O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
1995 YILNING I ChORAGI DASTURINING BAJARILIShI VA BIRINChI YaRIM YILLIKDA ISLOHOTLARNING KUTILAYOTGAN YAKUNLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, joriy yilning I choragida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga doir chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirildi.
Buning natijasida inflatsiya darajasi pasaydi. Pul emissiyasi 27 punktga qisqardi. Davlat budjeti defitsitining belgilangan doiralarda bo‘lishi ta’minlandi. Ijobiy tarkibiy siljishlar amalga oshirildi, yalpi ichki mahsulot hajmida nodavlat sektori ulushi o‘sdi. Iste’mol bozori, aholini suv va gaz bilan ta’minlash rivojlandi. O‘rtacha ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar oshdi, aholining muayyan qismini ijtimoiy himoya qilish tizimi mustahkamlandi.
Shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlarda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, va ayniqsa, iqtisodiyotning samarali nodavlat sektorini shakllantirishda jiddiy kamchiliklar va nuqsonlar mavjuddir.
Korxonalar bozor sharoitlariga sekinlik bilan moslashmoqdalar. Ularning moliyaviy ahvoli o‘zaro to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanmayotganligi tufayli qiyinlashib ketmoqda. Ko‘pgina korxonalarning rahbarlari respublika iqtisodiyotida ro‘y berayotgan chuqur jarayonlarni tushunib yetmayaptilar.
Buning asosiy sabablari quyidagilardir:
boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi tufayli vujudga kelgan, korxonalar va tashkilotlarning direktorlari va ma’muriy-boshqarish xodimlari orasida hali ham saqlanib kelayotgan boqimandalik kayfiyati;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga har tomonlama ko‘maklashishga, ushbu jarayonlarni tezlashtirish yuzasidan olib boriladigan zarur tushuntirish va operativ ishlarni ta’minlashga da’vat etilgan bir qator davlat muassasalari ishidagi chuqur ildiz otgan byurokratizm;
davlat mulki korxonalarini aksionerlashtirishning yetarli darajada ishlab chiqilmagan tashkiliy mexanizmlari ushbu muhim ishni amalga oshirishda suiiste’molchilik hollarini keltirib chiqarmoqda, qimmatli qog‘ozlar bozori sekinlik bilan rivojlanmoqda, qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozori esa amalda tashkil etilmagan.
Natijada davlat korxonalarini aksionerlik jamiyatlariga aylantirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini shakllantirish jarayoni qoniqarsiz amalga oshirilmoqda.
Birinchi yarim yillikda iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining komplekslari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va birlashmalar ikki oy muddatda 1996-1997-yillarda korxonalar va tashkilotlarni, ularni modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, qayta ixtisoslashtirish hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni marketing ishlanmalarni hisobga olib yangilash va sotish bozorlarini kengaytirish asosida, bozor sharoitlariga moslashtirish dasturini ishlab chiqsinlar.
2. Davlat mulki qo‘mitasi (Chjen) Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda 3 kun muddatda davlat mulkini aksionerlashtirishni tezlashtirish va qimmatli qog‘ozlar bozorini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori loyihalarini tayyorlasin hamda taqdim etsin.
3. Markaziy bank (Mullajonov), Moliya vazirligi (Guskova) bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi xalq xo‘jaligida veksellarni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorlasinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (Guskova):
respublika tijorat banklari va xo‘jalik organlari bilan birgalikda korxonalar va tashkilotlarning debitor-kreditor qarzdorligini muntazam tahlil qilsin, tarmoqlar va korxonalarda o‘zaro qarzlarni to‘lashning maqbul variantlari joriy etilishini hisobga olgan holda ularni qisqartirish va tugatish chora-tadbirlarini ko‘rsin. Qarzi bor korxonalarning rahbarlariga nisbatan tegishli iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llasin;
budjet hisobidan mablag‘ bilan ta’minlangan obyektlar bo‘yicha 1994-yilda bajarilgan qurilish-montaj ishlari uchun to‘lovlarni shu yilning 10-iyunigacha nihoyasiga yetkazsin.
5. Respublika tijorat banklariga:
1995-yil 5-iyundan boshlab korxonalarning muddati o‘tib ketgan mavjud qarzlarini to‘lash muddatlarini uzaytirishni to‘xtatish va 6 oy o‘tgach ularning to‘lovga qodir emasligi saqlanib qolgan taqdirda ularga nisbatan Oliy xo‘jalik sudi va Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda “Bankrotlik to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni ko‘rish;
mablag‘ bilan ta’minlashning to‘liq manbalariga ega bo‘lmagan qurilishlarni mablag‘ bilan ta’minlashni to‘xtatish, davlat reyestriga kiritilgan qurilishlar va obyektlar ro‘yxatiga muvofiq va kredit bilan ta’minlashga ajratilgan mablag‘lardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanish ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash tavsiya qilinsin. Mablag‘lar faqat loyiha-smeta hujjatlari bo‘lgan, adresli ro‘yxatga kiritilgan va qurilishning davom etish normalarini hisobga olgan holda barpo qilinayotgan qurilishlarga va obyektlarga sarflansin. Mablag‘ bilan ta’minlash manbalari aniqlanmay boshlangan qurilishlar ro‘yxati ularni kimoshdi savdosida sotish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasiga berilsin.
6. Davlat soliq qo‘mitasi (Gataulin) soliqlar va majburiy to‘lovlarning budjetga tushishining sifatli va to‘liq bajarilishini ta’minlasin. Daromadlarni yashirishga yo‘l qo‘yayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tezkorlik bilan qattiq jazo choralarini qo‘llasin.
7. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi (Golishev):
Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni va eng muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha vaziyatli prognoz hisob-kitoblarni yilning har choragi bo‘yicha tahlil qilish tartibini ishlab chiqsin;
“O‘zulgurjibirjasavdo” uyushmasi (Sharonov) bilan birgalikda har oyda hukumatlararo savdo-iqtisodiy bitimlarning bajarilishini tahlil qilsin va ularni amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan o‘z vaqtida aniq chora-tadbirlar ko‘rsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, respublika xo‘jalik tashkilotlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-iyuldagi 354-son va 1995-yil 14-fevraldagi 54-son qarorlariga muvofiq bir oy muddatda korxonalar xususiylashtirilgandan keyin ularni qo‘llab-quvvatlashni hisobga olgan holda davlat mulkini xususiylashtirishni davom ettirishni ta’minlashga, qimmatli qog‘ozlar va ko‘chmas mulk bozorini kengaytirishga, yer maydonlarini shaxsiy mulk qilib sotishga, shuningdek fuqarolarning xususiy mablag‘larini jalb etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi (G‘ofurov) vazirliklar, idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 2-iyuldagi 613-XII-son qarorida nazarda tutilgan korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarishga oid cheklashlarni olib tashlash yuzasidan taklif kiritsin.
10. Markaziy bank (Mullajonov)ga aksionerlik jamiyatlari aksiyalari bo‘yicha korxonalar, tashkilotlarga dividendlarni naqd pul bilan berish tavsiya qilinsin.
11. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda markazlashtirilgan eksport hajmi doirasida tovarlar nomenklaturasini o‘zgartirish va korxonalar, uyushmalar, konsernlarga ushbu nomenklaturani markazlashtirilgan eksportning belgilangan qiymat hajmlari doirasida o‘zgartirish huquqini berish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
12. “O‘zbekyengilsanoat” davlat uyushmasi (Ismoilov), “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi (Qozoqxonov) bir oy muddatda tayyor mahsulotlarning korxonalar omborlarida turib qolishi sabablarini tahlil qilsinlar, qoldiq mahsulotlar miqdorini joriy yilning 1-iyuligacha normativlargacha keltirgan holda ularni sotishni ta’minlasinlar, xaridorgir bo‘lmagan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga yo‘l qo‘yayotgan mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirsinlar.
13. “Oziqovqatsanoat” uyushmasi (Qosimxo‘jayev);
joriy yilning birinchi yarim yili ish yakunlari bo‘yicha xalq iste’mol tovarlari, ayniqsa chanqov bosdi ichimliklar ishlab chiqarishda, yoz davrida Toshkent va respublikaning shahar hamda aholi yashash joylari aholisini chanqov bosdi ichimliklar bilan uzluksiz ta’minlashni nazarda tutgan holda, yo‘l qo‘yilgan qoloqlikning bartaraf etilishini ta’minlasin;
“Oziqovqatsanoatxomashyo” firmasining va korxonalarning xomashyo va yordamchi materiallar bilan mustaqil ravishda ta’minlashga doir ishini faollashtirsin.
14. “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi (Fayziyev) 1995-yil 1-iyulgacha savdo korxonalari kredit berish jamg‘armalarining umumiy hajmini 500 mln so‘mgacha yetkazish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rsin va ikki hafta muddatda mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar bilan hisob-kitob qilsin.
15. “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasi, “O‘zmaishiyxizmat” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 1995-yilning 1-iyuligacha mustaqil ravishda xo‘jalik yuritish istagini bildirgan savdo obyektlarini aksionerlik jamiyatlari tarkibidan chiqarishni ta’minlasinlar.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 2-iyun,
205-son