Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash tartibi toʻgʻrisidagi hamda Oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining ““Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” 2018-yil 9-iyuldagi OʻRQ-484-son Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash, eksport qiluvchi mamlakatning zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlari hamda zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda fitosanitariya xavfini boshqarish tartibini nazarda tutuvchi Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
muayyan hududga keyinchalik zararli organizmlardan xoli boʻlgan hudud va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hudud maqomini belgilash maqsadida oʻsimliklar karantini obyektlarini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibini nazarda tutuvchi Oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi:
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsadi hamda mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin;
aholi, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari orasida muntazam ravishda oʻsimliklar karantini tartibi bilan tanishtirish va ularni tushuntirish yuzasidan tizimli targʻibot va tashviqot ishlarini olib borsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-xuquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari buyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi I.K. Ergashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-noyabr,
695-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 695-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Zararli organizmlardan xoli hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni belgilash, shuningdek, eksport qiluvchi mamlakatning zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlari hamda zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlaridan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda fitosanitariya xavfini boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bufer hudud — zararlangan hududni yoki ishlab chiqarish joyini, toza hududni va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududni qamrab oluvchi zararli organizm mavjud boʻlmagan yoki kam miqdorda mavjud boʻlgan, uning tarqalib ketishining oldini olish maqsadida unga qarshi maxsus kurash olib boriladigan hudud;
zararli organizm — oʻsimliklar yoki oʻsimlik mahsulotlari uchun zararli boʻlgan har qanday oʻsimlik, hayvon yoxud kasallik qoʻzgʻatuvchi agent turlari yoki biotiplari.
zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hudud — zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan va ularni samarali nazorat qilish, ularga qarshi kurashish hamda samarali nazorat olib borish boʻyicha choralar olib borilayotgan, vakolatli organ tomonidan belgilangan hudud (mamlakat, uning bir qismi, bir nechta mamlakat yoki ularning bir qismi);
zararli organizmlardan xoli boʻlgan hudud — zararli organizmlarning mavjud emasligi ilmiy isbotlangan, shuningdek, zarur hollarda rasmiy qoʻllab-quvvatlangan maʼlum bir mamlakat, uning bir qismi yoki bir nechta mamlakatlar va ularning bir qismi;
zararli organizmlardan xoli boʻlgan ishlab chiqarish hududi — zararli organizmning mavjud emasligi ilmiy asoslangan va zarur boʻlganda maʼlum bir davr ichida rasmiy ravishda qoʻllab-quvvatlangan ishlab chiqarish hududi;
Oldingi tahrirga qarang.
kuzatuv-nazorat — maʼlum bir hududda mavjud boʻlgan zararkunandalar populatsiyasining xususiyatlari yoki uning turlari va tarkibini aniqlash maqsadida Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha davlat xizmati tomonidan belgilangan davrda amalga oshiriladigan rasmiy tadbir;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
xoʻjayin oʻsimliklar — zararli organizm uchun ozuqa, yashash joyi va rivojlanish manbai sifatida xizmat qiladigan oʻsimlik;
oʻsimliklar karantini sohasidagi monitoring — oʻsimliklar karantini obyektlarini aniqlash, kuzatish, tahlil qilish, baholash va ularning tarqalishini prognoz qilish.
2-bob. Oʻzbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlar va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni aniqlash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasida zararli organizmlardan xoli boʻlgan hududlar (keyingi oʻrinlarda — toza hududlar) va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarni (keyingi oʻrinlarda — kam zararlangan hududlar) belgilash, shuningdek, ushbu hududlarni xorijiy mamlakatlarda ham tan olinishi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasida toza hududlar, xususan, ishlab chiqarishdagi toza hududlar hamda kam zararlangan hududlar quyidagi tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida belgilanadi:
kuzatuv-nazoratni olib borish, shu jumladan, zararli organizmlarni aniqlash maqsadida kuzatuv-nazoratni olib borish va hududning chegaralarini belgilash;
zararli organizm bilan zararlanishning oldini olish va ogohlantirish maqsadida fitosanitariya choralarini koʻrish;
oʻsimliklar karantini sohasida doimiy monitoring olib borish.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Agentlik kuzatuv-nazorat ishlarini olib borish uchun shartnoma asosida oʻsimliklar karantini sohasidagi mahalliy va xorijiy ilmiy muassasalardan mutaxassislarni jalb qilish huquqiga ega.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Kuzatuv-nazorat ishlarini olib borish jarayonida Agentlik mutaxassislari tomonidan laboratoriya tekshiruvlari olib borish maqsadida tekshirilayotgan hududdagi aniqlangan oʻsimlik va oʻsimliklar mahsulotlaridan hamda zarur hollarda tuproqdan namunalar olinadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
7. Xavfni tahlil qilish asosida eksport va import qiluvchi mamlakatlarning oʻsimliklar karantini boʻyicha vakolatli organlarining idoralararo kelishuvlariga muvofiq zararli organizmlarning ruxsat etilgan miqdori belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tanlangan namunalarda zararli organizmlar yoʻqligi aniqlangan taqdirda, oʻsimliklar karantini laboratoriyalari tekshiruvlari natijalari va mutaxassislarning ijobiy xulosalariga asosan kuzatuv-nazorat olib borilayotgan hududni yoki uning bir qismini toza hudud yoki kam zararlangan hudud sifatida belgilash toʻgʻrisidagi qaror Agentlik tomonidan qabul qilinadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Tanlangan namunalarda zararli organizmlar mavjudligi aniqlangan taqdirda, ularni yoʻq qilish va oʻchogʻini bartaraf etish choralari koʻriladi.
9. Toza hududlarning chegaralari zararli organizmlarning mavjud emasligidan kelib chiqib, kam zararlangan hududlarning chegaralari esa zararli organizmlarning biologiyasidan kelib chiqib belgilanadi.
Toza hududlar va kam zararlangan hududlar, mavjud boʻlgan zararkunandalarning biologik, maʼmuriy va geografik chegaralari bilan cheklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarni belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan soʻng ushbu maqomni saqlab turish maqsadida Agentlik tomonidan quyidagi fitosanitariya choralari qoʻllaniladi:
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
normativ choralar:
mazkur hududga xos boʻlgan zararli organizmlarni Oʻzbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararli organizmlar roʻyxatiga kiritish, mamlakat yoki hududning import talablarini aniqlash, maʼlum bir hudud ichida, shu jumladan, bufer hududda ham, oʻsimliklar karantini obyektlari bilan zararlangan ayrim yuklarning harakatlanishini cheklash;
oʻsimliklar karantini sohasida doimiy monitoring olib borish:
oʻsimliklar karantini obyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishiga, tarqalishiga hamda bioekologik xususiyatlarga taʼsir koʻrsatishiga koʻmaklashuvchi omillarni aniqlash va baholash;
oʻsimliklar karantini obyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi yoʻllarini va tarqalgan hududlarni aniqlash;
oʻsimliklar karantini obyektlari oʻchoqlarini aniqlash;
oʻsimliklar karantini obyektlariga qarshi kurashish uchun zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
fitosanitariya xavfini aniqlash va tahlil qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarga oʻsimliklar karantin sohasiga doir tavsiyalar berish.
11. Toza hududlar va kam zararlangan hududlar maqomining tasdiqlanishi zararli organizmlarni aniqlashda nazorat tekshiruvi va zararlangan hududlar masshtabini belgilashni nazarda tutuvchi oʻsimliklar karantini sohasida olib borilgan monitoring natijalariga asoslanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Oʻsimliklar karantini sohasida monitoring olib borish Agentlik tomonidan tasdiqlangan hamda quyidagilarni oʻz ichiga olgan kuzatuv-nazorat rejasi asosida amalga oshiriladi:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
amal qilinishi lozim boʻlgan fitosanitariya choralari maqsadini aniqlash (toza hududlar va kam zararlangan hududlar maqomini saqlab turish maqsadida);
kuzatuv-nazorat ishlari olib borilayotgan hududda zararli organizmlarni aniqlash;
qoʻllash doirasini aniqlash (geografik hududlar, ishlab chiqarish tizimlari, fitosanitariya choralari koʻriladigan mavsum);
vaqtini aniqlash (sana, chastotasi, davomiyligi);
statistik asoslarini koʻrsatish (haqqoniylik darajasi, namunalarning miqdori, hududlar miqdori va ularni tanlash chastotasi, prognozlashtirish);
zararli organizmning biologiyasiga koʻra namunalar olish jarayonini, kuzatuv-nazorat maqsadi va diagnostika hamda hisobot yuritishdan iborat boʻlgan kuzatuv-nazorat metodikasini yoritib borish.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarda zararli organizm aniqlangan taqdirda, Agentlik ularning maqomini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
(13-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarning maqomini oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror Agentlik tomonidan Oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini qabul qilish bilan bir vaqtda tasdiqlanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
15. Toza hududlar va kam zararlangan hududlar sifatida keyinchalik takroran belgilash yoki tan olish ushbu Nizom asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Toza hududlar va kam zararlangan hududlarning reyestri Agentlik tomonidan yuritiladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
3-bob. Xorijiy mamlakatlarning toza hududlarini va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hududlarini tan olish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
17. Xorijiy mamlakatlardagi toza hududlar hamda kam zararlangan hududlar Agentlik tomonidan quyidagi tartib-taomillar oʻtkazilgandan keyin tan olinadi:
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
a) eksport qiluvchi tomonning oʻsimliklar karantini hamda himoyasi boʻyicha milliy tashkilotining toza hudud yoki kam zararlangan hududlarni tan olish toʻgʻrisidagi soʻrovini yuborish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) Agentlik tomonidan soʻrovnoma va zarur boʻlgan maʼlumotlar olinganligini tasdiqlash;
(17-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
v) baholash jarayonini tavsiflash;
g) texnik maʼlumotlarni baholash;
d) baholash natijalari haqida maʼlum qilish;
e) rasmiy tan olish;
j) tan olinishining davomiyligi.
18. Eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha milliy tashkiloti toza hudud yoki kam zararlangan hududni tan olish toʻgʻrisidagi soʻrov bilan birgalikda quyidagilarni oʻz ichiga olgan texnik maʼlumotlarni yuboradi:
soʻralayotgan hududning tan olinishi turi (toza hudud yoki kam zararlangan hudud);
tan olinayotgan hudud haqida maʼlumot va uning joylashuvi;
koʻrib chiqilayotgan hudud uchun ahamiyatga ega boʻlgan zararli organizm, uning biologiyasi va tarqalganligi;
eksport uchun moʻljallangan karantin ostidagi mahsulot;
toza hududlar yoki kam zararlangan hududlarni belgilash maqsadida qoʻllaniladigan fitosanitariya choralari va jarayonlari hamda ularni qoʻllash natijalari;
toza hududlar yoki kam zararlangan hududlarga tegishli boʻlgan fitosanitariya reglamentatsiyasi;
hududga oid boʻlgan maʼlumotlarni saqlash choralari;
eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha milliy tashkilotiga doir, uning tuzilmasi va resurslariga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot;
nazorat ostida boʻlgan xavfli organizm aniqlangan taqdirda, bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar rejasini tavsiflash;
soʻrovnomani koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Agentlik eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha milliy tashkiloti tomonidan yuborilgan tan olish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma hamda unga ilova qilingan texnik maʼlumotlar qabul qilganligini zudlik bilan maʼlum qiladi va soʻrovnoma boʻyicha masʼul xodim haqida xabardor qiladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Agentlik tan olish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani va unga ilova qilingan texnik maʼlumotlarni olgan kundan boshlab oʻn kun muddatda ichida maʼlumotlarni baholash hamda hududni tan olish jarayonini tugatish muddatlarini belgilagan holda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
21. Texnik maʼlumotlarni baholash Agentlik tomonidan xalqaro standartlar qoidalarini qoʻllagan holda fitosanitariya choralari, toza hududlar yoki kam zararlangan hududlarni belgilashda foydalaniladigan tizimlar, hududning holatini tan olish maqsadida tekshirishda qoʻllaniladigan fitosanitariya choralari, shuningdek, ikkala mamlakatning hududlaridagi zararli organizmlarning holatlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Zarur hollarda, Agentlik tomonidan xorijiy mamlakatlarda joylashgan karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, qayta ishlash yoki ishlab chiqarish joylariga chiqqan holda kuzatuv-nazorat ishlari va oʻrganishlar olib borilishi mumkin.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
22. Maʼlumotlarni baholash natijalari asosida Agentlik tomonidan xorijiy mamlakat hududining fitosanitariya holati belgilanadi, uni toza hudud yoki kam zararlangan hudud sifatida tan olish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va mazkur hududdagi karantin ostidagi mahsulotlarga nisbatan fitosanitariya choralari belgilanadi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
23. Agentlik qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun muddatda eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha milliy tashkilotini, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi subyektlarini xabardor qiladi hamda bu haqidagi qarorni oʻzining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Agentlik tomonidan quyidagi holatlar aniqlangunga qadar toza yoki kam zararlangan hududlar tan olinishi muddati belgilanmagan davrda amal qiladi:
(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
koʻrib chiqilayotgan hududda zararli organizm maqomining oʻzgarishi, shuningdek, ushbu hudud toza hudud yoki kam zararlangan hudud hisoblanmasligi;
karantin ostidagi mahsulotning fitosanitariya talablariga mos kelmasligi, zararli organizmning aniqlanishi, fitosanitariya sertifikatlarining mavjud emasligi yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirmaslik holatlarining aniqlanishi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
25. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi 695-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom muayyan hududga keyinchalik zararli organizmlardan xoli boʻlgan hudud (keyingi oʻrinlarda — toza hududlar) va zararli organizmlar miqdori kam boʻlgan hudud (keyingi oʻrinlarda — kam zararlangan hududlar) maqomini belgilash maqsadida Oʻsimliklar karantini obyektlarini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ishlab chiqish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
hudud — mamlakat va uning bir qismi yoki bir nechta mamlakatlar hamda ularning bir qismi;
oʻsimliklar karantini obyekti — dunyo miqyosida karantin ahamiyatiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mavjud boʻlmagan yoki cheklangan tarzda tarqalgan zararli organizmlar;
oʻchoq — muayyan hududda aniqlangan va yaqin kelajakda omon qolishi mumkin boʻlgan zararli organizmlar;
karantin hududi — oʻsimliklar karantini obyekti aniqlanishi munosabati bilan belgilangan tartibda oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilingan hudud.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish dasturini joriy qilish zarurati toʻgʻrisidagi qaror oʻsimliklar karantini obyektining biologik va geografik xususiyatlari, uning aniqlanishi holatlari hamda iqlim omillariga asoslanib Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan qabul qilinadi.
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyuldagi 453-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)
Dasturlar:
tumanlar va shaharlar miqyosida oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga koʻra Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Kirib kelgan va mahalliy iqlim sharoitlariga moslashgan oʻsimliklar karantini obyektlarini yoʻq qilish, shuningdek, ularning tarqalishining oldini olish boʻyicha favqulodda choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish Dasturning maqsadi hisoblanadi.
2-bob. Dasturni ishlab chiqish tartibi
5. Dastur mavjud boʻlgan va potensial tarqalgan oʻsimliklar karantini obyektini aniqlash, baholash hamda yoʻq qilish orqali amalga oshiriladi.
6. Dastur karantin nazoratini amalga oshirishda yoki toza va kam zararlangan hududni belgilashda yangi zararli organizm aniqlangandan soʻng tasdiqlanadi.
7. Zararli organizmni identifikatsiyalash va aniqlash jarayoni uning morfologik xususiyatlari, biologik tadqiqotlar, kimyoviy genetik tahlillar hamda boshqa usullar asosida zararli organizmni yoʻq qilishning tegishli vositalarini tanlash maqsadida amalga oshiriladi.
8. Oʻsimliklar karantini obyektining mavjudligini va potensial tarqalganligini baholash quyidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi:
geografik joylashuvi;
xoʻjayin oʻsimliklar bilan zararlanganligi;
yetkazilgan zararning hajmi va ahamiyati, shuningdek, oʻsimlik karantini obyektining son darajasi;
oʻsimliklar karantini obyektini aniqlash va identifikatsiyalashning usuli;
oʻsimlik yoki oʻsimlik mahsulotlarining oʻtgan yaqin vaqtdagi importi;
mazkur hudud yoki xoʻjalikdagi zararli organizmlar haqida avval olingan xabarlar;
jismoniy shaxslar, mahsulotlar, uskunalar va transport vositalarining harakati;
hudud ichida zararli organizmning tarqalishi mexanizmi;
iqlim va tuproq sharoitlari;
zararlangan oʻsimliklarning holati;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish faoliyati davomida oʻsimliklar karantini obyektlari tashuvchisi boʻlmish buyumlar va oʻsimliklar karantini obyektlarining tarqalishi yoʻllari toʻgʻrisidagi maʼlumot.
Oʻtgan yaqin vaqtda import qilingan oʻsimlik yoki oʻsimlik mahsulotlari bilan aloqasi mavjudligi ehtimoli boʻlsa, oʻxshash materiallar aniqlanishi va tekshirilishi kerak.
9. Dasturni amalga oshirish zararni baholash va zararkunandalar tarqalishi jarayonini, oʻsimliklar karantini obyekti tarqalishining taxminiy tezligi hamda potensialini oʻz ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Potensial iqtisodiy va ekologik xavf darajasiga koʻra oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilishning zarurligi Agentlikning tashabbusi bilan aniqlanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
11. Dastur quyidagilardan iborat boʻlishi kerak:
karantin hududining chegaralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oʻsimliklarning karantin rejimi oʻrnatilishiga asos boʻlgan oʻsimliklar karantini obyektining nomi;
karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish va yoʻq qilish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatni amalga oshirishda fitosanitariya talablari roʻyxati;
oʻsimliklar karantini obyektini yoʻq qilish va uning oʻchogʻini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar roʻyxati;
karantin hududining chegaralarida tekshirishlar oʻtkazish rejasi, shu jumladan, ularni oʻtkazish sanasi va muddati;
oʻsimliklar karantini obyektlarini yoʻq qilish va oʻsimliklarning karantin rejimini bekor qilish mezonlari.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Dasturni ishlab chiqish va joriy etish jarayonida Agentlik masʼul vazirliklar va idoralarni jalb qilishi mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13. Dastur joriy etilishidan oldin Agentlik tomonidan davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda Dasturning amalga oshirilishi zarurati va xabardorlik darajasini kuchaytirish boʻyicha targʻibot ishlari olib boriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
3-bob. Dasturni amalga oshirish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
14. Dasturni ijro etish uchun Agentlik tomonidan karantin hududidagi holatdan kelib chiqqan holda manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillaridan iborat Ishchi guruh tuziladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
15. Ishchi guruh:
yoʻq qilish choralari muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun Dasturning kelishilgan mezonlarga muvofiqligini taʼminlaydi;
Dasturga oʻzgartirishlar kiritadi, zarur hollarda qoʻshimcha dasturlar ishlab chiqadi;
Dastur ijrochilari oʻz vazifalarini bajarishlari uchun yetarlicha tayyorlanishini taʼminlaydi;
moliyaviy va boshqa resurslarni boshqaradi;
Dastur ijrosini hujjatlashtirish va hujjatlarni arxivlashni oʻz ichiga olgan axborot boshqaruv tizimini joriy etadi;
Dasturni kunlik boshqaradi;
xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan elementlarning doimiy monitoringini olib boradi va baholaydi;
belgilangan chora-tadbirlarning samaradorligi jihatidan Dasturni muntazam qayta koʻrib chiqadi.
Oldingi tahrirga qarang.
16. Agentlik Ishchi guruh faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda uning ishini muvofiqlashtiradi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17. Agentlik Dasturni amalga oshirishda quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat yuritadi:
(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
yangi zararli organizmni aniqlash va/yoki zararlangan hududning chegarasini belgilash uchun oʻsimlik karantini sohasida monitoring olib borish;
yaqin orada aniqlangan oʻchoqlarni yoʻq qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
oʻsimliklar karantini obyekti yanada tarqalishining oldini olishga qaratilgan oʻchoqni bartaraf etish choralarini koʻrish;
yoʻq qilish boʻyicha koʻrilgan choralar samaradorligini nazorat qilish.
18. Dasturning ustuvor yunalishlari:
nazorat;
zararli organizm tarqalishining barvaqt oldini olish maqsadida oʻchoqni bartaraf etish;
zararli organizm aniqlanganda uni yoʻq qilish maqsadida ishlov berish.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Nazorat Agentlik tomonidan amalga oshiriladi va zararli organizmning manbaini identifikatsiya qilish hamda tarqalishi ehtimolini aniqlash maqsadida tarqalish yoʻllarini tahlil qilishni, klonlashtirilgan va/yoki jismoniy tarzda zararli material bilan bogʻliq boʻlgan mahsulotni koʻzdan kechirishni, tekshirish, tutqichlar orqali ushlash va yuqoridan kuzatishni, ishlab chiqaruvchilarga, boʻsh joylarni hamda ishlatilayotgan texnikani saqlashga masʼul boʻlgan shaxslarga va aholiga maqsadli soʻrovnomalar yuborishni oʻz ichiga oladi.
Oʻsimliklar karantini obyektining tarqalishini tekshirish va yoʻq qilish dasturining samaradorligini baholash maqsadida Agentlik tomonidan ushbu Dasturga muvofiq monitoring amalga oshiriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
20. Kuzatuv-nazorat uchun mos joylarni tanlash jarayoni quyidagilar bilan belgilanadi:
oʻsimliklar karantini obyektining ilgari mavjud boʻlganligi va tarqalganligi holatlari;
oʻsimliklar karantini obyektining biologiyasi;
oʻsimliklar karantini obyektining yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi ekinlariga zarar yetkazuvchi turlari, ayniqsa, ularning tijorat ishlab chiqarish hududlarida tarqalishi;
joyning iqlim sharoitlari oʻsimliklar karantini obyekti uchun qulayligi.
21. Kuzatuv-nazorat jarayonini oʻtkazish vaqti quyidagilarga asosan belgilanishi mumkin:
oʻsimliklar karantini obyektining rivojlanish sikli;
oʻsimliklar karantini obyekti va uning qishloq xoʻjaligi ekinlariga zarar yetkazuvchi turlarining fenologiyasi;
oʻsimliklar karantini obyektini boshqarish dasturlarini amalga oshirish vaqtlari;
madaniy oʻsimliklarda oʻsimliklar karantini obyektlarini topish va aniqlash vaqti;
vegetatsiya vaqti yoki hosil yigʻib olish davri.
Oldingi tahrirga qarang.
22. Nazorat davomida olingan maʼlumotlarga asosan Agentlik karantin hududini aniqlaydi va kiritilgan taqdimnomaga koʻra mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari bilan fermer va dehqon xoʻjaliklarining, oʻrmon xoʻjaliklarining hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalari, temir yoʻl stansiyalari, tashqi iqtisodiy faoliyat chegara maskanlari, aeroportlar, daryo portlari, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, ularga tutash hududlar oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilinadi va ularda zarur karantin cheklovlari oʻrnatiladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-dekabrdagi 752-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son)
Tumanlar va shaharlarni oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilish yoki karantin cheklovlarini oʻrnatish tegishli oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorlarining taqdimnomasiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlarini oʻsimliklar karantini ostida deb eʼlon qilish yoki karantin cheklovini oʻrnatish Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
23. Oʻsimliklar karantini hududi deb eʼlon qilingan hududda va unga tutash hududlarda (bufer hududlarda) oʻsimliklar karantini obyektlarini yoʻq qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Oʻsimliklar karantini obyektlarini yoʻq qilish usullari quyidagilardan iborat boʻlishi mumkin:
xoʻjayin oʻsimliklarni yoʻq qilish;
hudud va uskunalarni zararsizlantirish;
kimyoviy va biopestitsid ishlov berish;
tuproqni sterilizatsiyalash;
erni bugʻ ostida saqlash;
zararli organizmni yoʻq qilishga va miqdorini kamaytirishga olib kelishi mumkin boʻlgan oʻsimliklar turlaridan foydalanish;
ekinlarning keyinchalik yetishtirilishini cheklash;
tutqichlardan, tuzoqlardan va boshqa mexanik kurashish choralaridan foydalanish;
biologik kurashish agentlarini chiqarish;
steril hasharotlardan foydalanish;
zararlangan hosilni qayta ishlash yoki isteʼmol qilish uchun ishlatish.
24. Karantin cheklovlari oʻsimliklar karantini boʻyicha zarur boʻlgan chora-tadbirlar amalga oshirilgandan va oʻsimliklar karantini obyektlari toʻliq yoʻq qilingandan soʻng oʻsimliklar karantini boʻyicha bosh inspektorlarning taqdimnomasiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oʻsimliklar karantini boʻyicha bosh davlat inspektorining taqdimnomasiga asosan ushbu cheklovlar tegishlicha Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan bekor qilinadi.
25. Karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, jismoniy va yuridik shaxslar oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspektorlarning nazorati ostida tekshirishga (koʻzdan kechirishga) hamda oʻsimliklar karantini obyektlariga qarshi kurashishga doir ishlarni amalga oshirishi shart.
26. Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari, dorivor oʻsimliklar, daraxt va butalar yetishtirish, oʻsimliklarning yangi navlari seleksiyasi bilan shugʻullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar oʻsimliklar karantini obyektlarini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida ekinlar va daraxtlarni tizimli ravishda kuzatib borishi, ular aniqlangan taqdirda bu haqida mahalliy davlat hokimiyati organlarini, oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmatini darhol xabardor qilishi, shuningdek, aniqlangan oʻsimliklar karantini obyektlarini bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.
4-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.11.2020-y., 09/20/695/1480-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2021-y., 09/21/752/1166-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 26.07.2024-y., 09/24/453/0558-son)