Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urugʻchiligini yoʻlga qoʻyishni rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 26-noyabrdagi PQ-4901-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urugʻchiligini yoʻlga qoʻyishni rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 26-noyabrdagi PQ-4901-son qarorining 1-bandiga muvofiq Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Markazning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
Markazning huquqlari hamda javobgarligi, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibi;
Markaz faoliyatini moliyalashtirish, Markazga tushadigan mablagʻlarni yoʻnaltirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-mart,
124-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-martdagi 124-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob.Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) huzuridagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazining (keyingi oʻrinlarda — Markaz) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Markaz respublikada dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish, ishlab chiqarishga ilmiy asoslangan texnologiyalarni joriy etish, dorivor oʻsimliklar plantatsiyalarini barpo etish, chet el florasiga mansub boʻlgan dorivor oʻsimliklar turlarini iqlimlashtirish, nav namunalarini sinovdan oʻtkazish, tanlash, dorivor oʻsimliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirishni amalga oshirish hamda rivojlantirish boʻyicha respublika ilmiy-ishlab chiqarish davlat muassasasi hisoblanadi.
3. Markaz Qoʻmitaga boʻysunadi va hisobot beradi.
4. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qoʻmita hayʼati yigʻilishi qarorlari, buyruqlari va topshiriqlariga hamda mazkur Nizomga, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
5. Markaz oʻz faoliyatini davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, ilmiy-tekshirish institutlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, xorijiy va xalqaro hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
6. Markaz yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va oʻz nomi tushirilgan muhr va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida hisobvaraqlariga, bank, shu jumladan chet el valyutasidagi hisobvaraqlariga ega boʻladi.
7. Markazning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi;
qisqartirilgan nomi — Ilmiy-ishlab chiqarish markazi (IIChM);
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Nauchno-proizvodstvenniy tsentr po viraщivaniyu i pererabotke lekarstvennix rasteniy pri Gosudarstvennom komitete po lesnomu xozyaystvu Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Nauchno-proizvodstvenniy tsentr (NPS);
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Research and production center for growingand processing medicinal plants under the state Forestry Committee of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Research and production center (RPC);
g) lotin alifbosida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi huzuridagi Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi;
qisqartirilgan nomi — Ilmiy-ishlab chiqarish markazi (IIChM).
8. Markaz joylashgan joy (pochta manzili): 111104, Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Darxon qoʻrgʻoni, Chimkent yoʻli koʻchasi, 2-uy.
2-bob. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish;
respublika hududidagi yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar areallarini oʻrganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish;
urugʻlik materiallarni yetishtirish va tayyorlash, koʻpaytirish, kolleksion koʻchatxonalar tashkil etish hamda ularning xomashyolarini qayta ishlash bilan bogʻliq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish;
dorivor oʻsimliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish;
tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib madaniy holda yetishtiriladigan dorivor oʻsimliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Qoʻmita buyurtmasiga koʻra ishlab chiqish;
dorivor oʻsimliklar kimyoviy tarkibini oʻrganish, mahsulotini standartlash va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlash;
dorivor oʻsimliklarga boʻlgan ichki va tashqi bozorlar talabini oʻrganish boʻyicha marketing tadqiqotlari olib borish;
dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xoʻjaliklari, tashkilotlar va boshqa subyektlar rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirib borishga yoʻnaltirilgan dasturlarni tayyorlash va oʻqitish tizimini tashkil etish.
10. Markaz oʻziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) dorivor oʻsimliklarni ilmiy asosda yetishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish sohasida:
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, tayyorlash, qayta ishlash sohasiga zamonoviy texnologiyalarni joriy etish, rivojlantirish va samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni doimiy oʻrganish, ularni bartaraf etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish;
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, tayyorlash hajmlarini oshirish va turlarini koʻpaytirishni ichki va tashqi bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tizimli oʻrganish;
ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan dorivor oʻsimliklarga doir ilmiy tadqiqotlar, yangi innovatsion ishlanmalar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish va tizimli ravishda yangilanib borilishini amalga oshirish;
respublikada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan sohaga oid loyihalarni tahlil qilish va natijalariga koʻra xulosa berish;
b) respublika hududidagi yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar areallarini oʻrganish va zaxiralarini aniqlash, mavjud bioresurslar genofondini saqlash, onalik plantatsiyalarini tashkil etish sohasida:
tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar areallarini va zaxiralarini oʻrganish borasida ilmiy-tadqiqotlar olib borishni tashkil etish va natijalari boʻyicha ishlanmalar, takliflar ishlab chiqish;
yovvoyi holda oʻsuvchi dorivor oʻsimliklar nav-namunalarini yigʻish va ulardan dorivor moddalari eng koʻp toʻplanadigan nav-namunalarni aniqlash va seleksiya yoʻli bilan yangi navlarni yaratishni yoʻlga qoʻyish;
hududlarning tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib ixtisoslashgan oʻrmon xoʻjaliklarida dorivor oʻsimliklarning onalik plantatsiyalarini barpo etish va tadqiqot ishlarini tashkil etish;
mavjud bioresurslar genofondini saqlash borasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va unga mahalliy hamda xorijiy investorlarning investitsiyalarini, xalqaro moliya institutlari grantlarini jalb etish;
oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklarning qatʼiy hisobini yuritish;
v) urugʻlik materiallarni yetishtirish va tayyorlash, koʻpaytirish, kolleksion koʻchatxonalar tashkil etish hamda ularning xomashyolarini qayta ishlash bilan bogʻliq ilmiy va amaliy tadqiqotlarni olib borish sohasida:
dorivor oʻsimliklarning kamayib borayotgan noyob turlarini saqlash va koʻpaytirishni tashkil etish;
yangi turdagi dorivor oʻsimliklarni madaniylashtirish boʻyicha ixtisoslashgan oʻrmon xoʻjaliklarida urugʻchilik tajriba uchastkalarini tashkil etish;
ixtisoslashgan oʻrmon xoʻjaliklarida dorivor oʻsimliklarning, ayniqsa, kamayib borayotgan noyob turdagi dorivor oʻsimliklarning kolleksion koʻchatxonalarini tashkil etish hamda xomashyosini tayyorlash va qayta ishlash bilan bogʻliq ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borish;
g) dorivor oʻsimliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda madaniy holda yetishtirishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish sohasida:
ichki va tashqi bozor ehtiyojlarini oʻrganish asosida oʻrmon xoʻjaliklari va boshqa dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi subyektlar boʻyicha dorivor oʻsimliklarni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib dorivor oʻsimliklarni ilmiy asoslangan holda joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tabiiy holda oʻsadigan dorivor oʻsimliklarni madaniylashtirish, chet el florasiga mansub boʻlgan dorivor oʻsimliklarni mahalliy sharoitda urugʻlaridan koʻpaytirish va introduksiyalashni yoʻlga qoʻyish;
d) tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olib madaniy holda yetishtiriladigan dorivor oʻsimliklarning agrotexnologik xaritalarini Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi buyurtmasiga koʻra ishlab chiqish sohasida:
agrotexnolik xaritalarni ishlab chiqish boʻyicha dorivor oʻsimlik turlarini aniqlash va roʻyxatini shakllantirish;
agrotexnolik xaritalarni ishlab chiqish uchun ketadigan sarf-xarajatlarni aniqlash va belgilangan tartibda moliyalashtirish uchun mablagʻlarni yoʻnaltirish;
tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirishni ilmiy asoslangan holda tashkil etish va sarf-xarajatlarni belgilash maqsadida agrotexnologik xaritalarni ishlab chiqishni amalga oshirish;
e) dorivor oʻsimliklar kimyoviy tarkibini oʻrganish, mahsulotini standartlash va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlash sohasida:
dorivor oʻsimliklar sohasida xalqaro standartlar talablarini doimiy oʻrganish;
laboratoriya jihozlarining xalqaro standart talablariga mosligini taʼminlash;
sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish va ularning tajriba hamda koʻnikmalarini oshirib borish;
mahsulotlarni standartlash va sertifikatlash boʻyicha rivojlangan mamlakatlar ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ularning tajribasini oʻrganish va joriy etish;
sohaga ilgʻor texnoligiyalarni jalb etish va ularni qoʻllash oshirish;
dorivor oʻsimliklar mahsulotlarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlarga muvofiqligini nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqish;
laboratoriyani zamonoviy jihozlar bilan taʼminlashga xorijiy institut hamda donorlarning mablagʻlarini jalb etish;
ilmiy loyihalar doirasida dorivor oʻsimliklarning iqlim sharoitiga mos holda oʻsishi va rivojlanishi hamda olingan mahsulotlarning kimyoviy tarkibi mosligi boʻyicha dorivor oʻsimliklarning har bir turi va naviga alohida litsenziya berishni yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan sertifikatlash organi tomonidan sertifikatlashni amalga oshirish;
yo) dorivor oʻsimliklarga boʻlgan ichki va tashqi bozorlar talabini oʻrganish boʻyicha marketing tadqiqotlari olib borish sohasida:
dorivor oʻsimliklarga boʻlgan bozor talablarini oʻrganish boʻyicha jahon tajribasini oʻrganish va amaliyotga joriy etish;
sohaga malakali mutaxassislarni jalb etish va marketing tadqiqotlari oʻtkazish;
ichki va tashqi bozorlar talablari asosida dorivor oʻsimliklarni yetishtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga kiritish;
j) dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xoʻjaliklari, tashkilotlar va boshqa subyektlar rahbarlari va mutaxassislarining malakasini oshirib borishga yoʻnaltirilgan dasturlarni tayyorlash va oʻqitish tizimini tashkil etish sohasida:
sohada ilmiy xodimlarni tayyorlashni, faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, quritish, qayta ishlash, marketing yoʻnalishi boʻyicha rahbar va mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan yillik oʻquv dasturlarini ishlab chiqish;
mahalliy hokimliklar va viloyat oʻrmon xoʻjaliklari boshqarmalari bilan birgalikda dorivor oʻsimliklarni yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermer xoʻjaliklari, tashkilotlar va boshqa subyektlar boʻyicha malaka oshirish oʻquv dasturlarini oʻtkazish grafik-jadvalini tayyorlash xamda amalga oshirish mexanizimini ishlab chiqish;
respublikada hamda xorijda soha rahbarlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishda qatnashish.
11. Markaz qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
3-bob. Markazning huquqlari va javobgarligi
12. Markaz oʻziga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar berish;
ilmiy-tadqiqot ishlarining rejalarini, ish dasturlari va bajarish usullarini hamda ilmiy hisobotlarni muhokama qilish maqsadida ilmiy kengash tashkil etish;
respublikada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan sohaga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirishda ularga koʻmaklashish;
dorivor oʻsimliklarni yetishtiruvchi xoʻjalik subyektlariga sohani ilmiy asosda yuritish borasida ilmiy-metodik yordam berish;
sohada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining koʻlami va dolzarbligini inobatga olgan holda ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaliklari biznes-rejalarini qayta koʻrib chiqish va oʻzgartirishlar kiritish;
ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini taʼminlash va tizimli amalga oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
dorivorchilik sohasida boshqa ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari tomonidan amaliyotga joriy etishga tavsiya qilingan ishlanmalarni oʻrganish va xulosa berish;
ilmiy ishlar toʻplamlari, monografiyalar, darsliklar, tavsiyanomalar va broshyuralarni, ommaviy axborot vositalarida ilmiy-ommabop maqolalarni chop ettirish;
sohada ilm-fan yutuqlari joriy etilishida mualliflik nazoratini olib borish;
jismoniy va yuridik shaxslarga dorivor oʻsimliklar urugʻlik materiallarini yetkazib berish;
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlash sohasi samaradorligini oshirish, zaxiralaridan tejamli foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish;
dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish, ularning maydonini kengaytirish, ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarini rivojlantirish, ularning samaradorligini oshirish;
joylarda sohaning ilm-fan, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida belgilangan tartibda tayanch punktlari, tajriba uchastkalarini tashkil etish;
shartnoma asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, ilmiy-metodik xizmatlar koʻrsatish;
budjet va Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlar boʻyicha belgilangan tartibda buxgalteriya va hisob-kitob ishlarini olib borish;
Markazning faoliyat turi boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish va sotish hisobidan tushgan pul mablagʻlaridan belgilangan tartibda foydalanish;
qonun hujjatlariga muvofiq davlat, nodavlat va notijorat tashkilotlar, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
sohaga oid qonun hujjatlari, davlat va mahalliy dasturlar loyihalarini ishlab chiqish va Qoʻmitaga taqdim etish;
Markaz xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirishni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish;
Markazga tegishli inshootlar, asbob-uskunalar, transport vositalaridan oqilona foydalanish, saqlash, boshqarish;
mehnatni muhofaza qilishni taʼminlash, texnika xavfsizligi qoidalari va ishlab chiqarish sanitariyasiga rioya qilishni nazorat qilish;
davlat oʻrmon xoʻjaliklari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarida ishtirok etish;
oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklarning monitoringi, kadastri hisobini belgilangan tartibda olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini yuritishda ishtirok etish;
Markazning yillik xarajatlar smetasini, shtat birliklari jadvallarini ishlab chiqish va Qoʻmitaga kiritish;
respublikada faoliyat olib borayotgan dorivor oʻsimliklarni yetishtiruvchi, tayyorlovchi va qayta ishlovchi xoʻjalik subyektlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning doimiy monitoringini olib borish va muvofiqlashtirish;
barcha oʻrmon xoʻjaliklarining dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, tayyorlashni amalga oshirish toʻgʻrisidagi hisobotlar yilning har choragida taqdim etilishini tashkil etish, qabul qilib olish, oʻrganish, tahlil qilish, jamlash, monitoring olib borish, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarining iqtisodiy-moliyaviy va ishlab chiqarish hisobotlari yilning har choragida taqdim etilishini tashkil etish, qabul qilib olish, oʻrganish, tahlil qilish, jamlash, monitoringini yuritish, tegishli chora-tadbirlar koʻrish.
Markaz qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Markaz amalga oshirilgan chora-tadbirlar, erishilgan yutuqlar, amaliyotdagi muammolar va ularning yechimi boʻyicha takliflarni har chorakda taalluqliligiga qarab Qoʻmita hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etib boradi.
Markaz va uning mansabdor shaxslari oʻzlariga yuklangan asosiy vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
4-bob. Markaz faoliyatini tashkil etish
14. Markazga Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bosh direktor rahbarlik qiladi.
Bosh direktorning ikki nafar oʻrinbosari boʻladi, ular bosh direktorning taqdimnomasiga asosan Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Markaz bosh buxgalteri Qoʻmita bilan kelishgan holda bosh direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
15. Bosh direktor:
Markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Markaz nomidan vakillik qiladi yoxud Markaz nomidan ishonchnoma va (yoki) vakolatlar beradi;
belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida Markazning shtat jadvalini tasdiqlaydi;
Markazga ajratilgan moliyaviy va moddiy mablagʻlarni belgilangan tartibda boshqaradi;
Markaz faoliyat yoʻnalishi boʻyicha xodimlar bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq Markaz xodimlarini ishga qabul qiladi va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qiladi;
Markazda faoliyat yuritayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etadi, alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlarni faxriy unvonlar berish va Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash uchun Qoʻmitaga taqdimnoma kiritadi;
qonun bilan taqiqlanmagan barcha turdagi shartnomalarni tuzadi, imzolaydi, Markaz nomidan bank va boshqa muassasalarda barcha moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiradi;
dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va tashqariga olib chiqishga ruxsatnomalar beradi.
Bosh direktor qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻladi.
16. Bosh direktorning oʻrinbosarlari:
Markaz tarkibiy boʻlinmalariga bevosita rahbarlik qiladi va Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
Markaz bosh direktori tomonidan oʻzlariga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Markazning ilmiy va innovatsiyalar hamda ishlab chiqarish faoliyatini tashkil qiladi, Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
oʻrmon fondi yerlarida dorivor oʻsimliklarni joylashtirish, yetishtirish, saqlash, qayta ishlashni tashkil etadi, muvofiqlashtiradi va nazoratni amalga oshiradi.
17. Markazda bosh direktor tavsiyasi asosida tarkibi va nizomi Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan Ilmiy kengash tuziladi.
Ilmiy kengash tarkibiga Markazning sohada yetuk va yuqori malakaga ega boʻlim va laboratoriyalar boshliqlari, yetakchi ilmiy xodimlar, kasaba uyushmasining vakillari, shuningdek, yuqori tashkilot, ilmiy muassasalar vakillari kiritiladi.
5-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
18. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
Markazning Qoʻmita tizimidagi mavjud shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantirilgan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
xizmat koʻrsatish va oʻzi yetishtirgan dorivor oʻsimliklarni sotishdan tushadigan daromadlar;
xalqaro va xorijiy hukumat, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, moliya institutlari va boshqa donorlarning grantlari va kreditlari (qarzlari);
Markazning vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
19. Markaz qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda soha xodimlarining hayotini sugʻurtalash, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshiradi.
Markaz xodimlari mehnatiga haq toʻlash, ularni ragʻbatlantirish, mukofotlash va boshqa ragʻbatlantirishlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
20. Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi nizom belgilangan tartibda Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadi.
6-bob. Markazga tushadigan mablagʻlarni yoʻnaltirish
21. Dorivor oʻsimliklarni toʻplash (gʻamlash), ularni olib kirish va olib chiqishga ruxsatnomalar berganlik, arizalarni koʻrib chiqqanlik uchun undiriladigan va mahalliy budjetga yoʻnaltiriladigan toʻlovlarning 20 foizi Markaz tomonidan tabiiy holda oʻsuvchi, shu jumladan, yoʻqolib borayotgan dorivor oʻsimliklarni saqlash, xatlovdan oʻtkazish, ularning madaniy plantatsiyalarini yaratish, onalik koʻchatzorlarini tashkil etish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirishga doir texnologik xaritalarni ishlab chiqish xarajatlarini qoplash uchun yoʻnaltiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
22. Markazni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2021-y., 09/21/124/0194-son)