Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport hajmlarini oshirish, shuningdek, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va malakali mutaxassislarni keng jalb qilish, oʻz biznesiga ega oilalarni koʻpaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar respublikada zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini tashkil qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini birinchi navbatda, unda yetishtiriladigan mahsulotlar boʻyicha importni qisqartirish va zarur uskuna va texnikalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga tashkil etish;
issiqxona xoʻjaliklari uchun urugʻ, koʻchat va oʻgʻitlarning investorlar tomonidan doimiy yetkazib berilishini tashkil etish;
tashkil etiladigan issiqxona xoʻjaliklari uchun toʻliq agroservis xizmatlarini koʻrsatish, malakali agronomlarni biriktirish hamda zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda issiqxona xoʻjaliklari ishchilarini oʻqitish orqali soha boʻyicha yetarli koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash;
issiqxonalar hosildorligini va samaradorligini yil davomida hosil olish amaliyotini joriy etish orqali oshirish.
2. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligining xorijiy va mahalliy investorlar (keyingi oʻrinlarda — investorlar) tomonidan ishlab chiqariladigan zamonaviy va energiya tejamkor uskuna-jihozlardan foydalangan holda issiqxona xoʻjaligiga ega boʻlish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish istagini bildirgan aholining (keyingi oʻrinlarda — tashabbuskor aholi) talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib:
tashabbuskor aholi tomorqalari va xonadonlarida maydoni kamida 10 sotix boʻlgan issiqxonalar (keyingi oʻrinlarda — issiqxonalar) barpo etish;
qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar joylashgan boʻsh yer maydonlarida har birining maydoni kamida 20 sotix boʻlgan turar joy majmuasini ham qamrab olgan issiqxonalar (keyingi oʻrinlarda — uy-issiqxona majmualari) tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
3. Uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin. Bunda, loyiha doirasida:
a) davlat sherigi:
qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalladan qisqargan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar joylashgan boʻsh yer maydonlarini investorlar oʻrtasida oʻtkaziladigan ochiq tanlov yakunlari boʻyicha ijara huquqi asosida ajratadi;
uy-issiqxona majmuasiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (jumladan gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yoʻl) tortilishini taʼminlaydi;
mazkur qarorning 4 va 5-bandlarida koʻrsatilgan imtiyozlarni taqdim etadi;
b) investorlar:
loyiha-oldi va loyiha hujjatlarining (TIA, chizmalar va boshqalar) tayyorlanishi va ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlaydi;
uy-issiqxona majmualarini qurish, jihozlash va ekspluatatsiya qilishga oid loyihalarning konsepsiyasi, loyiha-smeta hujjatlarini “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda ishlab chiqadi;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq qurilish, jihozlash va ekspluatatsiya qilish xarajatlari boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini oʻz mablagʻlari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi;
uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab shartnomada kelishilgan muddatgacha yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi va ichki bozorlarda sotish va hisobini yuritish ishlarini amalga oshiradi;
davlat sherigi va tashabbuskor aholi bilan tuzilgan shartnomalar shartlariga amal qiladi;
uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddat va miqdorda xizmat haqi toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi va tashabbuskor aholi faoliyat yuritayotgan uy-issiqxona majmuasini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim muddati tugagandan soʻng davlat sherigiga oʻtkazilgan holda bepul tarzda tashabbuskor aholiga belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlaydi;
v) tashabbuskor aholi:
uy-issiqxona majmualari foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab kelishilgan muddatgacha tuzilgan shartnoma asosida uy-issiqxona majmualarida oʻzini oʻzi band qilgan holda faoliyat olib boradi hamda ularda mahsulotlar yetishtirish bilan shugʻullanadi;
kelishilgan muddat yakunlanganidan soʻng uy-issiqxona majmualarini mulk huquqi asosida, ular joylashgan yerni ijara huquqi asosida (ijara shartnomasining amal qilish muddatiga) bepul qabul qilib oladi hamda kelgusida undan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlaydi.
4. Belgilansinki:
a) tashabbuskor aholini tanlash investorlar va tuman hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
b) tashabbuskor aholi va investorlarning talablari hamda imkoniyatlaridan kelib chiqib, ular oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida issiqxonalar qurilishi ularning xonadonlari va tomorqalarida tomonlarning oʻz mablagʻlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
v) uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun:
investorlarning oʻz mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar jalb etiladi;
tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yoʻl) tortish ishlari mahalliy hokimliklarning “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari buyurtmalari asosida amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarida “Erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari hamda qonunchilikda belgilangan tartibda yirik ishlab chiqarish loyihalarini muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash” yoʻnalishi uchun nazarda tutilgan markazlashgan kapital qoʻyilmalar hisobidan moliyalashtiriladi;
g) issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarida mahsulot yetishtirish bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-son qarorida belgilangan imtiyozlar va shart-sharoitlar tatbiq etiladi.
5. Quyidagilar:
uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yigʻiladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021-yilning 31-dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin;
issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xomashyolar va butlovchi qismlar 2023-yilning 31-dekabriga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin;
issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer soligʻi stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk soligʻi stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida oʻrnatilsin.
Bunda, import qilinadigan tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilishi toʻgʻrisida ekspertiza xulosasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan beriladi.
6. Moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uy-issiqxona majmualarini qurish va ulardan foydalanish boʻyicha tuman hokimliklari, investorlar va tashabbuskor aholi oʻrtasida tuziladigan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning namunaviy shaklini tayyorlab, ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga taqdim etsin. Bunda, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning namunaviy shakliga uy-issiqxona majmuasidan investorlarning foydalanish muddati hamda uy-issiqxona majmuasida turar joy va issiqxonaning maydoniga oid va boshqa shartlar kiritiladi.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari, zaxiradagi hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalladan qisqargan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar joylashgan boʻsh yer maydonlarini aniqlasin;
bitta maydonda kamida 100 ta uy-issiqxona majmuasining joylashtirilishini nazarda tutgan holda, ularning joylashtirilishi boʻyicha manzilli dastur loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan manzilli dastur asosida investorlarga uy-issiqxona majmualari qurilishi uchun yer maydonlarining belgilangan tartibda ijara huquqi asosida ajratilishini taʼminlasin.
8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi uy-issiqxona majmualari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini (gaz, suv, elektr energiyasi, ichki yoʻl) tortish ishlarini moliyalashtirish maqsadida markazlashgan kapital qoʻyilmalar hisobidan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
a) Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
xorijiy kompaniyalar va malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda Buxoro tumanida “Zamonaviy issiqxona xoʻjaligi” koʻrgazmali seminarini tashkil etish hamda uning doirasida sohadagi muammo va yechimlarga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazish;
issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida urugʻchilik, navchilik, laboratoriya va logistika masalalarini qamrab oladigan klaster tizimini joriy qilish;
sohadagi oliy taʼlim va professional taʼlim muassasalarida zamonaviy issiqxona xoʻjaligini tashkil etish, ularda kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali usullarini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish;
b) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili oʻtkaziladigan “Tashabbus” koʻrik tanlovi doirasida “Eng ilgʻor issiqxona xoʻjaligi” nominatsiyasini joriy etsin;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarining ahamiyati, imkoniyatlari va qulayliklarini keng jamoatchilik oʻrtasida targʻib qilsin. Bunda issiqxona va uy-issiqxona majmualari faoliyatini yoritish hamda keng targʻib etishga bagʻishlangan koʻrgazmali nashrlar va uslubiy qoʻllanmalarni yaratish hamda aholiga tarqatish choralarini koʻrsin.
Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qoʻyilsin.
10. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla”, “Oʻzbekiston 24”, “Yoshlar” va mahalliy telekanallarda zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini qurish, resurs tejovchi ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etishga oid maxsus koʻrsatuvlar tashkil etilishini hamda muntazam namoyish etib borilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishda masʼul va shaxsiy javobgar etib Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari S.M. Xolxoʻjayev belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-iyun,
PQ-5138-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2021-y., 07/21/5138/0534-son)