O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
II Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Baxshichilik san’atini respublika va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida mavjud bo‘lgan o‘ziga xos ijro uslublari asosida ijodiy maktablarni “ustoz-shogird” an’analari asosida qayta tiklash va rivojlantirish maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2021-yilda Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini (keyingi o‘rinlarda — Festival) tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-noyabrdagi PQ-3990-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (A.N. Aripov):
a) Festivalni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuqori tashkiliy daraja va badiiy saviyada o‘tkazish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda:
Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini kelgusida bosqichma-bosqich respublikaning boshqa hududlarida o‘tkazish choralarini ko‘rsin;
sanitariya-epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda joriy yildagi Festival hamda kelgusidagi Xalqaro baxshichilik san’ati festivallarini o‘tkazish muddatini belgilasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-aprel,
PQ-5070-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-apreldagi PQ-5070-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-3990-son qarorida:
“1. Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasining har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini (keyingi o‘rinlarda — Festival) tashkil etish hamda ushbu festivalni birinchi marta 2019-yilning 5 — 10-aprel kunlari Termiz shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin”;
“4. Madaniyat vazirligi hamda Festival o‘tkaziladigan hudud hokimligi Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul etib belgilansin”;
v) 8-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Termiz shahridagi “Surxondaryo san’at saroyi” davlat muassasasi maydoni hududida” so‘zlari chiqarib tashlansin;
g) 9-banddagi “, Surxondaryo viloyati hokimligi” so‘zlari chiqarib tashlansin;
“10. Belgilab qo‘yilsinki, Festivalni tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Festivalni o‘tkazish belgilangan hududning mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda hamda homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4730-son qarorida:
a) 1-ilova “O‘zbekiston davlat filarmoniyasi” davlat muassasasi” blokidan keyin “O‘zbekiston davlat simfonik orkestri” davlat muassasasi” bloki bilan to‘ldirilsin;
b) 2-ilovaning “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Xalqaro festivallar direksiyasi, “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi, Islom Karimov nomidagi Farg‘ona viloyati teatr va konsert saroyi, “Surxondaryo san’at saroyi” davlat muassasasi, Respublika baxshichilik san’ati markazi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, davlat teatrlari, teatr studiyalari, O‘zbek davlat sirki, ko‘zi ojizlar kutubxonalari, davlat muzeylari, muzey-qo‘riqxonalar, uy muzeylari” blokida “O‘zbekiston davlat filarmoniyasi,” so‘zlaridan keyin “O‘zbekiston davlat simfonik orkestri” davlat muassasasi” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2021-y., 07/21/5070/0315-son)