Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-fevraldagi PQ-4623-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, pedagogik taʼlim sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, taʼlim sifatini oshirish, sohaga Finlyandiyaning ilgʻor taʼlim texnologiyalarini joriy qilish, zamonaviy bilim va pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Samarqand davlat universiteti hamda Turku universiteti (Finlyandiya) oʻrtasida 2021-yil 2-iyunda Samarqand shahrida Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika institutini tashkil etish toʻgʻrisida Hamkorlik shartnomasi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Finlyandiyaning pedagog kadrlar tayyorlashdagi ilgʻor tajribasi asosida hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda pedagogika sohasi boʻyicha tarbiya va oʻqitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
Finlyandiyaning yetakchi va nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-metodik taʼminotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;
oʻquv va ilmiy laboratoriya xonalarini Finlyandiyadagi talablar asosida tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va Finlyandiya yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;
pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;
respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy muassasalariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
Institutning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish;
zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash jarayoniga ilgʻor va masofaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni va koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan amaliyotchilarni jalb etish;
taʼlim jarayonini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish, vebinar va onlayn texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish;
Finlyandiya tajribasi asosida xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) va STEAM standartlaridan foydalanish, aniq va tabiiy fanlarni oʻqitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish hamda ushbu bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan pedagoglarini tayyorlash.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi;
Institutda oʻquv jarayoni Finlyandiya taʼlim dasturlari va texnologiyalari asosida tashkil etiladi;
Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi;
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul toʻxtatiladi hamda ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishni bitirgunlariga qadar Universitetda taʼlim jarayonini davom ettiradilar;
2021/2022 oʻquv yili uchun Institutga kunduzgi, sirtqi hamda kechki taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Institutga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
Institut Universitetning oʻquv va ilmiy laboratoriyalaridan, sport inshootlaridan hamda axborot-resurs markazidan rejalashtirilgan dars jarayonlariga taʼsir etmagan holda tekin foydalanadi;
Institut dars jarayoniga Finlyandiyaning pedagogika sohasidagi yetakchi mutaxassislari shartnoma asosida jalb etiladi va xarajatlar Institutning budjet va byujdetdan tashqari mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab beriladi;
Institutga kafedra mudiri va professor-oʻqituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish Universitet kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
5. Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Spitamen shoh koʻchasi, 166-uy hamda Samarqand shahri, Dahbet koʻchasi, 18-uy manzillaridagi Universitetning bino va inshootlari Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Universitet bilan birgalikda 2021-yil 1-avgustga qadar:
a) Institut:
tuzilmasi oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga hamda Finlyandiya taʼlim amaliyotiga muvofiq tasdiqlanishini;
ustavi belgilangan tartibda tasdiqlanishi va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
axborot-resurs markazini qoʻshimcha oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlasin;
b) Institutni tanlov asosida amaliy tajribaga ega boʻlgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali professor-oʻqituvchilar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
7. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, talabalarning toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishidan, shartnomalar asosida xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar, xalqaro moliya va xorijiy tashkilotlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Zarur hollarda, Universitet kengashining qaroriga asosan Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Institut moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga va Institutning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Universitet moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga ruxsat berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Institut talabalari amaliyotini samarali tashkil etish uchun tegishli sharoitlar yaratilishini taʼminlasin;
oʻquvchilarni pedagog kasbiga yoʻnaltirish maqsadida Samarqand viloyatidagi yetakchi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10 tasida 10-11-sinf oʻquvchilari uchun “Pedagogik sinflar”ni tashkil etsin va Institut taklifi asosida dars jarayoniga taʼsir etmagan holda oʻquv jarayoniga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
10. Universitet:
Finlyandiyaning yetuk mutaxassislari va salohiyatli kadrlarni jalb etgan holda taʼlim va ilmiy faoliyatni sifatli tashkil etish;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish;
darslik, oʻquv qoʻllanmalar, oʻquv-metodik material va axborot resurslari bilan taʼminlash;
professor-oʻqituvchilarning Finlyandiya yetakchi taʼlim muassasalarida malakasini oshirish va iqtidorli yoshlar seleksiyasini amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlari uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish va ilmiy maktablarni rivojlantirish yoʻnalishlarida Institutga koʻmak berib borsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Institutda taʼlim sifati taʼminlanishini hamda qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Institutning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash loyihalari Oʻzbekiston Respublikasining 2022 — 2024-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
Bunda, Institutda talabalar soni oshishini inobatga olib, har biri 750 nafar talabaga moʻljallangan ikkita oʻquv binosi va zamonaviy axborot-resurs markazi binosini qurish loyihalari nazarda tutilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-avgustga qadar Institutni onlayn maʼruza hamda masofaviy taʼlim texnologiyalarini joriy etish uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan taʼminlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻi hamda “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻiga belgilangan tartibda ulash choralarini koʻrsin.
14. Institutga 2 ta, shu jumladan, 1 ta yengil va 1 ta navbatchi avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-iyun,
408-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/408/0622-son)