O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON — TURKIYA LITSEYLARINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh VA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgust 173-sonli “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan
O‘zbekiston Respublikasi yosh fuqarolarining ta’limi sifatini oshirishga muhim ahamiyat berib hamda iste’dodli yoshlarni o‘qitishning ilg‘or shakllarini ustuvor rivojlantirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining respublikada litseylar faoliyatini tashkil etish va boshqarishning yagona yondashuvlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Litsey to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bir oy muddatda 1992-yilda Turkiya Respublikasi (“SILM” firmasi) bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Buxoro, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston — Turkiya litseylarini rasmiylashtirsin, litsenziyalar bersin va akkreditatsiyadan o‘tkazsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda:
1993-1994 o‘quv yili boshlangunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida, har bir viloyat markazida va Toshkent shahrida yigitlar va qizlarni o‘qitish bo‘yicha 2-ilovaga muvofiq bir-ikkita O‘zbekiston—Turkiya litseyni tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar kompleksi bajarilishini nazarda tutsinlar;
litseylar ishini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan o‘quv rejalari va dasturlar bo‘yicha tashkil etsinlar, ularning mazmuni rivojlangan mamlakatlar talablari darajasiga javob berishi kerak;
ikki oy muddatda O‘zbekiston — Turkiya litseylarida ishlayotgan turkiyalik mutaxassislar uchun tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar talablariga muvofiq zarur uy-joy-maishiy sharoitlar yaratsinlar;
litseylarda qo‘llanilayotgan salomlashish rasm-rusumlari hamda o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan muomala qilishi shakllari o‘zbek xalqining qaror topgan milliy odatlariga va an’analariga muvofiqlashtirilsin.
4. “O‘zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi, “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tanlov asosida litseylarning o‘quvchilari uchun milliy ramzli kiyim-bosh modelini ishlab chiqsinlar hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha 1993-1994 o‘quv yili boshlanishiga qadar tikilishini ta’minlasinlar.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, “O‘zbekbirlashuv”, “O‘zshartnomasavdo” xalq ta’limi mahalliy organlarining buyurtmanomalari bo‘yicha litseylarga oziq-ovqat mahsulotlari, asbob-uskunalar va inventar maqsadli ajratilishini ta’minlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekiston — Turkiya litseylarida ishlash uchun taklif etilayotgan turkiyalik mutaxassislar va ularning oila a’zolariga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi iltimosnomalariga asosan kirish-chiqish vizalarini belgilangan tartibda konsullik yig‘imlari olmasdan rasmiylashtirib berish yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston — Turkiya litseylarida ishlayotgan turkiyalik fuqarolar, ularning oila a’zolarini davlat bojlarini to‘lashdan ozod qilib, chiqish-kirish viza muddatlarini uzaytirish, turar joylardan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bo‘lish muddatlarini uzaytirish bilan bog‘liq masalalarni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi iltimosnomalariga asosan amalga oshirilishini ta’minlasin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 8-maydagi 196-son qarori tahririda)
7. “O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha O‘zbekiston — Turkiya litseylarini jihozlash uchun o‘qitishning texnika vositalari, asbob-uskunalar, o‘quv anjomlari va kitoblarni keltirish qiymatiga so‘mlarda haq to‘lab, bojxona bojlaridan ozod qilgan holda ularni Turkiyadan keltirishni ta’minlasinlar.
8. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston — Turkiya litseylarida ishlovchi turkiyalik mutaxassislar:
oliy o‘quv yurtlarining tayyorlov kurslariga;
oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi, kechki va sirtqi bo‘limlariga;
aspirantura va doktoranturaga o‘qish uchun haq to‘lamasdan qabul qilinadilar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Turkiya ta’lim organlari bilan kelishgan holda 2 oy muddatda:
O‘zbekiston — Turkiya litseylari bitiruvchilarini Turkiya oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish shartlari va tartibini belgilasinlar;
tashabbus ko‘rsatib, O‘zbekiston — Turkiya litseylari faoliyatini yaxshilashga o‘z ko‘mak va yordamlarini taklif etayotgan Turkiya oliy o‘quv yurtlari bilan o‘zaro foydali uzoq muddatli bitimlar tuzsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha litseylar faoliyatini tashkil etishga va ularni rivojlantirishga zarur mablag‘lar ajratsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyasi, gazeta va jurnallar tahririyatlari O‘zbekiston — Turkiya litseylarida o‘quv jarayonining ahvoli va tashkil etilishini muntazam yoritsinlar.
12. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari o‘rtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 27-may,
255-son
Litsey to‘g‘risida
nizom
1. Litsey — ta’limning uzluksizligi prinsipini ro‘yobga chiqaruvchi va o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiruvchi o‘rta umumiy ta’lim o‘quv yurtidir.
2. Litsey yoshlar ta’limining, ularning ma’naviy, estetik va jismoniy rivojlanishining yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi. Litsey mazmun bilan boyitilgan yangi umumiy ta’limning izlanishini, ishlab chiqilishini, joriy etilishini ta’minlaydi.
Litseylar ochish, litsenziyalar berish, ularni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar hokimligi xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Litsey uning faoliyatini tartibga soluvchi Ustavga ega bo‘ladi.
Litseyga rahbarlik qilishni direktor amalga oshiradi.
Umumiy ta’lim maktabining Kengashi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq tashkil etiladigan va faoliyat ko‘rsatadigan Kengash litseyning maslahat organi hisoblanadi.
4. Litseyga 9-sinf hajmida bazaviy ma’lumotga ega bo‘lgan va test tanlovidan o‘tgan yigit va qizlar qabul qilinadi. Ayrim hollarda ijodiy qobiliyatlar va talabgorlarning tayyorgarligi hisobga olingan holda litseyga tugallangan bazaviy ma’lumotga ega bo‘lmagan o‘quvchilar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.
O‘quvchilarni qabul qilishni tashkil etish uchun ma’muriyat litsey Kengashi va ota-onalar jamoatchiligi vakillari bilan birgalikda zimmasiga xolis va adolatli tanlov yuklatiladigan qabul komissiyasini tuzadi.
5. Litsey Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan bazaviy o‘quv rejalari va dasturlari asosida tuzilgan o‘zining o‘quv rejasi va dasturi bo‘yicha ishlaydi. O‘rta ma’lumot litseyda beriladigan ta’lim mazmunining majburiy qismi hisoblanadi. Litseyda o‘rganiladigan boshqa maxsus fanlar o‘quvchilarning ta’lim darajasini kengaytiradi va to‘ldiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 352-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. Litsey o‘qitishning an’anaviy shakllari, usullari va vositalari bilan bir qatorda o‘z ixtiyori bo‘yicha o‘qitishning ilg‘or shakllari, usullari va vositalaridan keng foydalanadi.
8. Litsey o‘quvchilarining darsdan tashqari faoliyati har xil studiyalarda, ilmiy va texnika laboratoriyalarida, boshqa ijodiy birlashmalarda amalga oshiriladi.
9. Litsey o‘quvchilarining umuminsoniy qadriyatlar, Vatanga sadoqat, qonunni hurmat qilish ruhida tarbiyalaydi.
10. Litsey Kengashi o‘quvchilar bilan har bir o‘quv yili oxirida o‘zlashtirishga rasman baho berishdan qat’i nazar, o‘quvchilar ma’lumot darajasi va aql-zakovatining umumiy darajasini belgilash imkoniyatini beradigan suhbat o‘tkazadi.
11. Litseyda sinfdan-sinfga ko‘chirish va bitirish imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining yo‘riqnomasiga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Litsey Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishiladigan shtat jadvali bo‘yicha ishlaydi.
13. Litseyni mablag‘ bilan ta’minlash “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda, Xalq ta’limida yangi xo‘jalik mexanizmining asosiy qoidalarida, umumiy ta’lim maktabi to‘g‘risidagi Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Litseyni mablag‘ bilan ta’minlashda xalq ta’limi organlari bilan birgalikda oliy o‘quv yurtlari, korxonalar, tashkilotlar va xususiy shaxslar ixtiyoriy ravishda qatnashishlari mumkin.
14. Litseyning pedagoglar jamoasi xalq ta’limi organi tomonidan kontrakt asosida tashkil etiladi.
15. Litsey xodimlarining lavozim maoshlari umumiy ta’lim maktablaridagi ana shunday xodimlar toifasining maoshidan 20 foiz, litsey-internatlarda esa ana shu toifadagi maktab-internatlar xodimlari maoshidan 50 foiz yuqoridir.
Litsey o‘qituvchilarining ish haqi stavkalari umumiy ta’lim maktabi nagruzkasi hisob-kitobidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Ayrim hollarda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda litsey xodimlarining lavozim maoshlari oshirilgan miqdorlarda belgilanishi mumkin.
16. Akkreditatsiyadan o‘tgan litseylar o‘quvchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularni darsliklar va o‘qitishning boshqa vositalari bilan ta’minlash xalq ta’limi tizimi uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
17. “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida va xalq ta’limi organlari tomonidan belgilangan tartiblar va talablarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tgan litseylar litseylarning bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi uchun belgilangan shakldagi, respublikaning butun hududida tan olinishi majburiy bo‘lgan ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatni berish huquqiga ega bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasida yangidan ochiladigan O‘zbekiston — Tursiya litseylari
RO‘YXATI
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
1. Taxiatosh shahri, “Orolbo‘yi birlashmasining maktablararo o‘quv-ishlab chiqarish kombinati negizida.
Andijon viloyati
2. Andijon shahri, 8-maktab.
Buxoro viloyati
3. G‘ijduvon tumani, “Guliston” jamoa xo‘jaligi, A. Qahhor ko‘chasi, 151-uydagi qurilayotgan maktab.
4. Vobkent shahri, 1-maktab.
Jizzax viloyati
5. Jizzax shahri, yangi qurilayotgan 2-maktab.
Qashqadaryo viloyati
6. Qarshi shahri, Nodira nomidagi 34-maktab.
Navoiy viloyati
7. Navoiy shahri, Kolsevaya ko‘chasi, 3-uy, 14-maktab.
Namangan viloyati
8. To‘raqo‘rg‘on shahri, Turaqo‘rg‘on ko‘chasi, 7-uy, 3-maktab.
Samarqand viloyati
9. Samarqand tumani, Gulobod shaharchasi, qurilayotgan maktab binosida.
Surxondaryo viloyati
10. Angor tumani, Tinchlik ko‘chasi, 5-uy, 1-maktab.
Sirdaryo viloyati
11. Yangiyer shahri, 1-mikrorayon, Guliston universiteti.
Toshkent shahri
12. Hamza tumani, Kuybishev shox ko‘chasi, Olot ko‘chasi, 1-uy, maktablararo o‘quv-ishlab chiqarish kombinati negizida.
Toshkent viloyati
13. Angren shahri, 5/3-kvartal, 13-maktab.
Farg‘ona viloyati
14. Qo‘qon shahri, O‘zbekiston komsomolining 40 yilligi ko‘chasi, 2-uy, bolalar uyi negizida.
15. Farg‘ona shahri, A. Qodiriy ko‘chasi, 104-uy, yangi qurilayotgan maktab.
Xorazm viloyati
16. Xonqa shahri, Xalqlar do‘stligi ko‘chasi, 784-maktab.