Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi PF-6108-son Farmonida belgilangan vazifalar hamda Jizzax viloyatida xalqaro talab va standartlarga muvofiq yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Sambhram Group” kompaniyasi, “Sambhram” universiteti (Hindiston) oʻrtasida 2021-yil 16-aprelda Jizzax shahrida “Sambhram” universitetini tashkil etish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlarning asosiy tamoyillari toʻgʻrisida kelishuv (keyingi oʻrinlarda — kelishuv) imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Sambhram Group” kompaniyasi, “Sambhram” universitetining (Hindiston) Jizzax shahrida nodavlat oliy taʼlim tashkiloti shaklidagi “Sambhram” universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda Jizzax viloyati hokimligi va “Sambhram Group” kompaniyasi (Hindiston) Universitetning taʼsischilari (keyingi oʻrinlarda — Muassis) hisoblanadi.
3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:
Jizzax viloyatining ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy tadbirkorlikning rivojlanish tendensiyalarini inobatga olgan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni taʼminlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish kabi yoʻnalishlarda taʼlim dasturlarini amalga oshirish;
Universitet oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, taʼlim jarayonini zamonaviy oʻquv adabiyotlari va taʼlim resurslari bilan taʼminlash;
taʼlim jarayoniga “Sambhram” universiteti (Hindiston), shuningdek, yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining malakali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish orqali zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini joriy etish;
Jizzax viloyatining iqtisodiyot tarmoqlariga istiqbolli loyihalar, innovatsiyalarni joriy qilishda koʻmaklashish, viloyatdagi mavjud ehtiyojdan kelib chiqib, oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar va yaratilgan ishlanmalar natijalarini amaliyotga joriy etish;
taʼlim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning, xususan, Hindistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda, “Sambhram” universiteti (Hindiston) tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va fan dasturlariga muvofiq kunduzgi taʼlim shaklida ingliz, rus tillari va davlat tilida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Muassis hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda, Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitetning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilanadi;
Universitetda talabalar oʻqishi uchun toʻlov-kontrakt miqdori Muassis tomonidan belgilanadi;
Universitetga Muassis tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rektor rahbarlik qiladi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi;
Universitetga belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi.
5. “Sambhram Group” kompaniyasining (Hindiston) quyidagi majburiyatlarni olish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
kelishuvda koʻrsatib oʻtilgan shartlarga muvofiq toʻrt yil davomida jami uch million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish;
Universitetga har yili qabul qilinadigan talabalarning 20 foizini oʻqitish uchun imtiyozli taʼlim grantlari ajratish, bunda talabalarning 5 foizini bepul oʻqitish, 5 foiziga 50 foizli, 10 foiziga 25 foizli toʻlov-kontrakt miqdorini toʻlab berish boʻyicha imtiyozlar taqdim etish;
Universitetda taʼlim berish va oʻquv jarayonini tashkil etish uchun 60 foizdan kam boʻlmagan malakali xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb qilish;
Universitet professor-oʻqituvchilari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, shu jumladan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ularning stajirovkasini tashkil etish;
har yili Universitet bitiruvchilarining 25 foizidan kam boʻlmagan qismini tegishli mutaxassisliklar boʻyicha ishga joylashtirishga koʻmaklashish;
Universitetning kutubxona fondini shakllantirish va zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik hamda ilmiy adabiyotlar bilan toʻldirish;
Universitetning oʻquv-laboratoriya bazasini shakllantirish, shuningdek, maxsus fanlarni oʻqitish uchun zamonaviy oʻquv vositalari bilan jihozlash;
“Sambhram” universitetining (Hindiston) yagona elektron bazasiga Universitetda tahsil olayotgan talabalar haqida maʼlumotlar hamda talabalarga beriladigan diplomlarning qayd raqamlarini kiritish;
Universitet oʻz faoliyatini tugatgan taqdirda, Universitetda tahsil olayotgan talabalarga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oʻqishini davom ettirib, “Sambhram” universitetining (Hindiston) belgilangan namunadagi diplomini olishga imkoniyat yaratish;
Universitetda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari hamda kelishuv shartlariga muvofiq toʻlaqonli taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish.
6. Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib Muassis mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlarining grantlari, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilanishi inobatga olinsin.
7. Universitet Jizzax viloyati hokimligiga tegishli Jizzax viloyati, Jizzax shahri, Jizzaxlik mahallasi, Sharof Rashidov koʻchasida joylashgan sobiq Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti bino va inshootlarining bir qismiga (maʼmuriy bino, uchrashuvlar zali va 700 oʻrinli oshxona binolari) tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Bunda biriktirilgan bino va inshootlar hamda unga tegishli hududni saqlash bilan bogʻliq barcha xarajatlar, jumladan, kommunal toʻlovlar Universitet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
8. Universitet tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladigan tegishli bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda mebel, oʻquv va ilmiy asbob-uskunalar, tashkiliy texnika, kompyuterlar, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash Jizzax viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.
9. Jizzax viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar:
Universitet ustavini, tuzilmasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishda;
Universitetni tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan taʼminlashda zarur yordam koʻrsatsin.
10. Universitetga oʻquv va ilmiy-tadqiqot ishlariga taklif qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflarda toʻlashga ruxsat berilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov hamda Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-iyun,
401-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/401/0615-son)