Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir choralar toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 23-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 24-aprelda maʼqullangan
Senat tomonidan 2021-yil 24-aprelda maʼqullangan
Mazkur Qonun global koronavirus pandemiyasi davom etayotgan davrda respublika aholisining ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini kafolatli taʼminlash hamda narx-navolar asossiz oʻsib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qabul qilinmoqda.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda) 483-moddasi quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinadi:
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish;
oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma”.
2-modda. 2021-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda:
ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan mazkur Qonunning ilovasiga muvofiq eksport bojxona bojlari kiritiladi;
tadbirkorlik subyektlariga oʻzlari tomonidan import qilingan kungaboqar yogʻi va kungaboqar urugʻlarini qayta ishlash natijasida olingan oʻsimlik yogʻining (TIF TN boʻyicha kodi 1512 11 — 1512 19) 50 foizidan oshmagan qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilingan kungaboqar yogʻi va kungaboqar urugʻlarini qayta ishlash natijasida olingan oʻsimlik yogʻi hajmiga nisbatan eksport shartnomalari doirasida amalga oshirilgan eksport 50 foizdan oshishiga yoʻl qoʻyilmasligi boʻyicha nazorat oʻrnatsin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 29-aprel,
OʻRQ-689-son
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir choralar toʻgʻrisida”gi 2021-yil 29-apreldagi OʻRQ-689-sonli Qonuniga
ILOVA
ILOVA
Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari
|
T/r |
Oziq-ovqat mahsulotining qisqacha nomi |
Mahsulotning TIF TN kodlari |
Eksport bojxona boji stavkalari* tovarning bojxona qiymatidan foiz yoki 1 kg uchun AQSh dollari |
|
1. |
Kungaboqar va paxta urugʻlari |
1206; |
30 %, biroq 1 kg uchun 0,2 AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda |
|
2. |
Kungaboqar yogʻi |
1512 11 — 1512 19 |
20 %, biroq 1 kg uchun 0,2 AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda |
|
3. |
Paxta yogʻi |
1512 21 — 1512 29 |
50 %, biroq 1 kg uchun 0,5 AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda |
* Ushbu ilova bilan eksport bojxona boji stavkalari mazkur tovarlar uchun “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2021-y., 03/21/689/0395-son)