O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 25-martdagi 9-sonli “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, shuningdek qonun normalari bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, fuqarolik ishini apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining qonuniy kuchga kirmagan sud hujjati ustidan shikoyat berishga bo‘lgan huquqini kafolatlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 383-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudida ish yuritish:
a) da’vo tartibida yuritiladigan ishlar bo‘yicha:
da’vogar, javobgar, uchinchi shaxs shikoyati bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil shikoyati bo‘yicha, bundan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan nizolar mustasno;
b) alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha:
arizachi, manfaatdor shaxs, ular vakillarining shikoyati bo‘yicha;
v) hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bo‘yicha:
hakamlik muhokamasi taraflari, ular vakillarining shikoyati bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
Apellyatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning shikoyati bo‘yicha ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Ushbu shaxs sud hujjatida ko‘rsatilmagan hollarda ham, uning ustidan shikoyat qilish huquqidan foydalanadi.
Sud hujjati ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga, shuningdek, taraflar, uchinchi shaxslar hamda ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning huquqiy vorislari ham ega. Bunday holda shikoyatga huquqiy vorislikni tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
Ishda qatnashayotgan shaxs vakili, shu jumladan, advokat sud hujjati ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishga bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan holdagina haqli (FPK 69-moddasi ikkinchi qismi).
Prokuror ishtirokisiz ko‘rilgan ish bo‘yicha apellyatsiya protesti tarafning murojaati mavjud bo‘lganda keltirilishi mumkin.
3. Qonunga muvofiq, sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi yoki elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati o‘tishining boshlanishi, tegishlicha hal qiluv qarori qabul qilingan kunning ertasidan hisoblanadi (FPK 152-moddasi).
FPK 262-moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlari mazmuniga ko‘ra, qo‘shimcha hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati ham asosiy hal qiluv qarori chiqarilgan kundan hisoblanadi.
4. FPK 264-moddasiga muvofiq, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgan taqdirda, u ish apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘rib chiqilganidan keyin qonuniy kuchga kiradi.
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, mazkur qoida apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarorining bir qismiga berilgan hollarda ham qo‘llaniladi.
5. Apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudi nomiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarori, ajrim, qarorni qabul qilgan sudga topshiriladi (FPK 385-moddasi).
Bevosita apellyatsiya instansiyasi sudiga berilgan shikoyat (protest) FPK 389-moddasida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun sud hujjatini qabul qilgan sudga yuborilishi lozim.
Har bir shikoyat (protest) kelib tushgan sanasi ko‘rsatilgan holda ro‘yxatga olinishi lozim.
6. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma ham birinchi instansiya sudiga beriladi va FPK 155-moddasi qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash yoxud rad qilish haqida sud ajrim chiqaradi.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati tiklanganda, sud hal qiluv qarori ijrosini to‘xtatish masalasini hal qiladi, darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan hal qiluv qarori bundan mustasno.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan FPK 155-moddasi oltinchi qismiga ko‘ra, xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
Sudning o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan shikoyat (protest) berilganda, apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyatni (protestni) asosli deb topsa, birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilib, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklaydi va shikoyat (protest) FPK 386-moddasi talabiga muvofiqligini tekshirish hamda FPK 389-moddasida ko‘rsatilgan harakatlarni bajarish uchun ishni birinchi instansiya sudiga yuboradi.
7. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, FPK 155 va 396-moddalari mazmuniga ko‘ra, ish bo‘yicha biror-bir shaxs iltimosnomasi bo‘yicha apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga asosan tiklanganda, ish bo‘yicha boshqa shaxslar tomonidan o‘tkazib yuborilgan muddatni, o‘tkazib yuborilishi sabablaridan qat’iy nazar, tiklash to‘g‘risidagi masalani, qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqish talab etilmaydi. Bunday shaxslarning apellyatsiya shikoyati (protesti) FPK 386, 387-moddalari talablariga rioya etgan holda apellyatsiya muhokamasi boshlanguniga qadar berilishi va umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozim.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellyatsiya tartibida ish yuritish predmeti borasida muayyan istisnolar belgilangan. Jumladan, quyidagilar ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilmaydi:
1) sud buyrug‘i;
2) ustidan shikoyat berilishi qonunda nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan birinchi instansiya sudi ajrimlari (masalan, nikohdan ajratish haqidagi ishlar bo‘yicha er-xotinga yarashish uchun muddat tayinlanishi munosabati bilan ish muhokamasini keyinga qoldirish haqidagi ajrim).
9. FPK 386, 387-moddalarida apellyatsiya shikoyati (protesti)ning mazmuni, shuningdek, unga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi sababli, birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) bergan shaxs tomonidan ushbu talablarga rioya etilganligini tekshirishi shart.
Mazmuni FPK 386-moddasi talablariga javob bermaydigan, shuningdek, FPK 387-moddasi talablari buzilgan holda berilgan shikoyat (protest) sudyaning ajrimi bilan harakatsiz qoldirilib, kamchiliklarini bartaraf etish uchun muddat beriladi. Bu muddat shikoyat (protest) kamchiliklari bartaraf etilishi uchun real imkoniyatlar hisobga olingan holda tayinlanishi lozim. Ajrimda ko‘rsatilgan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilsa, shikoyat (protest) dastlab sudga taqdim etilgan kunda berilgan hisoblanadi, aks holda, shikoyat (protest) berilmagan hisoblanib, sudyaning ajrimi bilan qaytariladi.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonunda “dastlabki” apellyatsiya shikoyati (protesti) berilishi nazarda tutilmagan.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi tomonidan FPK 385 — 387-moddalari talablari bajarilmagan holda apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborilgan holda, ish tegishli tarzda rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish apellyatsiya tartibida ko‘rilayotganda boshqa shaxsdan shikoyat (protest) kelib tushgan holda ham ish FPK 389-moddasi talablarini bajarish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi.
10. Qonunga muvofiq, shikoyat (protest) yuzasidan sudga tushuntirishlar (e’tirozlar) taqdim etish ishda ishtirok etuvchi shaxs huquqi ekanligini inobatga olib, ularning birinchi instansiya sudiga taqdim etilmaganligi ishni apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishga to‘sqinlik qilmaydi.
Shikoyat (protest) yuzasidan tushuntirishlar (e’tirozlar) ish apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborilgandan so‘ng kelib tushganda, ular apellyatsiya instansiyasi sudiga qo‘shimcha tarzda jo‘natilib, bir vaqtning o‘zida nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
11. FPK 393-moddasiga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati bergan shaxs apellyatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar shikoyatni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki undan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek, yuqori turuvchi prokuror esa, protestni to‘ldirishga, o‘zgartirishga yoki qaytarib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilganda, protest qaytarib olinganda, sud apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi.
Shikoyatdan voz kechilishi (protest qaytarib olinishi) munosabati bilan apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish masalasi sud majlisida shaxsning shikoyatdan voz kechish (protestni qaytarib olish) vakolati tekshirilgandan so‘ng hal qilinadi. Bunda shuni inobatga olish lozimki, FPK 69-moddasi mazmuniga ko‘ra, vakilning ishonchnomada ko‘rsatilgan sud hujjati ustidan shikoyat berish huquqi o‘z-o‘zidan, basharti bu holat ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lmasa, shikoyatdan voz kechish huquqini bermaydi.
Agar ish bo‘yicha boshqa shaxsning shikoyati mavjud bo‘lsa, shikoyatdan voz kechilishi (protest qaytarib olinishi) apellyatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga olib kelmaydi.
Agar apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) boshqa shaxslar (sherik ishtirokchilar, uchinchi shaxslar) qo‘shilgan bo‘lib, ular o‘z arizasidan voz kechmagan hollarda ham apellyatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday holda sud ishni ko‘rishni qoldiradi va uni birinchi instansiya sudiga FPK 386, 387-moddalari talablariga muvofiq, apellyatsiya shikoyatini rasmiylashtirish uchun yuboradi.
Apellyatsiya shikoyatidan voz kechilganda (protest qaytarib olinganda), apellyatsiya instansiyasi sudi tarafga shikoyatdan voz kechilishi (protest qaytarib olinishi) munosabati bilan apellyatsiya tartibida ish yuritish tugatilishi uni kassatsiya shikoyati (protesti) berish huquqidan mahrum etishini tushuntirishi lozim.
Apellyatsiya shikoyatidan voz kechilishi (protest qaytarib olinishi) munosabati bilan apellyatsiya tartibida ish yuritish tugatilganda, sud hujjati apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimi chiqarilgan kundan qonuniy kuchga kiradi.
12. Apellyatsiya shikoyati (protesti) berilgandan keyin da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning da’vogar talablarini tan olishi, taraflarning kelishuv bitimi yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida taqdim etilishi kerak. Bunda taraflarning tasdiqlash uchun taqdim etilayotgan kelishuv bitimi FPK 166, 167-moddalari talablariga javob berishi lozim.
Agar da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgar tomonidan arz qilingan talablar tan olinishi yoxud taraflarning kelishuv bitimiga erishishi ish apellyatsiya instansiyasi sudida muhokama qilinayotganda amalga oshirilsa, bu haqda sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yiladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi da’vogarning da’vodan voz kechishini qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin da’vogarga (taraflarga) ish yuritishni tugatishning FPK 126-moddasida nazarda tutilgan huquqiy oqibatlarini tushuntirishi shart.
Apellyatsiya instansiyasi sudi da’vogarning da’vo talablaridan voz kechishini qabul qilishda, taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlashda hal qiluv qarorining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi masalasini muhokama qilishga kirishmasdan, uni bekor qiladi va ish bo‘yicha ish yuritishni tugatadi.
Agar da’vogarning arz qilingan talablaridan voz kechishi, javobgarning arz qilingan talablarni tan olishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid bo‘lsa yoxud boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga xilof bo‘lsa, sud bunday voz kechishni qabul qilmaydi yoxud tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlashni rad etadi va ishni apellyatsiya tartibida mazmunan ko‘rib chiqadi.
13. Sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarni shikoyat (protest) bo‘yicha ishni apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilishi majburiy ekanligi qonunda belgilanganligi sababli ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida belgilangan tartibda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda ishda ishtirok etuvchi shaxslardan biror-birining sud majlisiga kelmaganligi FPK 397-moddasiga muvofiq, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga sabab bo‘ladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida tegishlicha xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lganda ham, agar ulardan biror-biri kelmaganligi sababini uzrli deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirishga haqli.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisiga kelmaganligi sabablari uzrsiz deb topilgan holda, shuningdek kelmaganlik sabablari haqida ma’lumotlar yoxud bu sabablar uzrli ekanligini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lmaganda, apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) bo‘yicha ishni ularning ishtirokisiz ko‘rishga haqli.
14. Taraflardan biri, uchinchi shaxs yoki ularning qonuniy vakili nizoli huquqiy munosabatdan chiqib ketganda (fuqaroning o‘limi, yuridik shaxsning qayta tashkil qilinishi, boshqa shaxs foydasiga talabdan voz kechish, qarzning boshqa shaxsga o‘tkazilishi va h.k.) apellyatsiya instansiyasi sudi FPK 47-moddasiga ko‘ra, protsessual huquqiy vorislik sud protsessining har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olgan holda, bunday shaxslarni ularning huquqiy vorislari bilan almashtirishga yo‘l qo‘yadi va ularga ishdagi barcha materiallar bilan tanishishga imkoniyat beradi. Huquqiy vorisning protsessga kirganligi haqida apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.
15. Sudlarning e’tibori FPK 395-moddasida belgilangan ishni ko‘rish muddatlariga rioya qilish zarurligiga qaratilsin.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishni ko‘rish muddati alohida hollarda ish o‘ta murakkab bo‘lgan yoki boshqa alohida hollarda (masalan, bir nechta talablarning bitta ish yuritishga birlashtirilishi, sud jarayoni ishtirokchilarining ko‘pligi, qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish va tekshirish, ishga mutaxassislarni jalb qilish, sud topshiriqlarini yuborish zarurati va h.k.). apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimi bilan qonunda nazarda tutilgan muddat doirasida uzaytirilishi mumkin (FPK 395-moddasi).
16. Qonunga ko‘ra, ish apellyatsiya tartibida ko‘rilayotganda quyidagilar aniqlanishi lozim:
birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘liq tekshirgan-tekshirmaganligi;
sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar isbotlangan-isbotlanmaganligi;
sudning hal qiluv qarorida, ajrimida, qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiqligi;
moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilgan-buzilmaganligi, ular to‘g‘ri qo‘llanilgan-qo‘llanilmaganligi;
birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan sud hujjatlarining qonun talablariga muvofiqligi.
FPK 396-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudi sud hujjatining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini to‘liq hajmda tekshiradi.
Sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirish deganda, shikoyat (protest) vajlaridan qat’iy nazar, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari to‘liq aniqlanganligi, moddiy va protsessual qonun normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligi tekshirilishini tushunish lozim. Apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest) vajlaridan qat’iy nazar, shuningdek arizani ko‘rmasdan qoldirish yoki ish yuritishni tugatish uchun asoslar bor-yo‘qligini tekshiradi.
17. Apellyatsiya instansiyasi sudi xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarga o‘z protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Apellyatsiya instansiyasi sudida ishning ko‘rilishi kollegial tarzda uch nafar sudyadan iborat tarkibda birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida, biroq FPK 397-moddasida nazarda tutilgan alohida xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Bunda dastlab shikoyat bergan shaxs va uning vakili tushuntirishlari tinglanadi. Sud hujjati ustidan har ikkala taraf shikoyat qilgan bo‘lsa, birinchi bo‘lib da’vogar va uning vakili so‘zga chiqadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘zlarining tushuntirishlarida shikoyatda (protestda) ko‘rsatilmagan vajlarni keltirishga va qo‘shimcha materiallar taqdim etishga haqli. Bunday holda sud boshqa taraf iltimosnomasiga ko‘ra, yangi vajlar va materiallar bo‘yicha tayyorlanish va tushuntirishlar (e’tirozlar) taqdim etish uchun sud majlisida tanaffus e’lon qiladi.
18. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, apellyatsiya instansiyasi sudi har qanday dalillarni, shu jumladan, birinchi instansiya sudi muhokamasida bo‘lgan va yangidan taqdim etilgan dalillarni tekshirishga haqli. Dalillar birinchi instansiya sudi uchun belgilangan tartib bo‘yicha tekshiriladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ekspertiza o‘tkazish, dalillarni ta’minlash va talab qilib olish, guvohlarni so‘roq qilish haqidagi va boshqa iltimosnomalarini ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababli, qanoatlantirmasdan qoldirishga haqli emas.
Apellyatsiya instansiyasi sudi yangi taqdim qilingan dalillarni tekshirishni rad qilishni ajrimda asoslantirishi lozim.
19. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan birinchi instansiya sudida arz qilinmagan yangi talab, shuningdek, da’vo muddatini qo‘llash haqidagi talab qabul qilinishi va ko‘rilishi mumkin emas.
20. Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yuritishni to‘xtatib turish FPK 10-bobida nazarda tutilgan asoslar va tartibda amalga oshiriladi.
Ish yuritish tiklanganligi to‘g‘risida apellyatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ish ko‘riladigan kun to‘g‘risida xabardor qiladi.
21. Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha ajrim chiqaradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimda shikoyatning (protestning) har bir vajini muhokama qilishi, uning asosli yoki asossiz ekanligi haqidagi o‘z xulosasini bayon etishi shart.
Shuni inobatga olish lozimki, asoslantirilgan ajrim tuzilishi keyinga qoldirilgan va sud majlisida uning xulosa qismi e’lon qilinganda apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar asoslantirilgan ajrim bilan qachon tanishishi mumkinligini tushuntirishi kerak.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida FPK 399-moddasida belgilangan vakolatlar doirasida ishni ko‘rish natijalari to‘g‘risidagi xulosalar, shu jumladan, sud xarajatlari taqsimlanishi nazarda tutilishi lozim.
Apellyatsiya instansiyasi sudi qabul qilingan ajrimni e’lon qilganidan so‘ng, sud protsessi ishtirokchilariga uning mazmun-mohiyatini tushuntirishi shart.
22. FPK 3991-moddasiga muvofiq, sud hujjatini apellyatsiya tartibida bekor qilishga yoki o‘zgartirishga quyidagilar asos bo‘ladi:
1) ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) sudning hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi.
Qonunga ko‘ra, mazmunan to‘g‘ri bo‘lgan sud hujjati faqat rasmiy, ya’ni ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatli bo‘lmagan asoslar (masalan, sud muzokaralarini o‘tkazish tartibi buzilganligi, davlat bojining asossiz kamaytirilganligi yoki to‘lovi kechiktirilganligi va h.k.) bo‘yicha bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
23. Moddiy huquq normalarini buzish yoki noto‘g‘ri qo‘llash deganda, birinchi instansiya sudi tomonidan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan qonun yoki boshqa qonun hujjati qo‘llanilmaganligi yoxud qo‘llanilishi lozim bo‘lmagan qonun yoki boshqa qonun hujjati qo‘llanilganligi, qonunning yoki boshqa qonun hujjatining noto‘g‘ri talqin qilinganligi tushuniladi.
Shuni nazarda tutish lozimki, protsessual huquq normalari buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi ishning noto‘g‘ri hal etilishiga olib kelgandagina, hal qiluv qarori, ajrim, qarorni bekor qilishga asos bo‘ladi. Protsessual huquq normalari buzilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi, FPK 3993-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda ham sud hujjatini bekor qilishga asos bo‘lishi mumkin.
24. FPK 399-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga haqli:
1) hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishga, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmaslikka;
2) ishni yangidan ko‘rish uchun yubormasdan hal qiluv qarorini o‘zgartirishga yoki uni butunlay yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori chiqarishga;
3) hal qiluv qarorini qisman yoki butunlay bekor qilishga hamda FPK 122 va 124-moddalarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga;
4) FPK 3993-moddasi ikkinchi qismi 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga haqli.
25. Apellyatsiya instansiyasi sudi arz qilingan da’vo talabi doirasida ishda mavjud va qo‘shimcha taqdim qilingan hujjatlar (dalillar) asosida ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan yangi holatlarni aniqlashi va shundan kelib chiqib, o‘z vakolati doirasida qaror qabul qilishga haqli.
26. Apellyatsiya instansiyasi sudi, agar birinchi instansiya sudi ish holatlarini har tomonlama va to‘liq aniqlab, qonuniy, asosli hamda adolatli sud hujjati chiqargan, degan xulosaga kelsa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni o‘zgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldiradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimida shikoyat (protest) vajlari asossiz va sud hujjatining bekor qilinishi yoxud o‘zgartirilishiga asos bo‘lmaydi deb topilganligi sabablari ko‘rsatib o‘tilishi lozim.
27. Apellyatsiya instansiyasi sudi, agar shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘luvchi holatlar aniqlansa, FPK 122 va 124-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha hal qiluv qarorini butunlay yoki qisman bekor qilishga, arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga haqli.
28. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, FPK 3993-moddasi ikkinchi qismi 2 va 4-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgandagina, apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilishiga yo‘l qo‘yiladi.
FPK 3993-moddasi ikkinchi qismi 4-bandida nazarda tutilgan asos bo‘yicha ishni yangidan ko‘rish uchun asossiz yuborilishiga yo‘l qo‘yilishi holatlarini oldini olish maqsadida, apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimida o‘z xulosalarini asoslantirishi, shuningdek, birinchi instansiya sudi tomonidan ishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi masala hal qilingan shaxsning protsessual holatini (qo‘shimcha da’vogar, qo‘shimcha javobgar, nizo predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qiladigan uchinchi shaxs, manfaatdor shaxs) ko‘rsatishi lozim.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ish bo‘yicha FPK 3993-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan boshqa holatlarni aniqlasa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarorini bekor qilishi va yangi sud hujjati qabul qilishi mumkin.
29. Shuni nazarda tutish lozimki, sud xarajatlarini taqsimlash masalasining hal etilmaganligi yoki noto‘g‘ri hal etilganligi o‘z-o‘zidan sudning hal qiluv qarorini bekor qilishga yoxud o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi. Bunday holda apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimining xulosa qismida sud xarajatlarini FPK 138 — 141-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha yangidan taqsimlash haqida ko‘rsatiladi.
30. Apellyatsiya instansiyasi sudi FPK 261, 262 va 263-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda o‘z tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslar arizasiga binoan quyidagilarga haqli:
apellyatsiya instansiyasi sudi ajrimi yozuvida yo‘l qo‘yilgan xatolarni va aniq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni tuzatishga;
qo‘shimcha ajrim chiqarishga;
ajrimni tushuntirishga.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni uni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda ko‘riladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmaganligi bu masalalarni hal etish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
31. FPK 400-moddasiga muvofiq, taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan faqat quyidagi hollarda xususiy shikoyat (protest) berishi mumkin:
agar bunday huquq FPK normasida bevosita nazarda tutilgan bo‘lsa;
agar sudning ajrimi ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilsa.
Birinchi instansiya sudining boshqa ajrimlari ustidan xususiy shikoyat (protest) berilmaydi, biroq bunday ajrimlarga nisbatan e’tirozlar apellyatsiya shikoyatiga (protestiga) kiritilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat (protest) berish va ko‘rish hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) berish va ko‘rish uchun nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
32. Birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berish uchun FPK 400-moddasi birinchi qismida belgilangan yigirma kunlik muddat sud ajrimi taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga topshirilgan yoki yuborilgan kundan hisoblanadi.
33. FPK 402-moddasiga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqib:
1) ajrimni o‘zgarishsiz qoldirishga;
2) ajrimni bekor qilishga va ishni mazmunan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
3) ajrimni butunlay yoki qisman o‘zgartirishga yoxud bekor qilishga va masalani mazmunan hal qilishga haqli.
Birinchi instansiya sudi tomonidan ariza sudning ish yurituviga qabul qilinib, ish qo‘zg‘atilgandan so‘ng chiqarilgan ajrim bekor qilinganda (masalan, da’voni ta’minlash, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va h.k.) apellyatsiya instansiyasi sudi ishni mazmunan ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuboradi.
Birinchi instansiya sudining ish qo‘zg‘atilgunga qadar chiqarilgan ajrimi (masalan, arizani qaytarish yoxud qabul qilishni rad qilish to‘g‘risidagi) bekor qilinganda, apellyatsiya instansiyasi sudi bekor qilingan ajrim chiqarilishiga sabab bo‘lgan protsessual masalani o‘zi mazmunan hal qiladi.
34. Sudlarga tushuntirilsinki, FPK 4021-moddasiga muvofiq, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha birinchi instansiya sudi qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudi ajrimi ustidan shikoyat (protest) berish uchun qonunda nazarda tutilgan qoidalar va tartibda ko‘rib chiqiladi.
35. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ish bo‘yicha chiqarilgan xususiy ajrimning qonuniyligi va asosliligini tekshirishga hamda u asossiz chiqarilganligi aniqlangan taqdirda, uni bekor qilishga haqli.
36. FPK 276-moddasi talablariga muvofiq, apellyatsiya instansiyasi sudining har bir majlisida, shuningdek, sud majlisidan tashqarida amalga oshirilgan protsessual harakati to‘g‘risida bayonnoma tuziladi.
37. Ish boshqa shaxsning apellyatsiya shikoyati yoki apellyatsiya protesti bo‘yicha ko‘rilgandan so‘ng sudga kelib tushgan shikoyat (protest) uni bergan shaxsga sud hujjatlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqi tushuntirilgan holda qaytariladi.
38. Fuqarolik ishlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal etilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini har chorakda umumlashtirish tavsiya etilsin.
39. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Fuqarolik ishlarini apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi 4-sonli, 2018-yil 30-noyabrdagi “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi 33-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-aprel,
14-son