O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA DAVOLASH MUASSASALARINING TEXNIK JIHOZLANISHINI MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘FRISIDA
[Ko‘chirma]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakat aholisi sog‘lig‘ini mustahkamlashga, tibbiy yordam ko‘rsatishni tubdan yaxshilashga katta ahamiyat berib hamda respublika sog‘liqni saqlash tizimi davolash muassasalarini yuqori texnologiyali asbob-uskunalar va texnikaning eng yangi turlari bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Simens” aksiyadorlik jamiyati (GFR) bilan respublikaga 23,3 mln. Germaniya markasi summasida yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berishga kontrakt tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi kontraktni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
2. Tibbiy asbob-uskunalar xarid qilishni mablag‘ bilan ta’minlash:
kontrakt qiymatining 85 foizi (19,8 mln. Germaniya markasi) “Germes” (GFR) sug‘urta jamiyatining sug‘urta qoplamasi ostida “Berliner Bank AG” (GFR) banki krediti hisobiga;
kontrakt qiymatining 15 foizi (3,5 mln. Germaniya markasi) “Berliner Bank AG”ning qisqa muddatli (1,5 yil) krediti hisobiga amalga oshirilishiga rozilik berilsin.
Chet el bankining kreditlarini qaytarish O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga 1-ilovaga* muvofiq amalga oshiriladi.
* 1-ilova berilmaydi
3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B. S. Hamidov mazkur loyiha bo‘yicha kreditor — Germaniya bankiga va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga hukumat kafolatlarini berishga vakil qilinsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati bo‘yicha yuridik xulosani chet el banklari bilan banklararo bitimga ilova shaklida belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ikki oy muddatda kredit bitimi tuzsin va “Berliner Bank AG” Germaniya bankining “Germes” (GFR) jamiyatining sug‘urta qoplamasi ostidagi mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi uchun qayta moliyalashtirilishini ta’minlasin.
6. “Simens” hissadorlik jamiyatining tibbiy asbob-uskunalarini yetkazib berish nazarda tutilgan davolash muassasalari ro‘yxati 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi
7. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:
tibbiy asbob-uskunalarning aniq yo‘naltirilishini, ularning o‘z vaqtida montaj qilinishini, O‘zbekiston aholisi manfaatlari yo‘lida ulardan samarali va keng foydalanilishini;
1998-yilda va keyingi yillarda kredit respublika va mahalliy budjetlarda tibbiy asbob-uskunalar va texnika xarid qilish uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobiga o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlasinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1998-yilga va keyingi yillarga budjet loyihasini ishlab chiqishda kredit bo‘yicha qarzlarni qaytarish zarurligini va unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 6-iyun,
285-son