O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VINO-AROQ MAHSULOTLARI VA SHAMPAN VINOSI ISHLAB CHIQARUVCHI KORXONALARNI MODERNIZATSIYA QILISH TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vino-aroq mahsulotlari va shampan vinosi ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularning eksportini kengaytirish va sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasining “Nagema” va “KXZ” (Germaniya) firmalari texnologiyasi asosida vino-aroq korxonalarini va shampan vinosi zavodini modernizatsiya qilish hamda 1-ilovaga* muvofiq vino-aroq mahsulotlari ishlab chiqarishni yiliga 32,718 mln. shishagacha, shampan vinosi ishlab chiqarishni yiliga 14,542 mln. shishagacha ko‘paytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Ilovada ko‘rsatib o‘tilgan aksiyadorlik korxonalari aroq va shampan vinosini shishalarga quyish bo‘yicha texnologiya uskunalari yetkazib berish va ularni 1997-yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshirgan holda o‘rnatish yuzasidan “Nagema” firmasi bilan 3,38 mln. Germaniya markasi hamda “KXZ” firmasi bilan 3,4 mln. Germaniya markasi summasida kontrakt tuzganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
“O‘zmezasabzavotuzumsanoat” uyushmasi 2-ilovaga* muvofiq muddatlarda quvvatlarni ishga tushirish jadvali bajarilishini ta’minlasin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. “Mastona” (Qo‘qon shahri), “Namanganvino” (Namangan shahri), “Sharob” (Urganch shahri) va “O‘zbekiston shampani” (Toshkent shahri) aksiyadorlik korxonalarini modernizatsiya qilishni mablag‘ bilan ta’minlash:
3-ilovaga* muvofiq umumiy summasi 5,77 mln. Germaniya markasiga teng bo‘lgan har bir kontrakt qiymatining 85 foizi “Germes” (Germaniya) jamiyati sug‘urta qoplamasi ostida Germaniya bankining kredit liniyasi doirasida qayta moliyalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kreditlari hisobiga;
* 3-ilova berilmaydi.
umumiy summasi 1,01 mln. Germaniya markasiga teng bo‘lgan har bir kontrakt qiymatining 15 foizi yuqorida sanab o‘tilgan korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishiga rozilik berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda kredit bitimi tuzsin hamda aroq va shampan vinosini shishalarga quyish bo‘yicha texnologiya uskunalari xarid qilish va o‘rnatish uchun mablag‘larni “Mastona”, “Namanganvino”, “Sharob” va “O‘zbekiston shampani” aksiyadorlik korxonalariga qayta moliyalashtirsin.
5. Aroq va shampan vinosini shishalarga quyish bo‘yicha texnologiya uskunalari xarid qilish va o‘rnatish yo‘li bilan “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasining vino-aroq mahsulotlari korxonalarini va shampan vinosi ishlab chiqarish korxonasini modernizatsiya qilish loyihasini mablag‘ bilan ta’minlash uchun Moliya vaziri Germaniya bankiga beriladigan kafolatni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati bo‘yicha yuridik xulosani Germaniya banki bilan banklararo bitimga ilovada belgilangan shaklda bersin.
8. Belgilansinki, asosiy qarzni, foizlarni qaytarish, vositachilik haqini va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kreditlariga xizmat ko‘rsatish yuzasidan xarajatlarni to‘lash yakka tartibdagi kredit shartnomalarida qayd etilgan shartlarda va muddatlarda 4-ilovaga* muvofiq korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
* 4-ilova berilmaydi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Muhiddinov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 13-iyun,
292-son