O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA OLIY TA’LIM SIFATINI YaXShILASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ta’lim sifatini oshirishga, respublika oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilarining ijodiy ilmiy-pedagogik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida muhim ahamiyat berib hamda oliy o‘quv yurtlari rektorlari kengashining takliflarini e’tiborga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilariga 1993-yil 1-sentabrdan boshlab mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi bo‘yicha hozir amalda bo‘lgan lavozim maoshlariga nisbatan 1 razryadga oshirilgan lavozim maoshlarining yangi miqdorlari belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy o‘quv yurtlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Mehnat vazirligi bilan kelishgan holda oliy o‘quv yurtlari pedagog xodimlari barcha toifalarining lavozim maoshlari miqdorlarini qayta ko‘rib chiqsinlar va moslashtirsinlar, bunda ilmiy unvon va ilmiy darajalar hisobga olinib, lavozim maoshlari tabaqalashtirilishi nazarda tutilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, yangi lavozim maoshlari tanlov natijalariga ko‘ra shartnoma asosida va birinchi navbatda ilmiy unvoni va ilmiy darajasi bo‘lgan pedagog xodimlarga tayinlanadi.
2. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy o‘quv yurtlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir muallimga to‘g‘ri keladigan talabalar sonini kamaytirish hamda oliy o‘quv yurtlari muallimlarining dars berish soatlarini kamaytirish hisobiga ularning ijodiy va ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishiga ko‘proq imkoniyatlar hamda vaqt berish uchun ularning nisbatini rivojlangan mamlakatlardagi me’yorlar darajasiga yaqinlashtirish maqsadida belgilab qo‘yilgan pedagogik dars berish soatlari me’yorlarini va muallimlar bilan talabalar soni nisbatini qayta ko‘rib chiqsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oliy o‘quv yurtlarining hozir belgilangan pedagog xodimlariga ish haqini ko‘paytirish uchun qo‘shimcha ravishda zarur mablag‘lar ajratsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlariga 1993/94 o‘quv yiliga qabul rejasi hamda birinchi kursga talabalarni shartnoma (pulli) asosida test sinovlari natijalari bo‘yicha qabul qilishning rejadagi o‘rinlardagi har bir oliy o‘quv yurti uchun majburiy bo‘lgan ulushi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi bir hafta muddatda abituriyentlar bilan shartnoma tuzishning barcha oliy o‘quv yurtlari uchun yagona bo‘lgan qoidalarini hamda o‘qitish qiymatini tasdiqlasinlar va ularda har bir o‘quv yili uchun bosqichma-bosqich haq to‘lanishini nazarda tutsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasining tasarrufida oliy o‘quv yurtlari bo‘lgan vazirliklari va idoralari:
oliy o‘quv yurtlarining birinchi kurslariga talabalar qabul qilishni budjet mablag‘lari hisobiga o‘qishga qabul qilinadigan studentlar sonining har bir oliy o‘quv yurti uchun belgilangan kvotasiga qat’iy amal qilgan holda amalga oshirsinlar;
1993-yilning 10-sentabrigacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasiga ilovada ko‘rsatilgan oliy o‘quv yurtlari, filiallar, fakultetlar ro‘yxati bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga 1993/94 o‘quv yiliga qabul haqidagi aniq ma’lumotlarni taqdim etsinlar.
7. Oliy o‘quv yurtlari rektorlari:
har bir oliy o‘quv yurti uchun belgilangan kvota doirasida tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda aniq ixtisosliklar bo‘yicha qabul rejasini belgilab chiqsinlar;
talabalarning uchinchi kursdan boshlab ixtisoslashtirilishini nazarda tutib, qabulni turdosh ixtisosliklar guruhlari bo‘yicha amalga oshirsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari o‘rtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 14-iyun,
283-son