigan diplomlar maketlari nusxalari.
Ariza beruvchidan ushbu bandda koʻrsatilmagan maʼlumot va hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga ariza beruvchi masʼul hisoblanadi.
Ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar ariza beruvchining ixtiyoriga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda ham berilishi mumkin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoʻshma taʼlim dasturini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha arizani qabul qilganidan soʻng 15 ish kunida xulosa beradi.
11. Quyidagi hollarda qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish rad etiladi:
xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti oʻzi joylashgan davlatda roʻyxatdan oʻtkazilmaganda, vakolatli tashkilot tomonidan tan olinmaganda yoki unga xorijda faoliyat yuritishga ruxsat berilmaganda;
xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti mazkur Nizomning 5-bandi talablariga javob bermaganda;
qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejasida belgilangan mutaxassislik va ixtisoslik fanlarining kamida 25 foizi xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tashkil etilmaganda;
qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish boʻyicha shartnoma mazkur Nizom talablariga javob bermaganda;
qoʻshma taʼlim dasturining oʻquv rejasi va fan dasturlari uni joriy qilgan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotining profiliga mos kelmaganda;
qoʻshma taʼlim dasturi asosida tashkil etilgan taʼlim natijalari Oʻzbekiston Milliy malakalar ramkasiga muvofiq boʻlmaganda;
qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha beriladigan akademik daraja taʼlim dasturining profiliga mos kelmaganda;
qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha oʻqish muddatlari bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha uch yildan, magistratura mutaxassisliklari boʻyicha bir yildan, klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha ikki yildan kam boʻlganda;
qoʻshma taʼlim dasturida koʻzda tutilgan kreditlar miqdori Yevropa kredit tizimi boʻyicha bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari uchun 180 ECTSdan, magistratura mutaxassisliklari uchun 60 ECTSdan, klinik ordinatura mutaxassisliklari uchun 120 ECTSdan kam boʻlganda;
qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayoniga jalb etilgan asosiy shtatdagi ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ulushi jami professor-oʻqituvchilar soniga nisbatan 30 foizdan kam boʻlganda;
qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini amalga oshirish, talabalar va professor-oʻqituvchilarning sifatli taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotida zarur bino va inshootlar, jihoz va moddiy-texnik bazasi mavjud boʻlmaganda;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotida qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish va kelajakda yanada rivojlantirish uchun yetarli va barqaror moliyaviy resurslar mavjud boʻlmaganda;
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotida qoʻshma taʼlim dasturi asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish uchun yetarli darajada mahalliy va xorijiy (shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturi oʻqitish tilidagi) darslik va adabiyotlar mavjud boʻlmaganda;
qoʻshma taʼlim dasturi bitiruvchilariga beriladigan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi kvalifikatsiya (diplom) xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari joylashgan davlatlarda tan olinmaganda;
arizachi tomonidan mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq tarkibda taqdim etilmaganda;
arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni boshqa asoslar boʻyicha, shu jumladan, maqsadga muvofiq emas degan sabablar bilan rad etish taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan qoʻshma taʼlim dasturlarining elektron reyestri yuritiladi va vazirlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
2-bob. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻqishga qabul qilish
12. Qoʻshma taʼlim dasturlariga oʻqishga qabul qilish parametrlari, bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari va magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklari hamkor xorijiy oliy taʼlim tashkiloti, boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.
13. Qoʻshma taʼlim dasturlariga oʻqishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqichda — Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan qabul qilish tartibiga muvofiq kirish imtihonlari oʻtkaziladi;
ikkinchi bosqichda — Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotining buyurtmasi asosida Davlat test markazi tomonidan kelishilgan muddatlarda qoʻshma taʼlim dasturida oʻqitish olib boriladigan chet tilidan kirish imtihoni oʻtkaziladi. Bunda:
birinchi bosqichda kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballning kamida 30 foizini toʻplagan abituriyentlar ikkinchi bosqichda oʻtkaziladigan imtihonda ishtirok etishga haqli;
Oldingi tahrirga qarang.
ikkinchi bosqichda chet tili boʻyicha kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan maksimal ballning kamida 30 foizini toʻplagan abituriyentlar qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovda ishtirok etadi hamda qabul parametrlaridan kelib chiqib, oʻqishga qabul qilinadi;
(13-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
qoʻshma taʼlim dasturida oʻqitish olib boriladigan chet tili boʻyicha bakalavriatda (spetsialitetda) kamida B1 darajadagi, magistratura va klinik ordinaturada kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlgan abituriyentlar ikkinchi bosqichda chet tilidan oʻtkaziladigan imtihondan ozod etiladi va ularga mazkur bosqich uchun maksimal ball beriladi.
14. Qoʻshma taʼlim dasturlariga oid zarur maʼlumotlar, qabul parametrlari hamda birinchi va ikkinchi bosqichlarda kirish imtihonlarni oʻtkazish tartibi qabul jarayoni boshlanishidan kamida ikki oy oldin tegishli oliy taʼlim tashkiloti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
Qoʻshma taʼlim dasturlariga hujjat topshirish onlayn shaklda amalga oshiriladi va imtihon natijalari imtihon oʻtkazilgan kunning keyingi kuni Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
15. Qoʻshma taʼlim dasturlariga oʻqishga qabul qilish natijalarini tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi.
16. Qoʻshma taʼlim dasturlariga oʻqishga qabul qilish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Qonunchilik hujjatlarda belgilangan hollarda qoʻshma taʼlim dasturlariga oʻqishga qabul qilish davlat granti asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda, davlat granti asosida oʻqitish faqat Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻqish davri uchun qoʻllaniladi.
Toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati hamda toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tegishli bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishi yoki magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisligining xususiyatlaridan kelib chiqib, oʻzaro kelishilgan holda belgilanadi.
3-bob. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etish
17. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish muddati bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlarining (magistratura yoki klinik ordinatura mutaxassisliklarining) xususiyatlaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Bunda:
qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqish muddati bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlarida uch yildan, magistratura mutaxassisliklarida bir yildan, klinik ordinatura mutaxassisliklarida ikki yildan kam boʻlmasligi lozim;
qoʻshma taʼlim dasturida koʻzda tutilgan kreditlar miqdori Yevropa kredit tizimi boʻyicha bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari uchun kamida 180 ECTSni, magistratura mutaxassisliklari uchun kamida 60 ECTSni va klinik ordinatura mutaxassisliklari uchun kamida 120 ECTSni tashkil etishi kerak.
18. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarida oʻquv jarayonini tashkil etish uchun bakalavriat (spetsialitet) taʼlim yoʻnalishlari va magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklarining oʻquv reja va fan dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
19. Qoʻshma taʼlim dasturlarining oʻquv rejasida belgilangan mutaxassislik va ixtisoslik fanlarining kamida 25 foizi xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻqitiladi.
Bunda, talabalarning xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish muddati va moliyalashtirish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayoniga jalb etilgan asosiy shtatdagi ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar ulushi jami professor-oʻqituvchilar soniga nisbatan 30 foizni tashkil etishi lozim.
21. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayoniga jalb etilgan mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar mehnatiga haq toʻlash miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda belgilanadi.
22. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlanadigan oliy taʼlim tashkilotlarida qoʻshma taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish boʻlimi (kelishuvda nazarda tutilgan hollarda — qoʻshma fakultet) tashkil etilishi mumkin. Bunda qoʻshma taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish boʻlimi (qoʻshma fakultet) shtat jadvali fakultetlar uchun belgilangan normativlarga muvofiq shakllantiriladi.
Qoʻshma taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish boʻlimini (qoʻshma fakultetni) oliy taʼlim tashkiloti fakultetining dekani maqomiga tenglashtirilgan rahbar boshqaradi.
Boʻlimni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashdan tushadigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
23. Qoʻshma taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish boʻlimining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha oʻquv jarayoni normativ-huquqiy hujjatlar asosida tashkil etilishini taʼminlash;
qoʻshma taʼlim dasturi doirasida isteʼmolchilar talablariga javob beradigan taʼlim xizmatlarini koʻrsatish va xalqaro taʼlim standartlariga mos keladigan taʼlim sifatini taʼminlash;
qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etadigan normativ-metodik taʼminotni takomillashtirish;
talabalarni oʻquv rejalariga muvofiq xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga yuborish, oʻquv jarayoniga xorijlik professor-oʻqituvchilarni jalb etish masalalarini muvofiqlashtirish va bu boʻyicha xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
oliy taʼlim tashkilotining boshqa tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini olib borish va rivojlantirish;
fan, taʼlim va bozor munosabatlari talablarini oʻrgangan holda qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish va oʻqitishning ilgʻor texnologiyalarini doimiy ravishda takomillashtirish hamda taʼlim jarayoniga ilgʻor taʼlim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish.
24. Qoʻshma taʼlim dasturi asosida tahsil olayotgan talabalar bilimini baholash Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tomonidan xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti bilan kelishilgan holda tasdiqlangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
25. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar oliy taʼlim tashkilotining oʻquv intizomi, ichki tartib-qoidalari, odob-axloq qoidalariga amal qilishi majburiy hisoblanadi.
26. Qoʻshma taʼlim dasturi asosida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkilotida zarur bino va inshootlar, jihoz va moddiy-texnik bazasi, mahalliy va xorijiy (shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturi oʻqitish tilidagi) darslik va adabiyotlar mavjud boʻlishi lozim.
27. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olgan bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining maxsus elektron tizimiga kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti tizimga kiritilgan bitiruvchilarni davlat namunasidagi diplomlar bilan taʼminlash uchun Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari va ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish markazi bilan shartnoma tuzadi.
Bitiruvchilarga beriladigan davlat namunasidagi diplomga qoʻshma taʼlim dasturi nomi yoziladi.
Davlat namunasidagi diplom va diplom ilovasi maxsus elektron tizimga kiritilgan maʼlumotlar asosida chop etiladi.
Diplom ilovasiga hamkor oliy taʼlim tashkiloti tomonidan berilgan diplom tartib raqami ham kiritiladi.
4-bob. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishini koʻchirish, oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash
28. Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini ular taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkilotining boshqa taʼlim yoʻnalishlari (mutaxassisliklari) yoki boshqa Oʻzbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim tashkilotiga koʻchirishga ruxsat etilmaydi.
Qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini ular taʼlim olayotgan oliy taʼlim tashkilotining yoki boshqa Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotining qoʻshma taʼlim dasturlariga koʻchirishi mumkin.
29. Talabalarga akademik taʼtil berish va kursdan-kursga qoldirish taʼlim jarayoni olib borayotgan davlatdagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida tartibga solinadi.
30. Quyidagi holatlarda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalar oliy taʼlim tashkilotidan chetlashtirilishi mumkin:
oʻz xohishiga binoan;
oʻquv intizomini va Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun;
bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
oʻqish uchun belgilangan toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi uchun;
xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotida borib oʻqishdan bosh tortgan taqdirda;
oliy taʼlim tashkiloti va talaba oʻrtasida tuzilgan shartnoma shartlariga amal qilmagan taqdirda;
talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
sud qaroriga koʻra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda. Ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi;
vafot etganligi sababli.
31. Qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha tahsil olib, talabalar safidan chetlashtirilgan talabalar oʻqishini qayta tiklash Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkiloti va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkiloti rektorlari (direktori) qoʻshma buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi:
zarur hollarda qoʻshma taʼlim dasturlarining taʼlim sifatini, taʼlim jarayoni tashkil etilishini, pedagog xodimlarining mehnat faoliyatini, talabalarning fan dasturlarini oʻzlashtirish darajasini (bilimini), oʻquv jarayonini amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish boʻyicha monitoring oʻtkazadi;
qoʻshma taʼlim dasturlari pedagog xodimlari va talabalari oʻrtasida taʼlim jarayonining tashkil etilishi va sifatini aniqlashga oid anonim soʻrovlar oʻtkazadi hamda ularning natijalarini tahlil qilgan holda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
33. Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi monitoring oʻtkazish jarayonida qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan mazkur Nizom talablari bajarilmayotganligini aniqlaganda, ushbu oliy taʼlim tashkiloti bilan birgalikda uning faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi monitoring oʻtkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish ustidan nazoratni tashkil qiladi.
Monitoring oʻtkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, oliy taʼlim tashkilotining mazkur Nizom talablariga rioya qilmasdan tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturlariga talabalarni oʻqishga qabul qilish toʻxtatiladi.
34. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2021-y., 09/21/421/0641-son; 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son; 25.08.2026-y., 09/26/456/0870-son)