O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2021/2022 o‘quv yili uchun “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filialiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida” 2018-yil 20-iyuldagi PQ-3875-son va “O‘zbekiston Respublikasining Yadro-energetika dasturi uchun kadrlar salohiyatini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 16-oktabrdagi PQ-4492-son qarorlariga muvofiq hamda “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filialida respublikaning atom tarmog‘i uchun oliy ma’lumotli malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi hududida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligining (keyingi o‘rinlarda — “O‘zatom” agentligi) atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filialida (keyingi o‘rinlarda — Filial) 2021/2022 o‘quv yili uchun bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul parametrlari 100 o‘rin miqdorida ilovaga muvofiq belgilansin. Bunda, Filialda bakalavrlar davlat granti asosida tayyorlanadi.
2. “O‘zatom” agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yili uchun Filialga kirish imtihonlarini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilangan respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari o‘tkaziladigan obyektlarda belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlasin.
3. Kirish imtihonlarini o‘tkazish joylari ijarasi hamda abituriyentlarning ota-onalari va keng jamoatchilik uchun test sinovlari jarayonini onlayn rejimda uzatish bilan bog‘liq xarajatlar (aloqa kanallari ijarasi, texnik xizmat ko‘rsatish) “O‘zatom” agentligining Atom energetikasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov va O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.H. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 1-iyul,
413-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyuldagi 413-son qaroriga
ILOVA“MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) Toshkent shahridagi filialida 2021/2022 o‘quv yili uchun bakalavrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul
PARAMETRLARI
| T/r | Ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) nomi | Qabul kvotasi |
| 1. | Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi | 25 |
| 2. | Yadro fizikasi va texnologiyalari | 25 |
| 3. | Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi | 25 |
| 4. | Elektroenergetika va elektrotexnika | 25 |
| Jami: | 100 | |
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.07.2021-y., 09/21/413/0631-son)