Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
MDH DAVLATLARI FUQAROLARINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA VAQTINChA BOʻLIShLARINI ROʻYXATDAN OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida Pasport tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizomni amalga kiritish haqida” 1994-yil 23-dekabrdagi Farmonini bajarish yuzasidan, fuqarolarning vizasiz yurishlarini hisobga olishni tartibga solish maqsadida va “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari fuqarolarining bu mamlakatlar hududida vizasiz yurishlari toʻgʻrisida” MDH davlatlari boshliqlari Bitimining 4-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan MDH davlatlari fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlishlarini roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari tasdiqlansin.
2. Fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish va roʻyxatdan chiqarish masalalarini koʻrib chiqish ichki ishlar organlari zimmasiga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlishni roʻyxatdan oʻtkazish qoidasini buzuvchi fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
4. Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari, Ichki ishlar vazirligi va uning joylardagi organlari fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha boʻlishlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida aholi oʻrtasida zarur tushuntirish ishlarini olib borsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B.H.Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 14-mart,
143-son
MDH davlatlari fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasida vaqtinchalik boʻlishlarini roʻyxatdan oʻtkazish
QOIDALARI
Mazkur qoidalar MDH davlatlarining fuqarolariga joriy qilinadi.
MDH davlatlarining fuqarolari ularning shaxslarini yoki ularning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vizasiz kirish va yurish huquqiga egadirlar.
Roʻyxatdan oʻtkazish hisobini olish xorijiy davlatlar fuqarolarining vizasiz kelishlarini tartibga solish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida jamoat tartibini va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida joriy etiladi.
Vizasiz yurish toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan fuqarolar uch kun muddatda kelgan joydagi ichki ishlar organlarida roʻyxatdan oʻtishlari va mazkur qoidaga rioya qilishlari majburiydir.
Davlat yoxud mahalliy boshqaruv organlarida, shuningdek, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, muassasalar, korxonalar va tashkilotlarda tashkiliy-boshqarish yoki maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarish bilan bogʻliq lavozimlarni doimiy yoki vaqtinchalik egallab turuvchi shaxslar, fuqarolar kelgan joyda ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun masʼul hisoblanadilar.
Roʻyxatdan oʻtkazish hisobini amalga oshirish uchun fuqarolar tomonidan:
— pasport yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
— belgilangan shakldagi ariza taqdim etiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxs belgilangan namunada talon beradi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi shaxslar fuqarolar murojaat qilgan kundan boshlab (kelgan kun, dam olish va bayram kunlaridan tashqari) bir sutka mobaynida hujjatlarni ichki ishlar organlariga topshiradilar.
Ushbu ishlarni yuritish uchun masʼul boʻlgan shaxslar roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni quyidagilarga eʼtibor bergan holda:
a) shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning taqdim etuvchilarga tegishliligini;
b) ushbu hujjatlar asl boʻlib hisoblanadilarmi, zarur rekvizitlar, imzolar, muhrlar mavjudligini;
v) arizada Oʻzbekiston Respublikasiga kelish maqsadi koʻrsatilganligini tekshirib chiqishlari kerak.
Fuqarolarning roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi ichki ishlar organlariga berilgan hujjatlar, tegishli daftarda roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng, bir sutka muddatda manzil-maʼlumotnoma byurosiga joʻnatiladi.
Mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, dam olish uylari, turistik bazalar, kempinglar va hokazolar maʼmuriyati ikki nusxada kartochka toʻldiradilar, ulardan biri bir sutka muddatda hududiy manzil-maʼlumotnoma byurosiga beriladi. Fuqarolar mazkur muassasalardan joʻnab ketganda ushbu fuqarolarga toʻldirilgan hisobga olish kartochkalari amaldagi kartotekadan olib qoʻyiladi va arxivga topshiriladi, bu yerda ular bir yil davomida saqlanadi. Kartochkalarni yuritish roʻyxatdan oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxslar zimmasiga yuklanadi, ular kartochkalarning kartotekada sifatli joylanishi, saqlanishi, shuningdek fuqarolar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma toʻgʻri berilishi uchun javob beradilar.
Roʻyxatdan oʻtkazish vakolati berilgan mansabdor shaxslar manzil-maʼlumotnoma byurosiga hisobga olish kartochkalari va kelgan fuqarolarning roʻyxatdan oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javobgardirlar.
Fuqarolar olti oygacha boʻlgan muddatga roʻyxatdan oʻtkaziladi, bu muddat ichki ishlar organlari tomonidan uzaytiriladi.
Mazkur qoidalar:
MDH davlatlari diplomatik vakolatxonalariga va Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi ularga tenglashtirilgan xalqaro tashkilotlarga ishga keluvchi shaxslarga va ularning oila aʼzolariga;
MDH davlatlari davlat, hukumat, parlament delegatsiyalari aʼzolariga tatbiq etilmaydi.
Roʻyxatdan oʻtishdan bosh tortgan yoki roʻyxatdan oʻtish va Oʻzbekiston Respublikasida boʻlish qoidalarini buzuvchi shaxslar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar yoki respublikadan chiqarib yuboriladilar.