O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 15-oktabrdagi PQ-4863-son qarori)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 15-oktabrdagi PQ-4863-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-yanvar,
44-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 44-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-iyundagi 433-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 6-son, 143-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 17-bandda:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi — o‘n birinchi xatboshilar qo‘shilsin:
“Jamg‘arma tomonidan Sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining (keyingi o‘rinlarda — Uyushma) sarimsoqpiyoz yetishtirish loyihasini amalga oshiruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi hududiy bo‘linmalariga “Agrobank” ATB orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 1 yil muddatga, shu jumladan, 3 oyga imtiyozli davr bilan ikki foiz bank marjasini hisobga olgan holda tegishli tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari va Uyushma kafilligi asosida kreditlar ajratishga;
davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni belgilangan tartibda moliyalashtirishga;
2022-yildan boshlab aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishga;
aholining, dehqon xo‘jaliklari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari va a’zolarining hamda “Tomorqa xizmati” MCHJlar va ishlab chiqarish kooperativlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga;”;
sakkizinchi — o‘n oltinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘n ikkinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 19-bandga quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qo‘shilsin:
“Jamg‘arma tomonidan “Agrobank” ATBga resurs ajratish bo‘yicha bosh kelishuvda ushbu mablag‘lar tijorat banklari tomonidan Uyushmaning sarimsoqpiyoz yetishtirish loyihasini amalga oshiruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi hududiy bo‘linmalariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida 1 yil muddatga, shu jumladan, 3 oyga imtiyozli davr bilan ikki foiz bank marjasini hisobga olgan holda tegishli tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari va Uyushma kafilligi asosida kreditlar berish uchun resurs sifatida ishlatilishi alohida kelishib olinadi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 706-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.11.2025-y., 09/25/706/1024-son)
3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 53-son qarori bilan tasdiqlangan “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi mazmundagi 31-band qo‘shilsin:
“31. Tomorqa xizmati” MCHJlar reyestri yuritiladigan axborot dasturi O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasining tegishli axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadi”.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2021-y., 09/21/44/0072-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.11.2025-y., 09/25/706/1024-son)