O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT SOLIQ BOSh BOShQARMASI TARKIBIDAGI MAXSUS NAZORAT BOShQARMASI TO‘G‘RISIDAGI VAQTINChALIK NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-avgustdagi 677-sonli “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibidagi Maxsus nazorat boshqarmasi to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi o‘rinbosari I. JO‘RABEKOV
Toshkent sh.,
1992-yil 28-dekabr,
595-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibidagi Maxsus nazorat boshqarmasi to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibidagi Maxsus nazorat boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda MNB) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasining davlat soliqlari va boshqa majburiyatlarning budjetga to‘liq tushishi bo‘yicha faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Mazkur Nizom Boshqarma va uning joylardagi bo‘linmalarining vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini belgilaydi.
Maxsus nazorat boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat soliq bosh boshqarmasi tarkibida tashkil etiladi.
Viloyatlarning va Toshkent shahrining davlat soliq boshqarmalari tarkibida maxsus nazorat bo‘limlari tashkil etiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Davlat soliq bosh boshqarmalari huzurida tashkil etilgan maxsus nazorat bo‘linmalari yagona tizimni tashkil etadi.
Ularning tarkibiga:
surishtiruv bo‘linmasi;
soliq idoralari xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi;
operativ-texnik bo‘linma;
tahlil qilish va oldini olish bo‘linmasi kiradi.
Maxsus nazorat boshqarmasi tizimiga kiruvchi bo‘linmalarning boshliqlari yuqori organning rahbarlari bilan kelishilgan holda huzurida ana shu bo‘linmalar tashkil etiladigan soliq boshqarmalari rahbarlari tomonidan tayinlanadi.
3. Boshqarma o‘z vakolati doirasida maxsus nazorat bo‘linmalari faoliyatini yo‘naltiradi, muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasining boshlig‘i Boshqarma faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, tuzilmani va shtatlarni tasdiqlaydi.
Boshqarma faoliyatiga rahbarlik qilishni Davlat soliq bosh boshqarmasining boshlig‘i tayinlaydigan MNB boshlig‘i amalga oshiradi.
4. Maxsus nazorat bo‘linmalari huquqiy faoliyatining asosini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zSSR Oliy Kengashining 1991-yil 14-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston SSR davlat soliq idoralari to‘g‘risidagi Nizom, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining me’yoriy hujjatlarni, shuningdek, mazkur Nizom tashkil etadi.
5. MNB bo‘linmalari, odatda, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilaridan, shu jumladan, zaxiraga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilardan, IIV, MXX, prokuratura, adliya organlari xodimlaridan, shuningdek, xalq xo‘jaligi mutaxassislaridan butlanadi.
6. Boshqarma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro xamkorlikda amalga oshiradi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 20-oktabrdagi 483-son qaroriga muvofiq MNB bo‘linmalari xodimlariga, shu jumladan, ishga IIB, MXS organlaridan va boshqa organlardan o‘tgan va ularda ilgari ishlagan xodimlarga egallab turgan lavozimlariga muvofiq maxsus shaxsiy unvonlar beriladi. Ularga mutaxassislik bo‘yicha huquqni muhofaza qilish va boshqa organlarda ishlaganliklari hisobga olingan holda ma’lum xizmat muddati uchun ish haqiga oylik qo‘shimcha to‘lov belgilanadi. Soliq idoralari xodimlari tomonidan xizmat vazifalari bajarilishi munosabati bilan ularning hayoti yoki sog‘liklariga xavf soluvchi hujumlardan himoya qilish maqsadida MNB xodimlariga tabelda nazarda tutilganligiga muvofiq o‘q otar qurolni saqlash, olib yurish va qo‘llash huquqi beriladi.
8. Boshqarma va uning bo‘linmalarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
soliqlar to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash;
soliq qonunchiligi buzilishining oldini olish va unga barham berish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
soliq to‘lovchilar tomonidan daromadlar (foydalarning va budjetga boshqa to‘lovlarning qasddan yashirilishi yoki kamaytirilishi hollarini aniqlash;
soliq xizmatlari faoliyatining xavfsizligini ta’minlash.
9. Soliq idoralari oldida turgan vazifalar samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida MNB xodimlariga O‘zSSR Oliy Kengashining 1991-yil 14-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zSSR davlat soliq idoralari to‘g‘risidagi Nizomda nazarda tutilgan huquqlar beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq idoralari Maxsus nazorat boshqarmasiga amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq (O‘zSSR JPK 97-moddasi, 7-bandi) foyda (daromad)ni yoki soliq solinadigan boshqa obyektni qasddan yashirish belgilarini topish, foyda (daromad)ni qasddan yashirgan shaxslarni aniqlash, soliq qonunchiligi sohasidagi huquqbuzarlikning yo‘lini to‘sish maqsadida surishtiruv olib borish huquqi berilgan.
Aybdorlarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani hal etish davlat soliq idoralari vakolati doirasidan tashqariga chiqqan taqdirda MNB xodimlari amaldagi qonunchilikni buzish hollari to‘g‘risidagi materiallarni tergov va sud organlariga topshirishlari kerak.
Jinoyatlarni ochish, shuningdek, jinoyat sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish uchun surishtiruvchi surishtiruvni amalga oshirishda ilmiy-texnika vositalari va jinoyatni ochish usullari samarali qo‘llanilishini ta’minlashi kerak.
Soliq idoralari surishtiruv xizmatlari xatti-harakatlarining qonuniyligi ustidan nazorat qilishni O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi organlari amalga oshiradilar.
10. Soliq idoralari Maxsus nazorat boshqarmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
a) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda amaldagi qonunchilikka muvofiq chiqarilgan soliq idoralari faoliyatini tartibga soluvchi boshqa me’yoriy aktlar va hujjatlarga qat’iy rioya qilish;
b) O‘zbekiston Respublikasining soliqlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga rioya qilish ustidan nazoratni amalga oshirish;
v) soliq solinishi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat belgilarini va ularni sodir etgan shaxslarni topish va aniqlash, jinoiy ko‘rinishlarning yo‘lini to‘sish va ularning oldini olish maqsadida jinoyat-protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
g) soliq inspeksiyalari va nazorat-taftish boshqarmalarining nazorat faoliyati holatini tahlil qilish. Tahlil qilish va o‘rganish orqali soliq qonunchiligi buzilishi uchun sharoitlar yaratiladigan yoki aniq jinoyatlar belgilari mavjud bo‘lgan joylar, mintaqalar, korxonalar va tashkilotlarni aniqlash. Bu ishni bajarish davomida soliq qonunchiligi buzilishiga olib keluvchi shart-sharoitlarning tugatilishi choralarini ko‘rish;
d) soliq qonunchiligini ijro etish chog‘idagi suiiste’mollar mavjudligi to‘g‘risida axborot olingandan keyin soliq to‘lovchilar o‘rtasida zarur tadbirlar o‘tkazilishini ta’minlash;
e) huquqni muhofaza qilish organlari (prokuratura, O‘zbekiston Respublikasi MXX va IIV) bilan o‘zaro hamkorlik va axborot ayirboshlashni ishonchli ta’minlash hamda soliq qonunchiligi buzilishi (jinoyatlar) to‘g‘risida ularda mavjud bo‘lgan va paydo bo‘luvchi maxfiy ma’lumotlardan to‘liq foydalanish. Bu ma’lumotlarni soliq inspektorlari va NTB taftishchilari yordamida va ishtirokida ro‘yobga chiqarish choralarini ko‘rish;
j) operativ harakatlarni qonunchilikka rioya qilingan holda amalga oshirish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
z) soliq solinishi bilan bog‘liq huquqni buzishlarning oldini olish maqsadida ogohlantiruvchi — oldini oluvchi ishlarni amalga oshirish, ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
i) ma’muriy amaliyot bo‘yicha ishlarning holatini tahlil qilish, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan tergovdagi materiallarning bundan keyin hal etilishi bo‘yicha nazoratni amalga oshirish;
k) mansabdor shaxslar va fuqarolarning soliq idoralari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan bergan shikoyat va arizalarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;
l) soliq siyosatini, jinoyat-protsessual normalarni takomillashtirish bo‘yicha yangi qonunchilik aktlari qabul qilish va O‘zbekiston Respublikasida soliq solinishini tartibga soluvchi eskirgan me’yoriy hujjatlarni bekor qilish yoki o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflarni keyinchalik respublika Hukumatiga kiritish uchun Bosh boshqarma rahbarlari uchun ishlab chiqish va tayyorlash;
m) davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlarning xavfsizligini ta’minlash;
n) davlat soliq xizmati idoralari xodimlariga nisbatan jinoiy intilishlarni aniqlash yo‘li bilan ularning xavfsizligini ta’minlash hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro hamkorlikda jinoiy intilishlarning ta’sirini yo‘qotish choralarini ko‘rish;
o) soliq xizmati xodimlari o‘rtasida xizmat mavqeini suiiste’mol qilish hollarini aniqlash, shuningdek, soliq idoralari xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda halok bo‘lgan yoki ularga tan jarohati yetkazilgan hollarda xizmat yuzasidan tergov o‘tkazish;
p) daromadlar (foyda)ni qasddan yashirishni isbotlash ishida va soliq qonunchiligi boshqacha tarzda buzilgan hollarda zamonaviy operativ ilmiy-texnikaviy vositalar va usullar qo‘llanilishini ta’minlash;
r) soliq qonunchiligi buzilishi ishlari bo‘yicha kriminalistik tadqiqotlar o‘tkazish.
11. Boshqarma va uning tizimiga kiruvchi bo‘linmalar xodimlariga O‘zSSR Oliy Kengashining 1991-yil 14-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan davlat soliq idoralari to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq huquqiy va ijtimoiy himoya kafotlanadi.
Maxsus nazorat bo‘linmalari xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida davlat hokimiyatining vakillari hisoblanadilar va uning himoyasi ostida bo‘ladilar.
Davlat soliq idoralari Maxsus nazorat bo‘linmalari xodimlari uy-joy, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalaridagi o‘rinlar, kvartira telefonlari bilan birinchi navbatda ta’minlanadilar. Ular respublika budjeti mablag‘lari hisobidan majburiy sug‘urta qilinishlari kerak.
Davlat soliq idoralari MNB xodimlari xizmat faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda halok bo‘lgan taqdirda halok bo‘lganning oilasiga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan ellik oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Nafaqa miqdori oxirgi ishlangan yildagi o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi.
MNB xodimlariga kasb faoliyati bilan shug‘ullanishni istisno qiluvchi og‘ir tan jarohati yetkazilgan taqdirda ularga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan yigirma besh oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi, shuningdek, har oyda ularning lavozim maoshlari bilan pensiyalari o‘rtasidagi farq miqdorida pul mablag‘i to‘lanadi.
MNB xodimlariga unchalik og‘ir bo‘lmagan tan jarohati yetkazilganda ularga respublika budjeti mablag‘lari hisobidan besh oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi.
MNB xodimlariga (yoki ularning yaqin qarindoshlariga) tegishli bo‘lgan mol-mulkka ularning xizmat faoliyatini amalga oshirishlari bilan bog‘liq holda yetkazilgan zarar respublika budjeti mablag‘laridan to‘liq hajmda qoplanadi, keyinchalik bu pul miqdori aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Boshqarma va uning tizimi tarkibiga kiruvchi idoralar xodimlari ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish chog‘ida faqat o‘zlarining bevosita boshliqlariga bo‘ysunadilar. Hech kim Boshqarma va uning tizimi tarkibiga kiruvchi idoralar xodimlarini ularga mazkur Nizom bilan yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majbur qila olmaydi.
MNB xodimlari o‘z vazifalarini bajarmaganliklari uchun yuridik javobgarlikka tortiladilar.