Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6196-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻrnatilayotgan yangi mexanizmlarning samarali amalga oshirilishini taʼminlashda ichki ishlar organlarining roli va masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida:
1. Mahalla huquq-tartibot maskani toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) hokimlari har oyda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika bosh (katta) inspektori bilan shaxsan uchrashib, hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida aniqlangan muammoli masalalarni hal etish choralarini koʻradi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son)
Oldingi tahrirga qarang.
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har yarim yilda mahalla huquq-tartibot maskaniga rahbarlik qilayotgan profilaktika bosh (katta) inspektorining hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash ahvoli boʻyicha hisobotini eshitadi va zarur choralarni belgilaydi.
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son)
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov):
bir oy muddatda bevosita joylarga chiqqan holda profilaktika inspektorlari tomonidan har bir oila va xonadondagi muhitni, shuningdek, huquqbuzarliklar sodir etilishiga taʼsir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni oʻrganish hamda bartaraf etish boʻyicha “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimini yoʻlga qoʻysin;
Oliy sud (K.F. Kamilov), Bosh prokuratura (N.T. Yoʻldoshev) va Adliya vazirligi (R.K. Davletov) bilan birgalikda bir oy muddatda profilaktika inspektorining mahalla osoyishtaligini taʼminlash bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy jazo qoʻllash vakolatini kengaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) hamda Oliy sud (K.F. Kamilov) bilan birgalikda 2021-yil 1-sentabrga qadar profilaktika inspektorlari vakolatiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yurituvni toʻliq elektron shaklga oʻtkazsin va profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” tarzda qatnashish amaliyotini joriy etsin.
2. Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi boshqaruv tizimi joriy etilsin:
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash ushbu hududlardagi ichki ishlar va boshqa vakolatli organlarning mavjud kuch va vositalarini yagona “poytaxt mintaqasi” tamoyili asosida safarbar qilgan holda hamkorlikda amalga oshiriladi;
Toshkent shahridagi patrul-post xizmati batalyonlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining bevosita boʻysunuvidan chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri tuman ichki ishlar organlari tarkibiga oʻtkaziladi va ularning kunlik xizmati mahallalar kesimida yoʻlga qoʻyiladi;
jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganda poytaxtdagi barcha ichki ishlar organlari faoliyatini, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha vakolatli davlat organlari va jamoat tuzilmalari kuch va vositalarining yagona tezkor boshqaruvi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi zimmasiga, umumiy boshqaruvi ichki ishlar vaziri zimmasiga yuklatiladi.
3. Yagona “poytaxt mintaqasi” tamoyili asosida ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlarining hamraisligida Jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etilsin.
Belgilansinki:
Toshkent shahar va Toshkent viloyati Milliy gvardiya boshqarmalarining boshliqlari Kengash raisining oʻrinbosarlari hisoblanadi;
Kengash yigʻilishlari har oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladi hamda ularda poytaxt mintaqasida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni tahlil qilish natijasida aniqlangan muammolarni oʻzaro hamkorlikda hal etish boʻyicha manzilli choralar belgilanadi.
Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov, Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M. Joʻrayev mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda Kengash tarkibini tasdiqlasin, ichki ishlar vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov Kengash faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrsin.
4. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzurida Yagona tezkor boshqaruv markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
poytaxt hududida kriminogen va ijtimoiy vaziyatni uzluksiz monitoring qilish, jamoat xavfsizligini taʼminlashga jalb etilgan ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Toshkent shahar hokimligining tegishli kuch va vositalarini boshqarish;
jinoyat, hodisalar va favqulodda holatlar haqidagi xabarlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish, jamoat tartibini ommaviy buzish bilan bogʻliq holatlar yuzaga kelganda vakolatli idoralarning harakatlarini markazlashgan holda muvofiqlashtirish.
5. Ish unumdorligini oshirish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-iyuldan boshlab, shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.
Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxoʻjayev, A.I. Ikramov):
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A. Pekos) bilan birgalikda joriy yilning birinchi yarmi yakuniga qadar elektron tizimining dasturiy taʼminoti ishlab chiqilishi va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimiga joriy etilishini taʼminlasin;
Adliya vazirligi (R.K. Davletov) bilan birgalikda bir oy muddatda profilaktik hisobga olinadigan shaxslar roʻyxatini qisqartirish boʻyicha takliflarni kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-fevraldagi PQ-55-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
7. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Jazoni ijro etish departamenti) toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxoʻjayev, R.A. Tursunov) 2021 — 2023-yillar davomida jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno etish va jazoni oʻtashning tartibotini taʼminlash maqsadida:
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida qatʼiy intizom va qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borish jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish;
jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar, shu jumladan ularning qarindoshlari tomonidan qonun bilan taqiqlanmagan buyumlarni erkin bozor mexanizmlariga asoslangan elektron doʻkonlar orqali sotib olish imkoniyatini yaratish;
mahkumlarni qayta tarbiyalashning taktikasini toʻgʻri belgilash va ular tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida har bir mahkumning xulq-atvori va shaxsi haqidagi maʼlumotlar elektron bazasini yuritish va uning asosida mahkumlarni taqsimlash jarayonini toʻliq raqamlashtirish choralarini koʻrsin.
8. Mahkumlarni mehnatga jalb qilish orqali qayta tarbiyalash va sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida mavjud shtat birliklari doirasida quyidagi lavozimlar kiritilsin:
Jazoni ijro etish departamenti boshligʻining axborot texnologiyalari hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosarlari;
jazoni ijro etish muassasalari boshliqlarining ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari.
Belgilansinki:
joriy etilayotgan lavozimlarga ishlab chiqarish, marketing va axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislikka hamda zarur tajribaga ega shaxslar tayinlanadi, shuningdek, ularga mehnat bozori konyunkturasidan kelib chiqib, Jazoni ijro etish departamentining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshiriladi;
jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi davlat unitar korxonalari jazoni ijro etish muassasalarining yuridik shaxs hisoblanmagan va budjetdan tashqari faoliyatni amalga oshiradigan ishlab chiqarish boʻlinmalari sifatida qayta tashkil etiladi;
jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyatidan kelib tushadigan mablagʻlar mazkur sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va talab yuqori boʻlgan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi budjetdan tashqari faoliyatni amalga oshiradigan ishlab chiqarish boʻlinmalari lavozimlariga tegishli sohada amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan shaxslar shahodatlangan lavozimlar hisobidan tayinlanishi mumkin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
9. Vazirlar Mahkamasi va Ichki ishlar vazirligining 2021-yil yakuniga qadar ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining elektron maʼlumotlar bazalarini yagona platforma negizida birlashtirish asosida “E-ichki ishlar organlari” markazlashgan axborot tizimini yaratish;
ichki ishlar organlarining barcha axborot tizimlarini integratsiya qilish va ulardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining Maʼlumotlarni qayta ishlash yagona markazini yaratish.
Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxoʻjayev) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A. Pekos) bilan birgalikda bir oy muddatda ichki ishlar organlarining faoliyatini bosqichma-bosqich toʻliq raqamlashtirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin.
10. Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Konsepsiyani amalga oshirish doirasida:
ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish ishlari “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” konseptual gʻoyasi asosida tashkillashtiriladi;
ichki ishlar organlarining xodimlarida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish kabi oliy masʼuliyat tuygʻusini shakllantirish maqsadida har bir hududiy ichki ishlar organlarida “vatanparvarlik burchagi” tashkil etiladi;
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi bilan ishlash sohasining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanadi.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M.M. Xojimatov) boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan birgalikda ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yuqori saviyada tashkil etish choralarini koʻrib borsin.
11. Belgilansinki, mazkur qaror bilan amalga oshirilayotgan tashkiliy-shtat oʻzgarishlariga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlarining tizimda egallab turgan lavozimi boʻyicha pul taʼminoti va ijtimoiy imtiyozlar ular lavozimga qayta tayinlanguniga yoki pensiyaga chiqquniga qadar, biroq uch oydan koʻp boʻlmagan muddatga saqlab qolinadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Ichki ishlar vazirligi:
bir oy muddatda Moliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga muvofiq xarajatlar smetalariga oʻzgartirishlar kiritsin;
ikki oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 2-aprel,
PQ-5050-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Mahalla huquq-tartibot maskani toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mahalla huquq-tartibot maskani (keyingi oʻrinlarda — Maskan) mahalla va qishloqlarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini bevosita amalga oshiradigan, shuningdek, fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot organlari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etadigan ichki ishlar organlarining eng quyi boʻgʻinidagi tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi.
2. Maskan oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonuni va boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Ichki ishlar vazirligining normativ hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Maskanlar Toshkent shahri tumanlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, shuningdek, yirik tuman va shaharlarda tashkil etiladi.
Maskanlar binolariga qoʻyiladigan talablar va ularda faoliyatni olib borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Maskanlar oʻz faoliyatini:
profilaktika bosh inspektori, profilaktika katta inspektori, profilaktika inspektori, profilaktika kichik inspektori;
hududda xizmat qilish uchun biriktirilgan yoki tashkiliy-shtat tuzilmasi asosida kiritilgan tuman (shahar) ichki ishlar organining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, probatsiya boʻlinmasi inspektori, tezkor vakil, patrul-post xizmati xodimlari, yoʻl harakati xavfsizligi inspektori;
hududda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasiga koʻmaklashish uchun yuborilgan Milliy gvardiya qoʻriqlash boʻlinmasining naryadi, boshqa vakolatli davlat organlarining xodimlari va jamoat tuzilmalarining vakillari tarkibida amalga oshiradi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-mart)
2-bob. Maskanning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Maskanning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahallada (qishloqda) jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita amalga oshirish;
fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa davlat organlari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etish;
aholi muammolarini hal etish, shuningdek, huquqbuzarlikdan jabrlangan, gʻayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish;
mahallaning (qishloqning) kirish-chiqish joylarida va hududdagi boshqa obyektlarda oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalaridan foydalangan holda, yagona markazlashgan elektron kuzatish va monitoringni amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, aniqlash va fosh etish.
6. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq Maskan quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) mahallada (qishloqda) jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishni bevosita amalga oshirish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish;
jinoyatlarni aniqlash va fosh etish, surishtiruv, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan, jinoiy jazodan boʻyin tovlayotgan, bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
“jinoyat oʻchoqlari” hisoblangan joylarda piyoda, moto- va avtopatrul yoʻnalishlarini tashkil etish;
probatsiya nazoratidagi shaxslarning oʻrnatilgan cheklovlarga rioya etishini uzluksiz tekshirish;
sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etish boʻyicha zarur dastlabki tadbirlarni tashkil etish, fuqarolarning shaxslarini aniqlash choralarini koʻrish;
“Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhi aʼzolaridan iborat patrul yoʻnalishlarini tashkil etish;
b) fuqarolarning xavfsizligi va osoyishtaligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari, boshqa davlat organlari va jamoat tuzilmalarining mahallalar kesimida birgalikda ishlashini tashkil etish sohasida:
jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish toʻgʻrisida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning taqdimnomasini, sudning xususiy ajrimini fuqarolar ishtirokida taʼsirchan muhokama qilish, mazkur sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilash;
jinoyatlarning usullari va oqibatlari haqida tushuntirish-targʻibot ishlarini amalga oshirish, ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;
narkologik kasalliklarga (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlikka) chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish ishlarini nazorat qilish;
v) aholi muammolarini hal etish, shuningdek, huquqbuzarlikdan jabrlangan, gʻayriijtimoiy xulq-atvorga ega, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish sohasida:
aholining eng muhim muammolarini aniqlash va ijtimoiy keskinlikni yumshatish masalalari boʻyicha fuqarolar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqot qilish yuzasidan zarur choralarni koʻrish;
fuqarolar tomonidan bildirilgan muammolarning elektron roʻyxatini shakllantirish va ularni mahallada yashovchi har bir shaxs kesimida hal etish choralarini koʻrish;
alohida koʻmakka muhtoj (nogiron, ogʻir kasal, keksa va nuroniy) fuqarolarning yashash manziliga borgan holda mobil qurilmalar orqali identifikatsiya ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish;
muammoli oilalar va uzoq muddat mobaynida chet elda boʻlib qaytgan shaxslarning elektron roʻyxatini yuritish, ularga huquqiy, tibbiy va psixologik yordam koʻrsatilishini tashkil etish;
profilaktik hisob, maʼmuriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan ijtimoiy moslashtirish ishlarini ularning elektron ijtimoiy-psixologik portretini tuzgan holda yakka tartibdagi ijtimoiy moslashtirish dasturi asosida amalga oshirilishini tashkil etish;
g) mahallaning (qishloqning) kirish-chiqish joylarida va hududdagi boshqa obyektlarda oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalaridan foydalangan holda, yagona markazlashgan elektron kuzatish va monitoringni amalga oshirish orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aniqlash va fosh etish sohasida:
hududning kirish-chiqish joylariga, shuningdek, koʻp qavatli uylarda zamonaviy videokuzatuv moslamalari oʻrnatilishini va uzluksiz ishlashini taʼminlash;
hududidagi obyektlarda oʻrnatilgan videokuzatuv moslamalarini Maskanga integratsiya qilinishi yuzasidan zarur tashkiliy choralarni koʻrish;
videokuzatuv lavhalarini sifatli va uzluksiz tahlil qilib borish orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aniqlash va fosh etish choralarini amalga oshirish.
Maskan qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
7. Maskan xodimlarini ularning vazifa va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan tadbirlarga jalb qilish, ularning zimmasiga taalluqli boʻlmagan vazifalarni yuklash, faoliyatiga asossiz aralashish taqiqlanadi.
3-bob. Maskan faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
8. Profilaktika bosh (katta) inspektori Maskanning bevosita rahbari hisoblanadi va uning zimmasiga mahallada (qishloqda) jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha kunlik ishni samarali tashkil etish masʼuliyati yuklanadi.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son)
9. Maskan rahbari:
Maskan faoliyatiga yuklatilgan vazifalarning lozim darajada bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Maskanda faoliyat koʻrsatadigan xodimlarga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi, hududda patrul yoʻnalishlarini belgilaydi va patrullik xizmatini tashkil etadi;
hududda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasiga koʻmaklashish uchun yuborilgan Milliy gvardiya boʻlinmasi, boshqa vakolatli davlat organlarining xodimlari va jamoat tuzilmalari vakillarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Maskanning ish rejalarini tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qaroriga asosan 9-band oltinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-mart — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son)
Maskanda samarali faoliyat koʻrsatadigan xodimlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida hududiy ichki ishlar organi rahbariga toʻgʻridan-toʻgʻri taklif kiritadi;
Maskan vakolatiga kiradigan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Profilaktika bosh inspektori yoʻqligida uning vakolatlari profilaktika katta inspektori tomonidan amalga oshiriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son)
11. Qonuniylikning taʼminlanganligi, mahalladagi (qishloqdagi) kriminogen vaziyatning barqarorligi va huquq-tartibot organlari faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikda ijobiy fikrning shakllanganligi Maskan faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari hisoblanadi.
4-bob. Maskanning moddiy-texnik taʼminoti
12. Maskan uchun yer maydoni, binolarni ajratish, qurish, taʼmirlash, kapital taʼmirlash va mebel bilan jihozlash tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan, boshqa moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
13. Maskanni zaruriy texnik vositalar, koʻrgazmali qoʻllanmalar, xizmat hujjatlari va avtotransport vositalari bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Ish yuritish va maxfiylik tartiboti boʻyicha tadbirlar Maskan tomonidan oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
15. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning (keyingi oʻrinlarda — mahkumlar) jazolarini ijro etish, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni (keyingi oʻrinlarda — qamoqqa olingan shaxslar) saqlash, ularni qoʻriqlash va boshqa yerga koʻchirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish va tashkil etishni taʼminlovchi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatining (keyingi oʻrinlarda — IIV) mustaqil tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Departament oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, IIVning normativ hujjatlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Ichki ishlar organlarining jazoni ijro etish tizimi quyidagilardan tashkil topadi:
Departament;
mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari;
jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan davolash huquqi asosida;
tarbiya koloniyasi;
tergov hibsxonalari;
mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona;
tezkor harakatlar otryadi;
markaziy omborxona.
4. Departament ichki ishlar organlarining jazoni ijro etish tizimi uchun yagona boshqaruv faoliyatini amalga oshiradi.
Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari ichki ishlar organlari tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining faoliyatini tashkil etish va kunlik nazoratini olib borish borasidagi ishlarni amalga oshiradi.
Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
5. Departament oʻz faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha belgilangan tartibda ichki ishlar organlarining boshqa boʻlinmalari, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni amalga oshiradi.
6. Departament mustaqil balansga, bank hisobvaragʻiga, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda oʻzining toʻliq nomi yozilgan blank va muhrga, shtampga ega, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan taʼsis etiladigan Departament faoliyatining oʻziga xos xususiyatlari aks ettirilgan emblema va farqlovchi belgilarga ega boʻlishi mumkin.
2-bob. Departamentning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi:
mahkumlarga nisbatan jinoiy jazolarni ijro etish, qamoqqa olingan shaxslarni tergov hibsxonalarida saqlashni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
jazoni ijro etish muassasalarida va tergov hibsxonalarida qoʻriqlash va xavfsizlikni taʼminlash, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga rioya etish;
mahkumlarni tarbiyalash, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, shuningdek, ularga ozod etilganidan soʻng ijtimoiy moslashuvi uchun koʻmaklashish faoliyatini tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalarining moliya-xoʻjalik va ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish orqali mahkumlarning bandligini taʼminlash;
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish.
8. Oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda Departament quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) mahkumlarga nisbatan jinoiy jazolarni ijro etish, qamoqqa olingan shaxslarni tergov hibsxonalarida saqlashni tashkil etish va muvofiqlashtirish sohasida:
jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish, mahkumlarning “elektron nazorati”ni taʼminlovchi axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali jazolarni ijro etishni tashkil qilish;
sudlarning, shuningdek, ish yurituvida jinoyat ishi boʻlgan boshqa organlarning tegishli hukm, ajrim va qarorlarini aniq va soʻzsiz ijro etish;
mahkumlarning jazoni ijro etish uchun oʻz vaqtida yuborilishini, ularning joylashtirilishini, shuningdek, mahkumlarning va qamoqqa olingan shaxslarning belgilangan tartibda bir jazoni ijro etish muassasasi va tergov hibsxonasidan boshqasiga koʻchirilishini taʼminlash;
amnistiya va afv etish toʻgʻrisidagi hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida tashkil etish;
mahkumlarning va qamoqqa olingan shaxslarning ajratib qoʻyilishi, qoʻriqlanishi va nazorat qilinishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli davlat organlarining jinoyat ishi yurituvi sohasidagi xalqaro hamkorlik bilan bogʻliq, shu jumladan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan mahkumlarni topshirish (ekstraditsiya qilish) bilan bogʻliq qarorlarining ijro etilishini tashkil etish;
sud hujjatlarining ijro etilishini taʼminlash boʻyicha tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatish;
ichki ishlar organlarining jazoni ijro etish tizimidagi boʻlinmalari va muassasalarida axborot-tahliliy ishlarni tashkil etish, ularning faoliyatini rejalashtirish va prognoz qilish;
jinoiy jazoni ijro etish va qamoqda saqlash faoliyatini tashkil etish va taʼminlash boʻyicha uslubiy materiallarni ishlab chiqish;
b) jazoni ijro etish muassasalarida va tergov hibsxonalarida qoʻriqlash va xavfsizlikni taʼminlash, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilinishiga rioya etish sohasida:
jazoni ijro etish muassasalarida va tergov hibsxonalarida huquq-tartibot va qonuniylikni taʼminlash;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududlarida boʻlgan mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning, shuningdek, xodimlar (ishchilar va xizmatchilar) va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash;
jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, ishlab chiqarishdagi mahkumlarni mehnatga jalb etadigan tashkilotlar obyektlarini nazorat qilishning zamonaviy axborot texnologiya va muhandislik-texnik vositalaridan foydalangan holda lozim darajada qoʻriqlashni tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalarning xavfsizligini taʼminlash borasida Qorovul qoʻshinlari, hududiy ichki ishlar organlari, prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda texnik, tezkor va profilaktik tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish;
hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda jazoni ijro etish muassasalaridan 50 metr masofada maʼmuriy, maishiy, xoʻjalik bino va inshootlari qurilishi uchun yer uchastkalarini ajratishga, ularni ijaraga berishga, shuningdek, balandligi 6 metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarni qurishga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalarida yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
mahkumlar orasida koʻngilli yongʻin oʻchirish otryadlarini tashkil etish, ularga tushuntirishlar berishda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy tuzilmalari bilan hamkorlik qilish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning taklif, ariza va shikoyatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqishni taʼminlash;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar tomonidan jazoni ijro etish, qamoqda saqlashning belgilangan tartibiga rioya etilishini taʼminlash;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida tegishli belgilangan normalarga mos keladigan ushlab turish shart-sharoitlarini yaratish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning moddiy-maishiy taʼminotini va ularga tibbiy xizmat koʻrsatilishini samarali tashkil etish, shuningdek, mahkumlarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashni amalga oshirish;
v) mahkumlarni tarbiyalash, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish, shuningdek, ularga ozod etilganidan soʻng ijtimoiy moslashuvi uchun koʻmaklashish faoliyatini tashkil etish sohasida:
mahkumlar jazodan ozod etilganidan soʻng jamiyatga moslashishi uchun davlat siyosati doirasida imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanishi, mehnat bozorida yuqori talabga ega mutaxassisliklarni egallash imkoniyatini yaratish boʻyicha choralarni koʻrish;
mahkumlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, milliy gʻoya va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy barkamol, mustaqil fikr va keng dunyoqarashga ega shaxs sifatida kamol toptirish yuzasidan tadbirlarni amalga oshirish;
davlat taʼlim standartlari doirasida taʼlim olayotgan mahkumlarni yuqori saviyadagi bilim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtishini taʼminlaydigan umumiy oʻrta va kasb-hunar taʼlimini tashkil etish, bu borada mutasaddi organlar bilan hamkorlikni taʼminlash;
mahkumlarni axloqan tuzatish jarayoniga vakolatli davlat organlari, jamoatchilik tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini keng jalb qilishni tashkil etish;
mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini mahkumlarga yetkazish va ularda bu borada daxldorlik hissini shakllantirishni taʼminlash;
tarbiyaviy, ijtimoiy va psixologik ishlarni tashkil etish boʻyicha ilgʻor tajribalardan foydalanish;
mahkumlarning muammolarini muntazam ravishda oʻrganib borish, ularning oilasidagi ijtimoiy va moddiy muammolarini hal etishda hududiy davlat organlari bilan hamkorlik qilish;
mahkumlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash va ozodlikka tayyorlash ishlarining taʼsirchan shakl va usullarini tatbiq etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, shu jumladan huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni tashkil etish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida tezkor-qidiruv faoliyatining samaradorligini tizimli ravishda tahlil qilish va uni takomillashtirish boʻyicha choralarni koʻrish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga taqiqlangan predmetlarning kirib kelish yoʻllarini aniqlash va bartaraf etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar oʻrtasida huquqiy targʻibot ishlarini muvofiqlashtirish;
g) jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarining moliya-xoʻjalik va ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish orqali mahkumlarning bandligini taʼminlash sohasida:
moliyaviy-iqtisodiy faoliyatni samarali tashkil etish, olib borilayotgan moliyaviy va xoʻjalik harakatlarning maqsadga muvofiqligi hamda qonunchilikka mosligi ustidan nazorat qilishni taʼminlash;
jazoni ijro etish muassasalarida ishlab chiqarish hamda qishloq xoʻjaligi faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish, zamonaviy marketing usullarini joriy etish;
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ommalashtirish va ularni bozorga kiritish choralarini koʻrish hamda bu borada davlat va xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish;
jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish faoliyatiga shu sohada amaliy tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish, shu bilan birga ularni lavozimga shahodatlangan lavozimlar hisobidan tayinlash;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalarini moddiy-texnik jihatdan taʼminlash, mol-mulkdan maqsadga muvofiq tarzda foydalanish, texnik xizmat koʻrsatish va qoʻriqlash, shuningdek, ularni saqlanishi va oqilona ishlatilishi boʻyicha zarur choralar koʻrish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishlab chiqarish faoliyatiga fan va texnika yutuqlarini, ilgʻor tajriba va texnologiyalarni, boshqaruvning yangicha usul va shakllarini joriy qilish;
shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-daʼvo ishlarini yuritish;
oʻz ishlab chiqarish (qishloq xoʻjaligi) joylarida, alohida hollarda esa boshqa korxonalarda, mahkumlarning axloqiy va moddiy manfaatdorligi uchun shart-sharoitlar yaratish yoʻli orqali ularning ish bilan bandligini taʼminlash;
d) kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning samarali tizimini tashkil etish sohasida:
kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, ularni qayta tayyorlash, jangovar va jismoniy tayyorgarligi hamda professional darajasini oshirish, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha samarali tadbirlarni tashkil qilish;
shaxsiy tarkibning safarbarlik tayyorgarligini oshirish, favqulodda vaziyatlarda kuch va vositalarning harakatlanishi uchun shaylik darajasi ustidan nazorat olib borish;
xodimlar (ishchilar va xizmatchilar) va ular oila aʼzolarining huquqiy, ijtimoiy himoyasini hamda shaxsiy xavfsizligini taʼminlash;
xodimlar oʻrtasida oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, odob-axloq qoidalari hamda muomala madaniyatiga qatʼiy amal qilishlarini taʼminlash;
xodimlarni huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish boʻyicha samarali ishlarni tashkil qilish.
Departament qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Departamentning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
9. Departament oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa muassasalarning bazalari (shu jumladan elektron bazalari)dan axborot, statistik va boshqa materiallarni soʻrash hamda olish;
qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish masalalari boʻyicha belgilangan tartibda takliflarni kiritish;
tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillarini tarbiyaviy-profilaktika tadbirlariga, mahkumlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuviga jalb etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarni belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha boshqa yerga koʻchirishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining tegishli boʻlinmalari bilan hamkorlikni tashkil etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
mahkumlarning maʼnaviy-axloqiy saviyasi darajasini oshirish, ular bilan tarbiyaviy tadbirlarni oʻtkazish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilayotgan shaxslarga ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatishda fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik vakillari va fuqarolarni jalb etish;
mahkumlarning taʼlim olishi va kasb-hunar oʻrganishini taʼlim va mehnat organlari bilan hamkorlikda tashkil etish;
ozod etilayotgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari boʻyicha ijtimoiy moslashtirish markazlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
qonunchilikda belgilangan tartibda Departament va uning muassasalari tibbiy kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash;
sogʻliqni saqlash organlari bilan hamkorlikda manzil-koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarni tibbiy vositalar bilan taʼminlagan holda barcha turdagi tibbiy yordam koʻrsatish, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarga malakali davolash-diagnostika hamda shoshilinch yordam koʻrsatish, turli xil ekspertiza va koʻrikdan oʻtkazish;
Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari bilan mahkumlarning nogironligini tasdiqlash va belgilash, ularning kasbiy mehnatga qobiliyatini yoʻqotganlik darajasini aniqlash masalalari boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish;
davlat organlari, taʼlim, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlardan Departament faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan takliflarni olish hamda tegishli organlar va tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishilgan holda ushbu loyihalarni tayyorlash boʻyicha komissiyalar (ishchi guruhlar) tuzish;
qonunchilikka, IIVning koʻrsatmalari va farmoyishlariga rioya etilishi yuzasidan jazoni ijro etish tizimida moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish oʻtkazish;
xodimlarning moddiy-texnik va ijtimoiy taʼminotini yaxshilash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha takliflarni kiritish;
ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi jazoni ijro etish muassasalarini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish uchun investitsiyalar (shu jumladan xorijiy) jalb qilish boʻyicha choralarni koʻrish;
Oldingi tahrirga qarang.
budjetdan tashqari faoliyat hisobidan taʼminlanadigan ishchi va xizmatchilar shtat soniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan oʻn yettinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
muassasalar xavfsizligini taʼminlash borasidagi tadbirlarga mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb etish.
Departament qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10. Departament quyidagilarga majburdir:
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish hamda majburiyatlarini ado etish boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida zarur choralarni koʻrish;
sudlarning, shuningdek, ish yurituvida jinoyat ishi boʻlgan boshqa organlarning tegishli hukmlari, ajrimlari va qarorlari asosida ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq jazolarni ijro etish, qamoqqa olingan shaxslarni saqlash;
jazoni ijro etish tizimining faoliyati haqida zarur maʼlumotlarni tayyorlash va IIV rahbariyatiga taqdim etish;
mahkumlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ularga psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam koʻrsatish va kasb-hunar oʻrgatish orqali kelgusidagi ijtimoiylashuvga tayyorlash ishlarini sifatli va toʻlaqonli amalga oshirish.
Departament qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Departament oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.
4-bob. Departament faoliyatini tashkil etish
12. Departament bevosita Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga boʻysunadi va vazirning zimmasiga ichki ishlar organlarining jinoiy jazolarni ijro etish tizimini rivojlantirish va qonuniylikni taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
13. Departamentga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan Departament boshligʻi rahbarlik qiladi.
14. Departament boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan 5 nafar oʻrinbosarga, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega.
15. Departament boshligʻi:
Departament ishini tashkil etadi va faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsan javobgar boʻladi, oʻz oʻrinbosarlari, Departament tarkibiy boʻlinmalari va mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari boshliqlarining vakolatlarini va funksional vazifalarini belgilaydi;
mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari, jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, shuningdek, Departament shaxsiy tarkibining funksional vazifalarini tasdiqlaydi;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari xodimlarini (ishchilari va xizmatchilarini) saqlash uchun budjet ajratmalari doirasida smeta xarajatlarini tasdiqlaydi;
iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, kapital taʼmirlash, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarni mehnatidan foydalanishning istiqbolli va yillik ish rejalarini, moliyaviy rejalarni, iqtisodiy normativlarni tasdiqlaydi;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalarini tezkor-xizmat, ishlab chiqarish va moliya-xoʻjalik faoliyati natijalarini, ular ishini tekshirish materiallarini, prokuratura organlari taqdimnomalarini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (Ombudsmanning) monitoring natijalari va boshqalarni koʻrib chiqadi;
oʻz vakolati doirasida Departament, uning boʻlinmalari va muassasalarining barcha shaxsiy tarkibi bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar, koʻrsatma va farmoyishlar chiqaradi;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari xodimlarini (ishchi va xizmatchilarini) lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan xodimlar bundan mustasno;
oʻz vakolati doirasida Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari xodimlariga “mayor” maxsus unvonigacha boʻlgan (shu jumladan, “mayor” maxsus unvonini ham) unvonlarni beradi;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari xodimlari (ishchi va xizmatchilari)ni ragʻbatlantirish, ularga intizomiy jazo choralarini qoʻllash masalasini hal etadi;
xizmat vazifalarini samarali va sidqidildan bajarib kelayotgan xodimlari (ishchi va xizmatchilari)ga Departamentning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ularning pul taʼminoti miqdorining (mehnatga haq toʻlash fondining) 100 foizigacha oylik individual ustamalar belgilaydi;
oʻz vakolati doirasida Departament xodimlariga mehnat taʼtili beradi;
belgilangan tartibda Departament xodimlarini xizmat safariga yuboradi;
Departamentning boʻlinmalari va muassasalari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslar, shuningdek, Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari xodimlari (ishchilari va xizmatchilari) tomonidan yoʻl qoʻyilgan hodisalar, qonun buzilishi, xizmat va mehnat intizomi, tovar-moddiy boyliklarni oʻzlashtirish holatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazishni tayinlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari qabulini amalga oshiradi, shikoyat, ariza va takliflarni koʻrib chiqadi, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalarini saqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan moliyaviy mablagʻlarni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq chora-tadbirlarni oʻtkazish uchun moliyaviy mablagʻlarni sarflash normasi va tartibini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Departament va tizim muassasalarining budjetdan tashqari faoliyatidan taʼminlanadigan ishchi va xizmatchilar shtat birliklarini kiritadi va qisqartiradi;
jazoni ijro etish koloniyalari tomonidan tizim tasarrufidagi boshqa boʻlinma yoki jazoni ijro etish koloniyasiga bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga qaytarib berish sharti bilan moliyaviy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi;
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoniga asosan oʻn toʻqqizinchi va yigirmanchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
16. Departament boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritadi:
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari xodimlari (ishchi va xizmatchilari)ning cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi;
Oldingi tahrirga qarang.
Departament, uning boʻlinmalari va muassasalari tuzilmasiga hamda shtatlar soniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish (budjetdan tashqari faoliyatidan taʼminlanadigan ishchi va xizmatchilar shtat birliklari bundan mustasno);
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
belgilangan tartibda Departamentning boʻlinmalari va muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish;
jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari rejimi turini va ularni toʻldirish limitlarini oʻzgartirish;
jazoni ijro etish muassasalarida ajratilgan turli rejimdagi uchastkalarni tashkil etish;
oʻzining oʻrinbosarlari, Departament boʻlinmalari va muassasalari boshliqlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish;
oʻz vakolati doirasiga kirmaydigan shaxsiy tarkibga maxsus unvonlar berish, davlat va idoraviy mukofotlarga taqdim etish.
17. Departament boshligʻi boʻlmagan taqdirda uning vazifalarini birinchi oʻrinbosar amalga oshiradi.
18. Departament boshligʻi jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarining faoliyatini kunlik tashkil etish va nazoratini olib borishni mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari orqali amalga oshiradi.
Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlarining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
Oldingi tahrirga qarang.
jazoni ijro etish koloniyalari va tergov hibsxonalarining faoliyati samaradorligini tahlil qilish va baholash, moddiy-texnik, moliyaviy va ijtimoiy-maishiy jihatdan taʼminlashni tashkil etish, ularni kompleks tekshirish va nazorat qilish, amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish, shu jumladan ish natijadorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-noyabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son)
jazoni ijro etish muassasalarida jinoiy jazolarni ijro etish va tergov hibsxonalarida qamoqqa olingan shaxslarni saqlashni muvofiqlashtirish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini roʻyobga chiqarish hamda majburiyatlarini ado etishni oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish;
jazoni ijro etish muassasalarining mahkumlarni tarbiyalash, ularga kasb-hunar oʻrgatish, psixologik, ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatish hamda axloqan tuzalishini taʼminlash borasidagi faoliyatni tashkil etish.
19. Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi Departament boshligʻining hududiy vakili hisoblanib, maqomi va pul taʼminoti boʻyicha uning oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari boshliqlari Departament boshligʻining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari, shuningdek, mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari xodimlari mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari boshliqlarining taqdimnomasiga asosan Departament boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari ishchi va xizmatchilari jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
20. Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari xodimlarining xizmat muddati mehnat staji hisoblanayotgan vaqtda xizmatning bir kuni xizmatning ikki kuni deb hisoblanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ish yuritish va maxfiylik rejimini tashkil etish hamda taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar Departament tomonidan belgilangan tartibda mustaqil amalga oshiriladi.
22. Jazoni ijro etish tizimini moddiy-texnik vositalar va boshqa mol-mulk bilan taʼminlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
23. Departament, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarini tashkil etish va tugatish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) ushbu sohadagi ishlarning ustuvor yoʻnalishlari va asosiy prinsiplari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, avvalo, ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilayotgan barcha xodimlar va harbiy xizmatchilarning (keyingi oʻrinlarda — xodimlar) umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, gʻurur, iftixor, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini oshirish bilan bogʻliq vazifalarni belgilab beradi.
2. Konsepsiya milliy va xalqaro huquq normalari asosida ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, xodimlarning maʼnaviy salohiyati va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularning ongida Vatan taqdiri hamda kelajagi uchun daxldorlik tuygʻularini mustahkamlash bilan bogʻliq faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradi.
3. Xodimlarning maʼnaviy-ruhiy tayyorgarligini oshirish, faol hayotiy pozitsiyasi, intellektual salohiyatini, Ona Vatan taqdiriga boʻlgan masʼuliyatini mustahkamlash, gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi immunitetini kuchaytirish, ularni fuqarolik burchi va konstitutsion majburiyatlarini sadoqat va fidoyilik bilan vijdonan bajarishga yoʻnaltirish boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish ushbu konsepsiyaning asosiy mazmunini ifodalaydi.
4. Konsepsiyaga koʻra, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” konseptual gʻoyasi asosida tashkil etilib, unda davlat mustaqilligini himoya qilish, huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish ustuvor vazifa sifatida belgilanadi.
Mazkur gʻoyaning asosiy mazmun-mohiyati fuqarolarning tinchligi va mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlash uchun har qanday huquqbuzarlikka qarshi kurashishda oʻz jonini ayamaydigan, vatanparvarlik, fidoyilik, sadoqat va halollik fazilatlariga ega xodimlarni shakllantirishdan iborat.
5. Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
xodimlarni yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega, jismonan va maʼnan yetuk, bilimli, halol, vatanparvar, mard va jasur etib tarbiyalash;
xodimlarning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, ona Vatan taqdiriga boʻlgan masʼuliyatini oshirish hamda gʻoyaviy va turli axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish;
xodimlarni fuqarolik burchi va konstitutsion majburiyatlarini sadoqat va fidoyilik bilan vijdonan bajarishga yoʻnaltirish.
6. Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Ichki ishlar vazirligining normativ hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi.
2-bob. Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalari
7. Konsepsiyaning asosiy maqsadi xodimlarni har qanday sharoitda davlat va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, milliy qadriyatlarga sodiq, umuminsoniy qadriyatlarga tayanadigan, yot va buzgʻunchi gʻoyalarga murosasiz kurashuvchi, iymon-eʼtiqodi va irodasi mustahkam, maʼnaviyatli va fidoyi, ajdodlarimiz va mardlik koʻrsatib halok boʻlgan xodimlarning bebaho merosiga tayanib yashaydigan barkamol shaxs sifatida tarbiyalash, ular qalbida davlat va xalqimizning xavfsizligini taʼminlashda shaxsiy daxldorlik va yuqori masʼuliyat hissini shakllantirishdan iborat.
8. Quyidagilar Konsepsiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
xodimlarning maʼnaviyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlar va anʼanalarimizga asoslangan dunyoqarashini shakllantirishga yoʻnaltirilgan yagona tizimni yaratish;
xodimlarning ongu tafakkuriga Vatan va xalq manfaatlariga xizmat qilish sharafli va muqaddas burch ekanini anglatish, davlatimiz va ichki ishlar organlarining timsollari bilan faxrlanib, qasamyodiga sodiq boʻlish hamda kasbiy burchini bajarishda qonuniylikka qatʼiy rioya etish tuygʻusini chuqur singdirish orqali xalqning ularga boʻlgan ishonchi va hurmat hissini yuksaltirish;
xodimlarning ongi va qalbiga “Yangi Oʻzbekiston — uchinchi Renessans sari!” gʻoyasining mazmun-mohiyatini singdirish asosida ularning Vatan va xalq taqdiriga, davlatimiz hamda islohotlar talablariga daxldorligini yanada oshirish;
shaxsiy tarkibga mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini tizimli tushuntirish hamda dunyoda va yon-atrofimizda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ularning ongli munosabati hamda faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirish;
milliy merosimizning tarixiy ildizlarini oʻrganish hamda tahlil qilish, Vatanimiz ozodligi va tinchligi yoʻlida qahramonlik koʻrsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targʻib etish asosida xodimlarda xizmat burchini bajarish borasida qatʼiy hayotiy eʼtiqodni qaror toptirish;
xodimlarning estetik tarbiyasini kuchaytirish, ularning madaniyat va sanʼatning turli sohalariga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, ushbu maqsadda adabiyot, kino, teatr, tasviriy sanʼat imkoniyatlaridan keng foydalanishni tizimli asosda yoʻlga qoʻyish;
xodimlarning ichki va tashqi maʼnaviy tahdidlar hamda korrupsiyaga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ichki ishlar organlarining ijobiy imijini shakllantirish hamda shu maqsadda fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish.
3-bob. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etish tizimi
9. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etish boʻyicha ichki ishlar organlarining asosiy subyektlari:
Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
Ichki ishlar vazirligiga qarashli “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi;
Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari;
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi;
Ichki ishlar vazirligining sohaviy, tarkibiy va hududiy boʻlinmalari;
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti;
Ichki ishlar vazirligi tizimidagi jamoatchilik tuzilmalaridan iborat.
10. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amaliyotga uzluksiz tatbiq etish maqsadida ichki ishlar organlarining taʼlim muassasalari va quyi tizimdagi har bir (tuman, shahar, tarmoq) ichki ishlar organida quyidagi koʻrgazmali vositalardan iborat alohida vatanparvarlik burchaklari (xonalari) tashkil etiladi:
Ichki ishlar vazirligining bayrogʻi va emblemasi, vazirlik tarixidagi muhim sanalar va ahamiyatga molik anjumanlar roʻyxati;
tuman (shahar) ichki ishlar organining tashkil etilishi tarixi, uni tasvirlovchi fotosuratlar, faoliyatiga oid lavhalar va alohida namunali belgilar;
Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari haqidagi maʼlumotlar, unda bayon etilgan davlat xizmati va xavfsizlikni taʼminlashga oid lavhalar;
xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlik koʻrsatib halok boʻlgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, fotosuratlar va ularning hayotiga oid lavhalar;
Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan xodimlarning faoliyatiga oid lavhalar va fotosuratlar;
jangovar vazifalarni bajarishga jalb etilgan (Afgʻonistondagi harbiy harakatlar qatnashchilari, Chernobil AESdagi fojiani bartaraf etishga jalb etilganlar, mustaqillik yillarida terrorchi-jangarilar bilan qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etganlar va boshqa) xodimlarning faoliyatiga oid lavhalar va fotosuratlar;
davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan xodimlarning fotosuratlari va ularning xizmat faoliyatiga oid lavhalar;
xizmat vazifasini bajarishda alohida oʻrnak koʻrsatib, yuqori kasbiy mahorat bilan faoliyat olib borayotgan xodimlar haqidagi maʼlumotlar, ularning fotosuratlari va erishgan yutuqlari namunalari;
davlat mukofotlari va idoraviy koʻkrak nishonlari tasvirlari aks ettirilgan stendlar;
jamoa va alohida xodimlar tomonidan sportda erishilgan yutuqlar, sport turlari boʻyicha musobaqa sovrindorlarining kuboklari, medallar kabi yutuqlar va fotolavhalar;
oʻzbek xalqining buyuk siymolari, mutafakkir olimlari va allomalarining hayoti va faoliyatiga oid stendlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ichki ishlar organlariga tashriflari va faoliyatiga oid iqtiboslari aks ettirilgan stendlar.
11. Ichki ishlar vazirligi tomonidan Ikkinchi jahon urushi davridan ayni paytgacha xizmat vazifasini bajarish chogʻida qahramonlik koʻrsatib halok boʻlgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi “Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari” nomli kitob tayyorlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligiga bagʻishlangan sanada nashr etiladi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan “Vatanparvarlik asoslari”, “Kasb madaniyati va muomala odobi” nomli oʻquv-metodik qoʻllanmalar tayyorlanib, barcha ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyani tashkil etish uchun tarqatiladi.
12. Ichki ishlar vazirligi tomonidan:
xodimlarda kasbiga nisbatan gʻurur va iftixor tuygʻularini shakllantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi” idoraviy koʻkrak nishoni taʼsis etiladi va kasb bayrami — 2021-yil 25-oktabr arafasida ragʻbatlantirish tariqasida namunali xodimlarga tantanali ravishda topshiriladi;
xodimlar oʻrtasida sogʻlom raqobat va tashabbuskorlik muhitini shakllantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar fidoyisi” idoraviy koʻkrak nishoni taʼsis etiladi.
13. Ichki ishlar organlari tomonidan taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni kuchaytirishga qaratilgan quyidagi tadbirlar tizimi joriy etiladi:
Ixtisoslashtirilgan maktab-internat va “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi oʻquvchilari ongida vatanparvarlik hissini shakllantirishga qaratilgan “Ichki ishlar organlari tarixi” va “Vatanparvarlik asoslari” fanlari oʻqitiladi;
idoraviy akademik litseylar oʻquvchilarini milliy anʼana va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida “Maʼnaviyat asoslari” fani oʻqitiladi;
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida kursant va tinglovchilarni Vatan va xalq manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qoʻyadigan, qonunlarga qatʼiy boʻysunuvchi, kasbiga sadoqatli xodimlar sifatida tayyorlash maqsadida “Ichki ishlar organlari xodimining muomala odobi va estetikasi”, “Vatanparvarlik tarbiyasi” va “Kasbiy madaniyat” kabi fanlarni oʻqitish nazarda tutiladi;
Malaka oshirish instituti tinglovchilarida mafkuraviy immunitetni mustahkamlash maqsadida “Geosiyosiy manfaatlar toʻqnashuvi va mafkuraviy kurash” va “Korrupsiya — ichki maʼnaviy tahdid” maxsus kurslari oʻqitiladi.
14. Ichki ishlar organlarining aholi bilan bevosita ishlaydigan xizmatlarida maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
Jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati boʻyicha:
fuqarolarning murojaatlariga xolisona va vijdonan yondashish, ayniqsa, bolalar, ayollar, keksalar va nuroniylarga alohida eʼtibor qaratish;
xizmat vazifalarini bajarishda shubha paydo qilishi mumkin boʻlgan xulq-atvordan oʻzini tiyish, shuningdek, oʻz obroʻsiga yoki davlat organining nufuziga zarar yetkazishga sabab boʻladigan vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslik;
har qanday vaziyatda fuqarolarga hurmat bilan murojaat qilish, munosabatlarda vazmin boʻlish, muomala madaniyati va qonuniylikka qatʼiy rioya qilish;
xizmat faoliyati mobaynida turli etnik, ijtimoiy guruhlar va konfessiyalarning madaniy hamda oʻziga xos jihatlarini hurmat qilish, ijtimoiy barqarorlikka, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka koʻmaklashish;
Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishdek ulugʻ va oliyjanob maqsadga intilish, jasurlik va fidoyilik bilan el-yurtga xizmat qilish;
Tergov va tezkor-qidiruv faoliyati boʻyicha:
fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, ularni kamsitish holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
ichki ishlar organlariga chaqirilgan (olib kelingan) fuqarolarga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlish, har bir inson shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligini chuqur anglagan holda, aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga va protsessual qonunchilikka qatʼiy amal qilish;
fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlarga, qonunga xilof ravishda jismoniy kuch ishlatishga, haqorat qilish yoki qiynoqqa solishga yoʻl qoʻymaslik.
15. Ichki ishlar organlari tizimida har haftada “Vatanparvarlik kuni” tadbirlar kompleksi tashkil etiladi.
4-bob. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish yoʻnalishlari
16. Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar mazkur Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda quyidagi yoʻnalishlarda olib boriladi:
tarbiyaviy ishlar;
targʻibot-tashviqot ishlari;
psixologik faoliyat;
ijtimoiy-huquqiy faoliyat;
madaniy tadbirlar.
17. Tarbiyaviy ishlar vatanparvarlik, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, oilaviy-maishiy tarbiya hamda yakka tartibdagi tarbiyaviy chora-tadbirlardan iborat.
Xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash doirasida ularda Vatanga sadoqat, kasbiga nisbatan gʻurur hissini shakllantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini taʼminlash uchun har qanday huquqbuzarlikka qarshi kurashishda shaxsiy masʼuliyatni oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar oʻtkazib boriladi;
ijtimoiy-siyosiy tarbiya doirasida xodimlarga ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qonunchilik hujjatlari, davlat dasturlarining mazmun-mohiyati tizimli ravishda yetkazib boriladi hamda ularda dunyoda va yon-atrofimizda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan ongli munosabat va faol hayotiy pozitsiya shakllantiriladi;
maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya oʻz ichiga milliy merosimizning tarixiy ildizlarini oʻrganish, Vatan ozodligi yoʻlida qahramonlik koʻrsatgan buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli umr yoʻlini keng targʻib etish tadbirlarini qamrab olib, xizmat burchini bajarish boʻyicha qatʼiy hayotiy eʼtiqodni qaror toptirishga qaratiladi;
oilaviy-maishiy tarbiya doirasida xodimlarning oila aʼzolari bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, ular tomonidan xodimlarga kasbiy burchini bajarishga ruhiy koʻmaklashishga qaratilgan tadbirlar oʻtkaziladi;
yakka-tartibdagi tarbiyaviy ishlar xodimlarda kasb uchun zarur boʻlgan shaxsiy fazilatlarni shakllantirishga, ularni xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya etishga yoʻnaltiradi.
Tarbiyaviy yoʻnalishda xodimlarning ongi va tafakkuriga kuchli taʼsir koʻrsatadigan, qalbiga yetib boradigan, kayfiyatini koʻtaradigan, yangi marralar sari ilhomlantiradigan hamda zamonaviy axborot va targʻibot texnologiyalarini qoʻllagan holda taʼsirchan ruhda oʻtkaziladigan tadbirlar tashkil etiladi.
18. Targʻibot-tashviqot ishlari xodimlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy ishlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish, ichki va tashqi siyosatning tendensiyalari haqidagi maʼlumotlarni tizimli ravishda yetkazib borishdan iborat.
19. Psixologik faoliyat xodimlarning ruhiy holatini kuzatish hamda ularning shaxsiy fazilatlari va jamoadagi munosabatlarini kasbiy burchini samarali bajarishga yoʻnaltirishdan iborat.
20. Ijtimoiy-huquqiy faoliyat xodimlar, faxriylar va ularning oila aʼzolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularga har tomonlama moddiy va maʼnaviy koʻmaklashishga qaratilgan tadbirlardan iborat.
21. Madaniy tadbirlar xodimlar ongida milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga hurmat va ehtirom his-tuygʻularini oshirish, yuksak estetik did va axloqiy meʼyorlarni shakllantirish, Oʻzbekiston xalqining boy tarixi, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlariga hurmat, milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalarini ommaviy tadbirlar (muzey, teatr, kino, istirohat bogʻlari, konsert va boshqa tadbirlarga tashriflar) orqali singdirishdan iborat.
5-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmi
22. Konsepsiyani amalga oshirishda olimlar, yozuvchi, shoir va siyosatchilar, ijodkor ziyolilar, davlat va jamoat tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylari ishtirok etadi.
Jumladan, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ichki ishlar organlarining tarixi, tizimda xizmat qilib, jangovar-xizmat faoliyatini amalga oshirgan, xizmat vazifalarini bajarishda qahramonlarcha halok boʻlgan, shuningdek, davlat va idoraviy mukofotlarga sazovor boʻlgan hamda sport musobaqalarining sovrindorlari, alohida namunali xizmat qilayotgan xodimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tayyorlanadi;
viloyat (tuman, shahar) hokimliklari bilan hamkorlikda har bir (tuman, shahar, tarmoq) ichki ishlar organida koʻrgazmali vositalardan iborat alohida vatanparvarlik burchaklari (xonalari) tashkil etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimiz va allomalar faoliyatiga oid teatr spektakllari va sahna koʻrinishlari, konsert dasturlari, ekskursiyalar hamda milliy gʻurur, faxr va iftixor tuygʻularini mustahkamlashga, notiqlik sanʼatini shakllantirishga qaratilgan ommaviy madaniy tadbirlar tashkil etiladi;
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda xalqimizning maʼnaviy qadriyatlari, madaniyati va urf-odatlarini, boy merosimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini hamda odob-axloq, halollik, poklik, sadoqat va fidoyilikni chuqur singdirishga qaratilgan davra suhbatlari oʻtkaziladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi bilan hamkorlikda islom dinining asl mazmun-mohiyatini yetkazish, diniy savodxonlikni oshirish, diniy bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik gʻoyalarini targʻib qilish hamda yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, hushyorlik va ogohlik kabi tuygʻularni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar oʻtkaziladi;
(22-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-maydagi PF-75-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2023-y., 06/23/75/0292-son)
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalari mazmun-mohiyatini tushuntirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda vatanparvarlik, mardlik, faxr va iftixor tuygʻularini mustahkamlashga qaratilgan ijodiy uchrashuvlar oʻtkaziladi;
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda xodimlar oilalarini ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, oilalarda sogʻlom maʼnaviy muhitni yaratish, oila shaʼnini saqlashda ota-ona va farzandlar masʼuliyati hamda burchlari, or-nomus, qadr-qimmat, sharm-hayo kabi axloqiy meʼyorlarni yetkazib borish, oilalarning ijtimoiy ahvoli, ehtiyojlari va muammolarini tizimli oʻrganib borishga qaratilgan tadbirlar tashkil etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda sport bilan muntazam shugʻullanish, jismoniy va maʼnaviy barkamollikka intilish, jismonan yetuk, kuchli va shijoatli, mutaxassislarni tarbiyalashga yoʻnaltirilgan mashgʻulotlar, musobaqalar va amaliy tadbirlar tashkil etib boriladi.
6-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natija
23. Konsepsiyada belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida yuksak maʼnaviyatli, vatanparvar, oʻz kasbiga sadoqatli va fidoyi xodimlar shakllanadi.
24. Maʼnan yetuk, kasbiy ixtisosliklarni puxta egallagan, har qanday sharoitda xizmat vazifalarini vijdonan bajaradigan, matonat va jasoratda, hayotda va kasbiy faoliyatida boshqalarga oʻrnak boʻlgan xodimlar imkoniyatlaridan keng foydalangan holda Konsepsiyada belgilangan natijalarga erishiladi.
25. Mazkur Konsepsiya ichki ishlar organlarida xodimlarning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini tizimli va bosqichma-bosqich yuksaltirib borish, ular qalbida Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik, yuqori masʼuliyat, sadoqat hamda vatanparvarlik hissini mustahkamlash uchun uslubiy asos boʻlib xizmat qiladi.
26. Konsepsiyaning amalga oshirilishi har jihatdan sodiq, halol, vatanparvar, fidoyi, mard va jasur xodimlarni tarbiyalash bilan birga, xalqimiz oʻrtasida ichki ishlar organlariga nisbatan faxr va iftixor tuygʻularini mustahkamlash, yoshlarda huquq ustuvorligini taʼminlash, kasbiga boʻlgan havas va qiziqishlarini orttirish hamda shu orqali ichki ishlar organlari safini mustahkam irodali, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan, xalq manfaatlarini har narsadan ustun qoʻyadigan yosh va istiqbolli xodimlar bilan toʻldirib borish imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-avgustdagi “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3200-son qarorida:
uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Jazoni ijro etish departamenti)ning Markazlashtirilgan jamgʻarmasini tashkil etib, uni shakllantirish manbalari sifatida jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish va qishloq xoʻjalik faoliyati, ular tomonidan xizmatlar koʻrsatish evaziga olinadigan foydasi hisobidan Jazoni ijro etish departamenti tomonidan belgilanadigan miqdordagi ajratmalarni, shuningdek qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarni belgilash”;
toʻrtinchi xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
6-band “b” kichik bandining birinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi” soʻzlari “Jazoni ijro etish departamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin;
8-bandning oltinchi xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
9-bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilaridagi “Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi”, “jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlari”, “jazoni ijro etish muassasalari va ular tashkilotlarining”, “Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining” degan soʻzlar tegishlicha “Jazoni ijro etish departamenti”, “jazoni ijro etish muassasalari”, “jazoni ijro etish muassasalarining”, “Jazoni ijro etish departamentining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
10-bandda “Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi” soʻzlari “Jazoni ijro etish departamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3413-son qarorida:
144-bandning “l” kichik bandida “jinoyati” degan soʻz “sodir etgan jinoyati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
155-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“155. Ushbu Nizomning 144-bandi “l” kichik bandiga asosan ichki ishlar organlari xizmatidan boʻshatilgan shaxslarni xizmatga tiklash sudning xizmatga tiklash toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori yoki Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining qarori asosida amalga oshiriladi.
Qolgan barcha asoslarga koʻra ichki ishlar organlari xizmatidan boʻshatilgan shaxslarni xizmatga tiklash Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri qarori bilan amalga oshiriladi.
Tiklanishi lozim boʻlgan shaxslarni shaxsiy tarkib roʻyxatiga kiritish va lavozimga tayinlash Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri qarori bilan amalga oshiriladi”;
156-bandning birinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida “uch” soʻzi “bir” soʻzi bilan almashtirilsin;
2-ilovaning 31-bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari — departament boshliqlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamda taʼlim muassasalari boshliqlari, shuningdek ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega:”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-3528-son qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisidan, 6-bandining oltinchi xatboshisidan, 9-bandining yettinchi xatboshisidan va 22-bandining ikkinchi xatboshisidan “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — ” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-yanvardagi “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4138-son qarorida:
1-bandning yettinchi xatboshisidan “huzuridagi davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda — unitar korxonalar)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
2-bandda “unitar korxonalar” soʻzlari “jazoni ijro etish muassasalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-bandda:
birinchi xatboshisida “unitar korxonalarga” soʻzlari “jazoni ijro etish muassasalariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jazoni ijro etish muassasalarining ishlab chiqarish boʻlinmalariga yuqori malakali menedjer (mutaxassis)larni, shu jumladan ish haqini mehnat bozoridagi amaldagi konyunkturani inobatga olgan holda belgilash orqali ularni jazoni ijro etish muassasalari boshliqlarining ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlash imkoniyati bilan jalb qilish”;
4-bandda “Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi”, “unitar korxonalarda” va “unitar korxonalarning” degan soʻzlar tegishlicha “Jazoni ijro etish departamenti”, “jazoni ijro etish muassasalarida” va “jazoni ijro etish muassasalarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tarbiya koloniyasi huzurida ota-onalar kengashini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:”;
7 va 10-bandlarda “unitar korxonalarning”, “unitar korxonalar” va “unitar korxonalarni” degan soʻzlar tegishlicha “jazoni ijro etish muassasalarining”, “jazoni ijro etish muassasalari” va “jazoni ijro etish muassasalarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-bandning “g” kichik bandida “Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining” degan soʻzlar “Jazoni ijro etish departamentining” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi “Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-4342-son qarorida:
4-band quyidagi mazmundagi “i” kichik band bilan toʻldirilsin:
“i) 2021-yil 1-maydan boshlab ichki ishlar organlari tarbiya koloniyasi huzuridagi 35-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi filiali oʻqituvchilari va tarbiya koloniyasining tarbiyachilariga, shu jumladan shahodatlangan tarkibga mansub tarbiyachilariga ham amaldagi ustama haqlar va toʻlovlardan qatʼi nazar, alohida mehnat sharoitlari uchun tegishlicha bazaviy tarif stavkasining va lavozim maoshining 75 foizi miqdorida qoʻshimcha oylik ustama haq toʻlab beriladi”;
12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Belgilansinki:
voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalar voyaga yetmaganlarni respublika oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirish uchun sudga yuborilgan iltimosnomalarning asoslantirilganligi boʻyicha masʼuldirlar;
ichki ishlar organlari tarbiya koloniyasi huzuridagi 35-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi filiali oʻqituvchilari va tarbiya koloniyasining tarbiyachilariga, shu jumladan shahodatlangan tarkibga mansublariga ham, ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalarining xodimlari uchun belgilanadigan mehnatga haq toʻlash miqdori va boshqa ijtimoiy himoya turlarining oshirilishi shartlari tatbiq etiladi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-4343-son qarorining 8-bandida “50” raqami “100” raqami bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 07/21/5050/0280-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2023-y., 06/23/75/0292-son; 20.11.2023-y., 06/23/197/0865-son; 22.01.2025-y., 07/25/01/0059-son)