O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA VALYUTANI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 472-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2019-yil 22-oktabrdagi O‘RQ-573-son va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2019-yil 5-noyabrdagi O‘RQ-580-son qonunlari)”gi qaroriga asosan 2020-yil 1-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida” va “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 1993-yil 7-maydagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq va xalqaro to‘lovlarni markazlashgan tartibda amalga oshirish uchun chet el valyutasida olinadigan barqaror moliyaviy manbalarni ta’minlash, Respublika valyuta fondini shakllantirish, aholi uchun birinchi navbatda zarur bo‘lgan buyumlarni chet eldan xarid qilishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Respublika valyuta fondi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq Bosh boshqarmasi bilan birgalikda:
chet el valyutasida olingan tushumdan soliqni hisoblab chiqish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani o‘n kun muddatda ishlab chiqsin hamda uni tegishli vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar va boshqa soliq to‘lovchilarga yetkazsin;
chet el valyutasida undiriladigan bojlar, yig‘imlar va soliqqa tegishli bo‘lmagan boshqa majburiy to‘lovlar ro‘yxati to‘g‘risidagi takliflarni ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki o‘n kun muddatda Respublika valyuta fondi mablag‘laridan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga valyuta sotish tartibi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi Markaziy bank Davlat soliq Bosh boshqarmasi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda valyuta, eksport-import operatsiyalari bo‘yicha statistika hisoboti shaklini ishlab chiqsinlar va uni joriy etish yuzasidan takliflar kiritsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vakolatli banklar bilan birgalikda har oyda kirimlarning manbalarini va xarajatlar moddalarini ko‘rsatgan holda amalga oshirilgan valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisobotlarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishni ta’minlasin.
7. Vazirliklar, idoralar, banklar va boshqa tashkilotlar bir oy muddatda normativ va yo‘riqnoma hujjatlarni mazkur qarorga va ilova qilinayotgan Nizomga muvofiqlashtirsinlar.
8. Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 6-sentabrdagi 200-7-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari o‘rtoq O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 25-may,
251-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-yanvardagi 1-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
Respublika valyuta fondi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom Respublika valyuta fondining vazifasini, shakllanishini va ishlatilishini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
Respublika valyuta fondi (RVF) — respublika valyuta budjeti respublika valyuta tushumlarining bir qismini chet el kreditlarini to‘lash yuzasidan majburiyatlarni bajarish, aholi ehtiyojlari uchun eng zarur bo‘lgan buyumlarni chet mamlakatlardan xarid qilishni ta’minlash, xalqaro to‘lovlarni markazlashtirilgan tartibda amalga oshirish, respublikaning valyuta rejasida belgilangan davlat ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarini amalga oshirish manbai sifatida jamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi.
RVF mablag‘lari ilova* qilinayotgan Respublika valyuta fondi daromadlari va xarajatlari Klassifikatsiyasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi maxsus schyotlarda jamlanadi.
* Ilova rus tilidagi matnida berilgan.
II. Respublika valyuta fondini shakllantirish manbalari
1. Chet el valyutasidagi quyidagi tushumlar RVFni shakllantirish manbalari hisoblanadi:
yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi tushumidan olinadigan soliq;
chet el investorining xorijga o‘tkaziladigan daromadidan olinadigan soliq;
jismoniy shaxslardan chet el valyutasida olinadigan daromad solig‘i;
bojxona bojlari;
bojxona tartibi qoidalarini amalga oshirganlik uchun to‘lovlar;
musodara qilingan mol-mulkni va musodara qilingan chet el valyutasini sotishdan tushumlar;
korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarni ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan olingan chet el kreditlari;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan chet mamlakatlar hukumatlariga berilgan kreditlar bo‘yicha tushumlar;
qiymatli qog‘ozlardan tushumlar;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan chet el valyutasida sotib olingan mablag‘lar;
boshqa tushumlar.
2. RVF schyotlari bo‘yicha bank operatsiyalarini amalga oshirganlik uchun vositachilik haqi undirilmaydi. Mablag‘lar chet elga o‘tkazilgan taqdirda bank haqi imtiyozli tarif bo‘yicha undiriladi.
III. O‘zbekiston Respublikasi ijro etuvchi organlarining Respublika valyuta fondi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlari
RVF mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish RVFning chet el valyutasidagi tushumlari va xarajatlari Prognozi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida amalga oshiriladi.
RVF ning chet el valyutasidagi tushumlari va xarajatlari Prognozi har yili ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Moliya vazirligi tomonidan taqdim etiladi.
Respublika Moliya vazirligining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
RVFning chet el valyutasidagi tushumlari va xarajatlarining tasdiqlangan Prognoziga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlariga binoan RVF mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish;
Respublika Vazirlar Mahkamasiga valyuta mablag‘larini ko‘paytirish yo‘llari va manbalari to‘g‘risida, RVF mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari haqida takliflar kiritish;
RVF dan ajratilgan valyuta mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish;
xizmat safarlari va boshqa joriy xarajatlar uchun valyuta mablag‘lari ajratish.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining va boshqa vakolatli banklarning, shuningdek, respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq Bosh boshqarmasining huquq doirasiga korxonalardan, birlashmalardan va tashkilotlardan RVFga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi viloyatlar va Toshkent shahrining valyuta fondlariga chet el valyutasidagi soliqlar hamda boshqa to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq kelib tushishini ta’minlash kiradi.
IV. Respublika valyuta fondi mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari
RVF mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasining chet el valyutasidagi tushumlar va xarajatlar Prognozida nazarda tutilgan maqsad va chora-tadbirlar;
chet el kreditlariga xizmat ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasining investitsiya Dasturiga kirgan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dasturlar va obyektlarni imtiyozli shartlarda kredit bilan ta’minlash;
respublika Hukumati nomidan jahon bozorlarida qiymatli qog‘ozlar operatsiyalarini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa maqsadlar.
V. Respublika valyuta fondidan mablag‘lar ajratish shakllari
Respublika valyuta fondidan chet el valyutasidagi mablag‘lar quyidagi shakllarda ajratiladi:
a) budjetdagi davlat korxonalari va tashkilotlariga:
beg‘araz berish;
foizsiz kredit berish;
imtiyozli kredit berish;
b) mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan sotiladigan kunda belgilanadigan kurs bo‘yicha so‘mga sotish;
imtiyozli kredit berish;
v) Markaziy bankka:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki tomonidan belgilangan tartibga muvofiq so‘mga sotish.
Markaziy bankka, korxonalarga, tashkilotlarga va muassasalarga chet el valyutasini sotishdan tushgan so‘mdagi ekvivalent Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidagi maxsus so‘m schyotiga o‘tkaziladi.
Mazkur schyotdan olinadigan mablag‘lardan Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha:
chet el valyutalari sotib olish;
eksport tovarlar sotib olish uchun so‘mni qoplashni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.
VI. Respublika valyuta fondi mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisobot
RVFning chet el valyutasidagi tushumlar va xarajatlar Prognozining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobot yilning har choragida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.