Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON YoShLARI IShLARI BOʻYIChA RESPUBLIKA KENGAShI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-fevraldagi 75-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” 2016-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-406-son Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yuqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston yoshlari ishlari boʻyicha Respublika kengashi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 15-iyun,
285-son
Oʻzbekiston yoshlari ishlari boʻyicha Respublika kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston yoshlari ishlari boʻyicha Respublika kengashi (bundan keyin Kengash deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 4-dekabrdagi qaroriga muvofiq yoshlar siyosatini amalga oshirish, “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish uchun tuzilgan.
Kengash tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yoshlarga oid davlat siyosatidan kelib chiquvchi tadbirlarga ilmiy jihatdan asoslangan ijtimoiy meʼyorlarni va mablagʻlar ajratish normativlarini ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
2. Kengashning asosiy funksiyalari quyidagilar hisoblanadi:
davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va diniy uyushmaning yoshlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat boshqaruv organlari, jamoat tashkilotlari hamda mulkchilikning barcha shakllaridagi boshqa tashkilotlar va korxonalar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining amalga oshirilishini nazorat qilish;
yoshlarning ijtimoiy va madaniy kamoloti, milliy va maʼnaviy ehtiyojlarni hisobga olgan holda ularni chin inson ruhida tarbiyalash muammolarini tahlil qilish;
yoshlar oʻrtasida ijtimoiy jarayonlarni, ularning respublikadagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning holatiga taʼsirini prognozlashtirish vazifalarini belgilash;
yoshlarga oid davlat siyosatidan kelib chiquvchi tadbirlarga ilmiy jihatdan asoslangan ijtimoiy meʼyorlarni va mablagʻlar ajratish normativlarini ishlab chiqish;
yoshlarga oid davlat siyosati yuzasidan qabul qilinadigan tezkor va istiqboldagi chora-tadbirlarning samaradorligi yuzasidan takliflar tayyorlash;
joylarda yoshlar ishlari boʻlinmalarini va davlat-jamoat ijtimoiy xizmatlarini tuzishga va rivojlantirishga koʻmaklashish;
respublika yoshlar, talabalar, oʻsmirlar va bolalar tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash;
yoshlar bilan ishlaydigan kadrlar tayyorlashga va xalqaro aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish.
3. Kengashga quyidagi vakolatlar beriladi:
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga respublika yoshlarining ahvoli, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning qanday holatda ekanligi haqida axborot taqdim etish;
jamoat tashkilotlari ishtirokida yoshlar siyosati sohasidagi respublika kompleks va maqsadli dasturlarni koʻrib chiqish va qabul qilish uchun direktiv organlarga tavsiya etish;
yoshlarga oid davlat siyosati doirasida faoliyat koʻrsatayotgan davlat idoralari, jamoat tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli qarorlar qabul qilish;
“Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Qonunni ijro etishga qaratilgan kompleks va maqsadli dasturlarni mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini belgilash;
davlat, xoʻjalik organlari, jamoat tashkilotlari rahbarlarining, yoshlar ishlari boʻyicha quyi kengashlarning Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning ahvoli toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish;
faoliyati yoshlarga oid davlat siyosati vazifalarini roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan davlat organlarining ishini jonlashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish.
Bu vakolatlar Kengash majlislari, uning topshirigʻi boʻyicha tuzilgan ekspertlar, tadqiqotchilar guruhlari faoliyati orqali amalga oshiriladi.
II. Kengash faoliyatining tashkiliy-kadrlar masalalari
4. Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi, respublika vazirliklari, idoralari, jamgʻarmalari, viloyat hokimliklarining rahbarlari Kengash tarkibiga lavozimlariga koʻra kiradilar.
Kengash oʻz faoliyatining mazmuni va samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida javob beradi.
5. Kengash oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun respublika yoshlar jamoat birlashmasi — Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, uning resurslaridan va tashkiliy tuzilmasidan foydalanadi.
6. Yoshlar ishlari boʻyicha Kengash oʻz faoliyati haqida jamoatchilik va yoshlarni matbuot, radio, televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng xabardor qiladi.
7. Yoshlar ishlari boʻyicha Kengash raisining funksiyalari:
Kengash tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasining yoshlar siyosatiga oid qarorlari bajarilishini taʼminlash hamda Kengash aʼzolarining birgalikda amalga oshiradigan kuch-harakatlarini Oʻzbekistonning boshqa hokimiyat va boshqaruv organlari bilan muvofiqlashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Respublika Oliy Majlisining yoshlar masalalari bilan shugʻullanuvchi tegishli qoʻmitasi, ijtimoiy-madaniy kompleks vazirliklari va idoralari rahbariyati bilan birgalikda ish olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʻiga koʻra yoshlar masalalari boʻyicha davlatlararo va hukumatlararo aloqalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari ishlari boʻyicha Kengash majlislarini tayyorlash va oʻtkazish.
8. Yoshlar ishlari boʻyicha Kengash raisi oʻrinbosarining funksiyalari:
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar siyosatini roʻyobga chiqarish uchun jamoat birlashmalari resurslarini jalb qilishga qaratilgan tadbirlarni uyushtirish;
viloyat hokimliklarining yoshlarga oid davlat siyosati masalalari bilan shugʻullanuvchi oʻrinbosarlari bilan birgalikda ish olib borish;
yoshlar ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
yoshlar siyosatini roʻyobga chiqarish uchun dasturlar va normativlarni, yoshlar bilan ishlash boʻyicha davlat organlari va jamoat tashkilotlariga yordam tariqasida yoʻriq-uslubiy materiallarni ishlab chiqish uchun tadqiqotchilar va ekspertlar guruhlari ishini tashkil etish;
raisning topshirigʻiga muvofiq yoshlar ishlari boʻyicha Kengash majlislari va boshqa zarur tadbirlar tayyorlanishini taʼminlash.
III. Yoshlar ishlari boʻyicha Respublika kengashining ish tartibi
9. Kengash majlisi zaruratga qarab, lekin yil choragida kamida bir marta oʻtkaziladi.
10. Kengash majlislari unda Kengash tarkibining yarmidan koʻpi ishtirok etgan taqdirda qaror qabul qilishga haqlidir, yigʻilishlarda barcha masalalar Kengash yigʻilishi qatnashchilarining koʻpchilik ovozi bilan hal etiladi.
11. Kengash oʻz majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni va ular yuzasidan qaror loyihalarini oldindan tayyorlash uchun vaqtinchalik komissiyalar tuzishi mumkin.
12. Kengashning joriy ishlari Kengashning ishchi apparatini boshqaruvchi masʼul kotib orqali amalga oshiriladi.
IV. Yoshlar siyosati dasturini amalga oshirish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash manbalari
13. Quyidagilar tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari hisoblanadi:
a) yoshlar siyosati kompleks va maqsadli dasturlariga budjetdan ajratiladigan mablagʻlar;
b) yoshlar dasturlarini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning markazlashtirilgan tushumlari;
v) idoraviy qarashliligidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning maqsadli ajratmalari;
g) yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari;
d) boshqa manbalar.
14. Kengash yoshlarga oid davlat siyosati dasturini roʻyobga chiqarish uchun korxonalar va jamoat birlashmalarining, yoshlar jamgʻarmalarining birlashtirilgan mablagʻlarini, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriyalarini muvofiqlashtiradi va ularning sarflanishini nazorat qiladi.