Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BIRJA VA YaRMARKA SAVDOSINI, FYuChERS ASOSIDAGI ShARTNOMA MUNOSABATLARINI RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-apreldagi 174-sonli “Birja va yarmarka savdosining samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tovar-xom ashyo birjalari va respublika yarmarkalarining samarali ishlashini taʼminlash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish, ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun prognoz qilinadigan shart-sharoitlar yaratish, savdo bitishuvlarining ilgʻor shakllarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Belgilab qoʻyilsinki, birja va yarmarka savdolarida mahsulot va tovarlarning barcha turlari, kvotalanadiganlaridan tashqari, sotilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni belgilab qoʻyilgan narx boʻyicha xarid qilishni yoki tovar ishlab chiqarilgunga qadar unga egalik qilish huquqini nazarda tutuvchi fyuchers (belgilangan muddatga) kontraktlari tuzish savdo bitishuvlari amaliyotiga joriy qilinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizom bilan tartibga solinadigan doimiy ishlovchi respublika yarmarkasi faoliyat koʻrsatadi;
Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining hududiy filiallari belgilangan tartibda ochiq turdagi mustaqil aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilishi mumkin;
fyuchers kontraktlari, tovarlar va mahsulotlarning barcha turlariga, qishloq xoʻjaligi tovarlari boʻyicha bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga, tovarlarning boshqa barcha turlari boʻyicha ikki yilgacha muddatga tuzilishi mumkin;
tovar kontraktda kelishilgan muddatlarda xaridorga joʻnatilgan paytdan boshlab fyuchers bitishuvidan tushgan mablagʻlardan soliq olinadi, fyuchers kontrakti sotilganda yoki qayta sotilganda sotuvchi belgilangan tartibda soliq toʻlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining reklama uchun xarajatlari normativi tushumlar hajmining 5 foizigacha miqdorida belgilansin.
5. Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar va tovarlarni sotish boʻyicha respublika yarmarkalarini tashkil etish va ularni oʻtkazish toʻgʻrisida” 1994-yil 19-apreldagi 216-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 26-sentabr,
375-son
Birja va yarmarka savdolarida tuzilgan kontraktlar boʻyicha tovar va xom ashyo sotib olish, ularni sotish va olib chiqib ketish
tartibi
1. Mazkur Tartib korxonalar va xoʻjaliklar ixtiyorida qoladigan tovarlar va mahsulotlarni birja va yarmarka savdolarida sotish boʻyicha amalga oshiriladigan operatsiyalar joriy qilinadi.
Birja va yarmarka savdolarida mahsulotlar va tovarlarning barcha turlari sotilishi mumkin, kvotalanishi kerak boʻlgan mahsulotlar va tovarlar bundan mustasnodir.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Har qanday yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar mazkur tartibga muvofiq birja va yarmarka savdolari (keyingi oʻrinlarda “Birja” deb ataladi) da tovarlarni sotishlari va sotib olishlari mumkin.
3. Korxonalarning vakillari (sotuvchilar va xaridorlar) kontraktlar tuzish uchun birinchi shaxsning (yoki uning vazifasini boshqaruvchining) imzosi qoʻyilgan yumaloq muhr bilan tasdiqlangan, zarur tartibda rasmiylashtirilgan vakolatga ega boʻlishlari kerak.
4. “Birja” larda oʻzida bitishuv tuzish paytida belgilab qoʻyilgan narx boʻyicha tovarlar oldi-sotdisini va operatsiyalarning muayyan vaqt oraligʻidan keyin bajarilishini ifodalovchi naqd (haqiqatda mavjud) tovarlar bilan bitishuvlar hamda fyuchers bitishuvlari — muddatli bitishuvlar amalga oshirilishi mumkin.
5. Tovarni yarmarkada sotishga kontraktlar korxonalar tomonidan taqdim etilgan namunalar va mahsulotlar modellari, kataloglar, prospektlar, reklama byulletenlari va mahsulotni tavsiflovchi boshqa hujjatlar boʻyicha tuzilishi mumkin.
6. Naqd (haqiqatda mavjud) tovar sotishga tavsiya etilganda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi yoki xoʻjalik faoliyatining boshqa subyekti) “Birja” ga:
mazkur tovar haqiqatdan ham sotuvchining mulki (korxona, xoʻjalik ixtiyorida qoladigan mulkning bir qismi) ekanligini, shuningdek, birinchi shaxs (yoki uning vazifasini bajaruvchi) va bosh buxgalter tomonidan imzolangan, yumaloq muhr bilan tasdiqlangan tovarning mavjudligini (ombor maʼlumotnomasi) tasdiqlovchi tovar egasining hujjatini;
sifat sertifikatini;
alohida hollarda Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa vakolatli vazirliklar va idoralarning xulosalarini taqdim etadi.
7. Fyuchers bitishuvlari boʻyicha mazkur Tartibning 6-bandida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda (ombor maʼlumotnomasidan tashqari) sotuvchi tomonidan koʻrsatilgan tovarning ishlab chiqarilishini kafolatlaydigan hujjatlar taqdim qilinadi, bu hujjatlar rahbar va bosh buxgalter tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
8. Kontraktlar boʻyicha “Birja” da sotib olingan tovarlar uchun hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasi — soʻmda amalga oshiriladi.
“Birja” larning birja va yarmarka savdolarida milliy valyutada tuzilgan kontraktlar boʻyicha valyuta tushumining bir qismini majburiy sotish bunday tushum mavjud boʻlmaganligi munosabati bilan amalga oshirilmaydi.
9. Xorijiy investorlar “Birja” da sotib olingan tovar uchun toʻlovni qoʻshma korxonada ishlab chiqarilgan yoki konsignatsiya boʻyicha keltirilgan mahsulotni sotish, koʻrsatilgan xizmatlar hisobidan olingan mablagʻlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi oʻz xoʻjalik faoliyati natijasida olingan dividendlar hisobidan, vakolatli banklar tomonidan tasdiqlanadigan hujjatlarni taqdim etgan holda, amalga oshirishlari mumkin.
10. “Birja” da kontraktlar tuzishda xaridor ― xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar oʻz ixtiyoridagi Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining haqiqatdan ham oʻziga tegishli ekanligini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlarni taqdim etadi (mablagʻlar manbalariga bogʻliq ravishda):
a) chet el valyutasining konvertirlanganligi haqida vakolatli bank maʼlumotnomasi;
b) ichki bozorda sotish uchun tovar keltirishga kontrakt va keltirilgan tovarga bojxona deklaratsiyasi;
v) soʻmning kelib chiqishini tasdiqlovchi bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar haqidagi hujjatlar.
11. Haqiqatda mavjud tovarlarga tuzilgan bitishuvlar boʻyicha xaridor kontraktda qayd etilgan muddatlarda tovarning har bir partiyasi uchun oldindan 100 foiz haq toʻlaydi. Tovarni yuklab joʻnatish oldindan toʻlangan haq hajmida amalga oshiriladi.
Sotuvchi har oyda “birja” ga tuzilgan kontrakt qanday bajarilayotganligi toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
12. Savdo qatnashchilarning xohishiga koʻra haqiqatda mavjud tovar boʻyicha bitishuvlar chogʻida “Oʻzulgurjibirjasavdo” ning barcha aksiyador tijorat firmalari konsignatsiya boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi.
13. Fyuchers bitishuvlari tuzilgan taqdirda xaridor sotuvchiga kontrakt rasmiylashtirilgandan soʻng 10 kun ichida avans oʻtkazadi. Fyuchers bitishuvi boʻyicha avans miqdorini tomonlar kelishuvga koʻra belgilaydilar, u kontrakt qiymatining kamida 15 foizini tashkil etishi kerak.
Olingan avans summasiga soliq solinmaydi va ushbu summa debitor, kreditor qarzlar hisobiga, shuningdek, kontrakt toʻliq bajarilguniga va bitishuvning butun summasi sotuvchining hisob-kitob schyotiga tushunguniga qadar sotuvchining roziligisiz bank ssudalari boʻyicha qarzlar hisobiga toʻlanmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Fyuchers kontraktlari boʻyicha hisob-kitoblar Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan tashkil etiladigan kliring markazi orqali amalga oshiriladi.
15. Bitishuvlar tuzilgandan keyin “Birja” kontraktni “Birja” muhri bilan tasdiqlaydi va ularni brokerlarga yoki yarmarka savdolari qatnashchilariga beradi.
16. “Birja” da tuzilgan barcha kontraktlar kontrakt tuzilgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilangan kurs boʻyicha ekvivalenti AQSh dollarlarida koʻrsatilib, “birja” da tegishli roʻyxatdan va hisobdan oʻtkazilishi kerak.
17. Respublika tashqarisiga olib chiqib ketish moʻljallangan mahsulotlar va tovarlar boʻyicha “Birja” kontraktni “Birja” ning muhri, “Poshlinasiz va litsenziyasiz Oʻzbekistondan chetga olib chiqib ketish” shtampi bilan tasdiqlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Bojxona bosh boshqarmasiga yoki uning hududiy bojxona xizmatlariga chopar orqali joʻnatadi.
Bojxona organlari kelishilgan jadvalga muvofiq “birja” choparidan tasdiqlangan kontraktlarni reyestr boʻyicha qabul qiladigan, ularni imzolab, muhr bilan tasdiqlab choparga qaytaradigan masʼul xodimlarni belgilaydi.
Bojxona bitta reyestr boʻyicha kontraktlarni kontrakt kelgandan boshlab ikki sutka davomida rasmiylashtirishi shart.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Bosh bojxona boshqarmasida yoki uning hududiy bojxona xizmatida tasdiqlangan kontraktlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha “Birja” ning oʻzgartirishlarning sabablari koʻrsatilgan yozma arizasiga koʻra kiritiladi.
Oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish kontraktlarni tasdiqlashdagi kabi tartibda amalga oshiriladi.
19. “Birja” Bojxona bosh boshqarmasida yoki uning hududiy bojxona xizmatida tasdiqlangan kontraktlarni olgan paytdan boshlab bir ish kuni davomida ularni brokerlarga yoki yarmarka savdolari qatnashchilariga beradi.
Koʻrsatib oʻtilgan kontraktlar yuk transporti bojxona deklaratsiyasini toʻldirish uchun nasos hisoblanadi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining Bosh bojxona boshqarmasida va uning hududiy bojxona xizmatida rasmiylashtirilgan eksport kontraktlar boʻyicha tovarlarni olib chiqib ketishda tovarlarni joʻnatish joyidagi bojxona boʻlinmalariga, mazkur Tartibning 6-bandida koʻrsatilgan hujjatlar nusxalaridan tashqari, quyidagi hujjatlar ham taqdim etiladi:
tovarning haqi toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati nusxasi;
muvofiqlik sertifikati;
tovarning kelib chiqishini tasdiqlovchi sertifikat;
yuk transporti bojxona deklaratsiyasi.
21. Bojxona organlariga taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchliligi uchun yuk joʻnatuvchi javob beradi.
22. Tovarlarni olib chiqib ketish uchun kontraktlarni rasmiylashtiruvchi va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar xaridordan va sotuvchidan bitishuvni rasmiylashtirishga taalluqli boʻlmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga haqli emaslar.
23. Yuk joʻnatuvchi yuk qiymatining 0,15 foizi miqdorida bojxona yigʻimi toʻlaydi.
24. Tovar-xom ashyo birjasining birja va yarmarka savdolarida xorijiy sheriklar ishtirok etganda viza olish masalalari ularning oʻzlari tomonidan mustaqil hal etiladi.
Mahsulot va tovarlarni sotish boʻyicha respublika yarmarkalarini tashkil etish hamda oʻtkazish toʻgʻrisida
nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublika yarmarkalarida mahsulotlar va tovarlar savdosini tashkil etish xususiyatlarini tartibga soladi.
2. Doimiy ishlovchi respublika yarmarkasi Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
3. Joriy yarmarka savdolari va respublika ixtisoslashtirilgan yarmarkalarini tashkil etish hamda oʻtkazishni Doimiy ishlovchi respublika yarmarkasi direksiyasi, keyingi oʻrinlarda “Direksiya” deb ataladi, amalga oshiradi.
Doimiy ishlovchi respublika yarmarkasi direksiyasi direktori lavozimiga Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruvi raisi oʻz oʻrinbosarlaridan birini tayinlaydi.
4. Direksiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga, mazkur Nizomga, boshqa normativ hujjatlarga, Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruvining buyruq va qarorlariga amal qiladi.
5. Direksiya yarmarkalar, tovarlar va mahsulotlar, texnologiya asbob-uskunalari, yangi ilmiy-texnik ishlanmalar va texnologiyalar koʻrgazmalarini, vakillarning savdo-sotiq operatsiyalarini amalga oshirish maqsadidagi muntazam savdo yigʻilishlarini oʻtkazish uchun maxsus jihozlangan joylarni beradi.
II. Yarmarka qatnashchilari
6. Tovarni sotish uchun taklif etayotgan, keyingi oʻrinlarda “Sotuvchi” deb ataladi va yarmarka ishida xaridor sifatida ishtirok etish istagini bildirgan, keyingi oʻrinlarda “Xaridor” deb ataladi, har qanday yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar yarmarka qatnashchilari boʻlishlari mumkin.
7. Direksiya bilan yarmarka savdosiga qoʻyilayotgan tovar Sotuvchisi oʻrtasida tuzilgan shartnoma yarmarka savdolarida Sotuvchi sifatida qatnashish huquqini beradi.
Yarmarka Direksiyasi bilan Sotuvchi sifatida shartnomalar tuzgan korxonalar roʻyxatdan oʻtadilar va roʻyxatga olish tartib raqami berilgan holda yarmarka savdosi qatnashchisi guvohnomasini oladilar.
8. Yarmarka savdolarida Xaridor sifatida qatnashish uchun Direksiya bilan maxsus shartnomalar tuzish talab etilmaydi.
9. Yarmarka savdolari qatnashchilari Direksiyaga kataloglar, namunalar, modellar, prospektlar, reklama byulletenlarini, tovarning kelib chiqishi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani, sifat sertifikati va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etadilar, shundan soʻng yarmarka savdolarida qatnashish va Direksiya tomonidan koʻrsatiladigan barcha xizmatlardan foydalanish huquqiga ega boʻladilar.
III. Direksiyaning yarmarka savdolarini tashkil etishga oid vazifalari
10. Yarmarka savdolarini tashkil etish maqsadida Direksiya:
korxonalar, tashkilotlar, boshqa bozor tuzilmalari va tadbirkorlar bilan birgalikda talab oʻrganish, tovar ishlab chiqaruvchilar takliflarni aniqlashga doir dastlabki ishlarni amalga oshiradi;
yarmarka savdolari, koʻrgazmalar, savdo-sotiq yigʻilishlarini tashkil etish, oʻtkazish va ularga xizmat koʻrsatishga oid ishlarni amalga oshiradi, marketing hamda dillerlik xizmatlarini koʻrsatadi;
tuzilgan kontraktlar maʼlumotlari, sotish toʻgʻrisidagi takliflar hamda mahsulotni sotib olishga berilgan buyurtmanomalar asosida yarmarkaga qoʻyilayotgan mahsulot boʻyicha talab va taklif konyunkturasini tahlil qiladi;
yarmarkalar tuzilgan kontraktlar boʻyicha joriy narxlar hisobini yuritadi, oʻrtacha darajasini aniqlagan holda joriy narxlar vedomostlarini tuzadi va keyinchalik bosma nashrlarda eʼlon qiladi;
doimiy ishlovchi yarmarka faoliyati mavzusini tashkil etuvchi masalalarga doir yuridik va boshqa maslahat beradi.
11. Xaridor va Sotuvchi oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqanda nizoli masalalar Oʻzbekiston tovar-xom ashyo birjasining Ixtilof komissiyasida koʻrib chiqiladi. Komissiya qaroridan norozi boʻlingan taqdirda kelib chiqqan kelishmovchilik xoʻjalik sudida koʻriladi.
IV. Ixtisoslashtirilgan yarmarkalar oʻtkazishni tashkil etish xususiyatlari
12. Ixtisoslashtirilgan yarmarkalarni oʻtkazishdan oldin Direksiyaning korxonalar, tashkilotlar, boshqa bozor tuzilmalari va tadbirkorlar bilan birgalikda talabni oʻrganish, sotish uchun yarmarkalarga qoʻyiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchilarning takliflarini aniqlashga doir ishlari amalga oshiriladi.
13. Ixtisoslashtirilgan yarmarka savdolariga kvotalanmaydigan har qanday tovarlar va mahsulotlar, shu jumladan, korxonalar va xoʻjaliklar ixtiyorida qoldirilgan tovarlar va mahsulotlar qoʻyilishi mumkin.
14. Ixtisoslashtirilgan yarmarkalarni tashkil qilish va ularga amaliy rahbarlik qilish uchun yarmarka qoʻmitalari tashkil etiladi. Yarmarka qoʻmitasi tarkibiga Direksiya vakillaridan tashqari davlat va tijorat tuzilmalari vakillari ham kiritilishi mumkin.
Yarmarka qoʻmitasi tarkibi Direksiya tomonidan manfaatdor tomonlar vakillari ishtirokida belgilanadi.
15. Yarmarka qoʻmitasi:
ixtisoslashtirilgan yarmarka savdolarini oʻtkazish muddatlari va joylarini belgilaydi;
ixtisoslashtirilgan yarmarkalar ishchi organlari (hakamlik, kontraktlarni hisobga olish guruhi, kontraktlarni roʻyxatga olish guruhi) tarkibini belgilaydi va ularni tashkil qiladi;
ixtisoslashtirilgan yarmarka savdolarini tashkil etish va oʻtkazishga aloqador masalalarni hal qiladi;
korxonalarga mahsulotlarning sifati yuqori va xaridorgir boʻlgan yangi turlarini ishlab chiqarish hamda mahsulotlarning past sifatli, sotilmaydigan eskirgan turlarini ishlab chiqarmaslik toʻgʻrisida takliflar beradi.
16. Xaridor bilan Sotuvchi oʻrtasida kelishmovchiliklar paydo boʻlganda nizoli masalalarni yarmarka qoʻmitasi hakamligi koʻrib chiqadi. Hakamlik qaroridan norozi boʻlingan taqdirda kelib chiqqan kelishmovchilik xoʻjalik sudida koʻrib chiqiladi.
17. Direksiya ixtisoslashtirilgan yarmarka ish yakunlari boʻyicha tuzilgan shartnomalar va sotilayotgan mahsulotlar konyunkturasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan muddatda yarmarka qoʻmitasiga maʼlum qiladi, yarmarka qoʻmitasi bilan birgalikda qondirilmagan talab hajmi va tarkibini aniqlaydi, yarmarka qoʻmitasiga tovarni qoʻshimcha ishlab chiqarish, kam-koʻstini toʻgʻrilash yoki mahsulotni ishlab chiqarmaslik toʻgʻrisida takliflar beradi.
18. Ixtisoslashtirilgan yarmarkani tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi Boshqaruvi tasdiqlangan smeta doirasida, yarmarka qoʻmitasi belgilangan tartibda va miqdorlarda yarmarka qatnashchilarining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
V. Yarmarka savdolarini oʻtkazish tartibi
19. Yarmarka savdolarida kontraktlar tuzish va ular boʻyicha hisob-kitoblar mahsulotlar va tovarlarni birja va yarmarka savdolarida tuzilgan kontraktlar boʻyicha sotish, sotib olish va olib chiqib ketish Tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Yarmarka savdolari barcha qatnashchilarning teng huquqli ishtirokida oshkoralik va ommaviylik prinsiplariga rioya qilgan holda oʻtkaziladi.
VI. Yarmarkalardan tushadigan daromadlar
21. Doimiy ishlovchi yarmarka foyda olishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymaydi va koʻrsatilayotgan xizmatlarga eng kam stavkalarni belgilaydi.
Yarmarkalarni oʻtkazishdan olinadigan daromadlar uni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan xarajatlarni qoplashi kerak, bunda uni rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar nazarda tutilishi lozim.
22. Direksiya daromadlarni:
yarmarkalar, koʻrgazmalar, savdo-sotiq yigʻilishlarini tashkil etish, oʻtkazish va ularga xizmat koʻrsatishdan;
yarmarkalar, koʻrgazmalar, savdo-sotiq yigʻilishlarida ish oʻrinlarini berishdan, xonalar va maydonlarni ijaraga berishdan, mahsulot yetkazib berish shartnomalarini tuzishda vositachilik xizmati koʻrsatishdan;
reklamalarni tashkil etishdan;
axborot xizmati koʻrsatishdan;
transport-ekspeditsiya xizmati koʻrsatishdan;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tijorat-vositachilik xizmatlari koʻrsatishdan oladi.
VII. Hisobga olish va hisobot
23. Direksiya yarmarka savdolarida roʻyxatga olingan kontraktlar hisobini yuritadi va ularni Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining jamlovchi va buxgalteriya boʻlimlariga tasdiqlangan shakllar boʻyicha taqdim etadi.
VIII. Doimiy ishlovchi respublika yarmarkasini tugatish
24. Doimiy ishlovchi respublika yarmarkasi belgilangan tartibda Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi Boshqaruvining qarori bilan tugatiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1995-y., 9-son, 37-modda)